9.1. Muloqot va shaxslararo munosabatlar psixologiyasi
Muloqot - odamlar o‘rtasida birgalikda faoliyat ehtiyojlaridan kelib chiqadigan bog‘lanishlar rivojlanishining ko‘p qirrali jarayonidir. SHaxs – ijtimoiy munosabatlar mahsuli deyilishining eng asosiy sababi – uning doimo insonlar davrasida, ular bilan o‘zaro ta’sir doirasida bo‘lishini anglatib, bu shaxsning eng etakchi va nufuzli faoliyatlaridan biri muloqot ekanligiga ishora qiladi.
Insoniy munosabatlarda dastlab odamlar o‘rtasida ro‘y beradigan fikrlar, his-kechinmalar, tashvish-quvonchlar almashinuvini nazarda tutadi. Odamlar muloqotda bo‘lishgani sari, ular o‘rtasidagi munosabatlar tajribasi ortgan sari ular o‘rtasida umumiylik, o‘xshashlik va uyg‘unlik kabi sifatlar paydo bo‘lib, ular bir-birlarini bir qarashda tushunadigan, ayrim hollarda esa ana shunday muloqotning tig‘izligi teskari reaksiyalarni – bir-biridan charchash, gapiradigan gapning qolmasligi kabi vaziyatni keltirib chiqaradi.
Muloqot faoliyati shunday shart-sharoitki, unda har bir shaxsning individualligi, betakrorligi, bilimlar va tasavvurlarning xilma-xilligi namoyon bo‘ladi va shunisi bilan u insoniyatni asrlar davomida o‘ziga jalb etadi. SHuning uchun ham muloqot, uning jihati, tabiati, texnikasi va strategiyasi, muloqotga o‘rgatish (ijtimoiy psixologik trening) masalalari bilan shug‘ullanuvchi fanlarning ham jamiyatdagi o‘rni va salohiyati keskin oshdi.
Muloqot hamkorlikda faoliyat ko‘rsatuvchilar o‘rtasida axborot ayirboshlanishini o‘z ichiga olib, bunday ma’lumot almashinuv muloqotning kommunikativ jihati sifatida ta’riflanadi. Odamlar muloqotga kirishar ekanlar, uning eng muhim vositalaridan biri sifatida tilga murojaat qiladilar.
Muloqotning ikkinchi jihatida – munosabatga kirishuvchilarning nutq jarayonida faqat so‘zlar bilan emas, balki xatti-harakatlar bilan ham almashinuvi nazarda tutilib, bu muloqotning interaktiv jihati deb yuritiladi.
Nihoyat, muloqotning uchinchi jihati perseptiv deb atalib, bunda munosabatga kirishuvchilarning bir-birlarini idrok eta olishlari tushuniladi.
SHunday qilib, muloqot jarayonida shartli ravishda uchta, ya’ni kommunikativ (axborot uzatish), interaktiv (hamkorlikda harakat qilish) va perseptiv (o‘zaro birgalikda idrok etish) jihatlarni alohida ko‘rsatish mumkin. Ana shu uchta jihatning birligi muloqot jarayonida hamkorlikdagi faoliyat va jalb etilgan odamlarning o‘zaro birgalikdagi harakatlarini tashkil etish usuli sifatida maydonga chiqadi.