Moliya va soliqlar


-mavzu: Moliyaviy nazorat



Yüklə 0,93 Mb.
səhifə41/214
tarix24.10.2022
ölçüsü0,93 Mb.
#66084
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   214
Moliya va soliqlar

7-mavzu: Moliyaviy nazorat
Reja:
1. Moliyaviy nazorat: mazmuni, sohalari, ob’ekti, predmeti, tizimi, vazifalari, prinsiplari.
2. Moliyaviy nazorat turlari, shakllari va metodlari.
3. Davlat moliyaviy nazorati organlarining vazifalari va funksiyalari.
4. Nodavlat moliyaviy nazorat

1. Moliyaviy nazorat: mazmuni, sohalari, ob’ekti, predmeti, tizimi, vazifalari, prinsiplari.


Moliyaviy nazorat - iqtisodiy kategoriya sifatida moliyaga ob’ektiv xos bo‘lgan nazorat xususiyatining amalda namoyon bo‘lishidir. Odatda, moliyaviy nazorat quyidagi ikki yo‘nalishda (aspektda) qaraladi:
• barcha iqtisodiy sub’ektlarning moliyaviy qonunchilik va moliyaviy intizomga rioya qilishi ustidan maxsus tashkil etilgan nazorat organlarining qattiq reglamentatsiya qilingan (tartibga solingan) faoliyati;
• moliyaviy operatsiyalarning samaradorligini va maqsadga muvofiqligini ta’minlash maqsadida makro- va mikrodarajada moliya hamda pul oqimlarini boshqarishning ajralmas elenmenti.
Moliyaviy nazoratning har ikki yo‘nalishi (aspekti) bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq bo‘lsa-da, nazoratning maqsadi, metodi va sub’ektlariga muvofiq ravishda farqlanadi ham. Agar birinchi holda nazoratning huquqiy va miqdoriy tomonlari ustunlik qilsa, ikkinchi holda moliyaviy nazoratning analitik tomoniga juda katta e’tibor beriladi.
Barcha iqtisodiy sub’ektlarning (davlat, korxona va tashkilotlarning) moliyaviy faoliyati ustidan qonunchilik va ijroiya hokimiyati organlarining turli darajalari, shuningdek maxsus tashkil etilgan muassasalar tomonidan amalga oshiriladigan nazoratga moliyaviy nazorat deyiladi. Bu nazorat, eng avvalo, pul fondlarini shakllantirish va ulardan foydalanish jarayonida moliyaviy-iqtisodiy qonunchilikka rioya etilishi, moliyaviy-xo‘jalik operatsiyalarining samaradorligini baholash va amalga oshirilgan xarajatlarning maqsadga muvofiqligi ustidan nazoratni o‘z ichiga oladi. Boshqacha so‘zlar bilan aytganda, moliyaviy nazorat u yoki bu moliyaviy harakat sodir bo‘lishining baholashni o‘z ichiga olish bilan cheklanmasdan, balki u o‘zining analitik yo‘nalishiga (aspektiga) egadir.
Moliyaviy nazorat qiymat shaklida amalga oshiriladigan nazorat bo‘lganligi uchun ijtimoiy takror ishlab chiqarish jarayonining barcha sohalarida amalga oshiriladi va pul fondlari harakatining barcha jarayonlarida, shu jumladan, moliyaviy natijalarni idrok etish jarayonida ham kuzatiladi. Shuning uchun ham moliyaviy nazoratning ob’ekti pul munosabatlari hisoblanadi.
Moliyaviy nazoratning predmeti quyidagi moliyaviy ko‘rsatkichlardan iborat:
• turli darajadagi budjetlarning daromadlari va xarajatlari;
• soliq to‘lovlarining hajmlari (miqdorlari, o‘lchamlari);
• xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning daromadlari;
• xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning muomala xarajatlari;
• tannarx va foyda;
• uy xo‘jaliklarining daromadlari va xarajatlari;
• va boshqalar.
Moliyaviy nazoratning predmeti hisoblangan yuqoridagi ko‘satkichlarning ko‘plari hisobli ko‘rsatkichlar hisoblanadi va bu narsa, o‘z navbatida, ularning amaldagi normativ hujjatlarga muvofiq ravishda hisoblanishining to‘g‘riligi va ishonchliligini tekshirishni (nazorat qilishni) taqoza etadi.
Moliyaviy nazorat moliya funksiyalarining amalga oshirilish shakli bo‘lib xizmat qiladi. U ham davlatning va ham boshqa barcha iqtisodiy sub’ektlarning manfaatlari va huquqlarini ta’minlashga qaratilgan.
Iqtisodiy jihatdan taraqqiy etgan mamlakatlarda moliyaviy nazorat, bir tomondan, o‘zaro ta’sirchan va ikkinchi tomondan, alohidalashgan (mustaqil bo‘lgan) ikki sohaga bo‘linadi:
• davlat moliyaviy nazorati;
• nodavlat moliyaviy nazorati.
Davlat moliyaviy nazorati bu davlatning asosiy qonunlariga tayanadigan va hokimiyat hamda boshqaruv konkret organlari iqtisodiy-huquqiy harakatining kompleksli va maqsadga yo‘naltirilgan tizimidir. Moliyaviy nazoratni tashkil etishda mamlakatning Konstitutsiyasi hal qiluvchi rolni o‘ynaydi. Uning huquqiy reglamenti davlatning tipiga, uning sotsial-siyosiy yo‘naltirilganligiga, iqtisodiy tarqqiyot darajasiga, mulkchilik shakllarining nisbatiga bog‘liq.
Davlat moliyaviy nazorati YAIM taqsimlanishining qiymat proporsiyalarini kuzatishga qaratilgan. Bu nazorat davlat moliyaviy resurslarini shakllantirish, ularning to‘liq va o‘z vaqtida tushib turishi va ulardan maqsadli foydalanish bilan bog‘liq bo‘lgan pul resurslari harakatining barcha kanallariga (tarqatiladi) tegishli hisoblanadi. Davlat moliyaviy nazorati davlatning moliya siyosatini amalga oshirishga va moliyaviy barqarorlik uchun sharoitlarni yaratishga qaratilgan. Bu narsa, eng avvalo, barcha darajalardagi budjetlar va nobudjet fondlarni ishlab chiqish, muhokama qilish, tasdiqlash va ijro etish, korxona va tashkilotlar, banklar va moliyaviy korporatsiyalarning moliyaviy faoliyati ustidan nazoratni anglatadi. Agar umummilliy iqtisodiy manfaatlar bilan belgilangan (aniqlangan) bo‘lsa, davlat moliyaviy nazoratchilari ham davlat sektorida va ham xususiy hamda korporativ biznes sektorida taftish va tekshirishlarni amalga oshirish huquqiga egadir. Biroq iqtisodiyotning nodavlat sektorida davlat tomonidan amalga oshiriladigan moliyaviy nazorat faqat soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni ham qo‘shib olgan holda davlat oldidagi pul majburiyatlarining bajarilishi sohalarini, ularga ajratilgan budjet subsidiyalari va kreditlarini sarflashda maqsadga muvofiqlilik va qonuniylikning rioya qilinishi va shuningdek, hukumat tomonidan o‘rnatilgan (belgilangan) pul hisob-kitoblarini tashkil qilish, buxgalteriya hisobi va hisobotni yuritish qoidalariga rioya etilishini qamrab oladi.
Nodavlat moliyaviy nazorati ikkiga bo‘linadi: ichki (firma ichidagi, korporativ) va tashqi (auditorlik).
Moliyaviy nazoratning davlat va nodavlat sohalari (ko‘rinishlari, turlari) nazoratni amalga oshirish metodlarining o‘xshashligiga qaramasdan, o‘zlarining pirovard maqsadlari bo‘yicha bir-biridan tubdan farq ham qiladi. Davlat moliyaviy nazoratining bosh maqsadi davlat xazinasiga resurslarni tushurishni maksimallashtirish va davlat boshqaruv xarajatlarini minimallashtirish bo‘lsa, bunga qarama-qarshi ravishda nodavlat moliyaviy nazoratning (ayniqsa, firma ichidagi moliyaviy nazoratning) bosh maqsadi joylashtirilgan kapitaldagi foyda normasini oshirish maqsadida davlat foydasidagi ajratmalar va boshqa xarajatlarni minimallashtirishdan iborat. Bir vaqtning o‘zida moliyaviy nazoratning har ikki sohasi amaldagi qonunlarning huquqiy ramkasi bilan cheklab qo‘yilgan.
Pul munosabatlari, moliyaviy resurslarni shakllantirish va ulardan foydalanishdagi qayta taqsimlash jarayonlari, shu jumladan, barcha darajalardagi va xo‘jalikning barcha bo‘g‘inlaridagi pul fondlari shaklidagi moliyaviy resurslar moliyaviy nazoratning ob’ekti hisoblanadi. Tekshiruvlarning bevosita predmeti sifatida foyda, daromadlar, rentabellik, tannarx, muomala xarajatlari kabi qiymat ko‘rsatkichlari maydonga chiqadi. Puldan foydalanish orqali va ayrim hollarda pulsiz (masalan, barter bitimlari) amalga oshiriladigan opreatsiyalarning barchasi moliyaviy nazoratning sohasi hisoblanadi.
