25-modda. Valyutani nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar o‘tkazish chog‘ida rezidentlar hamda norezidentlarning huquq va majburiyatlari
O‘zbekiston Respublikasida valyuta operatsiyalarini amalga oshiruvchi rezidentlar va norezidentlar quyidagi huquqlarga ega:
valyutani nazorat qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv materiallari bilan tanishish;
valyutani nazorat qiluvchi organlarning harakatlari ustidan shikoyat qilish;
valyutani nazorat qiluvchi organlar va ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari (harakatsizligi) natijasida yetkazilgan haqiqiy zararning o‘rni qoplanishi.
Valyuta operatsiyalarini amalga oshiruvchi rezidentlar va norezidentlar:
valyutani nazorat qiluvchi organlarga so‘ralayotgan valyuta operatsiyalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi barcha hujjatlarni va axborotni taqdim etishi;
valyutani nazorat qiluvchi organlarga tekshiruvlar o‘tkazish jarayonida, shuningdek ularning natijalari bo‘yicha tushuntirishlar berishi;
valyuta operatsiyalarining hisobini yuritishi va hisobotlarni tuzishi, shuningdek ularning saqlanishini ta’minlashi;
valyutani nazorat qiluvchi organlarning aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etishga doir talablarini (ko‘rsatmalarini, taqdimnomalarini) bajarishi;
valyutani nazorat qiluvchi organlarni tekshiruvlarni amalga oshirayotgan chog‘da ularning o‘z binolariga kirishini, hujjatlaridan va avtomatlashtirilgan ma’lumotlar bazalaridan foydalana olishini ta’minlashi shart.
Dostları ilə paylaş: |