www.ziyouz.com kutubxonasi
5
— Yo‘q... Tanimayman.
Homidning yuzidagi boyag‘i holat yana ham kuchlanib go‘yo toqatsizlang‘andek
ko‘rinar edi, Rahmat davom etti:
— Uning havlisi poyafzal rastasining burchagidagi imoratdir. O‘zi davlatmand bir kishi;
Toshkand ashroflarining ko‘blari bilan aloqador bo‘lg‘anliqdan balki otangiz bilan tanish
chiqar.
— Ehtimol, — dedi Otabek va nima uchundir g‘ayri-ixtiyoriy bir tebrandi. Uning yuzida
bir o‘zgarish va vujudida bir chayqalish bor edi. Undagi bu o‘zgarishdan Rahmat xabarsiz
bo‘lsa ham, ammo Homid uni yer ostidan ta’qib etar edi. Bu ta’qib Otabekdagi haligi
o‘zga-rishni payqabmi yoki tasodifiymi edi, bu to‘g‘rida bir mulohaza aytish, albatta
mumkin emas. Yana bir necha vaqt jim qoldilar.
— Endi biznikiga qachon mehmon bo‘lasiz, bek aka?
Rahmatning bu so‘zi bilan Otabek xayolidan bosh ko‘tardi:
— Xudo xohlag‘an vaqtda bo‘larmiz...
— Yo‘q, bek aka, — dedi Rahmat, — siz aniqlab bir kunni tayin qilingiz, biz bu yerga
sizni taklif qilg‘ali kelganmiz.
— Ovora bo‘lmoqning nima zarurati bor?
— Bunda ovora bo‘lish degan narsa yo‘q. Iloji bo‘lsa sizni bu saroydan havlig‘a
ko‘chiramiz. Hozirga bir kunni tayin qilib bizga mehmon bo‘ling-chi... Otam sizning bilan
o‘lturishib Toshkand ahvolotini so‘zlash-makka mushtoqdirlar.
— Bu saroydan sizlarnikiga ko‘chishim og‘ir, — dedi Otabek, — ammo otangizning
ziyoratlariga borishg‘a har qachon hozirman.
— Sog‘ bo‘ling, bek aka, boradirg‘an kuningizni ta-yin qila olasizmi?
— Ma’lumingiz, kechalari bo‘sh bo‘laman, shuning bilan birga otangiz qaysi vaqtni
ixtiyor qilsalar ijobat etishdan o‘zga choram bo‘lmas.
— Salomat bo‘lingiz, — dedi Rahmat, — shuni ham sizdan so‘rayin: o‘lturishka begona
kishilar ham aytilsa mumkinmi, ozor chekmasmisiz? Chaqirilg‘anda ham o‘zimizga yaqin
va ahl kishilar bo‘lur, masalan, Mirzakarim qutidor kabi.
Bu vaqt Otabekning tusiga ham haligidek o‘zgarish chiqdi ersada, lekin sezdirmaslikka
tirishib javob berdi:
— Manim uchun farqsiz.
Oshdan so‘ng mehmonlar bilan xayrlashib chiqdilar.