1.3. Xorijiy mamlakatlarda kichik biznes faoliyatining iqtisodiyotda tutgan o’rni va moliyalashtirish tajribasi Xususiy tadbirkorlikni kreditlashda xorijiy tajribani o’rganishimizdan maqsad, rivojlangan mamlakatlarda o’zini oqlagan tajribalarni bizning mamlakatda qo’llashdan iborat. Kichik biznes tarmog’i asosan quyi pog’onadagi yosh va riskli tarmoqlardan hisoblangani bois ko’pchilik davlatlarda mazkur tarmoq davlat tomonidan qo’llab-quvatlanadi. Kichik va xususiy biznesni moliyalashtirish muammosini hal etishda savdo-sanoat palatalari o’ziga xos o’rin tutadi.
Xususan, AQShda kichik biznes korxonalarining kredit va kafolatlangan qarz resurslarini olishiga kichik biznes ishlari bo’yicha ma'muriyat har tomonlama yordam ko’rsatadi. Ma'muriyat kichik korxonalarga kredit taqdim etayotgan kreditorlarga qarz mablag’larining 90 % iga kafolat beradi va bu bilan iqtisodiy xavf-xatar darajasining pasayishiga hissa qo’shadi. Bu tashkilot mablag’lari hisobidan bevosita kreditlar asosan ishsizlik darajasi yuqori bo’lgan hdudlardagi kichik korxonalarga beriladi. Shuni ta'kidlash joizki, ma'muriyat banklardan olinayotgan qarz miqdori 750 ming dollardan oshmasa, uning 75 % i, 100 ming dollardan oshmasa, 80 % i darajasida kafolat beradi. Bu kafolatlarning muddati aylanma kapitallar uchun 10 yilgacha, asosiy kapital uchun 25 yilgachani tashkil etadi. Foiz stavkasi qarz miqdorining 2,75 % idan oshmasligi kerak. Mazkur ma'muriyat tomonidan amalga oshirilayotgan yirik dasturlardan yana biri faoliyat ko’rsatayotgan kichik korxonalarni kengaytirish va zamonaviylashtirishga yordam berishdan iborat.
Bu dasturga ushbu tashkilot mablag’larning 19,6 % i sarflanadi. Ma'muriyat mablag’lari xarajatlarining boshqa yo’nalishlari jumlasiga ikki va undan ortiq kompaniya sa'y-harakatlari bilan tashkil etilayotgan kichik korxonalarni moliyalashtirish (jami xarajatlarninig 7,2 % i) va mikrokreditlashni (0,5 % ni) kiritish mumkin. AQShda kichik biznes ishlari bo’yicha ma'muriyatdan tashqari kichik biznesni investisiyalash borasida ko’plab kompaniyalar faoliyat ko’rsatadi. Ular kichik va xususiy korxonalarga uzoq muddatli kreditlar taqdim etadilar, boshqarish ishlariga ko’maklashadilar. 1953yilda tashkil etilgan AQSh kichik biznes ishlari bo’yicha Ma'muriyat kichik korxonalarni kredtilash bo’yicha bir nechta dasturlarni taqdim etadi. Shuni ta'kidlash joizki, kichik biznes ishlari bo’yicha Ma'muriyat birinchi ravbatda xususiy kredit tashkilotlari tomonidan beriladigan kreditlarga kafolat berish bilan shug’ullanadi. Bugungi kunda ma'muriyat quyidagi dasturlarni ishlab chiqqan:
