Bozor vaziyatining o‘zgarishini iste‘molchi nuqtai nazaridan qarab chiqilsa aynan olingan tovarga talab qanday shakllanadi, uning xulqi nimadan iborat, iste‘molchi tanlovi qanday tartibda amalga oshiriladi kabi savollarga mantiqiy javob topish mumkin bo‘ladi.
Iste‘molchi hulqi bu ularning turli xil tovar va xizmatlarga talabning shakllanish jarayonidir. Iste‘molchi hulqi quyidagi mantiq asosiga quriladi:
1. Iste‘molchi imkoniyati cheklangan sharoitda harakat qiladi, shu sababli uning qarori tovarlarning mavjud muqobil variantlaridan birini tanlashga qaratiladi.
2. Iste‘molchi maqsadi – tovarlarni iste‘mol qilish natijasida maksimal qoniqish olishdir.
3. Iste‘molchi hulqi oqilona, ya‘ni u barcha cheklanishlarni baholaydi va o‘z maqsadiga yetishishning eng yaxshi variantini tanlaydi.
Iste‘molchi xulqini miqdoriy aniqlashda keyingi naflilik nazariyasi va befarqlik egri chizig‘i usuli yordamida amalga oshiriladi. Naflilik – sub‘ektiv qoniqish ya‘ni tovar (xizmat) ni iste‘mol qilishdan ko‘riladigan naf. Umumiy tarzda naflilik tovarning inson ehtiyojini qondira olish qobiliyati deb ta‘riflashimiz mumkin
Naflilik funksiyasi ma’lum miqdordagi tovarlarga boshqa bir miqdordagi taqqoslashni bildiradi. Naflilikni mutloq ko‘rsatkichlarda o‘lchashning ahamiyati bo‘lmay, iste’molchi tanlovini naflilik darajasining ketma-ket joylashuvi bilan izohlash mumkin. Bir to‘plamdagi tovarlar nafliligi boshqasidan qay darajada afzalligini ko‘rsatib berish mumkin emas.
Naflilik‖ atamasini ilmiy sohaga birinchi bo‘lib ingliz filosofi I.Bentam (1748-1832) kiritgan.
Naflilik va narx o‘rtasidagi bog‘liqlikni ilk bor ingliz iqtisodchi olimi U.Djevons (1835-1882) ko‘rsatib, keyingi naflilik kontseptsiyasini ilgari suradi va aynan u bozor narxida o‘z o‘rniga ega bo‘lishini isbotlaydi. Naflilikni miqdoriy aniqlash ancha qiyin, chunki u sub‘ektiv tushuncha. Ayni vaqtda iqtisodiyot fanida naflilikni aniqlashda ikkita yondashuv qaror topgan:
1. Kardinalistik yondashuvda naflilik miqdorini mutloq aniq hisoblash talab qilinadi. Bunda uni aniqlashning sharti birligi ―yutil‖ (inglizcha – utility – naflilik) dan foydalaniladi. Yutil-naflilik o`lchovi birligi hisoblanib, iste`molchi qaror qabul qilishda, mavjud imkoniyat doirasida maksimal darajada o`z ehtiyojini qondirishga, turmush farovonligi darajasini oshirishga harakat qiladi. Ushbu ehtiyojni qondirish darajasi naflilik (utility) deyiladi.
2. Ordinalistik yondashuvda qator tovarlarni afzal ko‘rish tartibi bo‘yicha joylashtirishda naflilikning ma‘lum ketma-ketligiga yo‘l qo‘yiladi. Bunda iste‘molchi tovarning bir-biriga qiyosan muhimlilik darajasi bo‘yicha xulosa chiqarish mumkin. Masalan, birinchi tovar ikkinchisiga, ikkinchisi uchunchisiga nisbatan afzal ko‘riladi va h.k.
Iste‘molchi uchun naflilikning ikki turi: umumiy va keyingi naflilik muhim.