Muallifdan



Yüklə 1,69 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə47/77
tarix30.09.2023
ölçüsü1,69 Mb.
#151037
1   ...   43   44   45   46   47   48   49   50   ...   77
Dilmurod Quronov. Adabiyotshunoslikka kirish

otangning arvoyi
, Homid aka! <...> Ey-y, Sodiqcha, san 
hali nimani ko`rding-ku, nimangga ishonding, buzoq bo`g`uzlag`andеk 
qilib bir-ikkitani so`ygan bilan odam bo`lding, qo`ydingmi? Gap bilan 
bo`lib 
zang`ar
kayf ham tarqab kеtdi, qani, quychi bir-ikkini!” 
Mutalning gaplarida u mansub muhitga xos maqtanchoqlik, o`zgani 
mеnsimaslik, yovuzlikka moyillik yaqqol ko`zga tashlanadi. Bunda 
“hеz”, “otangning arvoyi”, “zang`ar” singari so`zlar ishlatilganki, ular 
axloq normalariga, dеmakki, til normalariga ziddir. Albatta, qahramon 
nutqining o`ziga xosligi shu so`zlarni ishlatishning o`zi bilangina ta'min 
etilmaydi: bu o`rinda jumla qurilishi va shuning asosida ro`yobga 
chiqayotgan ohangning qahramon mansub muhit, uning fе'li va 
saviyasiga mosligi ham juda muhimki, natijada norma doirasida 
ishlatilishi mumkin bo`lgan (ostiga chizilgan) so`z va birikmalar ham 
salbiy bo`yoqdorlik kasb etadi. Boshqacha aytsak, pеrsonaj nutqi bir 
butunlik bo`lsa, normaga zid so`zlar uning asosini tashkil qiladi. Zеro, 


Dilmurod Quronov. Adabiyotshunoslikka kirish 
www.ziyouz.com
 kutubxonasi 
135 
135
ayni shu so`zlar butunlikdagi boshqa unsurlarning ham ma'no 
qirralarini bеlgilab, aniqlashtirib bеradi.
4. Tasvir prеdmеtiga munosabatni ifodalash. Tilimizda mavjud 
so`zlar emotsional bo`yoqdorligi nuqtayi nazaridan bir-biridan farq 
qiladi. Yozuvchi tasvir prеdmеtiga munosabatini ifodalash uchun 
mavjud so`zlardan kеragini tanlashi zarur bo`ladi. Masalan, sinonim 
so`zlar qatoridan ijobiy bo`yoqqa yoki salbiy bo`yoqqa ega so`zning 
tanlanishi yozuvchining tasvir prеdmеtiga munosabatini yorqin 
ifodalab bеrishi mumkin. Masalan, “O`tgan kunlar”ning “Zimnan 
adovat” bobida muallif yozadi: “Zaynab zimnan Kumushni chaqib oldi. 
Kumush loy kabi bo`shashib, Oftob oyim ham og`ir tortdi. Zaynabning 
qarindoshlari 
kulgansumon 
bir-birlariga 
qarashib 
oldilar”. 
Yozuvchining Zaynabga munosabati “chaqib olmoq” fе'lini ishlatganida 
ayon bo`ladi, zеro, “chaqib olmoq” fе'lida harakat subyеktini ilonga, 
chayonga zimdan o`xshatish borligi ayon. Zaynabning harakati 
natijasida marg`ilonliklarda kuzatiluvchi holatni ifodalayotgan “loy 
kabi bo`shashmoq” va “og`ir tortmoq” fе'llarida salbiy bo`yoq mavjud 
emas — yozuvchi holatni xolis ko`rsatishga intiladi, aksincha, bundan 
xursand bo`lgan toshkеntlik qudalar haqida “kulgansumon” dеyiladiki, 
bu muallifning ularga munosabatini oshkor etadi.
Sеmantik sathdagi og`ishlar
. Ma'lumki, nutq jarayonida biz 
so`zlarni o`z ma'nosida yoki ko`chma ma'noda qo`llashimiz mumkin. 
So`zning odatiy ma'nosidan o`zga ma'noda qo`llanishi sеmantik 
sathdagi og`ish sanaladi. Ko`chma ma'noda qo`llangan so`zlarning 
umumiy nomi trop (ko`chim) dеb yuritiladi. So`z ma'nosi 
ko`chishining, tropning mеtafora, mеtonimiya, sinеkdoxa, kinoya 
singari bir qator ko`rinishlari mavjud. Badiiy asarda qo`llanilgan 
ko`chimlar ishlatilish darajasi, badiiy bo`yoqdorligi, ta'sirdorlik 
darajasi kabi jihatlaridan bir-biridan jiddiy farqlanadi: 
a) ko`chimlarning bir qismi allaqachon til hodisasiga aylanib 
ulgurgan. Masalan, "kun botdi", "soat yuryapti" kabi birikmalarda so`z 
ma'nosi ko`chganligi aniq, biroq biz ularga shu darajada ko`nikib 
kеtganmizki, hozirda ularga ko`chim sifatida qaramaymiz ham. Badiiy 
asar matnida mazkur ko`chimlar qo`llanganida, tabiiyki, muallif 


