www.ziyouz.com kutubxonasi
38
— Ve, ve, ve! Va... Vo... Vashpermi? Vagnermi? Vaynermi? Vegnermi? Vintermikin? — Ivan
peshanasini astoydil tirishtirganidan boshidagi sochi u yoq-bu yoqqa siljiy boshladi.
— Vulfdir? — ayanchli ohangda chiyilladi bir ayol.
Ivanning achchig‘i chiqib ketdi.
— Esi past! — deb baqirdi u chiyillagan ayolni ko‘zi bilan axtararkan. — Vulfning nima daxli bor
bunga? Vulfda hech qanday ayb yo‘q! Vo, vo... Yo‘q! X,ech eslolmayapman! Gap bunday, grajdanlar:
hozir siz militsiyaga telefon qiling, professorni tutish uchun pulemyot o‘rnatilgan beshta mototsiklet
yuborishsin. Yana shuniyam aytinglarki, u yolg‘iz emas: yonida ko‘ziga shishasi darz ketgan pensne
taqqan, katak shim kiygan bir naynov bilan to‘ng‘izday semiz bir qora mushuk ham bor. Ungacha men
Griboedovni tintib chiqaman... Ko‘nglim sezyapti, u shu yerda!
Ivan qattiq bezovtalanib, qo‘lidagi shamning mumini o‘z ustiga sachratgancha atrofidagi odamlarni
turtib, stollarning ostiga mo‘ralay boshladi, Shu payt: «Doktor!» — degan ovoz eshitildiyu, Ivanning
ro‘parasida bir odamning muguz ko‘zoynak taqqan, soqol-mo‘ylovi qirilgan, muloyim, go‘shtdor yuzi
paydo bo‘ldi.
— O‘rtoq Bezdomniy, — tantanavor ohangda gap boshladi shu odam, — tinchlaning! Siz
hammamiz uchun aziz bo‘lgan Mixail Aleksandrovichning... yo‘q, aniqrog‘i, Misha Berliozning
o‘limidan qattiq xafa bo‘lgansiz. Bizlar buni juda yaxshi tushunib turibmiz. Siz dam olishingiz kerak.
Hozir o‘rtoqlar sizni olib borib o‘ringa yotqizishadi, bir oz mizg‘ib, qayg‘uni unutasiz...
— Sen, — deb Ivan tishlarini irjaytirgancha uning so‘zini bo‘ldi, — professorni zudlik bilan tutish
kerakligini tushunasanmi O‘zingni bema’ni maslahatlaring bilan do‘stlashasan shu topda! Ovsar!
— O‘rtoq Bezdomniy, meni kechiring dedi boyagi odam cho‘g‘dek qizarib orqasiga burildi va bu
g‘alvaga aralashganidan pushaymon oo‘lib.
— Yo‘q, hammani kechirsam ham, seni kechirmayman, — nafrat bilan ohista dedi Ivan
Nikolaevich.
Uning asabdan afti bujmaydi, o‘ng qo‘lidagi shamni tez chap qo‘liga olib, rahmdillik qilgan bu
odamning qulog‘i ostiga tarsaki tushirdi.
Shundan keyin hamma Ivanga tashlandi. Sham o‘chdi, tarsaki yegan odamning ko‘zoynagi yerga
tushib, bir zumda majaqlandi. Ivan hattoki xiyobonda yurgan odamlarga ham eshitiladigan, hammani
vasvasaga soladigan dahshatli jangovar na’ra tortib, o‘zini himoya qila boshladi. Stollardan tushib
singan idishlar ja-rangi, ayollarning chinqirgani eshitildiyu Ofitsiantlar shoirning qo‘l-oyog‘ini
sochiqlar bilan bog‘layotgan paytda, garderobxonada restoran xo‘jayini bilan eshikog‘asi o‘rtasida
shunday gap bordi.
— Uning ichki ishtonda kelganini ko‘ruvdingmi? — sovuqqina so‘radi xo‘jayin.
— Axir, Archibald Archibaldovich, — dag‘-dag‘ qaltirab javob qildi shveytsar, — u kishi
MASSOLIT a’zosi bo‘lsalar, qanday kiritmayman?
— Uning ichki ishtonda kelganini ko‘ruvdingmi, deyapman? — deb takrorladi xo‘jayin.
— Axir o‘zingiz o‘ylang, Archibald Archibaldovich, — derdi lavlagiday qizargan eshikog‘asi, —
men nima ham qila olardim? To‘g‘ri, tushunaman, rovonda xonimlar o‘tiripti...
— Xonimlarning bunga daxli yo‘q, ularga baribir, — derdi xo‘jayin ko‘zlari bilan eshikog‘asini yeb
yuborguday bo‘lib, — lekin militsiyaga baribir emas! Ichki kiyimdagi odam Moskva ko‘chalarida
faqat bitta vaziyatda yurishi mumkin — agar uni militsiya kuzatib borayotgan bo‘lsa va faqat militsiya
bo‘limiga kuzatib borayotgan bo‘lsa! Lekin sen, agar eshikog‘asi ekansan, shuni bilishing kerakki,
bunday odamni ko‘rgan zahoting, bir zum ham o‘ylab o‘tirmay, hushtak chalishing kerak edi.
Eshityapsanmi gapimni?
Esi og‘ib qolgan eshikog‘asi rovon yokda bir nimaning gumburlab ketganini, idishlarning chil-chil
singani va ayollarning chinqirganini eshitdi.
— Xo‘sh, endi seni nima qilishim kerak, a? — so‘radi xo‘jayin.
Eshikog‘asining rangi quv o‘chib ketdi, ko‘zlari xiralashdi... tizzalari qaltiray boshladi. Lekin endi