Moliyaviy nazorat o‘z ichiga quyidagi tekshiruvlarni oladi:
• iqtisodiy qonunlarning talablariga rioya etish (MDni taqsimlash va qayta taqsimlash porporsiyalarining optimalligi);
• budjet rejasini tuzish va ijro etish (budjet nazorati);
• korxona va tashkilotlar, budjet muassasalariga tegishli bo‘lgan mehnat, moddiy va moliyaviy resurslardan samarali foydalanish;
• o‘zaro soliq munosabatlari.
Taraqqiy etgan mamlakatlarda moliyaviy nazorat tizimi, asosan, bir tipda bo‘lib, quyidagi elementlardan tashkil topadi:
• bevosita mamlakatning parlamenti yoki prezidentiga bo‘ysunuvchi hisob palatasi. Bu tashkilotning bosh maqsadi davlat mablag‘larining sarflanishi ustidan umumiy nazoratni o‘rnatishdir;
• asosan soliqli daromadlarning davlat xazinasiga kelib tushishini nazorat qiluvchi va mamlakat prezidenti, hukumati yoki moliya vazirligiga bo‘ysunuvchi soliq muassasi;
• quyi tashkilotlarini tekshiruvchi va taftish qiluvchi davlat tashkilotlarining tarkibidagi nazorat qiluvchi organlar;
• hisobot hujjatlarining ishonchliligini va moliyaviy operatsiyalarning qonuniyligini tijorat asosida tekshiruvchi nodavlat nazorat xizmatlari;
• asosiy vazifasi xarajatlarni qisqartirish, moliyaviy oqimlarni optimallashtirish va foydani oshirish bo‘lgan ichki nazorat xizmatlari.
O‘tish iqtisodiyotiga ega bo‘lgan mamlakatlarda moliyaviy nazorat tizimi ba’zi bir maxsus organlarni ham qamrab oladi. Ana shunday organlar qatoriga Markaziy bank, Davlat bojxona qo‘mitasi va boshqalarni kiritish mumkin.
Moliyaviy nazoratning oldida turgan eng asosiy vazifalar quyidagilardan iborat:
• pul fondlarining o‘lchami va moliyaviy resurslarga bo‘lgan ehtiyoj o‘rtasidagi mutanosiblikka (balanslilikka) ta’sir ko‘rsatish;
• davlat budjeti oldidagi majburiyatlarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishini ta’minlash;
• moliyaviy resurslarni ko‘paytirishning ichki xo‘jalik rezervlarini qidirib topish;
• va boshqalar.
Jahon hamjamiyati ko‘p yillik tajriba asosida moliyaviy nazoratni tashkil etishning asosiy prinsiplarini ishlab chiqqanki, hozirgi paytda ularga rioya qilishga dunyoning har bir sivilizatsiyalashgan davlati intiladi. Bu prinsiplar INTOSAIning Lima deklaratsiyasida o‘z aksini topgan. Ularning tarkibiga quyidagilar kiradi:
• mustaqillik;
• ob’ektivlik;
• kompetentlik (layoqatlilik, qodirlik);
• oshkoralik.
Moliyaviy nazoratning mustaqilligi nazorat organining moliyaviy jihatdan mustaqilligi, nazorat organlari rahbarlarining vakolat muddatlarining parlament muddatlaridan uzoqligi, shuningdek ularning konstitutsion xarakteri bilan ta’minlanishi kerak. Ob’ektivlik va kompetentlik (layoqatlilik, qodirlik) nazoratchilar tomonidan amaldagi qonunchilikka so‘zsiz itoat etilishini, taftish ishlarini amalga oshirishning belgilangan (o‘rnatilgan) standartlariga (andozalariga) qattiq rioya etish asosida nazoratchilar ishining yuqori kasbiy darajada bo‘lishini taqoza etadi. Oshkoralik davlat nazoratchilarining jamotchilik va ommaviy axborot vositalari bilan doimiy aloqada bo‘lishini ko‘zda tutadi.
Ana shu asosiy prinsiplardan amaliy xarakter kasb etuvchi moliyaviy nazoratning quyidagi boshqa prinsiplari kelib chiqishi mumkin:
• natijalilik;
• nazoratchilar tomonidan talab qilinadigan talablarning aniqligi va mantiqiyligi;
• nazorat sub’ektlarining sotib oluvchanmasligi;
• tekshirish va taftish aktlarida keltirilgan ma’lumotlarning asoslanganligi va isbotlanganligi;
• preventivlik (moliyaviy buzilmalar ehtimolining ogohlantiriluvchanligi);
• moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha shubhalanilayotgan shaxslarning aybsizlik (sudgacha) prezumpsiyasi;
• turli nazorat organlari faoliyatlarining muvofiqlashtiruvchanligi;
• va boshqalar.
Moliyaviy nazoratni tashkil qilish tizimiga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatuvchi qonunlar qabul qila turib, har bir davlat, odatda, yuqoridagi prinsiplarga tayanadi (asoslanadi). Bir vaqtning o‘zida, har bir davlatda nazorat harakatlarining o‘z reglamenti (tartibi va ketma-ketligi) mavjud bo‘lib, bu narsa pirovardida moliyaviy nazoratning natijalariga o‘z ta’sirini, albatta, ko‘rsatadi.
Moliyaviy nazorat turlari, shakllari va metodlari
Moliyaviy nazoratning muvaffaqiyatli va samarali o‘tkazilishi uning tashkil etilish darajasiga va nazoratning turlari, shakllari va uni o‘tkazishning metodlariga bog‘liq.
Moliyaviy nazoratni amalga oshiruvchi sub’ektlarga ko‘ra uning quyidagi turlari mavjud:
• umumdavlat moliyaviy nazorati;
• idoraviy moliyaviy nazorat;
• xo‘jalik ichidagi moliyaviy nazorat;
• jamoatchilik moliyaviy nazorati;
• mustaqil moliyaviy nazorat.
Umumdavlat moliyaviy nazorati davlat hokimiyat organlari (prezident, hukumat, Oliy majlis, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi va boshqalar) tomonidan amalga oshiriladi. Bu turdagi moliyaviy nazoratning bosh maqsadi daromadlarning tushib turishi va davlat xarajatlarining sarflanishi bo‘yicha davlat va jamiyatning manfaatlarini ta’minlashdan iborat.
Idoraviy moliyaviy nazorat vazirliklarning nazorat-taftish boshqarmalari va boshqa tarkibiy tuzilmalari tomonidan amalga oshirilib, shu idoraga bo‘ysunuvchi korxona, tashkilot va muassasalarning faoliyatini qamrab oladi.
Xo‘jalik ichidagi moliyaviy nazorat korxona va tashkilotlarning iqtisodiy va moliyaviy xizmatlari tomonidan o‘tkaziladi. Bu yerda moliyaviy nazoratning ob’ekti sifatida korxona, tashkilot va muassasalarning xo‘jalik va moliyaviy faoliyati maydonga chiqadi.
Jamoatchilik moliyaviy nazorati nodavlat tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi. Nazoratning ob’ekti uning oldiga quyilgan vazifalarga muvofiq ravishda aniqlanadi.
Mustaqil moliyaviy nazorat maxsus organlar: auditorlik firmalari va boshqa xizmatlar tomonidan o‘tkaziladi.
Moliyaviy nazoratning shakllarini quyidagi mezonlar bo‘yicha klassifikatsiya qilish qabul qilingan:
• amalga oshirilish reglamenti;
• o‘tkazilish vaqti;
• nazoratning sub’ektlari;
• nazoratning ob’ektlari.
Amalga oshirilish reglamenti bo‘yicha moliyaviy nazoratning shakllari quyidagilardan iborat bo‘lishi mumkin:
• majburiy (tashqi);
• tashabbuskorli (ichki).
Yuridik va jismoniy shaxslarning moliyaviy faoliyati ustidan majburiy (tashqi) nazorat qonun asosida amalga oshiriladi. Bular, masalan, asosan tashqi, mustaqil nazoratchilar tomonidan amalga oshiriladigan soliq tekshiruvlariga, budjet resurslaridan maqsadli foydalanish ustidan nazoratga, korxona va tashkilotlarning moliya-buxgalteriya hisobotlari ma’lumotlarini majburiy auditorlik tasdiqlanishiga va h.k.larga tegishli bo‘lishi mumkin.
Tashabbuskorli (ichki) moliyaviy nazorat moliyaviy qonunchilikdan kelib chiqmasa-da, taktik va strategik maqsadlarga erishishda moliyaviy boshqaruvning ajralmas qismi hisoblanadi.
O‘tkazilish vaqti bo‘yicha moliyaviy nazoratning shakllari quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
• dastlabki;
• joriy (operativ);
• navbatdagi (kelgusi, so‘nggi).