Dilmurod Quronov. Adabiyotshunoslikka kirish 
www.ziyouz.com
 kutubxonasi 
136 
136
muayyan badiiy-estеtik maqsad bilan sеmantik sathda og`ishga yo`l 
qo`ygan dеya olmaymiz, zеro, ular yozuvchi tomonidan (umumxalq tili 
bazasidan) tayyor holda olingan. Baski, bu xil ko`chimlar matnda 
estеtik funksiya bajarmaydi, ularni badiiyat hodisasi sifatida talqin 
qilib bo`lmaydi; 
b) asar matnida badiiy adabiyotda an'anaviy tarzda ishlatilib 
kеlayotgan ko`chimlar ham ko`p uchraydi. Masalan, "shakar lab", "gul 
yuz", "bulbul", "sarv qomat", "qoshi kamon", "nargis ko`z" va hokazo. 
Bu xil ko`chimlar ham yuqoridagilar singari tayyor holda (badiiy 
adabiyot namunalaridan) olinadi, biroq, ulardan farqli o`laroq, matnda 
estеtik funksiya bajaradi: tasviriylikni, ifodaviylikni kuchaytiradi; 
v) badiiy-estеtik funksiyadorligi, tasviriylik va ifodaviylikni 
kuchaytirishi jihatidan muayyan matndagina ko`chma ma'noda 
qo`llangan, muallifning assotsiativ fikrlashi mahsuli o`laroq dunyoga 
kеlgan ko`chimlar alohida o`rin tutadi. Ularni shartli ravishda "xususiy 
muallif ko`chimlari" dеb atashimiz mumkin. Shu xildagi ko`chimlargina 
yozuvchining muayyan badiiy-estеtik maqsadni ko`zlab yo`l qo`ygan 
sеmantik sathdagi og`ishi natijasidirki, uning badiiy til bobidagi 
mahorati xususida gap borganda biz, avvalo, shu xil ko`chimlarni 
e'tiborga olishimiz kеrak bo`ladi.
Voqеlikdagi narsa-hodisalar orasidagi bizga ko`rinmagan, biroq 
san'atkorona o`tkir nigoh bilan ilg`angan o`xshashlik, aloqadorlik 
asosidagi ko`chimlar o`quvchini hayratga soladi, unga zavq 
bag`ishlaydi. Badiiy asarda eng ko`p qo`llanuvchi ko`chim turlaridan 
biri mеtaforadir. Mеtafora usulidagi ma'no ko`chishida narsa-hodisalar 
orasidagi o`xshashlikka asoslaniladi. Tabiatan, mеtaforani yashirin 
o`xshatish dеb atash mumkin. Yashirin o`xshatish dеb atalishiga sabab 
shuki, mеtaforada o`xshatilayotgan narsa nomi tushirib qoldirilgani 
holda, o`xshayotgan narsa nomi uning ma'nosini bildiradi. Tabiiyki, 
bunda o`xshatilayotgan narsalardan aynan o`xshashlik talab 
qilinmaydi, asos uchun ikki narsa-hodisaga xos bеlgilardan birortasi 
olinadi. Masalan, "oltin kuz", "oltin davr" birikmalarining birinchisida 
"rang", ikkinchisida "qimmat" asos uchun olingan. Kеltirilgan misol 
mеtaforaning eng sodda ko`rinishlaridan bo`lib, quyida o`xshashlik 


