14-mavzu: Innovatsiya faoliyatini moliyalashtirish Reja: 14.1. Innovatsiya tushunchasi va ularga qaratilgan investitsiyalar
14.2. Yuqori riskli (venchurli) investitsiyalarni moliyalashtirish
14.3. Innovatsiya faoliyati tadbirkorlik taraqqiyotini yuksaltirish omili sifatida
14.4. Xo’jalik yurituvchi sub’ektlarning innovatsiya faoliyati zaruriyati va ularda innovatsiya strategiyasini shakllantirish
14.1. Innovatsiya tushunchasi va ularga qaratilgan investitsiyalar “Innovatsiya” tushunchasi (ingl. Innovation-kiritilingan yangilik, ixtiro) yangilikka investitsiya kiritish ma’nosida ishlatiladi. Innovatsiya tushunchasi iqtisodiyotga XX asr boshlarida kirib kelgan. Avstraliyalik iqtisodchi olim Y.Shumpeter birinchi marotaba innovatsiyalarga oid masalalarni ko’rib chiqqan va innovatsion jarayonga to’liq ta’rif bergan. Iqtisodiy adabiyotlarda “innovatsiya” tushunchasiga ko’pchilik mualliflar tomonidan turlicha yondoshuvlar keltirilgan. Ko’pchilik mualliflar yangilik kiritishni iqtisodiy tadbiq etish jihatidan nazarda tutadi, ya’ni yangi resurslarni tashkil etish yoki mavjud bo’lganlarini noan’anaviy holda yangicha ishlatilishini nazarda tutadilar
A.Busiginning fikriga ko’ra, innovatsiya bu asosiy kapital yoki ishlab chiqarilayotgan mahsulotni ilm fan, texnika va texnologiyalar yordamida yangilashdir.69 R.Fatxutdinovning fikriga ko’ra, innovatsiya yangilikni tadbiq etishning yakuniy natijasi bo’lib, ob’ekt boshqaruvini o’zgartirish ijtimoiy, iqtisodiy,ilmiy, texnikaviy, ekologik va boshqa ko’rinishdagi samaradorlikdir.70 Yuqoridagi ta’riflardan xulosa qilib, innovatsiya – bu yuqori iqtisodiy va ijtimoiy samara olish maqsadida ishlab chiqarish jarayoniga ilg’or ilm-fan yutuqlarini joriy etish yo’li bilan yangi tovarlar yaratish yoki ishlab chiqarilayotgan tovarlar sifatini oshirishdir.
Innovatsiya har bir sohada bo’lishi mumkin. Masalan, fanda, uning bir yo’nalishida yirik yangiliklarga erishish, kashfiyotlar yaratish, izlanishlarda, ilm sohasida yangi ilm va bilimlarni ochish, texnika va texnologiyalarni yangi avlodini yaratish, ishlab chiqarish sohalarida, xizmat ko’rsatishda yangi usullarni kiritish va boshqalar shular jumlasidandir. Iqtisodiyotda esa fan, texnika, texnologiyalar sohalarida erishilgan eng so’nggi yutuqlarni qo’llashni bildirishi mumkin.
Innovatsion faoliyat qaysi sohada bo’lmasin, kashfiyotlar, e’lon qilingan yangiliklar, texnika va texnologiya yutuqlari va texnologik jarayonlarni yangilash, mahsulot bilan ta’minlash va boshqa yo’nalishlardagi barcha yangiliklarni tizimli ravishda uzluksiz joriy etib borishni ta’minlash jarayonidir. Jahon gloaballashuvi jarayonida kuchli raqobat har sohada yangilikka undaydi. Fandagi texnika-texnologiya sohalaridagi eng so’nggi yutuqlar, kashfiyotlar, yangiliklar, ratsionalizatorlik takliflarni ishlab chiqish va xizmat ko’rsatish sohalariga shiddat bilan kiritilib boriladi va marketing, boshqaruv, ishlab chiqarish, xizmat ko’rsatish sohalarida yangi yondashuv, yangi texnologiya, texnikalarni qo’llashni talab qiladi va texnologiyalarni yangi avlodini qo’llash asosida mablag’ kiritilishi investitsiyadan dalolat beradi. Yangilik kiritilishi asosida mavjud texnika va texnologiyalarni almashtirilishi ham investtsiyani anglatishi mumkin. Fan va texnika taraqqiyoti natijalari asosida yangi texnika, texnologiyalarni qo’lga kiritilishi ham investitsiya ma’nosida ishlanadi. Investitsiyani aniqlovchi omil bo’lib yangilik yaratilishi, ratsionalizatorlik takliflar yirik tashkilotlar va shunga tegishli ilgari e’lon qilinmagan yirik ishlanmalar xizmat qiladi.
