Til kishilar o‘rtasidagi munosabatning eng muhim quroli bo‘lib , jamiyat taraqqiyoti jarayonida shakllangan va umum insoniy manfaatlarni ifoda etadi. Tilning paydo bo‘lishi va rivojlanishi insoniyat jamiyati bilan mustahkam bog‘liq . Til insoniyat tarixi qadar qadimiydir .
Xalq qardosh qabilalar ittifoqi sifatida shakllangan murakkab tarixiy uyushmadir. Xalqning asosiy belgilari: umumiy til , umumiy hudud , madaniyat va ma’naviyat muhitning umumiyligidir . Xalqning asosiy belgilaridan biri bo‘lgan milliy til o‘zaro farqlanuvchi , yetakchi , iqtisodiy va madaniy markaz tili sifatida namoyon bo‘ladi .
Tilning paydo bo‘lishi masalasi insoniyatni qadimdanoq qiziqtirib keladi . Tilning paydo bo‘lishi juda murakkabdir . Bu masala faqat tilshunoslikning emas , boshqa ko‘p fanlarning: antropologiya , psixologiya va etnografiya kabi fanlarning ham o‘rganish obyektidir. Tilning paydo bo‘lishi masalasi – til qachon va qayerda paydo bo‘lgan , dastlab nechta til bo‘lgan , u yoki bu tillar qanday tuzilishda bolgan va shu kabi savollarga hali ilmiy asoslangan mukammal javob topilgan emas. Ba’zi olimlarning fikricha, til taxminan besh yuz ming yillar ilgari paydo bo‘lgan .
Ma’lumki, til boshqa narsa va hodisalar singari o‘zgaruvchandir. Shunday ekan , besh yuz ming yil ichida tillarda qanday o‘zgarish sodir bo‘lganini tasavvur qilish , uni ilmiy , ham amaliy , ham nazariy nuqtayi nazardan o‘rganish mumkin emas . Til taraqqiyotining yozuv paydo bo‘lishidan avvalgi holati biz uchun qorong‘idir . Biz faqat yozuv paydo bo‘lgandan keyingi davrda ro‘y bergan til taraqqiyoti to‘g‘risida yozma yodgorliklardan foydalanib , fikr yuritishimiz mumkin . Lekin yozuv tilni o‘rganish, tilning paydo bo‘lishi to‘g‘risidagi muammoni yoritishga to‘liq imkon bermaydi. Shunday bo‘lsa ham , ba’zi olimlar bu masalaga o‘z munosabatlarini , fikrlarini bildirib o‘tishgan.
Qadimgi Yunonistonda faylasuflar tilning qay tarzda kelib chiqqanligi ustida uzoq davr qizg‘in bahs olib borganlar. Tilshunoslik tarixidan ma’lumki , bu masalada grek faylasuflari bir-biriga zid ikki xil farazni o‘rtaga tashlashgan. Demokrit va boshqalar tilda narsa nomi bilan narsa orasida hech qanday bog‘lanish yo‘q , bu nomlar mazkur tilda gaplashuvchi odamlar tomonidan yaratilgan , demak , til inson tomonidan yaratilgan, degan fikrni ilgari surishgan . Bu guruh olimlar anomalistlar deb nom olgan. Platon boshliq boshqa bir guruh olimlar “narsa bilan uning nomi orasida muayyan bog‘lanish bor. Bu bog‘lanish narsalarning xususiyatlaridan, tabiatidan kelib chiqqan va bu bog‘lanish ilohiy kuch tomonidan o‘rnatilgan” degan fikrni ilgari surishgan . Tarixda bu oqim anologistlar deb nom olgan.
Hozirgi tilshunoslik nuqtayi nazaridan qaralsa, narsalar bilan ularning nomi orasida , umuman olganda hech qanday bog‘lanish yo‘q. Bu ko‘pchilik olimlar tomonidan qayd etilgan. Chunki narsa bilan uning nomi orasida bog‘liqlik bo‘lganda tillarning soni 5000 dan ortib ketmasdi . Shuni aytib o‘tish kerakki , ayrim tillarning kelib chiqishini, masalan o‘zbek , rus , hind , tojik va boshqa tillarning qachon paydo bo‘lganini , qanday tarkib topganligini aniq bilish mumkin. Ammo, biror bir aniq tilning kelib chiqishi masalasini umuman tilning , insonlar nutqining paydo bo‘lishi masalasi bilan tenglashtirib bo‘lmaydi . Hozir dunyoda mavjud bo‘lgan jonli tillarning ham , ba’zi bir o‘lik tillarning ham kelib chiqish tarixini o‘rganish u qadar qiyin masala emas. Anchagina tillarning qachon paydo bo‘lganligi , qachon tarkib topganligi aniqlangan . Biroq, yer yuzida umuman insoniyatga xos tilning qachon paydo bo‘lganligi , dastlabki tillarda qanday so‘zlar bo‘lganligi , uning grammatik xususiyatlari nimalardan iborat ekanligi hal qilingan emas va hal qilinishi ham mumkin emas . Chunki bundan bir necha yuz ming yillar burun paydo bo‘lib, keyinchalik nom – nishonsiz yo‘qolib ketgan tillar ham bo‘lgan.
