Bugun va har kuni Varete teatrida programmadan tashqari professor Voland sehrgarlik seanslari ko‘rsatadi va fosh etadi Varenuxa afitani maket ustiga yoyib uzoqdan turib uni tomosha qildi va kapeldinerga, darhol
hammasini yopishtirgani yuboring, deb buyurdi.
— Yaxshi afisha, darrov ko‘zga tashlanadi, — dedi u kapeldiner orqasidan.
— Lekin menga hech ham yoqmayapti bu maynavozchilik, — deb to‘ng‘illadi Rimskiy muguz
gardishli ko‘zoynagi orqali afishaga o‘qrayib qararkan. — Keyin, umuman, uni sahnaga qo‘yishga kim
ruxsat berdi o‘zi, hayronman!
— Yo‘q, Grigoriy Danilovich, aksincha, bu nihoyatda nozik narsa. Buning eng qiziq mohiyati —
sehrni fosh qilish payti.
— Bilmadim, bilmadim, menimcha, uyda hech qanday mohiyat yo‘q, doim shunaqa tuturiqsiz
narsalarni topib yuradi u! Hech bo‘lmasa, ko‘rsatmadiyam o‘sha sehrga-rini. Sen o‘zing uni
ko‘rdingmi? Qay go‘rdan topdi o‘zi uni, jin ursin!
Ma’lum bo‘lishicha, Varenuxa ham Rimskiyga o‘xshab, sehrgarni ko‘rmagan ekan. Kecha Styopa
moliya direktorining oldiga, qo‘lida shartnomaning xomaki nusxasi bilan (Rimskiyning ta’biricha,
«o‘pkasini qo‘ltiqlab») yugurib kelipti-yu, darhol oqqa ko‘chirib, pul berishini buyuripti. Sehrgar esa
pulni oliptiyu g‘oyib bo‘lipti, uni Styopadan boshqa hech kim ko‘rmaptiyam.
Rimskiy yonidan soatini olib qaradi, ikkidan besh minut o‘tganini ko‘rdiyu fig‘oni falak bo‘ldi.
Axir bu nima degan gap! Lixodeev taxminan soat o‘n birlarda telefon qilib, yarim soatda yetib
boraman, degan edi. Lekin u teatrgayam kelgani yo‘q, uyidayam yo‘q!
— Axir mening ishlarim to‘xtab qoldi! — derdi g‘ijinib Rimskiy, imzo chekilmagan bir to‘p
qog‘ozga barmog‘i bilan niqtarkan.
— Tag‘in uniyam, Berliozga o‘xshab tramvay bosib ketgan bo‘lsa-ya? — derdi Varenuxa, telefon
trubkasini qulog‘iga tutib turarkan, vaholanki trubkadan paqqos uzun-uzun umidsizlik signali eshitilib
turardi.
— Koshkiydi... — eshitilar-eshitilmas g‘ijinib dedi Rimskiy.
Xuddi shu mahal kabinetga formali kamzul, furajka, qora yubka va oyog‘iga tapochka kiygan bir