Mol-mulk solig’i 410-modda. Soliq to‘lovchilar
Yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliqning soliq to‘lovchilari (bundan buyon ushbu bobda soliq to‘lovchilar deb yuritiladi) deb quyidagilar e’tirof etiladi:
1) O‘zbekiston Respublikasi hududida ushbu Kodeksning 411-moddasiga muvofiq soliq solish obyekti hisoblanuvchi mol-mulkka ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi yuridik shaxslari;
2) O‘zbekiston Respublikasi hududida ko‘chmas mulkka ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar.
Agar ko‘chmas mulk mulkdorining joylashgan erini aniqlashning imkoni bo‘lmasa, ushbu mulkka egalik qiluvchi va (yoki) undan foydalanuvchi shaxs soliq to‘lovchi hisoblanadi.
Agar yuridik shaxs ko‘chmas mulkni moliyaviy ijaraga (lizing) olgan bo‘lsa, u ham soliq to‘lovchi deb e’tirof etiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 411-moddasi.
411-modda. Soliq solish obyekti
Ko‘chmas mulk yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq (bundan buyon ushbu bobda soliq deb yuritiladi) soliq solish obyekti hisoblanadi.
Ko‘chmas mulk jumlasiga quyidagilar kiradi:
1) ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlarda ro‘yxatdan o‘tkazilishi lozim bo‘lgan binolar va inshootlar;
2) qurilishi tugallanmagan obyektlar. Qurilishi tugallanmagan obyektlarga qurilish obyektiga doir loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan normativ muddatda qurilishi tugallanmagan obyektlar, agar qurilishning normativ muddati belgilanmagan bo‘lsa, ushbu obyektning qurilishiga vakolatli bo‘lgan organning ruxsatnomasi olingan oydan e’tiboran yigirma to‘rt oy ichida qurilishi tugallanmagan obyektlar kiradi;
3) temir yo‘llar, magistral quvurlar, aloqa va elektr uzatish liniyalari, shuningdek mazkur obyektlarning ajralmas texnologik qismi bo‘lgan inshootlar;
4) qurilish tashkilotlari yoki imoratlarni quruvchilar balansida keyinchalik sotish uchun ko‘rsatilgan turar joy ko‘chmas mulk obyektlari, ko‘chmas mulk obyekti foydalanishga topshirilgandan keyin olti oy o‘tgach.
Quyidagi ko‘chmas mulk obyektlari soliq solish obyekti hisoblanmaydi:
1) notijorat tashkilotlari tomonidan notijorat faoliyatini amalga oshirish doirasida foydalaniladigan obyektlar;
Oldingi tahrirga qarang.
2) uy-joy-kommunal xo‘jaligining va belgilangan maqsadi bo‘yicha foydalaniladigan boshqa umumfuqaroviy ahamiyatga molik shahar xo‘jaligi obyektlari. Uy-joy-kommunal hamda boshqa umumfuqaroviy ahamiyatga molik shahar xo‘jaligi obyektlari jumlasiga shaharlar va shaharchalarni sanitariya jihatdan tozalash, obodonlashtirish hamda ko‘kalamzorlashtirish obyektlari, tashqi yoritish, kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun va aholiga vodoprovod (suv olish va tozalash inshootlari bilan), kanalizatsiya (tozalash inshootlari bilan), gaz, qozonxonalar hamda issiqlik taqsimlanadigan tarmoqlar (ularning inshootlari bilan), shuningdek uy-joy-kommunal xo‘jaligi obyektlariga texnik jihatdan xizmat ko‘rsatish va ularni ta’mirlash, boshqaruvchi tashkilotlar yoki ko‘p kvartirali uylarni boshqaruvchilar tomonidan umumiy mol-mulkni boshqarish, unga texnik xizmat ko‘rsatish va uni ta’mirlash, ko‘p kvartirali uylarga tutash yer uchastkalarini obodonlashtirish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan binolar kiradi;
(411-modda uchinchi qismining 2-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 31-maydagi O‘RQ-773-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.06.2022-y., 03/22/773/0461-son)
3) umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari;
4) sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari;
5) soliq to‘lovchining balansida bo‘lgan hamda tadbirkorlik faoliyatida foydalanilmayotgan, fuqaro muhofazasi va safarbarlik ahamiyatiga molik obyektlar;
6) tabiatni muhofaza qilish va sanitariya-tozalash maqsadlari, yong‘in xavfsizligi uchun foydalaniladigan obyektlar. Obyektlarni tabiatni muhofaza qilish, sanitariya-tozalash maqsadlari va yong‘in xavfsizligi uchun foydalaniladigan obyektlar jumlasiga kiritish tegishli ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish yoki yong‘in xavfsizligi organining ma’lumotnomasi asosida amalga oshiriladi;
7) yer uchastkalari.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 25-moddasi.