Kreditlarni kafolatlash bo’yicha umumiy dastur. Ushbu dastur kichik korxonalar tijorat kreditlashning umumiy shartlarini qondira olmaslik holati paytlarida yordam beradigan asosiy dastur hisoblanadi. Kafolatlash dasturi doirasida har qanday tijorat korxonalarini kreditlash mumkin. Kredit kapital yig’ish, texnik bazani tashkil etish, ko’chmas mulkni sotib olish, qarzlarni qayta moliyalashtirish (bir qator shartlarga rioya qilgan holda) maqsadlari uchun beriladi. Kredit qaytarish muddati 10 yildan 25 yilgacha belgilab qo’yilgan. Mazkur dastur doirasida kreditlar faqat dastur ishtirokchilari, ya'ni Ma'muriyat bilan hamkorlikda bulgan kredit tashkilotlari tomonidan beriladi. Kreditlar kafolat shartlarini bajarilgandagina beriladi. Ya'ni dasturda Ma'muriyat talablari bilan muvofiq kreditlash shartlarini keltirgan kreditorlar qatnashadilar. Agar qatnashchilar kredit ajratsalar, unda Ma'muriyat bir qismiga kafolat beradi. Ma'muriyat kreditni butun qismini kafolatlamaydi, u faqat qarzdor tomonidan qaytarilmagan kredit summasi doirasidagi riskni o’z zimmasiga oladi. Korxona bevosita kreditorga kredit olish uchun murojaat qiladi. Agar risk katta bo’lsa kreditor kafolat olish uchun Ma'muriyatga murojaat qiladi. Ma'muriyat kafolati shundan iboratki,, agar qarz oluvchi kreditni qaytara olmasa qarz summasi federal byudjetdan qoplanadi, lekin qarz oluvchini javobgarlikdan ozod qilmaydi;
Rivojlanish maqsadlari uchun investisiya kreditlari dasturi. Ushbu dastur doirasida ishlab chiqarishni modernizasiyalash va kengaytirish maqsadida texnologik ko’chmas mulkni sotib olmoqchi bo’lgan kichik korxonalarni uzoq muddatli molityalashtirish amalga oshiriladi. Kreditlar fiksirlangan stavkalarda beriladi. Dastur asosiy kapitalni modernizasiyalash uchun investisiyalarga muhtoj bo’lgan kichik korxonalarga mo’ljallangan bo’lib, investisiya fondlari (2007 yil ma'lumotlariga ko’ra ularning soni 270 tadan ortiq) orqali xizmat ko’rsatiladi. Ma'muriyat yangi ish o’rinlarini yaratish sharti bilan qarz mablag’larining 1 mln. dollarga yaqinini kafolatlaydi. Investisiya kreditlari 10 yildan 20 yilgacha beriladi va kafolat uchun umumiy kredit summasining 3 %i doirasida haq olinadi. Dastur shartlariga ko’ra kichik korxonalar toifasiga majburiyatlarni chiqarib tashlaganda 7 mln. AQSh dollarlik moddiy aktivlarga ega hamda zararlar va foyda solig’i summasini hisobga olmaganda 2,5 mln. AQsh dollarlik sof foydaga ega bo’lgan korxonalar kiradi. Dasturda ko’chmas mulkni ijaraga berish bilan shug’ullanuvchi korxonalar ishtirok etish taqiqlanadi. 2008 yil ma'lumotlariga ko’ra 20 kishidan 500 kishigacha ishchilarga ega bulgan kichik korxonalar soni 26 mln.ga yetdi va band bulgan aholining 80 %ini tashkil etadi;
Mikro qarzlar dasturi. Ushbu dastur doirasida 35 ming AQSh dollarlik qisqa muddatli kreditlar xom ashyo va asbob-uskunalarni sotib olishga hamda kapital yig’imiga beriladi. Kredit qarzlarni qayta moliyalashtirishga va ko’chmas mulk ob’ektlarini sotib olishga berilmaydi. Dasturga ko’ra Ma'muriyat notijorat kredit vositachilariga moliyaviy resurslarni beradi. Ular o’z navbatida kichik korxonalarni 6 yil muddatga kreditlaydi. Kredit summasi 10,5 ming AQSh dollaridan oshadi;
Loyihalarni baholash dasturi. Dastur kredit munosabatlarida loyihalar kreditorlar qo’liga yetib borguncha risklarni 250 ming AQSh dollari summasi doirasida oldindan baholash imkonini beradi.