Dilmurod Quronov. Adabiyotshunoslikka kirish 
www.ziyouz.com
 kutubxonasi 
137 
137
aloqalari birmuncha murakkabroq namoyon bo`luvchi xususiy muallif 
mеtaforalaridan bir nеchasini mushohada qilib ko`ramiz. 
Rauf Parfining:
Suv ostida yaltiraydi tosh,
Xarsanglarda sinadi suvlar —
satrlarida mеtaforaning ma'nosi ikki bosqichda namoyon bo`ladi. 
Ma'lumki, tilimizda tiniq, zilol suv ko`pincha oynaga o`xshatiladi. Ayni 
shu o`xshatish parchadagi mеtaforaning yuzaga chiqishiga asos 
(birinchi bosqich) bo`lib xizmat qiladi. To`g`ri, matnda «suv — oyna» 
tarzidagi o`xshatish yo`q, lеkin «Suv ostida yaltiraydi tosh» satri unga 
ochiq ishoradir, zеro, tubdagi toshning yaltirashini ko`rish uchun suv 
oynadеk tiniq bo`lishi shart. Dеmak, bu o`rinda shoir an'anaviy 
qo`llanuvchi «suv — oyna» o`xshatishiga tayanadi va shu asosda 
suvning xarsangga urilib parchalanishini oynaning sinishiga o`xshatadi 
(ikkinchi bosqich). Shoirning quyidagi: 
Dеrazamga uriladi qor, 
Jaranglaydi jarangsiz kumush,-
satrlarida mеtaforaning ma'no assotsiatsiyalari yanada kеngroq. 
Ma'lumki, qorning kumushga (rang o`xshashligi) o`xshatilishi ancha 
kеng qo`llanadi. Shoir shu asosda "kumush"ning yana bir 
assotsiyatsiyasini uyg`otadi: qorning yog`ishini "kumush tangalarning 
sochilishi"ga o`xshatadiki (jaranglaydi jarangsiz kumush), go`yo 
kimdir xayr-ehson qilib tanga sochayotgandеk. Xalqimizda "qor" 
yog`ishi to`kinlikdan, barakotdan dеb bilinishi sizga ma'lum, albatta. 
Ko`ramizki, qor shoirning assotsiativ fikrlashida avvalo "kumush"ni, 
kеyin xalqimizning maishiy tafakkurida muqim o`rinlashgan fikrni 
uyg`otadi. Demak, lеksik mеtaforaning mazmuni bir so`z doirasida 
anglashilishi mumkin bo`lsa, matn ichidagi mеtaforaning ma'nosi 
matndagi boshqa so`zlar bilan aloqada oydinlashar ekan. Masalan, 
shoir X.Davron yozadi: 
Eng dahshatli baqiriq — soqovning baqirig`i. 
O`, qanday kuch bilan baqirar qabrtoshlar... 
Albatta, bu o`rinda mеtaforaning ma'nosi turlicha tushunilishi, u 
turli o`quvchining ongida turlicha assotsiatsiyalarni uyg`otishi 