Bundan bir necha yuz ming yil burun paydo bo‘lgan tillarning fonetik tizimi, so‘z boyligi , grammatikasi va boshqa muayyan xususiyatlaridan qat’i nazar , umuman tilning kelib chiqishi o‘rganilar ekan, eng avvalo , tilning kelib chiqishidagi shart – sharoitlarni tadqiq qilish, ya’ni insonlar qanday sharoitda so‘zlay boshlaganliklarini o‘rganish va bu masalani umuman tilning kelib chiqishi masalasi bilan bog‘lagan holda tahlil qilib, xulosa chiqarish lozim .
Tilning kelib chiqishi masalasini aniqlashdagi qiyinchilik shundan iboratki, birinchidan, hozirgi til tarixi fani dunyoda umuman tilning qanday paydo bo‘lganligi to‘g‘risida hech qanday dalillarga ega emas . Chunki hozir bizga ma’lum tillarning yozuv tarixi 10 -15 ming yildan oshmaydi . Olimlarning faraz qilishicha , inson bundan bir necha yuz ming yil avval so‘zlasha boshlagan . Ammo, o‘sha davrdagi tillar to‘g‘risida hozirgi vaqtda hech qanday ma’lumot yo‘q . Shuning uchun ham tilshunoslik fani bu masalani to‘g‘ridan – to‘g‘ri o‘rganish imkoniyatiga ega emas. Dunyoda eng avval paydo bo‘lgan tilning fonetik tuzilishi , so‘z boyligi qanday ekanligini , grammatik shakllari nimalardan iboratligini bilish mumkin emas.
Umuman, tilning qanday sharoitlarda paydo bo‘lishi masalasini ilmiy farazlarga asoslanib o‘rganish mumkin bo‘ladi. Tilshunoslik ilmi bir – biriga yaqin bo‘lgan psixologiya , fiziologiya , etnografiya , arxeologiya , tarix va shunga o‘xshah fanlarning dalillariga suyanib , tilning kelib chiqishi masalasiga yondashishi mumkin .
Turli nutq tovushlarini biriktirib , so‘zlar hosil qilish va so‘zlar vositasida gap tuzib , istak va maqsadni ifodalash kishilik jamiyatining boshlang‘ich davrlarida yashagan odamlarni o‘ylantirib kelgan . Shuning uchun tilning paydo bo‘lishi to‘g‘risida qadimgi kishilar turli rivoyatlarni to‘qiganlar. Bu rivoyatlarning ba’zilarida til ma’budlar, ba’zilarida Alloh tomonidan yaratilib , kishilarga taqdim qilinganligi , ayrimlarida esa tilni ajoyib bir donishmand yaratganligi talqin qilingan .
Yuqorida ta’kidlanganidek, antik zamonlardan beri tilning kelib chiqishi to‘g‘risida bir qancha nazariyalar yaratilgan . Antik faylasuflar tilning kelib chiqishini bir – biriga qarama – qarshi bo‘lgan ikki xil nazariya bilan tushuntirishga harakat qilganlar . Ba’zi faylasuflar til tabiiy yo‘l bilan paydo bo‘lgan , ya’ni so‘z va predmetlar o‘rtasida to‘g‘ ridan – to‘g‘ri tabiiy bog‘lanish bo‘lganligi uchun kishilar predmet va narsalarni tabiiy holda bilib olishgan , deb isbotlamoqchi bo‘lganlar . Ba’zi faylasuflar esa til kishilarning birbiri bilan o‘zaro kelishishi natijasida vujudga kelgan , deb hisoblaganlar , Ana shu bir-biriga qarama – qarshi ikki nazariyaning o‘zaro kurashi natijasida yana bir qancha nazariyalar vujudga kelgan.
Fanda tilning kelib chiqishi to‘g‘risida bir-biriga qarama-qarshi nazariyalar mavjud bo‘lib , ular bir-biri bilan kurashib kelmoqda . Bu nazariyalarning ba’zilari til insonlarning bir-biri bilan munosabatda bo‘lishi ehtiyoji natijasida kelib chiqqan deb hisoblasa , boshqalari ayrim shaxslarning o‘z fikrini avval o‘zi uchun , keyin boshqalar uchun bildirishi natijasida kelib chiqqan , deb hisoblaydi . Shu tariqa tilning paydo bo‘lishi va shakllanishi haqida turlicha qarashlar , nazariyalar , farazlar yaratildi . Ushbu nazariyalar tanqidiy tahlil asosida o‘rganilishi lozim . Bu nazariyalar asosan 4 ta :