Eslatish diktanti - bu diktantni o`tkazishda avval zarur imlo qoidalari takrorlab, eslatiladi, so`ngra tanlangan matn diktovka bilan yozdiriladi va tahlil qilinadi. Diktant darsning o`zida tekshiriladi. Ayrim vaqtda tekstning bir qismi yozib bo`lingach, shu qism tahlil qilinishi va tekshirilishi ham mumkin. Eslatish diktanti o`quvchilarni kontrol diktant yozishga tayyorlaydi.
Tayyorlov diktanti - bu diktantdan kontrol diktant yozishga tayyorlash, xatoning oldini olish maqsadida imloviy mashq sifatida foydalaniladi. Bunda avval matn o`kib tahlil qilinadi, keyin diktovka qilib yozdiriladi, so`ngra tekshiriladi. Lug`at diktantda bog`lanishli matn yoki gaplar emas, balki o`rganilgan ayrim imlosi qiyin so`zlargina diktovka qilinadi. Buning uchun mavzu mazmuniga mos 10-15 ta imlosi qiyin so`z tanlanadi.
Lug`at diktant ko`pincha dars oxirida o`tkaziladi (5-7 daqiqa ajratiladi). O`qituvchi so`zlarni aytib turib yozdiradi, o`quvchilar yozib bo`lgach, lug`atdan topib yozishni tekshiradilar. Ba`zan diktant uchun tanlangan so`zlarni ifodalovchi rasmlar ko`rsatiladi, o`quvchilar rasmlarda ifodalangan predmetlar nomini yozadilar (bir predmet rasmi ko`rsatiladi, o`quvchilar uning nomini yozib, vergul qo`yadilar, ish shu tarzda davom ettiriladi) va yozgan so`zlarini lug`atdan tekshiradilar.
Diktantning bu turi rasm diktant deb ham yuritiladi.
Izohli yozuv- o`qituvchi gapni o`kigach bir o`quvchi so`zlarni bo`g`inlab aytib turadi, zarur bo`lgan so`zning imlosini aniq va qisqa izohlab tushuntiradi. So`zni hamma bir vaqtda yozadi.O`qituvchi o`quvchining izohini kuzatib, zarur tuzatishlar kiritadi. So`zni izohlashda o`quvchi to`xtab qolsa yoki xato qilsa, uni navbatdagi o`quvchi izohlaydi. Izohlash uchun ayrim grammatik forma tanlanishi (bu tanlab izohlanishi / bu to`lik yoki umumiy izohlash) mumkin.
Izohli yozuv xususiyatiga ko`ra ta`kidiy diktantga o`xshaydi, ammo izohli yozuvda matnni yozib borish jarayonida xatolar oldi olinadi.
Bu usul jarayonni boshqaradi, o`quvchilarni o`z - o`zini tekshirib borishga o`rgatadi.