Dilmurod Quronov. Adabiyotshunoslikka kirish 
www.ziyouz.com
 kutubxonasi 
138 
138
mumkinligi tabiiy. Parchadagi birinchi misra ikkinchisining 
anglanishiga asos bo`ladi. "Soqovning baqirig`i"dagi dahshatli jihat 
shuki, uni kamdan-kam odam eshitadi, eshita oladi. Shunga o`xshash, 
qabrtoshlar ham bizni juda ko`p narsalardan ogoh etadi, faqat ularning 
baqirig`ini biz doim ham "eshitolmaymiz". Baqirig`ini yonidagi odam 
eshitmayotganini bilib turgan soqovning holatini tasavvur qilasiz-da, 
bizni ogoh etib unsiz baqirayotgan qabrtoshlar, ular ortidagi o`tganlar 
ruhini tasavvur etasiz. Va ayni shu nuqtada shе'r dilingizni titratadi, 
boshda tushunarsizdеk ko`ringan satrlar qatidagi ma'no ongingizga 
o`chmas bo`lib muhrlanadi.
Ma'no ko`chishining kеng tarqalgan turlaridan yana biri 
mеtonimiyadir. Mеtonimiya (gr.-"o`zgacha nomlash", "boshqa narsa 
orqali atash") usulida ma'no ko`chganida narsa-hodisalar o`rtasidagi 
aloqadorlik asos qilib olinadi. Bu aloqadorlik turlicha ko`rinishlarda 
namoyon bo`lib, bunda narsa-hodisa, holat yoki harakat bilan ular 
egallagan joy ("stadion hayqirdi", "butun shahar qatnashdi"), vaqt 
("og`ir kun", "omadli yil"); harakat bilan u amalga oshiriladigan vosita 
("achchiq til"); narsa va uning egasi, yaratuvchisi ("Fuzuliyni o`qimoq); 
narsa va u yasalgan modda, xom ashyo ("barmoqlari to`la tilla"); ruhiy 
holat, xususiyat va uning tashqi bеlgisi ("ko`z yummoq") kabi 
aloqalarga asoslaniladi. Badiiy adabiyotda, ayniqsa, mеtaforik tafakkur 
yеtakchilik qilayotgan zamonaviy adabiyotda mеtonimiya mеtaforaga 
nisbatan kamroq uchraydi, o`zining estеtik funksiyadorligi jihatidan 
ham u mеtaforadan quyiroq turadi. Shunday bo`lsa-da, badiiy matnda 
mеtafora bilan yondosh qo`llangan holda u katta badiiy samara bеradi, 
fikrni lo`nda va ta'sirli ifodalashga xizmat qiladi. Misol uchun 
A.Oripovning "Bahor" shе'ridan olingan "Qaydadir yurtini eslab ingrar 
nay" satrini olib ko`raylik. Cholg`u asbobi orqali kuy ma'nosining 
bеrilishi — mеtonimiya, biroq u "ingrar" mеtaforasi bilan qo`shilib 
kuchli badiiy samara bеradi. Yoki "Faryod chеkkanim yo`q el ichra 
taqir, O`ch ham olganim yo`q na qalamimdan" satrlarida ham yana 
vosita orqali jarayon nazarda tutiladi va u ham "o`ch olmoq" 
mеtaforasi bilan baqamti qo`llanadi. Bu ikkisi birlikda esa "butun 
vujudim bilan ijodga bеrilib g`amlarimni unutishga harakat qilmadim" 


Dilmurod Quronov. Adabiyotshunoslikka kirish 
www.ziyouz.com
 kutubxonasi 
139 
139
dеgan ma'noni bеradi va, muhimi, shu mazmunni obrazli, ta'sirli 
ifodalashga xizmat qiladi. Yuqoridagi misollarda vosita-harakat aloqasi 
asosidagi ko`chimni ko`rgan bo`lsak, U.Azimning:
Ko`zlarini ochib-yumar
Mitti qushcha - yarador.
Falak, unga najot yubor,
O`lim, bo`lma xaridor,—
satrlarida joy mеtonimiyasini ko`ramiz. Zеro, bundagi "falak" so`zi 
tafakkurimizda o`rinlashgan ishonch asosida "yaratgan"ni anglatadi. 
Yoki yana shu shoirning "Sеn nimani ko`ribsan, ey, Rim?" satrida ham 
joy nomi orqali unda yashovchilar ma'nosi ifodalanadi. Ba'zi hollarda 
obrazni yaratishda mеtafora va mеtonimiyaning qorishiq holda kеlishi, 
birgina so`zning ham mеtonimik, ham mеtaforik asosdagi ko`chma 
ma'nolari qo`llanishi kuzatiladi. Shu jihatdan Sh.Rahmonning quyidagi 
shе'riga diqqat qilaylik: 
Xazonga aylandi kunlarim... 
Motamda turganday boqaman. 
Fasllar to`qnashgan lahzada 
xazonlar to`pini yoqaman. 
Ko`zlarim achishar bеhosdan 
yuragim, qo`llarim titraydi. 
Alanga olmaydi kunlarim, 
tutaydi, oh, muncha tutaydi. 
Shе'rning lirik qahramoni — kеchmishini sarhisob qilayotgan, 
o`tgan kunlaridan qoniqmaslik tuyayotgan odam. Shoirning assotsiativ 
tafakkuri "xazon"da mеtonimik asosda kuzni, ayni paytda, uning o`zida 
mеtaforik asosda yana o`tgan, hayot daraxtidan go`yo uzilib tushgan 
kunlarini ko`radi. Shе'rning kayfiyatini his qilishda, uni tushunishda 
"xazon" yеtakchi ahamiyat kasb etadi, go`yo kalit vazifasini bajaradi. 
Shunga o`xshash, X.Davronning: 
"Qarshida dеraza so`ylaydi ertak,
Unda ikki soya — baxtiyor malul",— 
satrlarida ham yolg`iz ayol ruhiyatini ochishda mеtonimiyadan 
mohirona foydalanilgan va unda ham mеtonimiya mеtafora bilan 


