Moliyaviy hisobot va uning tarkibi. Oraliq moliyaviy hisob
2.Moliyaviy hisobotni tuzishga tayyorgarlik ko‘rish tartibi (inventarizatsiya). Inventarizatsiya – bu ma’lum bir vaqtga korxona mablag‘lari va ularning manbalarini haqiqiy mavjudligini, inventarizatsiya qilinayotgan ob’ektni natura shaklida sanash, ya’ni qoldiqlarini hisoblash yoki hisob yozuvlarini tekshirish yo‘li bilan haqiqiy qilingan xarajatlarni belgilash.
Inventarizatsiya buxgalteriya hisobi usullaridan biri bo‘lib, uning yordamida joriy hisob ma’lumotlarining to‘g‘riligi tekshiriladi, hisobda yo‘l qo‘yilgan xatolar aniqlanadi, hisobga olinmagan xo‘jalik muomalalari hisobga olinadi, moddiy javobgar shaxslar javobgarligi ostida bo‘lgan mablag‘larning butligi nazorat qilinadi.
Korxona, tashkilot va muassasalar inventarizatsiya o‘tkazishda O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 833-sonli buyrug‘i bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan 19-sonli BHMA «Inventarizatsiyani tashkil etish va o‘tkazish»ga to‘liq amal qiladilar.
Quyidagi holatlarda inventarizatsiya muddatidan oldin o‘tkazilishi shart:
• korxona mol-mulkini ijaraga berish, sotib olish, sotish, shuningdek davlat korxonasini aksiyadorlik jamiyatiga aylantirish chog‘ida;
moliyaviy hisobot tuzishdan oldin, lekin hisobot yilining 1 oktyabridan keyin inventarizatsiya qilingan mulk bundan mustasno;
asosiy vositalar va tovar-moddiy zahiralarni qayta baholashda;
moddiy javobgar shaxs o‘zgarganida;
talon-taroj qilish yoki suiiste’mol qilish, shuningdek boyliklarning buzilishi bilan bog‘liq faktlar aniqlanganida;
yong‘in yoki tabiiy ofatlar sodir bo‘lganida;
korxona tugatilayotganida tugatish balansini tuzish oldidan va boshqa hollarda.
Tekshirish ko‘lamiga ko‘ra inventarizatsiya yoppasiga yoki tanlab o‘tkaziladigan, o‘tkazish vaqti bo‘yicha rejalashtirilgan yoki to‘satdan o‘tkaziladigan inventarizatsiyalarga bo‘linishi mumkin.
«Asosiy vositalar» nomli 5-son BHMAga binoan asosiy vositalar inventarizatsiyasi kamida ikki yilda bir marta o‘tkaziladi, kutubxona fondi 5 yilda bir marta inventarizatsiya qilinadi.
«Tovar-moddiy zahiralar» nomli 4-son BHMAga binoan tovar-moddiy zahiralar inventarizatsiyasi kamida bir yilda bir marta o‘tkaziladi.
Pul mablag‘lari, pulli hujjatlar, qat’iy hisobot blankalari bir oyda bir marta, yonilg‘i va moylash materiallari, oziq-ovqat mahsulotlari har chorakda inventarizatsiya qilinadi.
Inventarizatsiyani o‘tkazish uchun korxonada doimiy inventarizatsiya komissiyasi faoliyat yuritadi. Doimiy inventarizatsiya komissiyasi tarkibiga quyidagilar kiradi:
korxona rahbari yoki uning yordamchisi;
bosh buxgalter;
boshqa mutaxassislar (muhandis, iqtisodchi va boshqalar);
ichki audit vakili.
Doimiy harakatdagi komissiya asosan quyidagi vazifalarni bajaradi:
qiymatliklar butligini ta’minlash bo‘yicha profilaktika ishlarini olib boradi;
inventarizatsiya o‘tkazishni tashkil etadi, ishchi inventarizatsiya komissiyasi a’zolariga tegishli maslahat va ko‘rsatmalar beradi;
inventarizatsiya o‘tkazish tartibi buzilganida qaytadan inventarizatsiya o‘tkazishga buyruq beradi;
• kamomad va nobudgarchilik hollari bo‘yicha moddiy-javobgar shaxslardan
olingan tushuntirish xatlarini ko‘rib chiqadi va tegishli choralar ko‘rish
bo‘yicha takliflar beradi.
