www.ziyouz.com kutubxonasi
239
ammo qandaydir dabdabali va saodatli tushlar ko‘rib yotadi.
Har yili bahorda, to‘linoy kechasi bu olimni bitta narsa uyg‘otadi va ayanch bilan chinqirishga
majbur etadi. Zero tushida uning ko‘zi oldida o‘sha o‘ta badbashara puchuq jallod paydo bo‘ladi, jallod
hansiragancha bir sakrab ustunga bog‘langan va endi jinni bo‘lib qolgan Gestasning yuragiga qo‘lidagi
uzun nayzani botiradi. Jallodning o‘zi-ku uncha qo‘rqinchli emas, lekin olimning xobida qaynab-toshib
ro‘yi zaminga oqib tushayotgan allaqapday bulutdan vujudga kelgan ziyo dahshatliroq ediki, bunday
hol faqat olamshumul falokat paytidagina sodir bo‘lishi mumkin.
Ukoldan so‘ng uyqudagi Ivan Nikolaevichning ko‘zi oldida hamisha hamma gtarsa o‘zgaradi. U
yotgan to‘shakdan deraza tomon keng oydin yo‘l cho‘ziladi va yo‘lga alvonrang astarli oq rido kiygan
odam chiqib, oy sari yura boshlaydi. U bilan yonma-yon uzun ko‘ylagining uvadasi chiqib, afti
badbashara bo‘lib ketgan bir yigit boradi. Ular nima to‘g‘ridadir qizg‘in suhbatlashishadi,
bahslashishadi, chamasi, bir nimada kelisholmayotganga o‘xshaydilar.
— Yo tangrilar, tangrilar, — deydi rido kiygan odam o‘z hamrohiga takabburona boqib, — qanday
bema’ni qatl! Lekin sen marhamat qilib ayt-chi, — shunday derkan, uning chehrasidagi takabburlik
o‘rnida tavallo paydo bo‘ladi, — axir qatl bo‘lmagan-ku! O‘tinaman sendan, ayt, bo‘lmagan-a?
— Ha, bo‘lmagan albatta, — deb javob qiladi hirqiroq ovoz bilan hamrohi, — o‘zi senga shunday
tuyulgan.
— Gapingning rostligiga ont ichasan hammi? — xushomadona ohangda so‘raydi rido kiygan odam.
— Ont ichaman, — deydi uning hamrohi va ko‘zlarida jilva naydo bo‘ladi.
— Men uchun shuning o‘zi kifoya! — bo‘g‘iq ovoz bilan chinqiradi rido kiygan odam va
hamrohini yetaklagancha tobora yuksakka — to‘linoy sari o‘rlab chiqaveradi. Hirsday keladigan bir
ko‘ppak ular orqasidan viqor bilan bamaylixotir ergashadi.
Shunda birdan oydin yo‘l qaynab, oy yog‘dusidan daryo vujudga keladi, u qirg‘oqlardan tushib oqa
bosh-laydi. Oy hukmfarmolik qiladi, yayrab-yashnaydi, u raqs tushadi, sho‘xlik qiladi. Shunda oy
yog‘dusi oqimi ichida go‘zallikda beqiyos bir ayol paydo bo‘ladi va atrofiga qo‘rqa-pisa boqayotgan
soqoli o‘sib ketgan bir odamning qo‘lidan yetaklab, uni Ivanning huzuriga boshlab keladi. Ivan
Nikolaevich bir qarashdayoq u odamni taniydi. Bu — o‘sha bir yuz o‘n sakkizinchi, uning tungi
mehmoni. Ivan Nikolaevich xobida unga qo‘llarini uzatdi va intizorona boqib so‘raydi:
— Demak, shu bilan hammasi tugabdi-da!
— Ha, tugadi, shogirdim, — deb javob qiladi bir yuz o‘n sakkizinchi, ayol ham Ivanga yaqin borib,
deydi:
— Albatta, shu bilan tugadi. Hammasi tugadi, umuman, har qanday narsaning ham nihoyasi
bo‘ladi... Hozir sizning peshonangizdan o‘paman-u, keyin hammasi yaxshi bo‘ladi.
U engashib Ivanning peshonasidan o‘padi, Ivan esa ayol sari talpinib uning ko‘zlariga tikiladi, lekin
ayol chekinib-chekinib borib, o‘z hamrohi bilan birgalikda to‘linoy sari ravona bo‘ladi.
Shunda oyning jazavasi tutib, o‘z yog‘dusini to‘g‘ri Ivanning ustiga yog‘diradi, shu’lasini har
tomonga sochadi, xona oy shu’lasiga g‘arq bo‘ladi, shu’la dolg‘alanib, tosha boshlaydi va Ivanning
karavotini ko‘mib yuboradi. Ana shundan keyin Ivan Nikolaevich baxtiyor chehra bilan mast uyquga
ketadi.
Ertasi kuni ertalab u indamay, ammo xotirjam va sog‘lom bo‘lib uyg‘onadi. Professorning
ukollardan ilma-teshik bo‘lib ketgan xotirasi tinchib qoladi va kelasi to‘linoy tunigacha uni hech kim
bezovta qilmaydi: na Gestasning puchuq qotili, na Iudeyaning toshbag‘ir beshinchi prokuratori
chavandoz Pontiy Pilat.
1929—1940 Tamom