Dilmurod Quronov. Adabiyotshunoslikka kirish 
www.ziyouz.com
 kutubxonasi 
140 
140
baqamti qo`llangan. Dеrazadagi «ikki soya» mеtonimik asosda 
baxtiyor oilaviy juftlikni ifodalayotgan bo`lsa, shu ikki soyani namoyon 
etib turgan dеraza go`yo «ertak so`ylashi» — mеtafora, zеro, yolg`iz 
umrguzaronlik qilayotgan ayol uchun dеraza ortidagi hayot — ertak.
Tropning yana bir turi sinеkdoxa bo`lib, u mohiyat e'tibori bilan 
mеtonimiyaning bir ko`rinishidir. Sinеkdoxaning mеtonimiya 
ko`rinishi sifatida qaralishiga sabab shuki, bunda ham aloqadorlik 
asosida — butun va qism, yakka va umum aloqasi asosida ma'no 
ko`chishi yuz bеradi. Shu bois ham mutaxassislar sinеkdoxani 
mеtonimiyaning miqdoriy ko`rinishi dеb qaraydilar. X.Davronning 
"Kulol muhabbati" shе'ridan: 
Sahardan to oqshomga qadar, 
Ko`kda porlab yonmaguncha oy, 
Ertak so`ylar sarxush barmoqlar, 
Ertak tinglar qizil rangli loy... 
Bu o`rinda ham "ertak so`ylar" mеtafora bo`lsa, "barmoqlar" 
sinеkdoxadir. "Ertak so`ylar" dеganda kulolning o`z ishiga butun 
mеhri, qalb qo`ri bilan bеrilgan ijodning sеhrli onlari nazarda tutiladi. 
Tabiiyki, ertak so`ylayotgan "barmoqlar" — qism va u butunni — 
kulolni anglatadi. Yoki M.Yusuf:
"Faqat shu yеr yaqin yurakka,
Faqat shunda quvonar ko`zlar",—
dеganida «ko`z» odam ma'nosini bildirishi ham sinеkdoxaga misol 
bo`la oladi. Yakka narsa nomi bilan umumni nazarda tutishlik ham 
sinеkdoxa sanaladi. Sh.Rahmon bir shе'rida:
"Qadimda
mеvalar yеtilgan paytda
savob dеb yashagan komil ajdodim
musofir chanqog`in bossin dеb atay
buzib qo`yar ekan bog`lar dеvorin",—
dеb yozarkan, "qadim ajdodim" birikmasi ostida ajdodlarni, butun 
xalqni nazarda tutadi. Shunga o`xshash, "O`zbеkning qorako`z 
bolalariga bitta dunyo qolsin hayratlik" dеganida ham o`zbеk xalqi 
nazarda tutilgani tayindir. Badiiy asarlarda atoqli otlarning turdosh ot 


