1.2. Valyuta siyosatining asosiy usullari . Valyuta munosabatlari - tashqi savdo, iqtisodiy va ilmiy-texnik hamkorlik, xorijga kredit hamda qarzlarni berish va olish, valyuta va valyuta aktivlarini sotib olish bilan bog`liq bitimlarni amalga oshirishda ishtirok etadigan, valyuta bilan bog`liq munosabatlardir. Valyuta munosabatining ayrim elementlari - antik davrda - Qadimgi Gretsiya va Qadimgi Rimda - qarzga pul to`lashga berilgan tilxat va pul almashtirish shaklida paydo bo`lgan. Keyingi bosqich bo`lib, Yapon, Antverpen va G`arbiy Yevropani boshqa savdo markazlarida “veksel yarmarkalari” rivojlanishi bilan yuzaga chiqqan.
Bu davrda hisob-kitoblarni amalga oshirish, valyuta yordamida amalga oshirilgan. Feodalizm davrida va kapitalistik ishlab chiqarish rivojlanishida, xalqaro hisob-kitoblarni amalga oshirish tizimi banklar orqali rivojlandi. O`tgan asrga kelib esa, xalqaro munosabatlar o`zining mutlaqo yangi ko`rinishini boshdan kechirdi. Shunday qilib, xalqaro valyuta munosabatlari rivojlanishi, ishlab chiqarish kuchlari rivojlanishi, jahon bozori tashkil etilishi, xalqaro mehnat taqsimotini chuqurlashuvi, jahon xo`jaligining tarkibiy tuzilishi hamda xo`jalik munosabatlari baynanmilallashuvining natijasidir.
Valyuta munosabatlari ishtirokchilariga quyidagilar kiradi: davlat (hukumat, Markaziy va davlat banklari), xalqaro tashkilotlar, yuridik shaxslar (tijorat banklari, korxonalar: import va eksport qiluvchilar, birjalar) va jismoniy shaxslar (brokerlar, chayqovchilar va sayyohlar). Zamonaviy tashqi iqtisodiy aloqalarda, shu bilan birga valyuta munosabatlarida siyosat va iqtisodiyot, diplomatiya va tijorat, sanoat va savdo uyg`unlashib borayotganligini kuzatish mumkin.
Xalqaro valyuta munosabatlarining davlat tomonidan shakllantiriladigan huquqiy-tashkiliy shakli valyuta tizimi deyiladi. Milliy, hududiy va jahon valyuta tizimlarini ajratib ko`rsatish mumkin. Milliy valyuta tizimi deganda ma`lum davlatni, boshqa davlatlar bilan pulli hisob-kitoblarini amalga oshirishda qo`llaydigan usullari, instrumentlari va milliy organlarining umumiy yig`indisi tushuniladi. Milliy valyuta tizimi nisbatan mustaqil va faoliyat doirasi milliy chegaralardan chiqsada, u mamlakat pul-kredit tizimining tarkibiy qismi hisoblanadi. Milliy va jahon valyutalar tizimlari aloqasi va rivojlanishi, ularning elementlarida namoyon bo`ladi (1-jadval). Hududiy valyuta tizimi - milliy va jahon valyuta tizimlarining oraliq elementi hisoblanib, u mamlakatlar hududiy guruhi integratsiyasiga xizmat qiladi. Bunga misol qilib, Yevropa valyuta-iqtisodiy ittifoqini keltirish mumkin. Jahon valyuta tizimi - bu, alohida olingan milliy iqtisodiyotni jahon xo`jaligi bilan bog`lovchi mexanizmdir. Xalqaro kelishuvlar, ikkiyoqlama va ko`pyoqlama shartnoma va aktlar, jahon valyuta tizimining huquqiy asosini tashkil etadi.
Jahon valyuta tizimining asosiy maqsadi - eksport va import uchun to`lovlarni, tovar, kapital, xizmatlar va boshqa faoliyat turlarini amalga oshirishda xalqaro hisob-kitoblarni tashkil etish orqali samarali vositachilik qilish, shuningdek, xalqaro mehnat taqsimotini rivojlantirish uchun, mamlakatlar o`rtasidagi munosabatlarda qulay muhitni yaratishdan iborat. Jahon valyuta tizimi yordamida iqtisodiy resurslarning bir mamlakatdan boshqasiga ko`chishi yoki aksincha, ushbu jarayon chegaralanishi, milliy iqtisodiyot mustaqilligi cheklanishi yoki kengayishi, iqtisodiy muammolarni (masalan, ishsizlik, inflyatsiya) bir mamlakatdan boshqasiga “ko`chib o`tishi” mumkin. Jahon valyuta tizimi faoliyat yuritish va tartibga solishning alohida mexanizmlariga ega va jahon xo`jaligining global maqsadlarini ko`zlasada, u milliy pul va hududiy valyuta tizimlari bilan chambarchas bog`langan. Jahon valyuta tizimi xalqaro pul munosabatlari tashkil topishining tarixiy shakli bo`lib, u davlatlararo shartnomalar orqali mustahkamlangan.
Jahon, hududiy va milliy valyuta tizimlari doirasida, quyidagi moliyaviy operatsiyalar amalga oshiriladi:
1) Valyuta konvertirlanishi - milliy valyutani xorijiy valyutaga almashtirish;
2) Tijorat banklari va birjalarda valyuta oldi-sotdi operatsiyalari. Bu valyuta dilingi deyiladi. Hozirgi kunda, operatsiyalarning asosiy qismi naqd pulsiz holda amalga oshiriladi. Bir bankdan boshqasiga pul o`tkazish vakillik hisobvaraqlar orqali amalga oshiriladi. Banklararo amaliyotda LORO (Siz bizda) va NOSTRO (biz
siznikida) hisobvaraqlari mavjud.
3) Tijorat banklarining depozit-kredit deb nomlanuvchi, valyuta mablag`larini jalb qilish va joylashtirish bilan bog`liq operatsiyalari. Bu operatsiyalar - o`zaro kreditlash, o`z va jalb qilingan mablag`larni joylashtirish, kreditlarni taqdim etish, rasmiylashtirish va monitoring bilan bog`liq banklararo operatsiyalardir.
4) Tashqi savdo operatsiyalarida, xalqaro amaliyotda qabul qilingan turli shakldagi hisob-kitoblarda bank xizmati ko`rsatish;
5) Oltin va fond instrumentlari (mulkchilik titullari, obligatsiyalar, ikkilamchi moliyaviy instrumentlar va h.k.) sotish yoki sotib olish maqsadida, moliya bozorida amalga oshiriladigan operatsiyalar. Bu operatsiyalarning barchasi investitsiya maqsadlarida, shuningdek, chayqovchilik yoki xejerlash (sug`urta) maqsadlarida amalga oshiriladi. Banklar ushbu operatsiyalarni o`z nomidan yoki mijoz topshirigiga ko`ra amalga oshiradilar;
6) Kredit (debit) kartochkalarining egalariga xizmat ko`rsatish bilan bog`liq operatsiyalar;
7) Bank xalqaro transfertlari (dividend, foiz, pensiya to`lovi, aliment, hadyalar, sayyohlarga xizmat ko`rsatish va h.k.) amalga oshirish. Zamonaviy valyuta tizimi, uning ham hududiy (geografik jihatdan), ham vaqt jihatdan (kechayu-kunduz ishlovchi valyuta bozori), ham texnologik jihatdan (axborot texnologiyalari va tarmoqlarining yaxlitligi) globallashganligi bilan tavsiflanadi.
Zamonaviy valyuta tizimining globallashuvining o`ziga xos jihatlari quyidagilardan iborat:
• valyuta kurslari va foiz stavkalarining kutilmaganda va keskin o`zgarishi bilan tavsiflanadigan bozor mexanizmi;
• bir tomondan, oldindan kutilmagan voqealarga (neft falajlari yoki Germaniyaning birlashuvi kabi) tezda moslashishga zarurat, boshqa tomondan, mamlakatlar hukumatlarining inflyatsion siyosat yuritishi va davlat qarzdorligi o`sishi siyosatidan kafolatlovchi ma`lum xalqaro tartibga solish instrumentlarini yaratish. Jahon valyuta tizimining eng asosiy xususiyati shundaki, u har doim o`zgarib, rivojlanib turadi.
Bu o`zgarishlarning eng umumiy sabablari - jahon xo`jaligini rivojlantirishdagi xalqaro hamkorlikning kuchayishi, tovar ishlab chiqarish va bozorlarning baynalminallashuvidir. Bugungi kunda uni tartibga solish mexanizmlarining doimiy o`zgarishi va valyuta tizimining barqarorligi, valyuta tizimining evolyutsiyasi bilan qanchalik mos tushishiga bog’liq. Xalqaro valyuta tizimlarining ma’lum shakllari, ishlab chiqarishning rivojlanishi, xalqaro aloqalar, milliy pul tizimlari, jahon maydonidagi kuchlar nisbatiga, yetakchi mamlakatlarning manfaatlariga qarab belgilanmoqda.