Murodova D


Eftaliylarning siyosiy tarixi



Yüklə 388,77 Kb.
səhifə4/22
tarix16.05.2023
ölçüsü388,77 Kb.
#113934
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   22
Eftaliylarning siyosiy tarixi.
Eftaliylarning tarix sahnasidagi siyosiy hayoti Eron sosoniylari siyosiy tarixi bilan chambarchas bog‟liqdir. Buning asosiy sababi o‟sha davrning yirik imperiyalaridan biri sanalgan sosoniylar davlatining bir necha bor eftaliylar davlatiga da‟vo qilganligidir. Buning misoli sifatida Forslar shohi Ardashir Papakanning (222-241 yy.) qo‟shinlari Parfiya shohi Artaban V ning qo‟shinlarini 224 yilda mag‟lub etib, o‟z bosib olgan hududlarida mustahkam o‟rnashib olgach sosoniylar Markaziy Osiyoni egallashga bir necha bor urinib ko‟rganliklarini ta‟kidlash mumkin.
Ammian Marcellinning ma‟lumotlariga ko‟ra sosoniy shohi Shopur II (309-379) xioniy qabilalariga qarshi jang uchun o‟zining katta qo‟shini va mablag‟ini sarflashga to‟g‟ri kelgan. Shopur II 357-358 yillarda xioniylar bilan ittifoqchilik shartnomasini tuzgach yurtiga qaytib ketadi. Ittifoqchilik shartnomasiga ko‟ra Shopur II va Rim imperatori Konstantin II (337-361 yy) o‟rtasidagi Amida (hozirgi Diyorbakir.
Turkiya) shahrini egallashdagi bo‟lgan jangda 359-yilda hioniylar ishtirok etadilar. Ammian Marcellinning yozishicha Grumbat boshchiligidagi xioniy qo‟shinlari shaharning janubiy darvozasini ishg‟ol etadilar. Bu jangda Grumbatning o‟g‟li vafot etadi. Bu jangdagi g‟alaba tufayli shaharning sharqiy qismi xioniylarga o‟tadi.11
IV asrning 60-yil oxiri – 70-yil boshlarida Shopur II poytaxti Balx shahri bo‟lgan kushonlar bilan ikki bor jang qiladi. Ushbu janglar tarixi bizga arman tarixchisi F. Buzand (IV-V asrlar) asarlaridan ma‟lum. Ushbu jang kushonlarning g‟alabasi bilan tugaganligini, ikkinchi jang esa ularning mag‟lubiyati bilan tugaganligini arman tarixchilari bayon etadilar.
Sosoniy shohi Shopur II ning Markaziy Osiyoda hukmronlik qilayotgan qabilalar bilan bolgan jangi manbalardagi turli chalkashliklar tufayli olimlar o‟rtasida ko‟plab bahslarga sabab bo‟lmoqda. A. Gubayeva fikricha Shopur II ning xioniylar bilan bo‟lgan jangi natijasida xioniylar Dahistonni egllaydilar. V.G. Lukonin ma‟lumotiga ko‟ra esa IV asrning 60 - yillari oxirida Sosoniy shohi Kushonlar shohi bilan to‟qnashadi, bu jangda unga xioniylar ittifoqchi bo‟ladilar. E.V. Zeymal fikricha o‟sha paytda kushon shohi F. Buzand keltirgan ma‟lumotidagi “Buyuk kushon shohi -Arshakun”, bu so‟nggi kushon podsholaridan biri Vasudeva bo‟lgan.
Boshqa bir qator olimlar (M.M. Dyakonov, A.M. Mandelstam,
V.M. Masson) Shopur II kidariylar bilan to‟qnash kelganliklarini va unda sosoniylarga xioniylar ittifoqdosh bo‟lganliklarini ta‟kidlaydilar. L.X. Ter-Mkrtichyanning ta‟kidlashicha esa Shopur II ga qarshi turgan qabila bu faqat xioniylar bo‟lib, o‟sha davrda ular O‟rta Osiyoda mutloq hukmron edilar. R. Frayning ta‟kidlashicha esa kushonlarning shuhrati shu qadar ulkan bo‟lganki, xatto ularning avlodi eftaliylar va Shohlar sulolasi bo‟lgan Qobul hukmdorlari ham o‟zlarini to arablar bosqiniga qadar o‟z sulolalari tarixini kushonlarga borib taqaganlar.
B.Ya. Staviskiy va B.I. Vaynberg numizmatik materiallarni tahlil etgan holda Shopur I (383-388) va Varahran IV (388-399) hukmronligining so‟nggi yillarida sobiq Kushonlar Baqtriyasida kidariylar va hioniylarning tangalari zarb etila boshlanganligi va ushbu hudud bu paytda mustaqil bo‟lganligini ta‟kidlaydilar.12
Dostonlarda Baxrom Go’r nomi bilan mashhur bo‟lgan forslar shohi Varaxran V (420-438 yy) hukmronligigacha bo‟lgan davrda forslarning O‟rta Osiyo chegaralaridagi janglari haqida axborotlar deyarli ma‟lum emas.