Dastlabki moliyaviy nazorat moliyaviy operatsiyalarning sodir bo‘lishidan oldin amalga oshiriladi va moliyaviy xatoliklarning (buzilmalarning) oldini olish yoki ularni ogohlantirishda muhim ahamiyatga ega. Moliyaviy nazoratning bu shakli mablag‘larning notejamli va nosamarali sarflanishining oldini olish uchun xarajatlarning moliyaviy jihatdan asoslangan bo‘lishini ko‘zda tutadi. Makrodarajada bunday nazoratga misol sifatida mamlakat iqtisodiy tarqqiyotining makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari bashoratlari asosida barcha darajadagi budjetlarni va nobudjet fondlarining moliyaviy rejalarini tuzish va tasdiqlash jarayonini ko‘rsatish mumkin. Mikrodarajada esa ular moliyaviy rejalar va smetalar, kredit va kassa arizalari, biznes-rejalarning moliyaviy bo‘limlari, bashorat balanslarini tuzish, hamkorlikdagi faoliyat to‘g‘risida shartnoma va h.k.lardan iborat bo‘lishi mumkin.
Joriy (operativ) moliyaviy nazorat pul bitimlari, moliyaviy operatsiyalar, ssuda va subsidiyalarni berish va h.k.larning sodir bo‘lish vaqtida amalga oshiriladi. Moliyaviy nazoratning bu shakli mablag‘larni olish va ularni sarflash jarayonida vujudga kelishi mumkin bo‘lgan qonunbuzarliklardan ogohlantiradi, moliyaviy intizomning mustahkamlanishiga va pul hisob-kitoblarining o‘z vaqtida amalga oshirilishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Bu yerda buxgalteriya xizmatlari katta rol o‘ynaydi.
Navbatdagi (kelgusi, so‘nggi) moliyaviy nazorat moliyaviy hisobot va buxgalteriya hujjatlarini tahlil va taftish qilish yo‘li bilan amalga oshirilib, uning bu shakli iqtisodiy sub’ektlar moliyaviy faoliyatining natijalarini, taklif etilgan moliyaviy strategiya amalga oshirilganligining samaradorligini, moliyaviy xarajatlarni ularning bashoratlari bilan qiyoslanishini va h.k.larni baholashga mo‘ljallangan.
Nazoratning sub’eklari bo‘yicha moliyaviy nazoratning quyidagi shakllari bo‘lishi mumkin:
• Prezident moliyaviy nazorati;
hokimiyat qonunchilik organlari va mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish organlarining moliyaviy nazorati;
• ijroiya hokimiyat organlari moliyaviy nazorati;
• moliya-kredit organlarining moliyaviy nazorati;
• firmaviy-ichki moliyaviy nazorat;
• auditorlik moliyaviy nazorati;
• va boshqalar.
Nazoratning ob’ektlariga muvofiq ravishda moliyaviy nazoratning quyidagi shakllari mavjud:
• budjet moliyaviy nazorati;
• nobudjet fondlar ustidan amalga oshiriladigan moliyaviy nazorat;
• soliqlar bo‘yicha amalga oshiriladigan moliyaviy nazorat;
• valyuta operatsiyalari ustidan amalga oshiriladigan moliyaviy nazorat;
• kredit operatsiyalari bo‘yicha moliyaviy nazorat;
• sug‘urta faoliyati bo‘yicha moliyaviy nazorat;
• investitsion faoliyat bo‘yicha amalga oshiriladigan moliyaviy nazorat;
• pul massasi ustida amlga oshiriladigan moliyaviy nazorat va boshqalar.
Moliyaviy nazoratni amalga oshirish jarayonida uning quyidagi metodlaridan foydalaniladi:
• tekshiruv;
• tadqiq etish;
• nadzor (nazorat);
• moliyaviy holat tahlili;
• kuzatish (monitoring);
• taftish.
Tekshiruv hisobot, balans va xarajat hujjatlari asosida moliyaviy-xo‘jalik faoliyatning alohida masalalari bo‘yicha amalga oshiriladi. Tekshiruv jarayonida moliyaviy intizomning buzilganligi aniqlanadi va ularni barham berish borasida choralar belgilanadi.
Tadqiq etish korxona va tashkilotlar faoliyatining ayrim tomonlarini qamrab oladi. Tadqiq etish jarayonida bajarilgan ishlar, material, yoqilg‘i va energiyalarning sarflanish hajmlari nazorat tarzida o‘lchanadi. Shuningdek, tadqiq etish so‘rash, kuzatish va inspeksiya qilish hollari orqali ham amalga oshirilishi mumkin.
Nadzor (nazorat) moliyaviy faoliyatning ma’lum bir turiga (masalan, sug‘urta, investitsion, bank va boshqa faoliyatlar) litsenziya olgan iqtisodiy sub’ektlar ustidan nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladigan nazoratni anglatadi. U buzilishi litsenziyaning chaqirib olinishiga olib keladigan o‘rnatilgan (belgilangan) qoidalar va normativlarga rioya qilinishi ustidan nazoratni ko‘zda tutadi.
Iqtisodiy tahlil moliyaviy nazoratni amalga oshirish metodi sifatida xo‘jalik faoliyatining natijalari, moliyaviy holatning ahvoliga umumiy baho berish va ulardan samarali foydalanish imkoniyatlarini asoslash maqsadida davriy yoki yillik moliyaviy va buxgalteriya hisobotlarini detallashtirilgan tarzda o‘rganishni ko‘zda tutadi.
Taftish moliyaviy nazoratning ancha keng tarqalgan metodi sanalib, nazoratning haqiqiy va hujjatli usullarini qo‘llash yordamida amalga oshiriladigan korxona, tashkilot va muassasalar moliya-xo‘jalik faoliyatini o‘zaro bog‘langan kompleks tekshiruvidan iboratdir. Taftish taftish qilinayotgan ob’ekt faoliyatidagi kamchiliklar va buzilmalarni topish uchun, ya’ni sodir etilgan xo‘jalik operatsiyalarining maqsadga muvofiqligi, asoslanganligi, iqtisodiy samaradorligini, moliyaviy intizomga rioya etilganligini, buxgalteriya hisobi va hisoboti ma’lumotlarining ishonchliligini aniqlash uchun amalga oshiriladi.
Sub’ekt xo‘jalik faoliyatini qamrab olishning to‘liqligiga qarab taftishning quyidagi turlari bo‘lishimumkin:
• to‘liq;
• qisman;
• mavzuli;
• kompleksli.
To‘liq taftish nazorat ob’ekti moliya-xo‘jalik faoliyatining barcha tomonlarini tekshirishni ko‘zda tutadi.
Qisman taftish xo‘jalik yurituvchi sub’ekt moliya-xo‘jalik faoliyatining ayrim qismlari yoki tomonlarini tekshirish uchun o‘tkaziladi.
Mavzuli taftish bir tipdagi korxona, tashkilot va muassasalarning faoliyati bo‘yicha ma’lum bir mavzuga bag‘ishlab o‘tkaziladiki, bu narsa ularga xos bo‘lgan tipik kamchiliklar va buzilmalarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralarning qo‘llanilishiga imkon beradi.
Kompleksli taftish tekshirilayotgan korxona, tashkilot va muassasa faoliyatining barcha tomonlarini qamrab oladigan va eng to‘liq bo‘lgan taftish bo‘lib, u nazorat sub’ektining xo‘jalik va moliya faoliyatini, moddiy, mehnat va moliyaviy resurslarning butligi va ulardan samarali foydalanish masalalari, buxgalteriya hisobi va hisobotining holati va sifati kabi masalalarni o‘z ichiga oladi. Bunda tor texnikaviy va texnologik masalalarni tekshirish uchun tegishli mutaxassislar jalb qilinadi. Bu esa, o‘z navbatida, kompleksli taftish natijalarining to‘liqligi va samaradorligini ta’minlashda muhim rol o‘ynaydi.
Moliyaviy va xo‘jalik operatsiyalarining qamralib olinishi darajasiga ko‘ra taftishlar quyidagi uch guruhga bo‘linadi:
-yoppasiga taftish;
-tanlanma taftish;
-kombinatsiyalashtirilgan taftish.
Yoppasiga taftish butun tekshiriladigan davr mobaynida faoliyatning ma’lum bir qismidagi barcha operatsiyalarning tekshirilishini taqoza etadi.
Tanlanma taftish u yoki bu vaqt oralig‘ida birlamchi hujjatlar bir qismini tekshirishdan iborat. Odatda, chorakdagi bir oyning natijalari tekshiriladi, kamchiliklar aniqlansa, yoppasiga tekshiruvga o‘tiladi.
Kombinatsiyalashtirilgan taftish bir qismning yoppasiga, boshqa bir qismni esa tanlanma metod bilan tekshirilishini nazarda tutadi. Bu narsa yuqori darajadagi hujjatlarning aylanishi bilan xarakterlanadigan va yirik xo‘jalik operatsiyalarini amalga oshiruvchi sub’ektlar faoliyatini taftish qilishga imkon beradi.
O‘tkazilgan taftish asosida akt rasmiylashtiriladi. Unda kamchiliklarni bartaraf etish, moddiy zararlarni qoplash va aybdorlarni javobgarlikka tortish choralari belgilanadi.