Angliyada kichik biznesni moliyalashtirishninig asosiy manbalari xususiy shaxslar jamg’armalari va bank kreditlari hisoblanadi. Kichik biznesni moliyaviy resurslar bilan ta'minlashda fond birjalarida qayd etilmagan kompaniyalar qimmatli qog’ozlar bozori sezilarli rol o’ynaydi. Kichik biznesni moliyalashtiruvchi maxsus firmalar keng tarqalgan. Ingliz kichik korxonalarining 20 % idan ko’prog’i Angliya banki va kliring banklari tomonidan nazorat qilinadigan sanoat va savdo korxonalarini moliyalashtirish korporasiyasidan kredit oladilar. Angliyada davlat siyosati tijorat banklarining kichik va xususiy biznes korxonalarini kreditlashdan manfaatdorligini oshirishga qaratilgan bo’lib, bu borada hukumat dasturi ishlab chiqilgan. Ushbu dasturga muvofiq, davlat qaytmagan kreditlarning 70 % ini, iqtisodiy vaziyat og’ir hududlarda 85 % ini kafolatlaydi. Bunday kafolatda foiz stavkasi 2,5 % ni, iqtisodiy vaziyat og’ir hududlarda 2 % ni tashkil etadi. Ushbu dastur bo’yicha davlat kafolatlari jami kreditlarning 70-80 % ini qamrab oladi. Har yili kafolatlarni qoplash uchun 50 mln. funt sterling ajratiladi. Angiliyada kichik korxonalarga moliyaviy yordam berish maqsadida bir qancha dasturlar ishlab chiqilgan.
Ulardan biri "Grantlar tuzilmasi" bo’lib, dasturni Mahalliy korxonalarga yordam Agentligi olib boradi. Uning tarkibiga 200 dan ortiq byurolar kiradi. "Korxonalarni tashkil etish tuzilmasi" dasturi ishsizlarga moliyaviy yordam ko’rsatish maqsadida ishlab chiqilgan. "Kreditlarni kafolatlash" dasturi uch yilga mo’ljallangan bo’lib, sug’urta mukofotlarini to’lashga qaratilgan. Angliyada kichik biznes korxonalari toifasiga 50 kishigacha ishchilarga ega korxonalar kiradi. Bunday korxonalarning jamlanma daromadi 300 ming funt sterlingdan oshmasligi kerak. Bu korxonalar kreditlarning 80 % ini davlat kafolati ostida oladilar. Angliyada tijorat banklari kichik biznesni moliyalashtirish uchun alohida dasturlar ishlab chiqqanlar. Masalan, Barklays Bank kichik biznesni rivojlantirish uchun ikkita dasturni ishlab chiqqan. Birinchi dasturga ko’ra kredit 5 ming funt sterlingdan 100 ming funt sterlinggacha, 5 yil muddatga 15-17 % lik stavka bilan beriladi. Ikkinchi dastur bo’yicha kreditlar 5 ming funt sterlingdan 500 ming funt sterlinggacha 2 yildan 20 yilgacha Angliya bankining amaldagi qayta moliyalashtirish stavkasi bo’yicha ajratiladi.
Germaniya kichik va xususiy biznesni qo’llab-quvvatlashning asosiy yo’nalishlariga kichik va xususiy korxonalarni kengaytirish va ta'mirlash, yangi korxonalarni sotib olish va tashkil etish, ushbu maqsadlar uchun yillik kompaniyalar kapitallarni jalb etishga qarzlar berish, ishchi o’rinlarni barpo etish va saqlab qolishga uzoq muddatli investisiyalar, energiyani tejashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirishni investision qo’llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini subsidiyalash va boshqalar kiradi. Shuningdek biznesni qo’llab-quvvatlash davlat dasturi ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda. Unga muvofiq tadbirkorga birinchi ikki yillik foaliyati uchun foizsiz, keyingi yillarda esa imtiyozli kreditlar beriladi. Imtiyozli kreditlar biznes-rejaga muvofiq davlat tashkilotlari tomonidan taqdim etiladi va kreditning maqsadli ishlatilishi qattiq nazorat ostiga olinadi. Germaniyada kichik biznesni rivojlantirish dasturlari boshqa davlatlar singari ishlab chiqarishning ilm-fan tarmoqlari qo’llab-quvvatlanadi. Kichik biznesni imtiyozli kreditlash davlat tomonidan quyidagi yo’nalishlarda moliyalashtiriladi: · innovatsiya faoliyatiga yo’naltirilgan kichik korxonalarni kreditlash;
· ekologik muhitni yaxshilashga qaratilgan loyihalarni kreditlash;
· Germaniyaning iqtisodiy qoloq hududlarinin rivojlantirishda qatnashayotgan kichik korxonalarni kreditlash;
· Qurilish va uy-joy muammolari bilan shug’ullanuvchi kichik korxonalarni kreditlash;
· Ishlab chiqarishni yangilashga muhtoj bo’lgan tarmoqlarda faoliyat yurituvchi kichik korxonalarni moliyalashtirish.