412-modda. Soliq bazasi
Quyidagilar soliq bazasidir:
1) ushbu Kodeks 411-moddasi ikkinchi qismining 1 va 3-bandlarida nazarda tutilgan obyektlar bo‘yicha — o‘rtacha yillik qoldiq qiymati.
Ko‘chmas mulkning qoldiq qiymati ushbu mol-mulkning boshlang‘ich (tiklanish) qiymati bilan soliq to‘lovchining hisob siyosatida belgilangan usullardan foydalanilgan holda hisoblab chiqilgan amortizatsiya miqdori o‘rtasidagi farq sifatida aniqlanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Soliqni hisoblab chiqarish maqsadida ushbu Kodeks 411-moddasi ikkinchi qismining 1-bandida nazarda tutilgan obyektlarga nisbatan soliq bazasi quyidagi miqdorlarda 1 kv. metr uchun mutlaq miqdorda belgilangan eng kam qiymatdan past bo‘lishi mumkin emas:
Toshkent shahrida — ikki million besh yuz ming so‘m;
Nukus shahrida va viloyat markazlarida — bir million besh yuz ming so‘m;
boshqa shaharlarda va qishloq joylarda — bir million so‘m;
(412-modda birinchi qismi 1-bandining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-741-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari viloyatlar Kengashlari ushbu bandda belgilangan eng kam qiymatga tumanlarning iqtisodiy rivojlanishiga qarab 0,5 gacha bo‘lgan kamaytiruvchi koeffitsiyent kiritishi mumkin;
Oldingi tahrirga qarang.
Agar obyektning 1 kv. metri qiymati ushbu bandda belgilangan eng kam qiymatdan past bo‘lsa, soliq to‘lovchi ko‘chmas mulk obyektlari qiymatini mustaqil baholashni amalga oshirishga haqli. Bunda mustaqil baholash natijalari, shu jumladan soliq to‘lovchi tomonidan o‘tgan ikki yilda o‘tkazilgan mustaqil baholash natijalari soliq bazasi sifatida e’tirof etiladi;
(412-modda birinchi qismi 1-bandining sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 26-iyuldagi O‘RQ-785-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2022-y., 03/22/785/0679-son — ushbu xatboshining qoidalari 2022-yil 1-yanvardan e’tiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu bandda belgilangan eng kam qiymat tatbiq etilmaydigan ko‘chmas mulk obyektlari qonunchilikda belgilanadi;
(412-modda birinchi qismining 1-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 26-iyuldagi O‘RQ-785-sonli Qonuniga asosan to‘qqizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2022-y., 03/22/785/0679-son — ushbu xatboshining qoidalari 2022-yil 1-yanvardan e’tiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
2) ushbu Kodeks 411-moddasi ikkinchi qismining 2-bandida nazarda tutilgan obyektlar bo‘yicha — tugallanmagan qurilishning o‘rtacha yillik qiymati;
3) ushbu Kodeks 411-moddasi ikkinchi qismining 4-bandida belgilangan obyektlar bo‘yicha — mazkur obyektlarning o‘rtacha yillik qiymati (realizatsiya qilinmagan qismi bo‘yicha).
O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining ko‘chmas mulk obyektlariga nisbatan soliq bazasi ushbu mol-mulkning o‘rtacha yillik qiymatidir.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 26 va 411-moddalari.
413-modda. Soliq bazasini aniqlash tartibi
Soliq solish obyektlarining o‘rtacha yillik qoldiq qiymati (o‘rtacha yillik qiymat) soliq davridagi har bir oyning oxirgi kunidagi holatga ko‘ra soliq solish obyektlarining qoldiq qiymatlarini (o‘rtacha yillik qiymatlarini) qo‘shishdan olingan summaning o‘n ikkidan bir qismi sifatida ortib boruvchi yakun bilan aniqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining ko‘chmas mulk obyektlari bo‘yicha soliq bazasi mazkur obyektlarga bo‘lgan mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilgan qiymat asosida aniqlanadi.
Soliq bazasi har bir soliq solish obyekti bo‘yicha alohida aniqlanadi.