3. Davlat moliyaviy nazorati organlarining vazifalari va funksiyalari.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida mustahkamlangan hokimiyatni taqsimlanish prinsipi Prezident va vakolatli hukumat organlari tomonidan ijro hokimiyati organlarining moliyaviy faoliyatini nazorat qilishni nazarda tutadi. Bunday nazorat, avvalambor, respublika va mahalliy budjetlarni, davlat maqsadli nobudjet fondlarining loyihalarini ko‘rib chiqish va qabul qilishda hamda ularning ijrosi haqida hisobotlarni tasdiqlashda amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 78-moddasining 8-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Vazirlar Mahkamasining taqdimoti bo‘yicha mamlakat budjetini qabul qiladi va uning ijrosi ustidan nazorat o‘rnatadi. Xalq deputatlari Kengashlari ayrim mintaqalarga ajratiladigan budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanish hamda mahalliy budjetlarning ijro etilishini nazorat qiladi. Bundan tashqari, vakolatli organlar zimmasiga ayrim tarmoqlar va sohalarda budjet mablag‘laridan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshirish yuklatilishi mumkin.
Moliyaviy nazoratni amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga davlat va ijroiya hokimiyat boshlig‘i sifatida katta vakolatlar berilgan. Respublika Konstitutsiyasi 93-moddasining 8-bandiga muvofiq Prezident ijroiya hokimiyat apparati va jumladan, davlat moliyaviy nazorati funksiyalarini amalga oshiruvchi organlar (Hisob palatasi, Moliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi va boshqalar)ni shakllantiradi.
Davlat moliyaviy nazorati tizimida Hisob palatasiga katta rol ajratilgan . U mustaqil va ob’ektiv organ bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga hisob beradi.
Hisob palatasi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq uning zimmasiga nazorat, monitoring va tahliliy ishlar hamda quyidagi funksiyalarni bajarish yuklatilgan:
• makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, budjet-soliq va pul-kredit parametrlarining shakllanish jarayonlarini tizimli o‘rganib, ularning qonunchilik talablariga muvofiqligini kuzatib borish;
• davlat budjeti, uning daromad va xarajatlar qismlari asosiy parametrlari va moddalarining ijro etilishi ustidan nazorat o‘rnatish;
• davlat budjetini ijro etish, soliq tushumlari va pul ko‘rsatkichlari bo‘yicha tasdiqlangan parametrlarni tuzatish bo‘yicha takliflarning asoslanganligi va ularning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’sirini ko‘rib chiqish;
• mintaqalar va umuman jamiyat rivojlanishida mahalliy boshqaruv organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqaruv organlari rolini oshirish maqsadida respublika budjeti bilan mahalliy budjetlar o‘rtasidagi o‘zaro nisbatlarning maqbulligiga erishish bo‘yicha takliflarni tahlil qilish va baholash;
• mintaqalar, tarmoqlar va korxonalar bo‘yicha tasdiqlangan parametrlar hisobidan davlat mablag‘larini xarajat qilish bo‘yicha chetga chiqishlar aniqlangan hollarda tekshiruvlar o‘tkazish, ulardan foydalanishda tartibbuzarliklar va suiste’mol-liklarning oldini olish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
• umuman budjet daromad qismining ijrosi ustidan hamda mintaqalar bo‘yicha manbalar, soliq va bojxona organlaridan to‘lovlarning kelib tushishi to‘liqligi yuzasidan monitoringni amalga oshirish;
• budjet jarayonida chetga chiqishlarni tahlil qilish va o‘rganish, ularni bartaraf etish va budjet qonunchiligini takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash;
• milliy valyutani mustahkamlash, inflyatsiyani pasaytirish hamda iqtisodiy o‘sish va narxlar barqarorligi ko‘rsatkichlarining optimal birligiga erishish bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqish va baholash;
• oltin-valyuta zahiralari, shu jumladan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni ishlab chiqarish va ular bilan amalga oshiriladigan operatsiyalarni nazorat etish, yo‘qotishlar va suiste’molliklar kanallari va imkoniyatlarini yo‘qotish maqsadida davlat oltin-valyuta zahiralarining butun harakati tiniqligini ta’minlash;
• tashqi aktivlarni boshqarish bo‘yicha hisobot va balans hisob-kitoblarini tahlil etish, oltin-valyuta zahiralarini chet el banklarida joylashtirish va qayta joylashtirish asoslanganligi va samaraliligini nazorat qilish;
• davlat tashqi qarzlarini boshqarish ustidan monitoring o‘rnatish va ularga birinchi navbatda, Hukumat tomonidan va uning kafolati ostida olingan kreditlar bo‘yicha o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatilishini nazorat etish;
• eksportni rivojlantirish, tovarlar (ishlar, xizmatlar) ekporti prognozlarini bajarish, mahsulot import qilishni maqbullashtirish, tashqi savdo va to‘lov balanslari ijobiy qoldig‘ini ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilishini nazorat etish;
• chet davlatlarda davlat mulkini realizatsiya qilish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalar bo‘yicha tahlil o‘tkazish va ularning nazorat etilishini ta’minlash;
• respublikada qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar konlarini qazish va ulardan foydalanish yuzasidan chet el kompaniyalarining takliflarini ko‘rib chiqish;
• O‘zbekiston Respublikasi Hukumati yoki uning kafolati ostida chet el kreditlari va qarzlarini jalb etish va ulardan foydalanish samaradorligi, xalqaro moliya bozorlariga respublika qarz majburiyatlarini chiqarishning maqsadga muvofiqligini tahlil etish;
• olib borilayotgan budjet-soliq, pul-kredit, valyuta va tashqi savdo siyosatiga ta’sir ko‘rsatuvchi qonunchilik hujjatlari loyihalarini ekspertiza qilish;
• vazirliklar, qo‘mitalar, idoralar, korxonalar va tashkilotlarning Hisob palatasi vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha ish-faoliyatini muvofiqlashtirish;
• Hisob palatasi zimmasiga yuklatilgan vazifalardan kelib chiqadigan masalalar bo‘yicha tahliliy ishlanmalarni tashkil etish va o‘tkazish, ularning asosida hisobot va takliflar tayyorlash hamda ularni ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga taqdim etish.
Ko‘rsatilgan funksiyalarni amalga oshirish uchun Hisob palatasiga quyidagi huquqlar berilgan:
1) davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, qo‘mitalar, idoralar, korxonalar va tashkilotlar, banklardan o‘z vakolatiga kiruvchi masalalar bo‘yicha axborot, ma’lumotlar va hujjatlarni belgilangan tartibda so‘rash va olish;
2) zarur bo‘lgan hollarda o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun tekshiruvlar tashkil etish va ularning natijalari bo‘yicha ijro etilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalarni jo‘natish;
3) o‘z vakolati doirasida tekshiruvlar o‘tkazish vaqtida davlat organlari va ularning vakillari, nodavlat auditorlik xizmati va ayrim mutaxassislarni ularda ishtirok etish uchun jalb etish;
4) Hisob palatasi bilan oldindan kelishilishi zarur bo‘lgan barcha masalalar yuzasidan tegishli xulosalar berish;
5) qonunchilikni takomillashtirish, davlat organlari, korxonalar va tashkilotlar faoliyatini yaxshilash maqsadida nazorat tadbirlari natijalari bo‘yicha takliflar kiritish.
Moliyaviy nazorat bo‘yicha muhim vazifa va funksiyalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zimmasiga ham yuklatilgan. O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risida» 1993 yil 6 maydagi qonunining 12-moddasiga muvofiq u vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar va boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshiradi. U davlat moliyaviy nazoratini amalga oshiruvchi organlar vakolati va funksiyalari tartibini belgilaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish va budjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha hukumat komissiyasi hamda Respublika pul-kredit siyosati komissiyasi tashkil etilgan bo‘lib, ularga davlat moliyaviy nazorati sohasida katta vakolatlar berilgan.
Hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish va budjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha hukumat komissiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘zining mintaqaviy komissiyalariga ega. Mazkur Komissiya tomonidan uning vakolati doirasida qabul qilingan qarorlar vazirliklar, idoralar, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlari, tijorat banklari, mulkchilik shaklidan qat’i nazar, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar hamda ularning birlashmalari (xo‘jalik uyushmalari), mansabdor shaxslar va fuqarolar ijro etishi uchun majburiy hisoblanadi.
Hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish va budjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha hukumat komissiyasi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq quyidagilar uning asosiy vazifalari deb belgilangan:
- iqtisodiyot tarmoqlari va sektorlarida hisob-kitoblar mexanizmini takomillashtirish va barcha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar va tijorat banklari tomonidan to‘lov intizomini mustahkamlash va hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirish, soliqlar va majburiy to‘lovlarni to‘liq to‘lash bo‘yicha amaldagi qonunchilik me’yorlariga qat’iy rioya etilishi ustidan ta’sirchan nazoratni ta’minlash;
- korxonalarning debitorlik qarzlari ahvolini tahlil etish, muddati o‘tgan debitorlik va kreditorlik qarzlari, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning budjetga to‘lovlar bo‘yicha boqimandalarini qisqartirish bo‘yicha ta’sirchan chora-tadbirlar ishlab chiqish va qabul qilish, shuningdek amaldagi qonunchilikka muvofiq ravishda tegishli soliqlar va majburiy to‘lovlarning to‘liq undirib olinishini ta’minlash;
- korxonalar va tashkilotlar aylanma mablag‘larining ajratib olinishi, shu jumladan tayyor mahsulot zahiralariga va tugallanmagan qurilishga ajratilishi sabablari va yo‘nalishlarini aniqlash hamda ularni qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Komissiyaga keng vakolatlar berilgan bo‘lib, u xususan, quyidagi huquqlarga ega:
• vazirliklar, qo‘mitalar, idoralar, tijorat banklari, soliq organlari, xo‘jalik uyushmalari, korxonalar va birlashmalar, davlat boshqaruv organlari rahbarlarining debitorlik va kreditorlik qarzlari, soliq va to‘lov intizomining ahvoli to‘g‘risidagi masalalar bo‘yicha hisobotlarini eshitib borish;
• boqimandalarni to‘lash, penya hisoblanishini tugatish bo‘yicha muddatlarni kechiktirish yoki uzaytirish, budjetga va nobudjet fondlarga soliqlar va to‘lovlar bo‘yicha penyalarni hisobdan chiqarish;
• belgilangan tartibda moliya, soliq va bojxona organlari faoliyatini tekshirishni tashkil etish, Komissiya zimmasiga yuklatilgan vazifalarning bajarilishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan axborot, ma’lumotlarni vazirliklar, qo‘mitalar, idoralar, uyushmalar, davlat boshqaruvi mahalliy organlaridan olish;
• bankrotlik va korxonalarni sanatsiyalash masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasiga korxonalarni sanatsiyalash yoki muntazam ravishda debitorlik va kreditorlik qarzlariga yo‘l qo‘yuvchi korxonalar va tashkilotlarni bankrot deb e’lon qilish uchun materiallarni xo‘jalik sudiga berish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish yuzasidan takliflar berish;
• soliq solish tizimi va xalq xo‘jaligida hisob-kitoblarni yaxshilash uchun yo‘naltirilgan respublika qonunchiligini takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish va h.k.
Respublika pul-kredit siyosati komissiyasi zimmasiga respublikada naqd pul muomalasi va xalq xo‘jaligida hisob-kitoblarning ahvoli ustidan nazoratni kuchaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va ularni amalga oshirish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan valyuta operatsiyalarini amalga oshirish va O‘zbekiston iqtisodiyoti ustuvor tarmoqlarini rivojlantirish uchun ajratiladigan kreditlardan maqsadli foydalanish tartibiga qat’iy rioya etilishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.
Mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni tekshirishni tartibga solish, nazorat organlari tomonidan ularning faoliyatiga asossiz ravishda aralashuvga yo‘l qo‘ymaydi.
Moliya organlarining ko‘p qirrali nazorat faoliyati budjetni rejalashtirish, moliyaviy rejalar va smetalar loyihalarini ko‘rib chiqish, budjet barcha daromadlarini to‘plash, davlat budjeti bilan tegishli moliya yili uchun nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish jarayonida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining zimmasiga davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirish bo‘yicha quyidagi asosiy vazifa va funksiyalar yuklangan:
1) respublika vazirliklari, qo‘mitalari, idoralari va korxonalari tomonidan respublika budjetining ijro etilishi, Markaziy bank va boshqa banklar tomonidan budjetning kassa ijrosi qoidalariga rioya etilishi hamda banklar tomonidan kapital qo‘yilmalar va budjetdan ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan boshqa chora-tadbirlarning moliyalashtirilishi ustidan nazoratni amalga oshirish;
2) qimmatli qog‘ozlar bozori shakllanishi, qimmatli qog‘ozlar emissiyasi va harakatini nazorat etish, moliya bozorini shakllantirishga doir ishlarni muvofiqlashtirish;
3) respublika budjeti va mahalliy budjetlar hisobidan moliyalashtiriladigan, shuningdek barcha ko‘rinishdagi qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni qazib oluvchi, qayta ishlovchi hamda ulardan boshqa maqsadlar (jumladan eksport) uchun foydalanuvchi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish va tekshirish.
Hukumatning «Auditorlik faoliyatini takomillashtirish va auditorlik tekshiruvlari rolini oshirish to‘g‘risida» 2000 yil 22 sentabrdagi 365-sonli qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi zimmasiga yangi vazifalar yuklandi. Xususan, endi auditorlik tashkilotlarida litsenziya shartnomalarida nazarda tutilgan litsenziya talablari va shartlariga rioya etilishini tekshirishni amalga oshirish ham uning vazifasiga kiradi.
Moliya vazirligi huzurida Bosh nazorat-taftish boshqarmasi mavjud bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Bosh nazorat-taftish boshqarmasi va uning hududiy nazorat-taftish boshqarmalari to‘g‘risida nizom ga asosan faoliyat yuritadi.
Bosh nazorat-taftish boshqarmasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar nazorat-taftish boshqarmalarining asosiy vazifasi budjet jarayonining barcha bosqichlarida budjet intizomiga rioya etilishini nazorat qilishdir.
Bosh nazorat-taftish boshqarmasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar nazorat-taftish boshqarmalarining boshqa vazifalari sifatida quyidagilar belgilangan:
• moliya organlari va budjet muassasalari tomonidan budjet va moliya qonunchiligi hamda budjet majburiyatlarining ijrosi bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa qonunchilik hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash ustidan nazoratni amalga oshirish;
• respublika va mahalliy budjetlarning qat’iy ijro etilishi ustidan doimiy nazoratni ta’minlash;
• moliya organlari va tijorat banklari tomonidan birinchi navbatdagi xarajatlar navbatiga rioya etilishi, budjet tashkilotlari xodimlariga ish haqi to‘lash, ijtimoiy nafaqalar, stipendiyalar berish muddatlari va to‘liqligi, shuningdek budjet muassasalariga ko‘rsatilgan maqsadlar uchun naqd pul mablag‘larini berish bo‘yicha faoliyati ustidan nazorat va monitoringni amalga oshirish;
• fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqaruv organlari orqali kam ta’minlangan oilalarga beriladigan ijtimoiy nafaqalar bilan ta’minlash va ularning o‘z vaqtida to‘lanishini nazorat qilish;
• paxta xom ashyosini tayyorlash, saqlash, qayta ishlash, paxta mahsulotlarini ishlab chiqarish va ularni realizatsiya qilish bo‘yicha statistik va buxgalteriya hisoboti ma’lumotlarining to‘g‘riligi ustidan nazoratni amalga oshirish;
• paxta xom ashyosi va undan tayyorlanadigan mahsulotlarning miqdori va sifatini baholash hamda ularning hisobotda aks ettirilishi bo‘yicha tekshiruvlarni tashkil etish va o‘tkazish metodologiyasini ishlab chiqish va takomillashtirish;
• investitsion dasturlarning amalga oshirilishi uchun ajratiladigan markazlashtirilgan budjet mablag‘laridan maqsadli foydalanishni nazorat etish;
• kommunal xizmatlar va elektr energiyasi uchun budjet mablag‘larini sarflash limitlariga rioya etilishi ustidan muntazam ravishda tekshiruvlar o‘tkazib turish;
• budjet muassasalari tomonidan shtatlar jadvali-smeta intizomiga rioya etilishini nazorat qilish;
• hokimiyat va boshqaruv organlari rahbarlarining budjet jarayoniga noqonuniy ravishda aralashuvi faktlarini to‘xtatish;
• davlat valyuta mablag‘larining to‘g‘ri va maqsadli sarflanishini nazorat qilish;
• fuqarolarning moliya va budjet intizomi buzilganligi faktlari to‘g‘risidagi xat, shikoyat va arizalarini ko‘rib chiqish va h.k.
Bosh nazorat-taftish boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari zimmasiga yuklatilgan vazifalar va funksiyalarni bajarish uchun ularga quyidagi huquqlar berilgan:
1) hududiy moliya organlarining mahalliy budjetlar ijrosi bo‘yicha ish-faoliyatini, barcha darajadagi budjet muassasalarining esa, xarajatlar smetalari va budjet intizomiga rioya etish bo‘yicha ish-faoliyatini taftish qilish va tekshirish (monitoring);
2) hududiy moliya organlari va barcha darajadagi budjet muassasalarining pul va buxgalteriya hujjatlari, hisobotlari, smetalari va boshqa hujjatlari, moddiy boyliklari mavjudligini tekshirish;
3) maxsus vakolatli organning qaroriga asosan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini taftish qilish va tekshirish;
4) tijorat banklari muassasalari, soliq organlari, boshqa idoralardan taftish va tekshiruvlar o‘tkazish vaqtida yuzaga keladigan savollar bo‘yicha zarur bo‘lgan ma’lumotnomalar va axborot, ma’lumotlarni olish;
5) qurilish, montaj, ta’mirlash kabi ishlar nazorat o‘lchamlarini amalga oshirish va boshqa tekshiruvlarni o‘tkazish uchun belgilangan tartibda mutaxassislarni jalb etish;
6) hududiy moliya organlari va barcha darajadagi budjet muassasalari hamda xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar rahbarlari va mansabdor shaxslaridan taftish va tekshiruvlar o‘tkazish jarayonida yuzaga keladigan masalalar, moliya va budjet intizomi buzilishi faktlari, shuningdek ma’lumotnoma, taftish va tekshiruvlar dalolatnomalarining imzolanishi bo‘yicha tushuntirishlar talab qilish;
7) zarur bo‘lgan hollarda kassa va kassa xonalari, omborlar, arxivlarni muhrlab qo‘yish, qalbaki, soxta hujjatlar va boshqa suiste’molliklar aniqlangan hollarda hujjatlarni olib qo‘yish, tekshirilayotgan ob’ektlar rahbarlaridan asosiy vositalar, tovar-moddiy boyliklar, pul mablag‘lari va hisob-kitoblarning yo‘qlama qilinishini talab etish;
8) Moliya vazirligining topshirig‘i va u tomonidan tasdiqlangan maxsus grafiklar bo‘yicha paxta xom ashyosini tayyorlash va qayta tayyorlashga oid butun davrda paxta tozalash korxonalarida tayyorlanayotgan, qayta tayyorlanayotgan va saqlanayotgan paxta xom ashyosiga tegishli masalalar bo‘yicha tekshiruv va taftishlar o‘tkazish;
9) moliya va budjet intizomi bo‘yicha aniqlangan tartibbuzarliklarni bartaraf etish, moddiy zararni qoplash, aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish hamda boshqa vazifalar bo‘yicha taftish va tekshiruvlar materiallari yuzasidan tegishli takliflar kiritish.
