Bolalar yoshi xususiyatlari. Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilarining yoshiga ko‘ra hosil qiladigan qobiliyat va imkoniyatlarini ko‘rib chiqamiz.
Bir yoshli bolalar – psixolog A.Lyublinskayaning to‘plagan ma’lumotlariga ko‘ra, go‘dakning 10-12-kunlarida eshitish organi ishga tushar ekan. Ikki oylik go‘dak esa, musiqa tovushlarini eshitganda, qimirlamay, jim bo‘lib qolar ekan. 4-5-oylarida bola tovush kelayotgan tomonga qaray boshlaydi. Ilk bolalik davrlaridayoq go‘daklarda musiqa tovushlariga nisbatan shaxsiy munosabat shakllana boradi. Birinchi yilining oxirlarida bolaning umumiy eshitish hissi shakllanadi. Bolakay kattalardan har xil musiqani tinglab uni o‘ziga xos intonatsion (o‘xshash ovozlar chiqaraib) xirgoya qiladi. Musiqaga nisbatan emotsional munosabat bildirish, eshitish hissiyotlarini rivojlantirish ilk bolalikdan musiqiy tarbiyani amalga oshirishga xizmat qiladi.
Ikki yoshli bolalar –musiqani idrok etishda bolalar yorqin emotsiyalarini namoyon etadilar. Eshitish hissiyoti tabaqalashgan bo‘ladi: bola yuqori va quyi, baland va past tovushlarni, hatto, tembrni ham farqlay oladi. Bolada ilk kuylash ko‘nikmalari ongli ravishda shakllana boradi; bola kattalarga qo‘shilib kuylay boshlaydi. Bola oddiy musiqiy harakatlar – chapak chalish, oyoqni to‘pillatish, musiqa ostida aylanish kabi faoliyatlarni bemalol bajara oladi.
Uch va to‘rt yoshli bolalar –eshitish hissida individual ajralib turish holllari ko‘rinadi. Masalan, murakkab bo‘lmagan kuyni aniq ijro etishlari mumkin. So‘zlarni ifodalashda avval alohida so‘zlarni qo‘llagan bo‘lsalar, endi ularni bir-biri bilan bog‘lagan holda ishlata oladilar. Tafakkurlarida ham sezilarli o‘zgarishlar ro‘y beradi. Ko‘rgazmali-harakatli tafakkurlari ko‘rgazmali-obrazli tafakkurga aylanadi. Bu yoshdagi bolalar o‘zlari mustaqil harakatlar bajara oladilar hamda mustaqil ravishda raqsga tushib o‘ynaydilar.
Besh yoshli bolalar –bolalarning faol tarzda “nimaga?”, “Qayerdan?” kabi savollarni paydo bo‘lishi davridir. Bola voqea va hodisalar o‘rtasidagi aloqalarni anglay boshlaydi va ularni oddiy usulda umumlashtira boshlaydi. Bolalar kuzatuvchan, ayniqsa, musiqaning quvnoq yoki g‘amgin, tovushlari baland yoki pastligi, qanday cholg‘u asbobida ijro etilayotganligini bemalol aniqlay oladilar. Ular qo‘shiqni qanday ijro etish kerakligini, qanday harakatlar bajarish kerakligini yaxshi tushuna boshlaydilar. Bu davrda bolalarning ovozlari jarangdor va yorqin tus oladi. Ovoz intonatsiyalari turg‘unlashib boradi, lekin hali kattalarning ko‘magiga muxtoj bo‘ladi. Bu yoshda eshitish qobiliyati shakllana boradi. Bu davrda harakatlarning asosiy turlarini – yurish, yugurish, sakrash kabi faoliyatlarni yaxshi o‘zlashtira boshlaydilar. Bolalar o‘z individual xususiyatlaridan, qobiliyatlaridan kelib chiqib bir faoliyat turini afzal ko‘rishlari mumkin.