Kichik raqobat muhitida ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatish sohalarida investitsiya ishlab chiqarishni yangi texnika va texnologiyani qo’llash asosida tashkil etishni, xizmat ko’rsatish sohasida yangi, avval qo’llanilmagan xizmat turlarini nazarda tutadi. Innovatsiya tushunchasi yangi maxsus turlarni mavjud ishlab chiqariladigan mahsulotni almashtiruvchi, uning o’rnini bosuvchi yangi mahsulotni ishlab chiqarishni ham anglatadi. Kuchli raqobat muhitida yangi texnika va texnologiyalarni qo’llash asosida yangi mahsulotni, yangi bozorga olib chiqishni ham bildiradi. Investitsiya kashfiyotlar asosida fan va texnika sohasida yangi bilimlarni qo’llashga kiritilishini, yangi ilg’or texnika va texnologiyalarni yaratilishini, ularni ishlab chiqarish va xizmat ko’rsatish sohalarida qo’llanilishini, ular asosida yangi tovar va xizmatlarni yaratilishini va ular hisobiga raqobatni kuchaytirishni, yangi bozorni egallashni ham anglatadi.
Innovatsiya an’anaviy va yangi ilm-fan sig’imi yuqori bo’lgan tarmoq sohalarida iqtisodiy o’sishni va raqobatbardoshlikni doimiy ravishda ta’minlovchi zaruriy vosita sifatida namoyon bo’ladi.
Innovatsiyaning asosiy xususiyatlari:
Ilmiy-texnik yangilik;
Amaliy qo’llanilishi;
Tijoriy amalga oshirilishi, ya’ni bozorda ma’lum darajada iste’molchilar talabini qondira olishi.
Umuman olganda, innovatsion jarayon - bu yangilik g’oyadan to mahsulotgacha shakllanishi va bozorga tarqalishidir.
Innovatsion jarayon bosqichlari:
1-bosqich bu yangi g’oya va bilimlar;
2-bosqich bu yangilikni (novatsii) amaliy faoliyatga tadbiq etish, ya’ni innovatsiya;
3-bosqich bu innovatsiyalar diffuziyasi. Ya’ni innovatsion mahsulot, xizmat va texnologiyalarni yangi makon va sharoitlarda qo’llanilishi.
Shunday qilib, “innovatsiya” tushunchasi barcha sohalardagi (ishlab chiqarish, ilmiy-tadqiqot va boshqa) ishlanmalar, yangiliklar va takomillashtirilgan vositalar sifatida, sarf-xarajatlar imkoniyatlarini ta’minlaydi yoki bo’lmasa ularni ta’minlash uchun sharoit yaratadi.
Innovatsiyalarni oxir-oqibat maqsadi tovar (mahsulot) raqobatbardoshligini kuchaytirish, uning bozorini kengaytirish, firma (korxona) faoliyati barqarorligini ta’minlash asosida foyda (daromad) hajmi va normasini ko’paytirishdir.
Innovatsiyalar o’zining predmeti va qo’llash sohalari bo’yicha quyidagilarga bo’linadi:
-mahsulotli (yangi tovar yoki xizmatlar);
-bozorboplik (tovarni ishlatilishini yangi sohalarini tashkil etuvchi yoki xizmatlarni yangi bozorda tadbiq etish);
-innovatsiyalik jarayonlari (texnologiyalar, ishlab chiqarishni tashkil etish va boshqarish jarayonlari)
Innovatsiyalarni qayd etilgan mezonlar bo’yicha tiplarga ajratish firma (korxona) strategiyasini aniqlash, innovatsiya tiplaridan kelib chiqib tovar (xizmatlari) realizatsiya shakllari hamda iqtisodiy mexanizm boshqarish shakllarini ishlab chiqish imkoniyatlarini beradi. Har qanday yangilik, ya’ni innovatsiya aniq loyihalarda o’z ifodasini topadi, aniq maqsadlarga qaratiladi hamda chuqur hisob-kitoblar, tahlil va ekspertiza asosida bo’lajak natijalari istiqboli aniqlanadi.
Innovatsiya har qanday sohada yangilikni qo’llash bo’lib, uzluksiz jarayonni bildiradi, tizimli faoliyatni, aniq strategiyani amalga oshirishdan dalolat beradi.
Yangilikka intilish, yaratuvchanlik, kashfiyotlar va ular asosida qo’lga kiritiladigan ishlanmalar har qanday sohada resurs talab etadi.
Har qanday iqtisodning bosh bo’g’inini ishlab chiqarish tashkil etishi munosabati bilan, uni muntazam ravishda yuksaltirish, yangilanishni, ilg’or texnika va texnologiyalardan foydalanishni, progressiv boshqaruv usullarini qo’llashni, turli yo’nalishlarda samara keltiruvchi iqtisodiy-moliyaviy resurslarni, ya’ni investitsiyalarni kiritishni talab etadi.
Makroiqtisodiy darajada innovatsiyalarga qaratilgan investitsiyalar ijtimoiy-iqtisodiy tizimni takomillashtirishga qaratiladi va iqtisodiy taraqqiyotni umumiy shart-sharoitlarini yaxshilab boradi hamda iqtisodiy mexanizmlarning takomillashtirilishini ta’minlaydi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida ishlab chiqarish mukammal omillarga ega bo’lishi talab etiladi va zaruriy iqtisodiy resurslar, ya’ni investitsiyalarni talab etadi. Bunda innovatsiyalarga qaratilgan investitsiyalar ijtimoiy-iqtisodiy tizimning moddiy, ijtimoiy-iqtisodiy va g’oyaviy-siyosiy belgilarini takomillashtirilishiga safarbar etiladi. Bunday investitsiyalar resurslar, ishlab chiqariladigan mahsulotlar, xizmatlar, mulkchilik shakllari, iqtisodiy mexanizm, intilinayotgan g’oya va siyosatning ustuvorligini ta’minlanishiga qaratiladi.
Xulosa qilib aytganda, makroiqtisodiyot darajasida innovatsiyalarga qaratilgan investitsiyalar kuchli raqobat muhitida firma (korxona)larning raqobatbardoshligini ta’minlash bilan bog’liq bo’lgan ularning mavqeini mustahkamlash bilan, samaradorligini yuksaltirish, foyda (daromadi) hajmi va me’yorini oshirish bilan bog’liq bo’lgan investitsiyalardir.
O’zbekiston iqtisodiyotida firma (korxona)lar hayotiyligini ta’minlash, ular rivojlanishi va daromaddorligini orttirish, fan va texnika taraqqiyoti yutuqlaridan foydalangan holda, jahon talablari darajasidagi tovar va xizmatlarni ishlab chiqarishdir. Yangi, zamonaviy va ilg’or texnika-texnologiyalarni qo’llagan holda sifatli, arzon tovar va xizmatlarni tashqi bozorlarga etkazish uchun qaratilgan investitsiyalar innovatsion investitsiyalardir. Erkin raqobat muhitida firma (korxona) innovatsiya strategiyasini yaxlitlikda ta’minlashga qaratilgan investitsiyalar:
ishlab chiqarish hayotiyligini saqlab qolish;
jamoa rivojlanish dasturini ta’minlash;
zamonaviy boshqarish usullarini qo’llash;
foydani maksimallashtirish;
jamoa faoliyatini takomillashtirish;
yangi sohalarga kirib borish;
manfaatlarga mos keladigan maqsadlarga erishish;
moliyaviy holatga risk vaziyat ta’sirini kamaytirish qobiliyatiga ega bo’lish kabi vazifalarni qamrab oladi va ularni ta’minlashga qaratiladi.
