003 SOLIQ XAVFINI BOSHQARISH, SOLIQ XAVFI MAVJUD SOLIQ TO‘LOVCHILARNI (SOLIQ AGENTLARINI) ANIQLASH VA SOLIQ TEKSHIRUVLARINI TASHKIL ETISH VA O‘TKAZISH TO‘G‘RISIDA
8-§. Soliq auditi natijalarini rasmiylashtirish 231. Soliq auditi natijasiga ko‘ra soliq auditini o‘tkazuvchi shaxs tomonidan ushbu Nizomga 24-ilovaga muvofiq shaklda uch nusxada soliq auditi dalolatnomasi tuziladi.
Oldingi tahrirga qarang. 232. Soliq auditi dalolatnomasiga tekshirish davomida aniqlangan soliq to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishlari holatlarini tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.
Agar soliq auditi natijasida soliq to‘g‘risidagi qonunchilikning buzilishlari aniqlanmagan bo‘lsa, bu haqida soliq auditi dalolatnomasida qayd etiladi.
(232-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son) 233. Soliq auditi dalolatnomasining barcha nusxalari soliq auditini o‘tkazuvchi shaxslar tomonidan imzolanadi. Soliq auditi dalolatnomasining bir nusxasi soliq to‘lovchiga soliq auditi tugaganidan keyin uch ish kun ichida topshiriladi.
234. Soliq to‘lovchining soliq auditi dalolatnomasidagi imzosi uning soliq auditi natijalariga roziligini bildirmaydi.
235. Soliq to‘lovchi soliq auditi dalolatnomasini olishdan bosh tortgan taqdirda, soliq auditini o‘tkazuvchi shaxs bu haqda soliq auditi dalolatnomasiga tegishli yozuvni kiritadi.
Bunday holda soliq auditi dalolatnomasining bir nusxasi soliq to‘lovchiga pochta orqali buyurtma xat bilan yuboriladi.
236. Soliq auditi o‘tkazilgan shaxs (uning vakili) soliq tekshiruvi dalolatnomasida bayon etilgan holatlarga va (yoki) tekshiruvchilarning xulosalari hamda takliflariga rozi bo‘lmagan taqdirda, soliq auditi dalolatnomasini olgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida tegishli soliq organiga mazkur dalolatnoma bo‘yicha umuman yoki uning ayrim holatlari yuzasidan yozma e’tirozlarini taqdim etishga haqli.
237. Soliq to‘lovchi o‘z e’tirozlarining asoslanganligini tasdiqlovchi hujjatlarni (ularning tasdiqlangan ko‘chirma nusxalarini) yozma e’tirozlarga ilova qilishga yoki kelishilgan muddatda soliq organiga topshirishga haqli.
238. Soliq auditi materiallari soliq to‘lovchi hisobda turgan joydagi soliq organiga yuboriladi hamda soliq auditi tugagan kundan keyingi ish kunidan kechiktirmay ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Soliq auditi natijasi bo‘yicha ma’lumotlar soliq tekshiruvlari hisobini yuritish axborot tizimiga kiritiladi.
239. Soliq auditi materiallarini ko‘rib chiqish va natijasi bo‘yicha qaror qabul qilish Soliq kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Jinoiy ish doirasida o‘tkazilgan soliq tekshiruvi materiallarini ko‘rib chiqish va natijasi bo‘yicha qaror qabul qilish uchun soliq to‘lovchi ro‘yxatdan o‘tgan soliq organiga yuboriladi.