Soliq to‘lovchi tomonidan soliqni to‘lash nazarda tutilmagan faoliyat turlari amalga oshirilgan taqdirda, soliq bazasi soliq solinadigan va soliq solinmaydigan mol-mulk hisobini alohida-alohida yuritish asosida aniqlanadi. Alohida-alohida hisob yuritishning imkoni bo‘lmasa, soliq bazasi soliq to‘lanishi nazarda tutilgan faoliyatdan olinadigan sof tushumning jami sof tushum hajmidagi ulushiga qarab aniqlanadi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 26-moddasi.
414-modda. Soliq imtiyozlari
Soliq hisoblab chiqarilayotganda soliq bazasi quyidagilarning o‘rtacha yillik qoldiq qiymatiga (o‘rtacha yillik qiymatiga) kamaytiriladi:
Oldingi tahrirga qarang.
1) madaniyat va san’at, ta’lim, sog‘liqni saqlash (bundan turistik zonalarda joylashgan sanatoriy-kurort obyektlari mustasno), jismoniy tarbiya va sport, ijtimoiy ta’minot obyektlarining;
(414-modda birinchi qismining 1-bandi O‘zbekiston Respublikasining 2020-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-659-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2020-y., 03/20/659/1681-son — 2021-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
2) qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va saqlash uchun, shuningdek ipak qurti yetishtirish uchun foydalaniladigan qishloq xo‘jaligi korxonalari balansida bo‘lgan mol-mulkning;
Oldingi tahrirga qarang.
3) yangi neft va gaz quduqlarining — ular foydalanishga topshirilgan oydan boshlab ikki yil muddatga.
(414-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-741-sonli Qonuniga asosan 3-band bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Ushbu modda birinchi qismining 3-bandida nazarda tutilgan yangi neft va gaz quduqlariga nisbatan soliq imtiyozlarining amal qilish muddati tugagandan keyin uch yil davomida belgilangan soliq stavkasining 50 foizga kamaytirilgan soliq stavkasi qo‘llaniladi.
(414-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-741-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)
Quyidagilar soliqdan ozod qilinadi:
1) yagona ishtirokchilari nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari bo‘lgan va xodimlarining umumiy sonida nogironligi bo‘lgan shaxslar kamida 50 foizni tashkil etadigan hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning mehnatiga haq to‘lash fondi mehnatga haq to‘lash umumiy fondining kamida 50 foizini tashkil etadigan yuridik shaxslar;
2) qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini (nominal quvvati 0,1 MVt va undan ortiq bo‘lgan) o‘rnatganlik uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan energiya ishlab chiqaruvchilar, ular foydalanishga joriy etilgan paytdan e’tiboran o‘n yil muddatga.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 30-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
3) qishloq joylarda joylashgan (bundan shaharlar va tumanlarning markazlari mustasno) antenna-machta metall konstruksiyalari, shu jumladan ularga o‘rnatilgan hamda ularning ajralmas qismi bo‘lgan konstruksiyalar;
(414-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 26-iyuldagi O‘RQ-785-sonli Qonuniga asosan 3-band bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.07.2022-y., 03/22/785/0679-son — ushbu bandning qoidalari 2022-yil 1-apreldan e’tiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
415-modda. Soliq stavkalari
Oldingi tahrirga qarang.
Soliq stavkasi, agar ushbu moddada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, 1,5 foiz miqdorida belgilanadi.
(415-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 29-dekabrdagi O‘RQ-741-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2021-y., 03/21/741/1219-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Qurilishi normativ muddatda tugallanmagan obyektlarga nisbatan soliq stavkasi 3 foiz miqdorida belgilanadi.
(415-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2022-yil 1-iyuldan e’tiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi)
Oldingi tahrirga qarang.
(415-moddaning uchinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-812-sonli Qonuniga asosan 2023-yil 1-yanvardan o‘z kuchini yo‘qotadi — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Soliq stavkasi quyidagilarga nisbatan 0,6 foiz miqdorida belgilanadi:
(415-modda uchinchi qismining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
1) umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar, magistral quvurlar, aloqa va elektr uzatish liniyalari, shuningdek mazkur obyektlarning ajralmas texnologik qismi bo‘lgan inshootlar;
2) konservatsiya qilinishi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingan ko‘chmas mulk va tugallanmagan qurilish obyektlari.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 27-moddasi.
416-modda. Soliq davri
Kalendar yil soliq davridir.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 29-moddasi.
