Milliy kurashda o‘qitish tamoyillari Zamonaviy pedagogikada o‘qitish tamoyillari o‘qituvchi faoliyati va o‘quvchining bilish faoliyati xususiyatini belgilab beradigan asosiy talablar hamda yo‘naltiruvchi qoidalar sifatida tushuniladi. Amaliy pedagogik faoliyatda o‘qitish tamoyilariga asoslanadi, ular o‘qitish amaliyotini rejalashtirish, tashkil etish va tahlil qilish uchun yo‘riq bo‘lib xizmat qiladi.
Milliy kurashda o‘quv-mashg‘ulot jarayoni jismoniy tarbiyaning asosiy tamoyillari: tarbiyaviy xususiyati, har tomonlama rivojlantirish, sog‘lomlashtirish va amaliy ahamiyatiga muvofiq holda olib boriladi.
O‘qitishningtarbiyaviyxususiyatio‘quv-mashg‘ulot jarayonining qonuniyati hisoblanadi. Bu yerda kurashchilarning sport malakasi o‘sishi bilan bir vaqtning o‘zida shaxsga tegishli axloqiy me’yorlar shakllantiriladi. Sport zaxirasini tayyorlash va asosan tarbiyalash bir qator murakkab tarbiyaviy muammolarni hal etish bilan bog‘liq. Sportda yuqori natijalarga erishishda kurashchilarda texnik- taktik harakatlarni o‘zi nazorat qilish, tahlil etish va baholash malakalarini tarbiyalash katta ahamiyatga ega. Buning hammasi murabbiyning tarbiyaviy ta’siri natijasidir, uning rahbarligi ostida shug‘ullanuvchilar hayotiy vaziyatlarni hal etishga tayyor turish tajribasini oladilar.
Murabbiy kasb mahoratidan tashqari, yuqori darajada ma’naviyatli va madaniyatli bo‘lishi, o‘z mas’uliyatiga vijdonan yondashishi, haqiqatgo‘y bo‘lishi hamda bolalarni sevishi va ular to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishi lozim. Murabbiy shaxsiyatida ushbu sifatlarning namoyon bo‘lishi ta’lim-tarbiya jarayoni samaradorligini belgilab beradi.
Har tomonlama rivojlantirish tamoyili murabbiyni har tomonlama rivojlangan sportchi shaxsiyatini shakllantirishga yo‘naltiradi. Sport faoliyati ma’naviy, aqliy, mehnat, estetik va boshqa turdagi tarbiya bilan chambarchas bog‘liq.
Mashg‘ulotning turli bosqichlarida oldinga qo‘yilgan maqsadlarga erishish, qiyinchiliklarni yengib o‘tishga intilish ma’naviy tajriba, iroda sifatlari, mustaqil fikrlash, mehnat qilish, sport g‘alabalari va mag‘lubiyatlariga matonatli bo‘lishni shakllantiradi.
Milliy kurash bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulotlarning sog‘lomlashtiruvchi yo‘nalishi sport mahoratining bir tomonga o‘sishi va sog‘liq, jismoniy rivojlanganlik, shug‘ullanuvchilarning tayanch- harakat apparati, yurak-qon tomiri, nafas olish hamda asab tizimini mustahkamlash orqali ifodalanadi. Ushbu tamoyilga amal qilmaslik, ayniqsa, boshlang‘ich sport tayyorgarligi bosqichlarida, o‘smir kurashchilarda muntazam, ba’zi hollarda esa surunkali kasallanishga olib keladi va ommaviy razryadli sportchilarning kurash bilan shug‘ullanmay qo‘yishlarining asosiy sababi hisoblanadi.
Amaliy yo‘nalishi. Milliy kurash katta amaliy ahamiyatga ega. Ushbu tamoyilning amaliy namoyon qilinishi shuni nazarda tutadiki, kurashchi kutilmagan vaziyatlarda harakat qila olishi lozim. Katta yoshdagi sportchilar o‘zlarini hamda yaqinlarini himoya qila olishlari zarur.
Kurash bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulotlarning muvaffaqiyatli olib borilishi ushbu jarayonning asosiy pedagogik (didaktik) tamoyillariga muvofiqligi bilan aniqlanadi.
O‘quv-mashg‘ulot samaradorligi quyidagi didaktik tamoyillarga asoslanadi:
O‘qitishning ilmiylik tamoyili.
O‘qitishning yengillik tamoyili.
O‘qitishning muntazamlilik tamoyili.
O‘qitishning onglilik va faollik tamoyili.
O‘qitishning ko‘rgazmalilik tamoyili.
O‘quv materialini puxta o‘zlashtirish tamoyili.
Jamoali o‘qitish va o‘quvchiga individual yondashish birligi tamoyili.
O‘qitishning amaliyot bilan bog‘liqligi tamoyili.
O‘qitish jarayonida o‘qituvchining yetakchilik ahamiyati.