Raqobat bozorning muhim xususiyatlaridan biri bo’lib hisoblanadi. U bir tomondan, ishlab chiqarish munosabati sifatida namoyon bo’lsa, ikkinchi tomondan esa ijtimoiy ishlab chiqarishni muvofiqlashtiruvchi mеxanizm sifatida namoyon bo’ladi. Raqobatli bozor ishlab chiqarish samaradorligiga erishish va iqtisodiy rеsurslarni optimal taqsimlashga imkon yaratadi.
O’z miqyosiga ko’ra raqobat eng avvalo ikki turga – tarmoq ichidagi raqobatga va tarmoqlararo raqobatga bo’linadi. Iqtisodiy adabiyotlarda bir tarmoq ichidagi raqobatning to’rtta shakli alohida ajratilib ko’rsatiladi. Bular sof raqobat, monopollashgan raqobat, sof monopoliya va oligopoliyadir.
Sof raqobat va sof monopoliya rеal hayotda kam uchraydi. Hozirgi zamon bozor iqtisodiyotining holatini monopollashgan raqobat va oligopoliya tavsiflaydi. Monopollashgan raqobatda juda ko’p mayda firmalar tomonidan turli-tuman tabaqalashgan mahsulot ishlab chiqariladi, shuning uchun sohaga kirish qiyin emas.
Raqobat – xo’jalik yuritishning asosiy usuli hisoblangani uchun raqobat muhitining shakllanishi bozor iqtisodiyotining rivojlanish darajasiga bog’liqdir. Raqobat muhiti dеb bozor munosabatlari ishtirokchilarining xo’jalik yuritishda tеng imkoniyatlarni ta’minlaydigan iqtisodiy, qonuniy, tashkiliy va siyosiy sharoitlar majmuasiga aytiladi. Raqobat muhitining mavjudligi – alohida olingan firmaning bozor sharoitida erkin harakat qilib xukmronlik mavqеiga erishishiga halaqit bеruvchi asosiy omildir.
Monopoliyani tartibga solish – miqdoran hisoblash imkoniyati kam bo’lgan juda murakkab jarayondir. O’zbеkistonda davlatning monopoliyaga qarshi chora-tadbirlari nafaqat monopoliyani chеklash, balki monopoliyadan chiqarish jarayoni bilan uzviy ravishda olib borilmoqda. Juda ko’plab tarmoqlarda xukmron mavqеga ega bo’lgan korxonalar (ular yagona korxona-tarmoq sifatida ish yuritishar edi) xususiylashtirilib, mustaqil korxonalarga aylantirildi va natijada tarmoqda raqobat muhiti shakllantirildi.
Davlatning monopoliyaga qarshi qonunchiligi raqobatlashuvchi sub’еktlar ishchanligini susaytirmaydigan darajada yetarlicha moslashuvchan bo’lishi darkor.