417-modda. Soliqni hisoblab chiqarish, soliq hisobotini taqdim etish va soliqni to‘lash tartibi
Soliq to‘lovchilar soliqni ushbu Kodeksning 412-moddasiga muvofiq aniqlangan soliq bazasidan va tegishli soliq stavkasidan kelib chiqqan holda mustaqil ravishda hisoblab chiqaradi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 412-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
Soliq hisoboti soliq bo‘yicha hisobga olish joyidagi soliq organiga yilda bir marta, soliq hisoboti davridan keyingi yilning 1-martidan kechiktirmay taqdim etiladi.
(417-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Agar ko‘chmas mulk, ushbu Kodeks 411-moddasining ikkinchi qismi 3-bandida ko‘rsatilgan obyektlardan tashqari, soliq to‘lovchining soliq bo‘yicha hisobga olish joyida joylashmagan bo‘lsa, soliq hisoboti ko‘chmas mulk joylashgan erdagi soliq organlariga taqdim etiladi.
LexUZ sharhi
Qarang: mazkur Kodeksning 411-moddasi.
Soliq davri mobaynida soliq to‘lovchilar (bundan O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasalar orqali amalga oshirmaydigan O‘zbekiston Respublikasi norezidentlari bo‘lgan yuridik shaxslar mustasno) soliq bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarni to‘laydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Bo‘nak to‘lovlar miqdorini hisoblab chiqarish uchun soliq to‘lovchilar joriy soliq davrining 20-yanvaridan kechiktirmay, yangi tashkil qilinganlari esa, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay soliq organlariga mo‘ljallanayotgan soliq bazasidan (tegishli yil uchun mol-mulkning o‘rtacha yillik qoldiq qiymatidan (o‘rtacha yillik qiymatidan) va tegishli soliq stavkasidan kelib chiqqan holda hisoblangan joriy soliq davri uchun soliq summasi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani taqdim etadi. Soliq bo‘yicha majburiyatlari soliq davri mobaynida yuzaga kelgan soliq to‘lovchilar soliq summasi to‘g‘risidagi ma’lumotnomani soliq majburiyati yuzaga kelgan sanadan e’tiboran o‘ttiz kundan kechiktirmay taqdim etadi.
(417-moddaning beshinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Ushbu moddaning to‘rtinchi qismiga muvofiq hisoblab chiqarilgan bo‘nak to‘lovlar quyidagicha to‘lanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
aylanmadan soliq to‘lovchilar tomonidan — yillik soliq summasining to‘rtdan bir qismi miqdorida yilning har choragi uchinchi oyining 20-kunidan kechiktirmay;
(417-modda oltinchi qismining ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son — 2023-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
Oldingi tahrirga qarang.
aylanmadan soliq to‘lovchilar hisoblanmaydigan soliq to‘lovchilar tomonidan — yillik soliq summasining o‘n ikkidan bir qismi miqdorida har oyning 10-kunidan kechiktirmay. Bunda yanvar oyi uchun 20-yanvardan kechiktirmay to‘lanadi.
(417-modda oltinchi qismining uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 30-dekabrdagi O‘RQ-812-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 31.12.2022-y., 03/22/812/1145-son)
Soliq davri mobaynida mo‘ljallanayotgan soliq bazasi o‘zgargan taqdirda soliq to‘lovchi soliq summasi to‘g‘risida aniqlashtirilgan ma’lumotnoma taqdim etishga haqli. Bunda soliq davrining qolgan qismi uchun bo‘nak to‘lovlarga soliqning o‘zgarish summasiga teng ulushlarda tuzatish kiritiladi.
Soliq davri uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasi, bo‘nak to‘lovlar hisobga olingan holda, soliq hisobotini taqdim etish muddatidan kechiktirmay budjetga o‘tkaziladi.
Soliq davrida soliq bo‘yicha bo‘nak to‘lovlar summasi soliq hisobotida ko‘rsatilgan budjetga to‘lanishi lozim bo‘lgan soliq summasiga nisbatan 10 foizdan ortiq kamaytirilgan taqdirda, soliq organi bo‘nak to‘lovlarni soliqning haqiqiy summasidan kelib chiqib, penya hisoblagan holda qaytadan hisoblab chiqadi.
O‘zbekiston Respublikasida faoliyatni doimiy muassasalar orqali amalga oshirmaydigan O‘zbekiston Respublikasining norezidentlari tomonidan soliq har yili bir marta soliq hisoboti davridan keyingi yilning 15-fevralidan kechiktirmay to‘lanadi.