5.Chastotali lug‘at so‘zlarning qo‘llanish miqdori va foizi haqida ma’lumot beradi.
6.Ters (chappa, teskari) lug‘atda so‘zlar qaysi harf bilan tugashiga qarab joylashtiriladi.
7.O‘zlashma so‘zlar lug‘atida boshqa tillardan o‘zlashgan so‘zlar izohlanadi.
8.O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘atida frazeologik birliklar (iboralar) izohlanadi. Sh.Rahmatullayevning “O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati” 1978 yilda tuzilgan.
9.Sinonimlar lug‘atida sinonimlar izohlanadi.
10.Omonimlar lug‘atida omonimlar izohlanadi.
11.Antonimlar lug‘atida antonimlar ( qarama-qarshi ma’noli so‘zlar) beriladi.
12.Dialektal lug‘atda o‘zbek tilining dialekt va shevalariga xos bo‘lgan so‘zlar qayd etiladi.
Terminologik lug‘atda terminlar izohlanadi.
Etimologik lug‘atda so‘zlarning kelib chiqishi, shakllanish tarixi yoritiladi. «O‘zbek tilining etimologik lug‘ati» 2000 yilda prof. Sh. Rahmatullayev tomonidan yaratildi.
“O‘zbek tilining izohli etnografik lug‘ati”, “Qo‘shma so‘zlar lug‘ati” hali yaratilmagan.
24-§. ETIMOLOGIYA
Etimologiya so‘zlarning kelib chiqishi, shakllanish tarixini o‘rganuvchi bo‘lim. So‘zlarning kelib chiqishini o‘rganish quyidagilarda ahamiyatli:
so‘zlarning lug‘aviy ma’no ko‘lamini yoritishda.
so‘z o‘zagini aniqlashda.
tilning tarixiy taraqqiyoti davomidagi o‘zgarishlarni tahlil qilishda.
Masalan: dehqon so‘zi yer ochib, ekin o‘stiruvchi qishloq odamini bildiradi. Bu so‘z asli tojikcha bo‘lib, deh-“qishloq”, qon- xon-hokim degan ma’nolarni bildiradi. Qadimda mayda yer egalarini dehqon deyishgan. Hozirda ”ekin-tikin ishlari bilan shug‘ullanadigan odam” tushunchasini beradi. Mehnat so‘zi mumtoz adabiyotda “mashaqqat”,
“zahmat”, “azob-uqubat” ma’nolarida qo‘llangan: Yod etmas emish kishini g‘urbatda kishi, Shod etmas emish ko‘ngulni mehnatda kishi.
Mehnat hozirda jismoniy va aqliy ko‘rinishdagi faoliyatni anglatadi: Mehnat-mehnatning tagi rohat. Vatan so‘zi aslida “tug‘ilgan joy” ma’nosini anglatadi. Keyinchalik, vatan so‘zining ma’no doirasi kengaya borib, “mamlakat”, “yurt” tushunchasiga teng kelib qolgan.
Etimologik kuzatishlar, turkiy tillar etimologiyasiga bog‘liq fikrlar muayyan til, jumladan, o‘zbek tili tabiatini yoritishda muhim ahamiyat kasb etadi. Turkiy so‘zlar etimologiyasiga oid quyidagi xulosalar o‘quvchi bilimini boyitishga xizmat qiladi.
O‘zbek tilidagi turkiy so‘zlar asosan ikki bo‘g‘inli, qisman bir va uch bo‘g‘inli bo‘lib, to‘rt va undan ortiq bo‘g‘inli so‘zlar juda kam.
Bir bo‘g‘inli so‘zlar qadimgi turkiy tilga mansub bo‘lib, hozirgi o‘zbek tili nuqtai nazaridan tub deb qaraladi. Qadim turkiy so‘zlar undosh- unli- undosh (sus) shaklida bo‘lgan o‘zaklarga asoslangan.
Turkiy tillarga, jumladan o‘zbek tiliga bir bo‘g‘in tarkibida ikki undoshning ketma-ket kelishi xos emas. O‘zbek tilida uchraydigan berk, bo‘rk, art burch, bo‘rtso‘zlari oxiridagi undosh aslida qo‘shimcha sifatida keyin qo‘shilgan: ber-ik-berk, bo‘ru-kbo‘rk; ari-t-art, bur-uch-burch, bo‘r-ut-bo‘rt.
Qadimgi turkiy tilda (o‘zbek tilining dastlabki taraqqiyot bosqichida) so‘z yasovchi qo‘shimchalar hozirdagiga nisbatan ko‘p va xilma-xil ko‘rinishlarda mavjud bo‘lgan. Bugungi kunda ma’noli qismlarga ajratiladigan so‘zlarning ko‘pi qadimgi turkiy til davrida yasalgan.
Ayrim so‘zlar etimologiyasiga e’tibor bering. Qo‘shiq- “ashula”. Ko‘cha tomonda childirma va qo‘shiq eshitildi (Parda Tursun). Qo‘shiq1 so‘zi qadimgi turkiy tilda “birlashtirish” ma’nosidagi qo‘sh fe’liga-(u-g‘ ot yasovchisini qo‘shish bilan yasalgan (bu haqda “Devonu lug‘atit turk”da-1 jild, (357-bet); “Drevnetyurkskiy slovar”da(460-bet), ma’lumot berilgan). Bu so‘z dastlab “she’r”, “qasida” ma’nosini anglatgan; ma’no taraqqiyoti natijasida “ashula” tushunchasi shakllangan. So‘zning qadimiy ko‘rinishi keyingi davrlarda fonetik o‘zgarishga uchragan: qo‘sh-ug‘-qo‘shug‘-qo‘shuqqo‘shiq. Burungi “ilgari”, “oldin”, “avval”. Ko‘chatlarning holati burun qanday bo‘lsa, hozir ham shunday. Bu so‘z “hid bilish a’zosi” ma’nosidagi burun otining “oldin”, “ilgari” ma’nosi asosida yuzaga kelgan (burun ham yuz sathidan oldin, ilgari turgani uchun shunday nomlangan).