Bosh nazorat-taftish boshqarmasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar nazorat-taftish boshqarmalari o‘z ish-faoliyatini Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan yillik ish rejalariga asosan amalga oshiradi. Ular, zarur bo‘lgan hollarda, moliya organlari va budjet muasasalari faoliyatini rejadan tashqari taftish va tekshiruvdan o‘tkazishadi, maxsus vakolatli organ ruxsati bilan esa, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini taftish va nazorat qiladi.
Davlat moliyaviy nazoratini amalga oshirishda soliq organlari muhim rol o‘ynaydi. O‘zbekiston Respublikasining «Davlat soliq xizmati to‘g‘risida» 1997 yil 29 avgustdagi qonuni soliq nazoratining asoslari, uni amalga oshirish bo‘yicha soliq organlarining huquq va majburiyatlarini belgilab beradi.
Soliq nazorati soliq solish sub’ektlari va ob’ektlari hisobini yuritish hamda soliq qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilishning yagona tizimidir. U davlat soliq xizmati organlari tomonidan soliqqa tortiladigan sub’ektlar va ob’ektlar hisobini yuritish, soliq tekshiruvlarini o‘tkazish, soliq to‘lovchilar, boshqa shaxslarni so‘roq qilish va qonunchilik bilan nazarda tutilgan boshqa shakllarda amalga oshiriladi.
Davlat soliq xizmati organlarining moliyaviy nazoratga oid asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- soliq qonunchiligi, soliqlar hamda O‘zbekiston Respublikasi nobudjet Pensiya fondiga majburiy to‘lovlarning o‘z vaqtida hisoblab yozilishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishini nazorat etish;
- soliq qonunchiligiga rioya etilishining zaruriy shartlarini ta’minlash, soliq to‘lovchilarga soliq majburiyatlarini bajarishda yordam ko‘rsatish, soliq bo‘yicha qoidabuzarliklarni aniqlash, ogohlantirish va to‘xtatib qo‘yish.
Davlat soliq xizmati organlari o‘z vakolati doirasida quyidagi huquqlarga ega:
• soliq to‘lovchilarda (jumladan soliq to‘lovchilar bilan bog‘langan qarshi sub’ektlarda) O‘zbekiston Respublikasi nobudjet Pensiya fondiga majburiy to‘lovlarning o‘z vaqtida hisoblab yozilishi, to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi bilan bog‘liq bo‘lgan moliyaviy hujjatlarni, shuningdek eksport-import operatsiyalari bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni tekshirish, tekshiruv vaqtida yuzaga keladigan masalalar bo‘yicha zarur bo‘lgan tushuntirish, ma’lumotnoma va ma’lumotlarni olish;
• qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda yuridik shaxslar hamda jismoniy shaxslarning banklardagi va boshqa moliya-kredit tashkilotlaridagi hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yish.
Davlat soliq xizmati organlari o‘z zimmalariga yuklatilgan vazifalarni boshqa davlat boshqaruv organlari, joylardagi davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqaruv organlari, statistika va moliya organlari, banklar va boshqa tashkilotlar bilan o‘zaro birgalikda bajaradilar. Ko‘rsatilgan organlar va tashkilotlar soliq xizmati organlariga soliq qonunchiligiga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish va soliq qonunbuzarligiga qarshi kurashda yordam berishlari shart.
Ko‘rsatilgan qonunchilik hujjatida nazarda tutilgan soliq nazoratini tashkil etish Davlat soliq qo‘mitasi va uning organlari tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi to‘g‘risida nizom ga muvofiq u davlat soliq xizmatining soliq qonunchiligiga rioya etilishi, davlat iqtisodiy manfaatlari va mulkiy huquqlarini himoyalashning ta’minlanishi sohasidagi nazorat bo‘yicha markaziy organi hisoblanadi.
Davlat soliq qo‘mitasining moliyaviy nazorat sohasidagi asosiy vazifasi soliq to‘lovchilar tomonidan soliq qonunchiligiga rioya etilishi, soliqlar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblab yozilishi, ularning to‘liq va o‘z vaqtida to‘lanishi ustidan nazoratni amalga oshirish hisoblanadi.
Davlat soliq qo‘mitasi o‘z vakolatlari doirasida quyidagilarga haqlidir:
1) Respublika nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashti-rish kengashi tomonidan tasdiqlangan ish rejasiga muvofiq boshqa tekshiruv va nazorat organlarini jalb etgan holda, mulkchilikning barcha shakllaridagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini tekshirish;
2) coliq to‘lovchilarda (jumladan soliq to‘lovchilar bilan bog‘langan qarshi sub’ektlarda) moliyaviy hujjatlar, shartnomalar, smetalar, soliqlarni hisoblab yozish va to‘lash hamda eksport-import bilan bog‘liq bo‘lgan hujjatlarni hujjatlar asosida tekshirish, tekshiruv vaqtida yuzaga keladigan masalalar bo‘yicha zarur bo‘lgan tushuntirish, ma’lumotnoma va ma’lumotlarni olish;
3) savdo, tovarlarni sotish va xizmat ko‘rsatish, aksiz spirtli ichimlik va tamaki mahsulotlarini realizatsiya qilish va markalash qoidalariga rioya etilishi, naqd pul mablag‘larining to‘liq kirim qilinishi, nazorat-kassa apparatlarini qo‘llash qonunchiligiga rioya etilishi va boshqalarni nazorat qilish.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tizimida Bosh nazorat-taftish boshqarmasi tuzilgan bo‘lib, uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bo‘linmalari mavjud. Mazkur organning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
• xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning soliq qonunchiligiga rioya etishi bo‘yicha moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini belgilangan tartibda hujjatlar asosida tekshiruvlarni hamda hukumat qarorlari bilan soliq organlari zimmasiga yuklatilgan masalalar bo‘yicha nazorat tekshiruvlarini tashkil etish va o‘tkazish;
• xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan olinadigan soliqlar va yig‘imlarning hisoblab yozilishi, undirib olinishida qonuniylikka rioya etilishi, budjetga to‘lovlarning to‘g‘ri hisoblanishi va o‘z vaqtida kiritilishini nazorat qilish; soliq qonunbuzarliklarini aniqlash, ogohlantirish va to‘xtatish;
• o‘tkazilgan hujjatli va nazorat tekshiruvlari (hisoblangan summalar, moliyaviy sanksiyalar, ma’muriy jarimalar va h.k.ni undirib olish) yakuni bo‘yicha xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning budjet oldidagi majburiyatlari bajarilishini nazorat qilish;
• soliq qonunchiligining buzilishiga oid ma’lumotlarni hamda hujjatli va nazorat tekshiruvlari natijasida aniqlangan boshqa faktlarni umumlashtirish va tahlil etish va h.k.
Davlat soliq qo‘mitasining Bosh nazorat-taftish boshqarmasi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni hal etishi va funksiyalarini bajarishi uchun quyidagi huquqlarga ega:
- yuridik va jismoniy shaxslardan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar (soliq to‘lovchilar) faoliyatiga tegishli ma’lumot, axborot, ma’lumotnoma, hujjatlar va ularning nusxalarini olish;
- banklar va boshqa kredit-moliya muassasalaridan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar (soliq to‘lovchilar)ning hisob-kitob va boshqa hisobvaraqlarida amalga oshirilgan operatsiyalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni belgilangan tartibda olish.
Davlat moliyaviy nazorati bo‘yicha funksiyalarni bank tizimi ham bajaradi. O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida» 1995 yil 21 dekabrdagi qonuniga muvofiq u bank tizimi barqarorligini qo‘llab-quvvatlash, omonatchilar va kreditorlarning manfaatlari himoyalanishini ta’minlash maqsadida bank nazoratini va banklar faoliyatini tartibga solishni amalga oshiradi.
Markaziy bank nazorat funksiyalarini bajarish bo‘yicha o‘z vakolatlarini amalga oshirish yuzasidan bank operatsiyalarini amalga oshirish, buxgalteriya hisobini yuritish va bank statistik hisobotini yuritish, yillik hisobotlarni tuzish uchun banklar tomonidan bajarilishi majburiy bo‘lgan qoidalarni belgilaydi.