Kichik biznesni rivojlantirishda asosiy dasturlar quyidagilar:
“Kichik biznes korxonalari bo’yicha ilmiy-texnik siyosatni rivojlantirish konsepsiyasi" dasturi; "O’z ishini ochish uchun jamg’armalarni rag’batlantirish" dasturi.
Birinchi dastur kichik biznesni moliyalashtirishni rag’batlantirsa, ikkinchi dastur "start up" loyihalarini, ya'ni o’z ishini ochish uchun xizmat qiladi. Federal dasturlarni amalga oshirish doirasida kichik biznes vakillariga imtiyozli ravishda, ya'ni past foiz stavkalarda (5-8 %) va uzoq muddatlarga (5-15 yil) kredit ajratiladi. Germaniyada kichik biznes koxonalari toifasiga ishchilar soni 10 kishidan oshmaydigan va yillik aylanmasi 1 mln. markadan oshmaydigan kichik korxonalar kiradi. Hozirda ularning soni 4 mln.dan oshiq bo’lib, YaIMning 57 % ini, jami eksportning 30 % ini va band bo’lgan aholining 70 % ini tashkil etadi. Kichik biznesni moliyaviy qo’llab-quvvatlash "Kreditanshtal't fyur Videraufbau" (KFV) banki singari ixtisoslashgan banklarga berilgan. Kichik korxonalarni tashkil etishda investitsiyalarning 40 % i kafolatsiz beriladi, xususan birinchi ikki yilda imtiyozli kreditlar beriladi. Kredit summasi 1 mln. markagacha, 20 yil muddatga 10 yil imtiyozli davr bilan beriladi.
Hukumat dasturlari hisobidan yangi tashkil etiladigan kichik korxonalar kapitalida xususiy investitsiya kompaniyalarining qatnashishlarini moliyalashtirish mumkin. Kiritiladigan ulush summasi 1,5 mln. markagacha bo’lib, muddati 10 yil qilib belgilangan. Risk bo’yicha javobgarlikni investisiya kompaniyalari olib boradi. Kreditlarni yoki kapitalga kiritilgan qarz ulushlarini qaytmaslik riskini 80 % ini o’z zimmasiga oluvchi ixtisoslashgan kafolat banklari mavjud. Bankning 60 % riskini esa bank joylashgan federal erlar qoplaydi. Barcha federal yerlarda KFV 10 yilga 5,6 % bilan kreditlar ajratadi. Innovatsiya faoliyatini moliyalashtirish uchun kichik korxonalar 10 yilga 10 mln. markagacha yillik 5 % stavka bilan kredit olishlari mumkin.
Janubiy Sharqiy Osiyo mamlakatlari orasida kichik va xususiy biznesga eng katta yordam, birinchi navbatda, ularni moliyaviy jihatdan qo’llabquvvatlash Yaponiyada amalga oshiriladi. Bu yerda har yili ana shu maqsadga 180 mlrd. iyenaa budjet mablag’lari ajratiladi. Bir qator idoralar va vazirliklar smetalarida maxsus moddalarda kichik korxonalar uchun mablag’lar ajratiladi. Kichik korxonalardavlat investisiyalari va qarzlari dasturlari doirasida ham moliyalashtiriladi. Biroq, bu mablag’lar kichik firmalarga bevosita emas, balki tijorat asosida tijorat kredit muassasalari orqali yo’naltiriladi. Bunday muassasalar jumlasiga, xususan, Yaponiya hukumati ishtrokida barpo etilgan Kichik biznes korporasiyasini kiritish mumkin. Uning asosiy faoliyat yo’nalishlaridan biri kichik korxonalarga imtiyozli davlat kreditlarini taqdim etishdir.