Agar ish hajmi ko‘p bo‘lsa, mulklar va moliyaviy majburiyatlar inventarizatsiyasini bir vaqtning o‘zida o‘tkazish uchun korxona rahbarining buyrug‘i bilan quyidagi tarkibda ishchi inventarizatsiya komissiyasi tashkil etiladi:
inventarizatsiya o‘tkazishni tayinlagan korxonaning vakili (komissiya raisi);
mutaxassislar (tovarshunos, muhandis, texnolog, mexanik, ish yurituvchi, iqtisodchi, buxgalter va boshqalar).
Ishchi inventarizatsiya komissiyasi quyidagi vazifalarni bajaradi:
moddiy boyliklar va pul mablag‘larini saqlash va ishlatish joylarida inventarizatsiya o‘tkazadi;
korxona buxgalteriyasi bilan birga inventarizatsiya natijasini aniqlashda qatnashadi va kamomadni ortiqchasi bilan qoplash, shuningdek tabiiy kamayish normasi doirasidagi kamomadni hisobdan chiqarish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi;
tovar-moddiy boyliklarni qabul qilish, saqlash va jo‘natish. Ularning butligi hisobi va nazoratini yaxshilash, shuningdek normadan ortiq va foydalanilmaydigan moddiy qiymatliklarni sotish to‘g‘risida takliflar kiritadi.
Ishchi inventarizatsiya komissiyasiga quyidagi vazifalarni bajaradi:
korxona rahbarining buyrug‘iga binoan inventarizatsiyani o‘z vaqtida va belgilangan tartibda o‘tkazish;
tekshirilgan asosiy vositalar, tovar-moddiy zahiralar, pul mablag‘lari va hisob-kitoblardagi mablag‘larni haqiqiy qoldiq ro‘yxatiga to‘liq va aniq yozish;
tovar-moddiy zahiralar bahosini aniqlaydigan belgilar (tip, nav, marka, razmer, preyskurant bo‘yicha tartib nomeri, artikul va shu kabilar)ni ro‘yxatda to‘g‘ri ko‘rsatish;
belgilangan tartibga binoan inventarizatsiya materiallarini to‘g‘ri va o‘z vaqtida rasmiylashtirish.
Inventarizatsiya komissiyasi inventarizatsiya boshlanish vaqtiga bo‘lgan oxirgi kirim va chiqim hujjatlari yoki material va pul mablag‘lari harakati to‘g‘risidagi hisobotlarni olishi lozim.
Inventarizatsiya komissiyasi raisi «inventarizatsiyagacha (sana)» belgisini
qo‘yib, hisobotga ilova qilingan barcha kirim va chiqim hujjatlarini imzolaydi. Bunda, o‘z navbatida, hisob ma’lumotlari bo‘yicha inventarizatsiya boshlanish vaqtiga mulklar bo‘yicha barcha kirim va chiqim hujjatlari buxgalteriyaga topshirilganligi yoki komissiyaga berilganligi to‘g‘risida moddiy javobgar shaxslar tilxat beradilar.
Inventarizatsiya boshlanishidan oldin komissiya a’zolariga inventarizatsiyani qachon boshlab qachon tugatish to‘g‘risida bo‘yruq topshiriladi, komissiya raisiga esa nazorat plombiri (muhri) topshiriladi. Agarda mulk inventarizatsiyasi bir necha kun davom etadigan bo‘lsa, ish kuni tugashi bilan moddiy boyliklar saqlanayotgan xonaning eshigi muhrlanishi kerak.
Inventarizatsiya natijalari doimiy harakatdagi inventarizatsiya komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilib, aniqlangan kamomad kimning hisobidan undirib olinishi yoki qanday xarajatlarga o‘tkazilishi yoxud aniqlangan ortiqcha mablag‘lar qanday kirimga olinishi to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Doimiy harakatdagi inventarizatsiya komissiyasining qarori bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi va u korxona rahbari yoki korxona rahbari taklifiga binoan yuqori organ tomonidan tasdiqlanadi.