7.5. Nomoddiy aktivlarni qayta baholash Nomoddiy aktivlarni qayta baholash - nomoddiy aktivlarning balans (tiklash) qiymatini joriy bozor narxlari darajasiga moslash maqsadida ularni vaqti-vaqti bilan aniqlashtirishdir.
Korxona qayta baholashni agarda joriy qiymatni faol bozor ma’lumotlari asosida aniq belgilash mumkin bo‘lgan shartlarda qayta baholash sanasidagi joriy qiymatni tasdiqlovchi hujjatlar asosida amalga oshirishi mumkin.
Qayta baholashni etarlicha muntazamlik bilan amalga oshirish lozim, toki balans (tiklash) qiymati balans hisobotini tuzish sanasidagi bozor qiymatidan farq qilmasin.
Nomoddiy aktivni qayta baholash chog‘ida ushbu qayta baholanayotgan aktiv taalluqli bo‘lgan bir turdagi nomoddiy aktivlarning barcha guruhi qayta baholanishi kerak, bunday aktivlar uchun faol bozor mavjud bo‘lmagan holatlar bundan mustasno.
Qayta baholash natijasida nomoddiy aktivlar buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotda joriy (tiklash) qiymati bo‘yicha aks ettiriladi.
Nomoddiy aktivning joriy qiymatini nomoddiy aktivning ushbu turi bo‘yicha faol bozor narxlari asosida belgilash mumkin.
Agar ilgari qayta baholangan nomoddiy aktivning joriy qiymatini faol bozor ma’lumotlari asosida boshqa belgilash mumkin bo‘lmasa, nomoddiy aktivning balans qiymati jamlangan amortizatsiya chegirilgan holda, faol bozor ma’lumotlari asosida uning oxirgi qayta baholangan sanadagi tiklash qiymati bo‘lishi kerak.
Nomoddiy aktivlarni qayta baholashda joriy qiymatni hujjatlar asosida tasdiqlash uchun korxonaning ixtiyoriga ko‘ra quyidagilardan foydalanilishi mumkin:
a) tayyorlovchi firmalar va ularning rasmiy dilerlari hamda vakolatxonalaridan yozma shaklda olingan xuddi shunday nomoddiy aktivga doir narxlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
b) qayta baholashni o‘tkazish sanasiga va nomoddiy aktivlarni xarid qilish sanasiga Markaziy bank kurslarining nisbati sifatida aniqlanadigan hisob-kitob koeffitsientini qo‘llagan holda xarid qilish sanasiga EAVda nomoddiy aktivlarning qiymati to‘g‘risidagi ma’lumotlar (tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganda);
c) qayta baholashni o‘tkazish davrida ommaviy axborot vositalari va maxsus adabiyotlar va shu kabilarda e’lon qilingan narxlar darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar;
d) tegishli nomoddiy aktivning qiymati to‘g‘risida baholovchining hisoboti.
Nomoddiy aktivlarning boshlang‘ich (tiklash) qiymatini qayta baholash chog‘ida ularning qayta baholash sanasidagi jamlangan amortizatsiyasi nomoddiy aktivlarning boshlang‘ich (tiklash) qiymatini o‘zgartirishning tegishli indekslariga tuzatiladi hamda keyinchalik amortizatsiyani hisoblash qayta baholangan (tiklash) qiymatidan amalga oshiriladi. Qayta baholash indeksi nomoddiy aktivning joriy qiymatini uning boshlang‘ich qiymatiga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi.
Qayta baholash natijasida nomoddiy aktivlarning qo‘shimcha baholangan summasi rezerv kapitali tarkibiga "Mulkni qayta baholash bo‘yicha tuzatishlar" schyotiga o‘tkaziladi.
Qayta baholash natijasida nomoddiy aktivlar qiymatining kamayish summasi avvalgi hisobot davrlarida o‘tkazilgan ushbu obyektning qo‘shimcha baholash summasi chegarasida "Mulkni qayta baholash bo‘yicha tuzatishlar" schyoti bo‘yicha rezerv kapitalini kamaytirishga olib boriladi. Obyekt qiymatining kamayish summasining uning qo‘shimcha baholash summasidan yuqorisi boshqa operatsion xarajatlarga kiritiladi.
Nomoddiy aktivlarning qayta baholash natijalari nomoddiy aktivlarni qayta baholash amalga oshirilgan joriy davrda moliyaviy hisobotda aks ettiriladi.