Mazkur korporatsiya har yili kichik firmalarga 20 mlrd. iyena miqdorida yordam ko’rsatadi. Kichik biznesni kreditlash va davlat qarzlarini berish mexanizmini ta'minlash maqsadida Yaponiyada Kichik biznesni sug’urtalash korporatsiyasi va kreditlarni kafolatlash assotsatsiyalari tashkil etilgan. Kichik biznes korxonalarini rag’batlantirish markaziy hukumatdan to kichik korxonalarning mustaqil birlashmalarigacha amalga oshiriladi. Markaziy va mahalliy hukumat organlari yukori texnologik ishlab chiqarishni tashkil etuvchi kichik korxonalarni subsidiyalaydi. Bunday korxonalarga davlat kreditlashni ta'minlash maqsadida kafil bo’lish va boshqa kredit kafolatlarini beradi. Subsidiyalar, qarzlar, kreditlar kichik biznes uchun quyidagi maqsadlar uchun imtiyozli shartlarda beriladi:
· ilm-fan korxonalarining moddiy-texnik bazasini yaratish;
· universitet va institutlar bilan hamkorlikda innovasiya loyihalarini ishlab chiqish;
· yengil va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish;
· yangi texnologiya va yangi tovar turlarini yaratish;
· mamlakatning ishlab chiqarishda qoloq hududlarda yangi kichik biznes korxonalarini tashkil etish va rivojlantirish.
Yaponiya YaIMning 60 % dan ortig’ini kichik biznes ulushigi to’g’ri keladi. Yaponiya iqtisodiyotida kichik biznes sohasi 30 mln kishini (shu jumladan 1,4 mln. kishi yakka tadbirkorlikda) ish bilan ta'minlaydi. Bu mamlakatda band bo’lgan aholining 70 % ini tashkil etadi. Ushbu sohada 4,7 mln korxona faoliyat yuritib, undan 32 % i ishlab chiqarishga, 42,6 % i ulgurjichakana savdoga va 25,4 % i xizmat ko’rsatish sohasiga to’g’ri keladi. Yaponiya hukumati sezilarli darajadagi budjet mablag’larini kichik biznesni qo’llabquvvatlash maqsadida ajratmoqda. 2006-yilda bunday mablag’lar 61,6 mlrd. iyenani tashkil etdi.
Bundan tashqarit kichik biznesni qo’llab-quvvatlash maqsadida har yili imtiyozli shartlarda davlat banklari tomonidan 26,8 trln. iyena (225 mlrd. dollar) va xususiy banklar tomonidan esa 233,3 trln. iyena (1,9 trln. dollar) kreditlar ajratiladi. 1986-yildan Yaponiya postindustrial rivojlanish yo’li bilan bozor iqtisodiyotiga o’tish jarayoni bilan ketmoqda. Kichik biznes sohasida ilmfanning yangi yutuqlarini moliyalashtirish rivojlantirildi va yetakchi katta korxonalar negizida kichik biznes infrastrukturasi tashkil etildi.
Lekin 1998-yilda Osiyo mamlakatlaridagi moliyaviy inqiroz kichik biznes sohasi rivojlanishini to’xtatib qo’ydi. Inqirozdan chiqish maqsadida Yaponiya hukumati 1991-yilning dekabrida "Kichik biznes to’g’risida"gi qonun (1963-yil №154) ga o’zgartirish kiritdi. Chunki innovatsiya faoliyatini rivojlantirish maqsadida kichik biznes bilan yirik biznes o’rtasidagi aloqani yo’lga qo’yish zarurati tug’ildi. Yangi tahrirdagi qonunda o’zaro moliyaviy qo’llab-quvvatlash fondlarini tashkil etish, moliyaviy resurslarga yo’lni ochish, kichik korxonalar ustav kapitalini oshirish va soliqqa tortishni optimallashtirish masalalari ko’rsatilgan. Bunda kichik biznes tarmog’i milliy iqtisodiyotning dinamik rivojlanishi manbasi sifatidagi roli oshdi. Kelajakda Yaponiyada kichik biznesni rivojlantirish innovatsion va venchur korxonalarni qo’llab-quvvatlash bilan bog’liq. Ishlab chiqarishdagi kichik biznes korxonalarining ustav kapitali uch marta oshirildi (2,54 mln. dollar). Natijada ularning ichki va tashqi bozorlardagi raqobatbardoshligi oshirildi. Ulgurji savdo korxonalari uchun ustav kapital 3,3 marta, chakana savdo korxonalari uchun 5 marta, xizmat ko’rsatish sohasidagilarda esa 5 marta oshirilib 424 ming dollarga etdi. Kichik biznesni rivojlantirishning davlat infrastrukturasiga 8 ta venchur, 57 ta hududiy va 267 ta mahalliy kichik biznesni qo’llab-quvvatlash markazlari kiradi. Mamlakatda ishlab chiqarishda sotilgan mahsulotlarning 55 % i va ishlab chiqarish hajmining 69 % i kichik biznes korxonalariga to’g’ri keladi. Ularning soni jami korxonlarning 99 % ini tashkil etib, 6,5 mln.dan oshadi hamda bu sohada band bo’lgan aholining 80 % i, ya'ni 40 mln kishi ishlaydi. Kichik biznes ishlari bilan Tashqi savdo va ishlab chiqarish vazirligi tarkibiga kiruvchi Kichik korxonalar boshqarmasi shug’ullanadi.
