Moddiy resurslarning holati va ulardan samarali foydalanish tahlilining maqsadi, vazifalari hamda axborot manbalari
Xo’jalik yurituvchi sub’ektning moddiy resurslarini tahlilida, mahsulot(ish, xizmat)lar ishlab chiqarish uchun zarur bo’lgan mehnat predmetlari, ya’ni: hom-ashyo va materiallar; elektro-energiya; yoqilg’i; yog’lovchi materiallarning holati, samaradorligi ta’sir etuvchi omillar asosida o’rganiladi.
Hozirda moddiy resurslar zaxirasining cheklanganligi bois, xo’jalik yurituvchi sub’ektidan ulardan samarali, tejab, o’rinbosar materiallarni topib foydalanish talab etiladi. Bu cheklangan moddiy resurslar zaxirasidan uzoq vaqt mobaynida foydalanish, Shuningdek, ishlab chiqarilayotgan mahsulot(ish, xizmat)lar tannarxini pasaytirish imkoniyatin yaratadi va natijada xo’jalik yurituvchi sub’ektning sifat ko’rsatkichlari yaxshilanadi.
Shuning uchun, xo’jalik yurituvchi sub’ekti mahsulot(ish, xizmat)lar ishlab chiqarish uzluksizligini ta’minlash maqsadida moddiy resurslarga bo’lgan extiyojini tegishli hajmda, assortimentda ta’minlashga harakat qilib, undan foydalanish samaradorligini oshirish imkoniyatlarini o’ylab topadi.
Xo’jalik yurituvchi sub’ektlarda mahsulot(ish, xizmat)lar ishlab chiqarish uzluksizligini ta’minlanishi uning moliyaviy barqarorligini ta’minlab, mamlakatning iqtisodiy rivojlanishini, xalqning turmush darajasi yaxshilanishiga zamin yaratadi.
Yuqoridagi fikrlarga asosan, xo’jalik yurituvchi sub’ektining moddiy resurslar bilan ta’minlanishi, ulardan foydalanish holatini omilli o’rganib, ko’rsatkichlarning dinamik o’zgarishiga baho berish hamda mavjud imkoniyatlar yuzasidan takliflar tayyorlash tahlilning maqsadi hisoblanadi.
Mazkur maqsadga erishishda, quyidagilar moddiy resurslarning holati va ulardan samarali foydalanish tahlilini vazifalari bo’lib sanaladi:
mahsulot(ish, xizmat)lar ishlab chiqarish uchun belgilangan moddiy resurslar hajmining ilmiy asoslanganligiga baho berish;
xo’jalik yurituvchi sub’ektning moddiy resurslar bilan ta’minlanganligini o’rganish;
moddiy resurslardan samarali foydalanish ko’rsatkichlariga omilli baho berish;
tahlil natijasida aniqlangan mavjud imkoniyatlar yuzasidan takliflar tayyorlash va boshqalar.
Moddiy resurslarning holati va ulardan samarali foydalanish tahlilini olib borishda axborot manbalari bo’lib, ularning biznes reja, moddiy resurslarni hisobga oluvchi dastlabki xujjatlar, “Korxona sarf-xarajatlari to’g’risida”gi 5-s shakl ma’lumotlari hisoblanadi.
|