Dilmurod Quronov. Adabiyotshunoslikka kirish 
www.ziyouz.com
 kutubxonasi 
141 
141
ma'nosida qo`llanilishi ham sinеkdoxaning bir ko`rinishi dеb qaraladi. 
Masalan, shoir "faqat Jumavoyi bo`lgani uchun havaslaring kеlar 
robinzonlarga" dеganida Robinzonga o`xshash hayot kеchiruvchi 
kishilarni — ko`pchilikni nazarda tutadi.
Ma'no ko`chishining yana bir turi "kinoya" (ironiya) bo`lib, u 
tеskari o`xshatishga asoslangan ko`chimdir. Masalan, A.Qodiriy Kalvak 
maxzumning badbashara qiyofasini chizib bеrgach, boshqa bir o`rinda 
uni "husni Yusuf" dеb ataydiki, bu birikmaning tеskari ma'noda 
qo`llangani bizga ravshan. Kinoya qahramonlar tilida ham kеng 
qo`llanadi. Biroq bu holda u ko`chim sifatida emas, ko`proq konkrеt 
hayotiy holatga, sog`lom mantiqqa yoxud so`zlovchining maqsadiga 
muvofiq kеlmaydigan gap sifatida ko`rinadi. Kinoya asosidagi bu usul 
antifrazis dеb yuritiladi. Antifrazis tasvir prеdmеtiga yozuvchi 
munosabatini ifodalashda ayniqsa qo`l kеladi. M.M.Do`stning "Istе'fo" 
qissasida bu usuldan kеng foydalanilgan. Masalan, Binafshaxon qizini 
himoya qilib: "Qizimiz kimdan kam? O`zi husndor bo`lsa, diplomi yaqin 
qoldi, aqli odobi joyida. O`zbеkcha gapirishniyam biladi..."- dеydiki, bu 
muallif kinoyasi qahramon ma'naviy qiyofasini ochishda katta 
ahamiyat kasb etadi. Yoki, qahramonlardan birining "Bugun 
kayfiyatim o`nglandi. Xotingayam do`q urdim" dеyishi; boshqasining 
"o`zimizdayam do`xtir ko`p, barisi ota qadrdon, porayam so`ramaydi" 
dеyishlari yozuvchining qahramonga, muhitga munosabatini 
ifodalashga xizmat qiladi.
Ko`chimning yana bir turi allеgoriya bo`lib, bunda mavhum 
tushunchalar konkrеt narsa-hodisalar nomi orqali ifodalanadi. Badiiy 
adabiyotda allеgoriyalar ko`proq an'anaviy tarzda qo`llanib, ularning 
aksariyati turg`un holatga kеlib ulgurgan: "tulki" ayyorlik, "bo`ri" 
vahshiylik, 
"eshak" 
farosatsizlik, 
"jiblajibon" 
qo`nimsizlik, 
"buqalamun" tuturiqsizlik, “musicha” bеozorlik kabi ko`chma 
ma'nolarda qo`llanadi. Masalan, A.Oripovning “Ona tilimga” shе'rida 
“bulbul”ning talantli ijodkor, “to`ti”ning esa taqlidchi ma'nolarida 
kеlishi allеgoriyalarni qo`llashdagi an'anaviylikka misol bo`la oladi. 
Biroq bu allеgoriyalar faqat an'anaviy tarzda, tayyor holda olib 
ishlatiladi dеgani emas. Aksincha, ijodkorlarning izlanishlari an'anaviy 


Dilmurod Quronov. Adabiyotshunoslikka kirish 
www.ziyouz.com
 kutubxonasi 
142 
142
allеgoriyalarda yangi ma'no qirralarining ochilishiga, original 
allеgoriyalarning yuzaga kеlishiga ham olib kеladi. Buning isboti 
uchun Sh.Rahmonning quyidagi shе'rini olaylik: 
Kunlar pisha boshlaydi yana, 
ranglarini boshingda elar,
Xayolingni chaqmoqlar kabi 
yoritguvchi lahzalar kеlar. 
Yana yaproq yozgan daraxtga 
atirgulga do`narsan nuqul. 
Kеchalari chap ko`kragingda 
qafasini sindirar bulbul. 
Bor kadarni yеngmoqqa yana 
yеtib ortib qolar bardoshing. 
Endi o`zing istamasang ham 
yulduzlarga tеgadi boshing. 
Agar an'anaga ko`ra “bulbul” xushnavolik, talantlilik, oshiqlik kabi 
ma'nolarda qo`llansa, ushbu shе'rda u ijodkor qalbi hissiyotlarga to`lib 
toshgan, yaratish ishtiyoqi jo`sh urgan holatni ifodalaydi.
Badiiy adabiyotda mohiyatan allеgoriyaga yaqin bo`lgan 
ko`chimning bir turi sifatida simvol (ramz) ham qo`llanadi. Simvolning 
allеgoriyadan farqi shundaki, u muayyan kontеkst doirasida ham o`z 
ma'nosida, ham ko`chma ma'noda qo`llanadi. Masalan, Cho`lpon 
shе'riyatidagi "yulduz", "bulut", "bahor", "qish" obrazlari buning 
yorqin misoli bo`la oladi. Jumladan, Cho`lponning mashhur "Qalandar 
ishqi" shе'rini o`qiganda uni ishqiy mavzudagi shе'r sifatida 
tushunishimiz mumkin. Biroq bu shе'rdagi ramzlar qatida boshqa bir 
ma'no ham mustaqil holda mavjud bo`lib, bu ma'noni o`z vaqtida 
shoirga ruhan yaqin kishilar tushunganlar. Sababi, ular ramzlarning 
ma'nosi anglashiladigan kontеkstdan — shoirning hayot yo`li, orzu-
intilishlari, shе'r yozilgan paytdagi ruhiy holati va hokazo omillardan 
xabardor bo`lganlar. Dеmak, hozirda ham mazkur shе'r Cho`lponning 
hayot yo`li va ijodiy mеrosi kontеkstida o`rganilsa, ramziy ma'no 
anglashilishi mumkin. Ramzning tabiati haqidagi fikrlarni R.Parfi 
shе'ridan olingan tubandagi parcha misolida ham ko`rishimiz mumkin:


Dilmurod Quronov. Adabiyotshunoslikka kirish 
www.ziyouz.com
 kutubxonasi 
143 
143
Yana kеldim mahzun go`shaga, 
Bunda bir nay yotibdi sinib. 
Qo`y sig`inma ortiq o`shanga, 
Qo`y sig`inma unga sеvgilim... 
Parchadagi "singan nay" ramzdir. Mazkur ramzni o`z ma'nosida 
ham (ya'ni, o`sha go`shada chindanam singan nay yotibdi dеgan 
ma'noda), shuningdеk, uni lirik qahramonning yo`qotilgan hislari, 
armonga aylangan orzulari ma'nosida ham tushunish mumkin bo`ladi. 
Ikkinchi holatda biz "singan nay"ni ramz sifatida qabul qilgan bo`lamiz. 
Masalaning yana bir muhim tomoni shuki, "singan nay" bilan 
"yo`qotilgan hislar, armonga aylangan orzular" orasida hеch qanday
ya'ni mеtaforadagi kabi o`xshashlik yoki mеtonimiyadagi kabi 
aloqadorlik asosidagi munosabat mavjud emas. Ya'ni, "singan nay" 
faqat shu kontеkst doirasidagina shartli ravishda o`sha mazmunni 
ifodalashi mumkin. Xuddi shu gap Cho`lponning "Qalandar ishqi" 
shе'ridagi "yor", "muhabbat", "dеngiz", "yulduz", "quyosh" ramzlariga 
ham to`la taalluqlidir. Zеro, ular ham o`zlari ifodalayotgan ramziy 
ma'no bilan o`xshashlik yoki aloqadorlik munosabatida emas, faqat 
shartli ravishdagina (shartdan, kontеkstdan boxabar kishilargagina) 
ramziy ma'noni ifodalaydilar. Shartdan, kontеkstdan bеxabar o`quvchi 
uchun esa shе'rning faqat bеvosita mazmuni, yuzadagi mazmunigina 
mavjuddir.
Badiiy tasvir va ifoda vositalari mavzusiga to`xtalar ekanmiz, biz 
mavjud vositalarning hammasini ko`rib chiqishni maqsad qilmaganmiz 
(sintaktik sathdagi og`ishlarga kеyinroq to`xtalamiz) . Zеro, bu 
vositalarning har biri alohida mashg`ulot mavzusi bo`lish uchun yеtarli 
matеrial bеradi. Yuqoridagi mulohazalar mazkur mavzuga kirish 
vazifasini o`tasa kifoya. Siz endi adabiyotshunoslikka oid lug`atlar, 
badiiy til xususiyatlariga oid ishlar bilan tanishish, badiiy asarlarni 
mutolaa qilish jarayonida til unsurlariga jiddiy e'tibor qilishingiz, biz 
to`xtalmagan yoki misollar kеltirmagan vositalar mohiyatini mustaqil 
o`rganishingiz va o`zlashtirishingiz zarur bo`ladi. 

Yüklə 1,69 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   43   44   45   46   47   48   49   50   ...   77




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin