44-modda. Bankka aloqador bo‘lgan shaxslar bilan bitimlar tuzish Banklarning bankka aloqador bo‘lgan shaxslar bilan yoki bunday shaxslar nomidan harakat qiladigan shaxslar bilan tuzadigan shartnomalari bankka aloqador bo‘lmagan shaxslar uchun nazarda tutilgan shartnomalarga qaraganda ancha qulay shartlarga asoslangan hollarda ularning bunday shartnomalarni tuzishi taqiqlanadi.
Ancha qulay shartlarni taqdim etish quyidagilarni anglatadi:
bank bankka aloqador bo‘lmagan shaxslar bilan ularning tabiati, maqsadi, xususiyatlari va bankning tavakkalchiligidan kelib chiqib tuzmaydigan bitimni bankka aloqador shaxs bilan yoki shunday shaxsning manfaatlarini ko‘zlab tuzilishini;
boshqa shaxslarga nisbatan moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirganligi uchun pastroq tarzda mukofotlar olinishini va to‘lovlarni pastroq tarzda undirilishini yoki ta’minotni boshqa shaxslardan talab qilinadigan qiymatdan yuqoriroq qiymat bo‘yicha qabul qilinishini.
Bank o‘ziga aloqador shaxslarga ta’minlanmagan (ishonchga asoslangan kreditlar) kreditlar (qarzlar) berishi mumkin emas.
Bank o‘ziga aloqador shaxslar bilan ushbu moddaning talablarini hisobga olgan holda faqat bank kuzatuv kengashining qaroriga ko‘ra bitimlar tuzishi mumkin. Agar shaxs bank bilan bitim tuzish bo‘yicha shartnoma imzolanganidan keyin bankka aloqador shaxsga aylansa, bankning kuzatuv kengashi shaxs bankka aloqador shaxsga aylangan kundan e’tiboran o‘ttiz kun ichida mazkur shartnomani ma’qullashi yoki uni bekor qilish to‘g‘risida farmoyish berishi kerak.
Kuzatuv kengashining a’zosi bank bilan o‘zi o‘rtasida yoki o‘ziga aloqador shaxs o‘rtasida tuzilgan yoki tuziladigan bitim masalasi ko‘rilayotgan kuzatuv kengashi yig‘ilishida hozir bo‘lmasligi, kuzatuv kengashi qabul qiladigan qarorga ta’sir ko‘rsatishga urinmasligi kerak.
Bank o‘ziga aloqador bo‘lgan shaxslar bilan tuzilgan bitimlarning alohida ro‘yxatini yuritishi va Markaziy bankni bankka aloqador shaxslar bilan bitimlar tuzilishi oldidan xabardor etishi shart.
LexUZ sharhi Qarang: O‘zbekiston Respublikasi “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi Qonunining 53-moddasi va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 15-yanvardagi 24-sonli “Bank tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 3-bandi. [OKOZ: 1.07.00.00.00 Moliya va kredit to‘g‘risidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.21.00.00 Bank faoliyati / 07.21.18.00 Bank tomonidan tartibga solish va nazorat]