Markaziy bankka quyidagi huquqlar berilgan:
1) banklardan hisobotlar va boshqa hujjatlarni olish va tekshirish, ularning faoliyati, jumladan operatsiyalari to‘g‘risida axborot, ma’lumotlarni so‘rash va olish;
2) olingan axborot, ma’lumotlar bo‘yicha tushuntirishlar talab qilish;
3) banklarning ichki auditi bo‘yicha talablar belgilash;
4) bank aktivlarini sifat bo‘yicha tasnif qilish va aktivlar bo‘yicha ko‘rilishi mumkin bo‘lgan zararlarni qoplash uchun shunday zaxiralar tuzishni talab qilish;
5) banklarga ular faoliyatida aniqlangan tartibbuzarliklarni bartaraf etish bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan yozma buyruqlar, ko‘rsatmalar jo‘natish.
Tekshiruvlar Markaziy bank tomonidan belgilanadigan vakolatli vakillari va auditorlar tomonidan o‘tkaziladi.
Davlat moliyaviy nazoratning ayrim funksiyalarini boshqa organlar ham bajaradi. Bu, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulk qo‘mitasi huzuridagi Qimmatli qog‘ozlar bozori faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat etish markazi ga taalluqli bo‘lib, uning zimmasiga barcha davlat organlari va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini nazorat qilish vazifasi yuklatilgan.
4. Nodavlat moliyaviy nazorat
Bozor iqtisodiyoti asoslarining shakllanishi davlat nazorat organlarining bevosita ishtirokisiz amalga oshiriladigan moliyaviy nazoratning turlari rolini oshiradi. Yuqorida qayd etilgandek, moliyaviy nazoratning nodavlat turlarini ichki firmaviy (korporativ) nazorat, tijorat banklar tomonidan mijoz-tashkilotlar ustidan nazorat, auditorlik nazoratlari tashkil qiladi.
Ichki firmaviy moliyaviy nazorat korxona, muassasa, firma, korporatsiyalar o‘zining iqtisodiy xizmatlari, ya’ni buxgalteriya, moliya bo‘limi, moliyaviy menejment xizmatlari va boshqalar tomonidan o‘z korxonasi, filiallari va shu’ba tuzilmalarining moliyaviy faoliyati ustidan nazorat amalga oshiriladi. Ichki nazorat xizmatlari doimiy ravishda pul mablag‘larini (shaxsiy, qarziy, jalb etilgan) ishlatilishining samaradorligi va maqsadga muvofiqligi kuzatadi, rejalashtirgan moliyaviy natijalar bilan haqiqiy moliyaviy natijalar qiyoslab, tahlil qiladi, investitsion loyihalarning natijalariga moliyaviy baho beradi, korxonaning moliyaviy holatini nazorat qiladi.
Ichki nazorat kapitalni investitsiyalashtirishning butun jarayonini kuzatib boradi. Ichki nazoratning ko‘rinishlaridan biri bo‘lgan va “post-audit” nomini olgan nazorat biznes-rejaning moliya bo‘limidagi ishlab chiqarish-investitsiya faoliyatining har bir bosqichida rejlashtirilgan moliyaviy natijani haqiqiy holat bilan taqqoslash, ularni nomuvofiq kelishi sabablarini aniqlash va bartaraf etish, chiqimlarni kamaytirish va moliyaviy rejalashtirish metodlarini yaxshilash yo‘llarini qidirishni anglatadi.
Bank tizimining qayta qurilishi natijasida tijorat banklarining paydo bo‘lishi ahamiyatli darajada moliyaviy nazorat sohasidagi banklarning funksiyalarini o‘zgartiradi. Agar SSSR Davlat bankining bo‘limlari o‘zlariga biriktirilgan korxonalarning butun moliyaviy faoliyatini nazorat qilgan bo‘lsa, tijorat banklari esa qonunga muvofiq ravishda davlat tomonidan faqat hisob-kassa operatsiyalarini yuritish va valyuta qonunchiligiga rioya etish borasida o‘rnatilgan tartibning mijozlar tomonidan amal qilinishini nazorat qilib borishi kerak. Shu bilan birgalikda likvidlikni qo‘llab-quvvatlashning ob’ektiv zarurligi bankdan potensial zayom oluvchilarning, ya’ni zayom oluvchi korxonalarning moliyaviy holati va kredit olishga layoqatliligini baholashni talab qiladi. Ssuda berilgan taqdirda bank o‘rnatilgan muddatlarda tegishli foizlar bilan birgalikda ssudaning qaytarilish ehtimolini baholash maqsadida berilgan ssudaning ishlatilishini, mijozning to‘lov qobiliyati va likvidligini nazorat qiladi. Bank tomonidan amalga oshiriladigan bunday nazorat kredit riskini boshqarishning muhim elementi bo‘lib hisoblanadi.
Auditorlik nazorati nodavlat moliyaviy nazoratining yangi turi bo‘lib, u mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekistonda ham paydo bo‘ldi. Iqtisodiyotni boshqarishning bozor tizimiga o‘tilishi va turli tijorat tizimlarining paydo bo‘lishi bilan ularning moliyaviy ishonchliligiga, shuningdek ular moliyaviy holatini ob’ektiv baholashga nisbatan talablar keskin oshirildi.
Auditorlik nazoratining asosiy vazifalari buxgalterlik va moliyaviy hisobotning ishonchliligini hamda amalga oshirilgan moliyaviy va xo‘jalik operatsiyalarining amalda bo‘lgan me’yoriy hujjatlarga muvofiqligini niqlash, tekshirilayotgan iqtisodiy sub’ektlarning to‘lov-hisobot hujjatlarini, soliq deklaratsiyalarini va boshqa moliyaviy majburiyatlarini tekshirishdan iborat.
Auditorlik xizmatlari quyidagi boshqa xizmatlarni ham ko‘rsatishlari mumkin:
• buxgalteriya hisobini yo‘lga qo‘yish va olib borish;
• daromadlar haqida buxgalteriya hisobotini va deklaratsiyani tuzish;
• moliya-xo‘jalik faoliyatini tahlil qilish va bashoratlash;
• buxgalteriya xizmati xodimlarini o‘qitish va qonunchilik masalalarida maslahat berish;
• auditorlik tekshiruvlari natijasida olingan tavsiyalarni ishlab chiqish;
• va boshqalar.
Auditorlik tekshiruvi majburiy va tashabbusli bo‘lishi mumkin. Agar tashabbusli tekshiruv iqtisodiy sub’ektning o‘z qarori bo‘yicha amalga oshiriladigan bo‘lsa, majburiy audit uning xohish-irodasi va istagiga bog‘liq bo‘lmagan va qonunchilikda belgilangan hollarda majburiy tartibda o‘tkaziladi. Har yili majburiy auditorlik tekshiruvi:
• aksiyadorlik jamiyatlari;
• banklar va boshqa kredit tashkilotlari; sug‘urta tashkilotlari; investitsion va boshqa jamg‘armalar, yuridik va jismoniy shaxslarning mablag‘lari, ularning boshqaruvchi kompaniyalari;
• yuridik va jismoniy shaxslarning ixtiyoriy ajratma mablag‘lari ularning asosiy manbalari bo‘lgan xayriya va boshqa ijtimoiy jamg‘armalar;
• hosil bo‘lish manbalari qonunchilikda nazarda tutilgan, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan majburiy ajratmalardan iborat bo‘lgan nobudjet fondlar, ustav jamg‘armasida davlatga tegishli ulushi bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarda o‘tkazilishi shart.
Majburiy auditorlik tekshiruvining buyurtmachisi sifatida xo‘jalik yurituvchi sub’ekt ishtirok etadi. Auditorlik tashkilotini tanlash mulk egasi, xo‘jalik yurituvchi sub’ekt qatnashchilari (aksiyadorlari) umumiy majlisi bilan kelishiladi. Majburiy auditorlik tekshiruvi o‘tkazilishidan bosh tortish xo‘jalik yurituvchi sub’ektdan eng kam ish haqining ellik barobari miqdoridagi jarima undirib olinishi hamda uning rahbarining qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlikka tortilishiga sabab bo‘ladi. Jarima to‘lash xo‘jalik yurituvchi sub’ektni majburiy auditorlik tekshiruvi o‘tkazilishidan ozod etmaydi.
Auditning asosiy tamoyili uning mustaqilligi bo‘lib, bunda asosan tekshirilayotgan sub’ektning moliyaviy hisoboti to‘g‘risidagi kasbiy fikrini ifodalashda biror tomonning ta’siri ostida bo‘lishdan uning ozod ekanligini tushunish lozim. Shu bilan birga, yana shuni hisobga olish kerakki, audit barcha mamlakatlarda yetarli darajada qattiq tartibga solinadi.