So’nggi yillarda O’zbekistonda innovatsion loyihalarni tatbiq etishning tashkiliy-huquqiy va institutsional asoslarini rivojlantirish maqsadida bir qator qonun, farmon va qarorlar qabul qilindi. Shu jumladan, 2006 yil 7 avgustda PQ–436 sonli «Fan va texnologiyalar rivojlanishini muvofiqlashtirish va boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 15 iyuldagi PQ-916 sonli «Innovatsion loyihalar va texnolgiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag’batlantirish borasidagi qo’shimcha chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarori. Ushbu qaror asosida Respublika innovatsion g’oya, texnologiya va loyihalar yarmarkasi amalga oshirilmoqda. Bu yarmarka Iqtisodiyot Vazirligi, Vazirlar Mahkamasi qoshidagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish Qo’mitasi, Fanlar akademiyasi va Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo Vazirligi tomonidan tashkil etilgan. Respublika innovatsion g’oya, texnologiya va loyihalar yarmarkasi mamlakatimiz korxonalariga ilmiy-innovatsion faoliyat natijalarini joriy etishga, ularning samaradorligini oshirishga ta’sir etuvchi mexanizm bo’lib xizmat qiladi.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 15 iyuldagi PQ-916 son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi 2008 yil 15 oktyabrdagi № 228-sonli «Texnologiyalar transferi agentligi» davlat unitar korxonasi faoliyatini takomillashtirish to’g’risida» qaror qabul qildi. Agentlikning asosiy vazifalari innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va ularni ishlab chiqarishga joriy etish; innovatsion texnologiyalarni, shu jumladan, xorijiy innovatsion texnologiyalarni mustaqil ekspertizadan o’tkazish, moslashtirish va mamlakatimiz amaliyotiga joriy etish; ilmiy-texnik ishlanmalarni tijorat sotuvi ob’ekti sifatida ishlab chiqarishga joriy etish loyihalarini tuzish va amalga oshirish; ilmiy-texnik ishlanmalar natijalarini tijoratlashtirish sohasida xalqaro ilmiy-texnik hamkorlikni amalga oshirish.
Respublikada innovatsion faoliyatni qo’llab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida 2002 yilda «Innovatsion ilmiy-texnikaviy faoliyatni moliyalashtirish Fondi» tashkil etilgan edi. O’tgan davr ichida 1070 ta innovatsion loyihalar bu fonddan moliyaviy yordam oldilar.
2003-2014 yillar respublikada innovatsion faoliyatni innovatsion loyihalar dasturi asosida bajarilish yo’nalishlari agrosanoat majmui bo’yicha 14 tadan 138 taga, mashinasozlik va asbobsozlik bo’yicha 12 tadan 63 taga, sog’liqni saqlash bo’yicha 8 tadan 113 taga, ekologiya bo’yicha 2 tadan 36 taga, farmakologiya bo’yicha 7 tadan 89 taga, axborot texnologiyasi bo’yicha 2 tadan 102 taga, geologiya va qayta ishlash tarmoqlari bo’yicha 3 tadan 68 taga, energetika bo’yicha 12 tadan 115 taga, kimyoviy texnologiya bo’yicha 12 tadan 91 taga va ijtimoiy yo’nalish bo’yicha 40 tadan 247 tagacha ko’paydi.
Respublikada YaIM tahlil etilayotgan davrda 6 barobarga o’sgan bo’lsada, innovatsion tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun byudjetdan ajratilayotgan mablag’larning YaIM dagi hissasi 2007 yilda 0,006 foiz bo’lgan bo’lsa, 2014 yilga kelib 0,072 foizni tashkil etdi. Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda bu ko’rsatkich YaIMni 10-14 foizini tashkil etadi. Innovatsion tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish uchun unga ajratilayotgan mablag’lar hissasini oshirish zarur.