Davlat qo’shimcha ommaviy kreditlash tizimi orqali kichik biznesga beriladigan kreditlarni kafolatlaydi va sug’urtalaydi. Tizim kapital oqimini moliyaviy instrumentlardan kichik biznes korxonalariga oqib o’tishini ta'minlaydi. Davlat ushbu mexanizmni kreditlarni kafolatlash assotsiatsiyalari (2007-yilda ularning soni 57 tani tashkil etdi) va kichik biznesni sug’urtalash korporatsiyalari orqali amalga oshiriladi. Yaponiyada kichik biznesni asosan ixtisoslashgan tashkilotlar moliyalashtiradi. Jumladan, Ishlab chiqarish va savdo markaziy kooperativ banki ssuda kapitalining 90 % i xususiy sektor orqali ta'minlanadi. Kichik biznesni moliyalashtirish bo’yicha Davlat korporasiyasi qo’shimcha mablag’ga muhtoj sezadigan, xususiy moliyaviy institutlar oldida kreditga layoqatligi yetishmaydigan, asosan riskli tarmoqlarda faoliyat ko’rsatuvchi kichik biznes korxonalariga asosiy va aylanma kapitalni kengaytirish maqsadida uzoq muddatli imtiyozli kreditlarni berish bilan shug’ullanadi. Bunday kreditlar kichik summada, uzoq muddatga va garov talablarisiz ajratiladi. Shuningdek kichik biznesga berilgan kreditlarni kafolatlash hamda sug’urtalash maxsus tizim ham faoliyat yuritadi. Bu tizimda assotsiatsiyalar faoliyat ko’rsatib, kichik biznesni moliyalashtirish va kreditlarni sug’urtalash davlat korporasiyalari tomonidan ularning yo’qotishlari ta'minlanadi. Kichik va xususiy biznesni davlat tomonidan qo’llab-quvvatlash tizimida ularning davlat buyurtmalarini bajarishda qatnashishi muhim o’rin egallaydi. Rivojlangan mamlakatlarda davlat buyurtmalarini bajarish bir qator afzalliklarga ega. Bu ham moliyaviy qo’llab-quvvatlash, ham subsidiyalar, ham taqchil xom-ashyo bilan ta'minlash, ham boshqa imtiyozlarni tashkil etadi. Bundan tashqari, davlat buyurtmalarini bajarish davomida tadbirkor raqobatchilar to’g’risida tashvish chekmaydi, asbob-uskunalarni to’la, ishchi kuchidan unumli foydalanish imkoniyati yuzaga keladi. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar uchun barqaror va yuqori haq olinadi.
Shu sababli kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlari davlat buyurtmalarini bajarishda qatnashishi ularni davlat tomonidan qo’llabquvvatlashning o’ziga xos shakllaridan biri hisoblanadi. Ta'kidlash joizki, xorijiy amaliyotda o’rganish va qo’llash mumkin bo’lgan tajribalar mavjud. Jumladan, O’zbekistonda biror-bir budjetdan tashqari jamg’armaga kichik biznes vakillariga berilgan kreditlarni qaytmasligini kafolatlash vakolati berilmagan. Shunday ekan kreditlarni kafolatlash vakolatini Savdo-sanoat palatasi tarkibida yoki alohida boshqarma hukumat nomidan ish ko’rish va moliyalashtirish hamda unga qo’shimcha ravishda kichik biznesga yuridik va moliyaviy xizmatlarni ko’rsatish, arzon moliyaviy manbalarni taklif qilish, marketing xizmatlarini ko’rsatish, mehnat resurslari muammosini hal etish vakolatlari yuklatilishi mamlakat miqyosida kichik biznes salohiyatini oshirishga xizmat qiladi, qolaversa shu sohaga oid qonunchilikni ijro etish bo’yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish bugungi kunning dolzarb masalasi hisoblanadi.