Ayrim davlatlarda (masalan, Fransiyada) bu jarayonga davlat aralashib, u audit me’yori va normativlarini belgilaydi, auditorlarni va auditorlik firmalarini ro‘yxatdan o‘tkazadi hamda ularning faoliyati ustidan nazorat o‘rnatadi. O‘zbekistonda ham xuddi shunday ahvol tarkib topgan bo‘lib, bu yerda davlat auditorlik faoliyatini tartibga solishni faol amalga oshiradi. U moliyaviy qiyinchiliklari iqtisodiyotga ta’sir etishi mumkin bo‘lgan muhim korxonalarni ajratib, ularda audit o‘tkazish majburiy ekanligini belgilaydi, auditorlarga (ma’lumoti, malakasi, imtihonlarni topshirish tartibi, mas’uliyati, javobgarligi va boshqalar bo‘yicha) talablar qo‘yadi.
Auditni davlat tomonidan tartibga solishni tashkil etish qonunchilik va boshqa normativ hujjatlar vositasida amalga oshiriladi. Bunda auditorlar jamoatchilik tashkilotlari tomonidan auditning o‘zini o‘zi boshqarishiga katta imkoniyat beriladi. Qayd etish lozimki, har bir mamlakatda jamoat tashkilotlarining rivojlanishi va ta’siri turlicha amalga oshiriladi. Masalan, AQSH va Angliyada auditorlik faoliyati asosan ixtisoslashtirilgan professional jamoat auditorlik tashkilotlari tomonidan tartibga solinadi.
Ko‘pgina mamlakatlarda mustaqil Auditorlar palatalari ishlab turibdi. Ularning asosiy vazifalari auditorlik faoliyati va auditorlar axloq me’yorlari bo‘yicha standartlarni ishlab chiqish, auditorlar ish-faoliyatining sifatini nazorat qilish, auditorlik faoliyati bo‘yicha bilimlarini attestatsiya qilish va hujjatlar berish hamda auditorlik me’yorlarini buzgan shaxslarga nisbatan intizomiy jazo choralarini qo‘llash (bu - davlatga xos xususiyat bo‘lmagan mamlakatlarda) kabilardan iboratdir. Ammo ayrim mamlakatlarda, masalan, Shvetsiyada, garchi Vakolatli auditorlar uyushmasi va Tasdiqlangan auditorlar uyushmasi ishlab turgan bo‘lishiga qaramasdan, umuman auditorlik faoliyatini tartibga solish davlat tomonidan amalga oshirilib, bu bizning Respublikamizga ham xos bo‘lgan xususiyatdir. O‘zbekiston Auditorlar palatasi tuzilish jihatidan davlat organlari bilan o‘zaro birgalikda harakat qiladi. Ammo uning auditorlik faoliyatini tartibga solish bo‘yicha asosiy funksiyalari davlat tomonidan mustahkamlab qo‘yilgan.
O‘zbekiston Respublikasining Auditorlik faoliyati to‘g‘risidagi qonunini amalga oshirish, auditorlik tekshiruvlarining roli va maqomini belgilash, soliq va boshqa nazorat organlari tomonidan auditorlik xulosalari hisobini yuritishni ta’minlash maqsadida so‘nggi vaqtlarda bizning mamlakatimizda auditorlik faoliyatini amalga oshirish tartibiga jiddiy o‘zgartirishlar kiritildi. Xususan, belgilab qo‘yildiki, buxgalteriya hisobini yuritish va hisobot tuzish ishlari auditorlik tashkiloti tomonidan amalga oshiriladigan mikrofirmalarning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati soliq organlari va boshqa nazorat organlari tomonidan majburiy tarzda tegishli auditorlik tashkilotlari jalb etilgan holda tekshiriladi. Bunda moliyaviy hisobotning to‘g‘riligi uchun auditorlik tashkiloti javobgar hisoblanadi.
Tartiblar to‘g‘risida bir necha nizomlar tasdiqlangan:
a) soliq va boshqa nazorat organlarining auditorlik xulosalari hisobini yuritish;
b) majburiy auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazishdan bosh tortganligi uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan jarima undirib olish;
v) auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun auditorlik tashkilotlariga litsenziyalar berish.
Soliq organlari va boshqa nazorat organlarining auditorlik xulosalari hisobini yuritish to‘g‘risidagi nizom bunday xulosalarning ikki turini belgilab bergan bo‘lib, ulardan har biri muayyan huquqiy oqibatlarga olib keladi:
- ijobiy auditorlik xulosasi auditorlik tashkiloti to‘g‘risida xo‘jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy hisoboti uning moliyaviy ahvolini to‘g‘ri aks ettiradi va xo‘jalik yurituvchi sub’ekt tomonidan amalga oshirilgan moliyaviy va xo‘jalik operatsiyalari O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiq keladi, degan fikrlar mavjud bo‘lgan hujjatdir.
- salbiy auditorlik xulosasi xo‘jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy hisobotida tartibbuzarliklar mavjud bo‘lib, moliyaviy hisobotdan foydalanuvchini yanglishishga olib kelishi mumkin bo‘lganligi to‘g‘risidagi fikr bildirilgan auditorlik tashkiloti hujjatidir.
Xo‘jalik yurituvchi sub’ektda oldingi ikki yil uchun ijobiy yillik auditorlik xulosasi mavjud bo‘lishi uni xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar ro‘yxatiga kiritish uchun zarur shartlardan biri hisoblanib, ularning moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini soliq va boshqa nazorat organlari tomonidan tekshirish so‘nggi tekshiruv o‘tkazilganidan keyin 24 oy o‘tmasidan oldin o‘tkazilishi mumkin emas. Salbiy auditorlik xulosasiga ega bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning nazorat organlari tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan tekshiruv reja-jadvaliga kiritilishi kerak.
Soliq va boshqa nazorat organlari tomonidan belgilangan tartibda o‘tkaziladigan tekshiruv auditorlik xulosasi xo‘jalik yurituvchi sub’ekt moliyaviy-xo‘jalik faoliyati natijalariga muvofiq kelmasligini aniqlagan holda, ushbu auditorlik xulosasi shak-shubhasiz soxta deb hisoblanadi va auditorlik tashkiloti, shuningdek bunda aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilikda nazarda tutilgan javobgarlikka tortiladi. Bunda soliq va boshqa nazorat organlari o‘n kunlik muddat ichida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligiga tegishli auditorlik tashkiloti tomonidan amaldagi qonunchilik me’yorlari buzilganligi aniqlanganligi to‘g‘risida xabar berishi shart.
Auditorlik tashkiloti, shuningdek shak-shubhasiz soxta auditorlik xulosalarini tuzishda aybdor bo‘lgan shaxslarni javobgarlikka tortish xo‘jalik yurituvchi sub’ektni soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash bo‘yicha belgilangan tartibni buzganligi uchun qonunchilikda nazarda tutilgan jazo choralaridan ozod qilmaydi.
Majburiy auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazishdan bosh tortganligi uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektlardan jarima undirib olish tartibi to‘g‘risida nizom qonunchilikka muvofiq majburiy auditorlik tekshiruvi o‘tkazilishi lozim bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga nisbatan amal qiladi.
Jarima solish uchun xo‘jalik yurituvchi sub’ektning majburiy auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazishdan bosh tortishi asos bo‘ladi. Bunda yillik moliyaviy hisobotning auditorlik tekshiruvini hisobot yilidan keyingi yilning 1 mayiga qadar o‘tkazilishi hamda auditorlik xulosasining yo‘qligi qoidabuzarlik fakti deb topiladi.
Majburiy auditorlik tekshiruvi o‘tkazilishi lozim bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ekt o‘zining yillik moliyaviy yil uchun auditorlik tekshiruvini hisobot yilining 1 mayiga qadar o‘tkazadi va auditorlik tekshiruvi o‘tkazilganidan keyin 15 kunlik muddat ichida tegishli soliq organiga auditorlik xulosasining belgilangan tartibda tasdiqlangan nusxasini taqdim etadi.
Auditorlik xulosasining nusxasi belgilangan muddatda soliq organiga topshirilmagan holda, xo‘jalik yurituvchi sub’ekt ushbu organga yozma ravishda auditorlik xulosasi yo‘qligi sababini aks ettiruvchi tushuntirishni taqdim etishi shart. Majburiy auditorlik tekshiruvi o‘tkazilishidan bosh tortilganligi sababli auditorlik xulosasi yo‘q bo‘lgan taqdirda, soliq organi xo‘jalik yurituvchi sub’ektga belgilangan tartibda jarima soladi.
Boshqa nazorat organi tomonidan majburiy auditorlik tekshiruvini o‘tkazmagan xo‘jalik yurituvchi sub’ektga nisbatan soliq organi tomonidan jarima solish chorasi qo‘llanilmaganligi aniqlangan taqdirda, tegishli soliq organining mansabdor shaxslari qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar hisoblanadi.
Auditorlik faoliyati (auditorlik tashkilotlarining professional xizmatlaridan tashqari) yangi qonunchilik bo‘yicha auditorlik teshiruvini o‘tkazish uchun faqat maxsus ruxsatnoma (litsenziya) mavjud bo‘lgan taqdirdagina amalga oshirilishi mumkin. Auditorlik faoliyatini litsenziyalash auditorlik tashkilotlariga auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziyalar berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga muvofiq ravishda olib boriladi.
Auditorlik faoliyatini litsenziyalash O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (litsenziyalovchi organ) tomonidan amalga oshiriladi.



Yüklə 0,93 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   37   38   39   40   41   42   43   44   ...   214




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin