Mobil kommersiya (mCommerce)- mobil telefonni foydalanuvchining asosiy interfeysi sifatida ishlatuvchi turli kommersiya servislari uchun umumiy nom. Mobil kommersiyaning Premium-SMS dan farqi shundaki, mobil kommersiyada mablag’ to’lovini keng doirada amalga oshirish mumkin, Premium-SMS orqali to’lovni amalga oshirish esa qisqa nomerga qat’iy bog’liq.
To’lov jarayoni cho’ntak kompyuterlari yoki smartfonlar yordamida masofaviy (Internet, GPRS va h.) bog’lanish orqali amalga oshiriladi. Mobil kommersiya Premium-SMS bilan plastik karta yordamida to’lovning aralashmasi bo’lib, ushbu aralashma masofadagi foydalanuvchilar bilan o’zaro aloqa jarayonlarini avtomatlashtirish bo’yicha dasturiy-apparat yechimda amalga oshirilgan. Ushbu texnologiya Premium-SMS dan SMS orqali ishlashni, plastik kartadan esa to’lov mablag’ini tanlashdagi erkinlikni qabul qilgan.
Mobil kommersiya mobil aloqaning ilg’or texnologiyalarini o’zida mujassamlantirgan va quyidagi yo’nalishlarga ajratiladi:
- mobil banking - to’lov tranzaksiyalarni amalga oshirishda bank hisob varag’idagi, mobil telefon yordamida boshqariluvchi mablag’ ishlatiladi;
- mobil to’lov - bank hisob varag’idan foydalanmay amalga oshiriladi va bankda shaxsiy hisob varag’i bo’lmagan abonentlar foydalanadi.
Bankda "mobil banking" xizmati ulanganida foydalanuvchiga uning bankdagi hisob varag’idagi mablag’dan, mobil telefon yordamida, foydalanish imkoniyati beriladi. Foydalanuvchi mobil qurilmada o’zining va boshqa abonentning hisob varag’ini to’ldirishi, o’zining bankdagi hisob varag’idan boshqa foydalanuvchining bankdagi hisob varag’iga mablag’ni o’tkazishi mumkin. Mobil telefon hisob varag’ini avtomatik tarzda to’ldirish xizmati ham mavjud. Mobil bankingda nafaqat turli to’lovlarni amalga oshirish, balki u orqali turli axborot xizmatlarini olish imkoniyati ham mavjud.
Smartfonlarga talabning oshishi va tezkor Internetdan uyali telefon orqali foydalanish imkoniyatining paydo bo’lishi bilan, mobil banking navbatdagi texnologik qadam bo’ldi. Shubhasiz, u hisob varaqlaridan komfortli va muammosiz foydalanishni ta’minlaydi. Ammo axborot xavfsizligi nuqtai nazaridan ba’zi kamchiliklarga ega. Masalan, uyali telefon aloqa provayderlari serverlarining shifrlanmaganligi. Xaker-ekspert foydalanuvchilarning hisob varag’i yoki debet va kredit kartalari xususidagi axborotni osongina olishi mumkin. Bankdan olingan xabarlarning shifrlanmaganligi. Bu mobil aloqa operatori orqali uzatiluvchi axborotni osongina ushlab qolishga imkon beradi. Shu sababli, mobil bankingdan juda zarur bo’lgandagina foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Mobil to’lov - abonentning shaxsiy hisob varag’i hamda bank kartasi orqali uyali telefondan amalga oshiriluvchi to’lov. Ushbu to’lov xizmatlarning keng spektrini - aloqa xizmati, jarimalar, kommunal to’lovlar, kreditlar, jamoa transportidagi yo’lkira, avia, temir yo’l chiptalari, chakana savdo shoxobchalaridagi va h. to’lovlarni amalga oshirish imkoniyatini beradi. Mobil to’lov strukturasi 9.3-rasmda keltirilgan.
Amalga oshirish usuli bo’yicha mobil to’lovlar masofaviy va kontaktsizliga ajratiladi.
Masofaviy mobil to’lovlarda telefon mijozning hisob varag’idan masofadan foydalanishni tashkil etish vositasi sifatida ishlatiladi. Hisob varag’i sifatida operatorning billing tizimidagi (ko’rsatilgan xizmatlar uchun to’lovning avtomatlashtirilgan tizimidagi) mijoz hisob varag’i ishlatiladi. Internet tarmog’i infrastrukturasidan foydalanuvchi, Internet-to’lov tizimidan farqli holda, simsiz to’lov tizimlari mobil qurilmalar va ma’lum joyga bog’langan terminallar so’rovlarini ishlaydi. Ushbu tizimlar quyidagi xususiyatlarga ega:
- mobil qurilma yordamida to’lash imkoniyati;
- tranzaksiyalarni POS (Point Of Sale - to’lash nuqtasi) terminallar yordamida ishlash imkoniyati;
- simsiz to’lovlarning xavfsiz protokollari.
9.3-rasm. Mobil to’lov strukturasi
Mobil to’lovlarda bir necha tomon qatnashishi mumkin:
- xaridor-mobil qurilma egasi. Tovar va xizmatlar to’lovchisi;
- sotuvchi yoki etkazib beruvchi (jismoniy shaxs yoki tashkilot);
- tranzaksiyalar autentifikatsiyasini va avtorizatsiyasini amalga oshiruvchi ishonchli uchinchi tomon, masalan, bank, uyali aloqa operatori, kredit kartalar operatori;
- mobil to’lovlar bo’yicha xizmatlarni ta’minlash. Amallar bajarilishiga javobgar.
Kontaktsiz mobil to’lovlar NFC (Near Field Communication). - ta’sir doirasi kichik yuqori chastotali simsiz aloqa texnologiyasi. Ushbu texnologiya taxminan 10 santimetr oraliqdagi qurilmalar orasida ma’lumotlarni almashishga imkon beradi.
NFC texnologiyasi yordamida to’lov afzalliklari:
- magazinda xarid qilish, kommunal xizmatlar, pulli televidenie haqini to’lash imkoniyati;
- pulli hisobni pulsiz hisob bilan almashtirish (masalan, jamoa transportida yo’l haqini to’lash).
NFC texnologiyasi servislaridan foydalanish uchun telefonga NFC-stikerlar va NFC-modullar kabi maxsus qo’shimcha qurilmalar o’rnatish lozim.
NFC-stikerlar passivlariga va aktivlariga ajratiladi.
Passiv NFC-stikerlar mobil telefon bilan ma’lumotlarni almasha olmaydilar. Ular NFC-qurilmaga mobil operatorning aloqa kanali orqali (SMS yoki mobil Internet orqali) axborotni yozishga imkon bermaydi.
Aktiv NFC-stikerlar telefon bilan bog’lanish uchun Wi-Fi aloqa kanalidan yoki Bluetooth dan foydalanadi.
NFC-modulda mikroprosessor bo’lib, u servis ilovalarining ishonchli saqlanishini, kriptografik himoyani ta’minlaydi va quyidagi uchta aloqa kanalini madadlaydi:
- kontaktsiz tranzaksiyalar uchun NFC-kanal;
- TSM dan (Trusted Service Manager) mobil operator tarmog’i orqali axborot oqimi;
- telefonning mobil ilovasi orqali foydalanuvchi bilan ma’lumotlar almashish.
NFC-modulda servis ilovalari - dasturiy modullar (to’lov, transport va h.) yozilgan. Servis ilovalari ruxsatsiz foydalanishdan kalitlar yordamida himoyalangan xavfsizlik tizimiga ega.
NFC-modulli telefon to’lov terminali bilan bog’lanishni o’rnatadi, natijada abonent hisob varag’idan xizmat narxi undiriladi.
NFC-texnologiyasini qo’llashning uchta asosiy sohasi mavjud:
- kartalar emulyasiyasi: NFC qurilmasi o’zini mavjud simsiz karta sifatida tutadi;
- o’qish rejimi: NFC qurilma aktiv hisoblanadi va passiv RFID metkani, masalan interaktiv reklama uchun, o’qiydi;
- P2P rejim - ikkita NFC qurilma o’zaro bog’lanishib, axborot almashishadi.
NFC-modul ishlatilishining boshqa usullari ham bo’lishi mumkin:
- chiptalarni (avia chiptalar, konsert chiptasi va h.) elektron xarid qilish;
- jamoa transportida chiptalarni mobil xarid qilish;
- mobil to’lovlar - qurilma to’lov kartasi sifatida;
- elektron taxta - mobil telefon ko’chadagi e’lonlar taxtasidan RFID metkalarni o’qishda ishlatiladi.