O‟rta asr tarixchilari at-Tabari (839-923), ad- Dinavoriyning (IX asr) ma‟lumotiga ko‟ra Bahrom Go‟r hukmronligi paytida Eronga xoqon boshchiligida “turk”larning ulkan qo‟shini bostirib kiradi. Ikki o‟rtadagi janglar tafsiloti mualliflar tomonidan qiziqarli bayon etilgan. Unga ko‟ra Bahrom Go‟r ayyorona yo‟l tutib turklar ustidan g‟alaba qozongan.13
Shu o‟rinda o‟rta asr arab va fors manbalarida keltirilgan va forslar shohi Varahran V bilan jang qilgan “turklar” aslida kimlar ekanligini aniqlash muhim. Bu borada hozirda olimlar o‟rtasida yagona fikr mavjud emas. Bir guruh olimlar (I.Markvart, M.E. Massun, E.E. Nerazik, S.V. Vyazigin, B.G‟. G‟ofurov, K.B.Trever, A. Gubayev) eron shohiga qarshi xioniylar jang qilgan desalar, boshqa bir guruh olimlar (A. N. Bernstam, M.M. Dyakonov, A.M. Mandelstam, S.P. Tolstov, P.G. Bulgakov) ular- eftaliylar, yana bir guruh olimlar esa (L.N. Gumilev va boshqalar) kidariylar bo‟lgan degan fikrni ilgari suradilar. A. N. Pigulevskaya esa aniq bir xalq nomini keltirmaydi va Varaxran V xun qabilalari bilan jang qilganligini ta‟kidlaydi. 14
Arman manbalarining guvohlik berishicha Varaxran V ning o‟g‟li Yazdigird II (438-457), o‟z oldiga istilochilik maqsadlarini qo‟yadi va uning butun hukmronlik davri O‟rta Osiyo xalqlariga qarshi janglar bilan bog‟liq. Yazdigird II ning xioniy – eftaliylarga qarshi olib borgan ko‟p yillik janglari besamar ketadi.
O‟rta asr tarixchisi at-Tabari ma‟lumotiga ko‟ra eftaliy shohi Axshunvor (Vaxshunvor, ba‟zi manbalarda Xushnavoz) qo‟l ostida 457 yilda Gurdjiston, Toxariston, Balx, Badaxshon hududlari bo‟lgan.
Shu o‟rinda eftaliylar shohi nomining kelib chiqishiga doir turli bahslar ham mavjudligini ta‟kidlash joiz. V.A. Livshits bu ism so‟g‟dcha o‟qilib sharqiy eron tilidan kelib chiqib “shohlikni himoya qiluvchi” ma‟nosini anglatgan desa; S.Gomech eftaliy shohi Aksungur deb atalganini ta‟kidlaydi, Vizantiya tarixchisi F. Simokatta uni Eftalan,
Axshunvor deb tilga oladi. Maxmud Qoshg‟ariy uni Axshundar deb tilga olsa, A.Vamberi esa Akshunkar (Aksongar), yani turkchada oq shunqor , ma‟nosini anglatganini ta‟kidlaydi15. L.N Gumilev esa eftaliy shohining Xushnavoz deb atalgani uni fors tilida “iste‟dodli musiqachi” ma‟nosini anglatganini ta‟kidlaydi. B.X. Karmisheva Surxondaryo chegarasidagi Vaxshuvorni tahlil etib, bu nomning eftaliy shohi nomiga o‟xshashligini e‟tirof etadi.
Eftaliylar va sosoniylar o‟rtaisdagi janglar Pero’z (459-484) davrida avj oladi. Yazdigird II vafotidan so‟ng 457-yilda uning ikki o‟g‟li Xormizd va ukasi Pero‟z ortasida taxt uchun kurash boshlanadi. Xormuzd taxtni egallagach Pero‟z eftaliylar davlatiga qochib ketadi va ulardan taxtni egallashda yordam berishlariga umid qiladi. Firdavsiy ma‟lumotlariga ko‟ra eftaliy shohi Faganish Pero‟zga Termiz va Vashgird (Vaxsh va Kofirnihon oralig‟idagi shahar) shahri evaziga 30 ming harbiy qo‟shin beradi. Eftaliylar yordami bilan Pero‟z o‟z akasini 459-yilda mag‟lub etadi va shohlik taxtini egallaydi. Shu yili Pero‟z eftaliy shohi Vaxshunvor bilan ittifoqchilik shartnomasini tuzadi. 16
Kidariylar ustidan g‟alaba qozongan Pero‟z ittifoqchilik shartnomasi tuzilganligiga qaramay eftaliylarga qarshi jangga tayorlanadi.
Ad-Dinavoriy ma‟lumotiga ko‟ra urushning sababi Tohariston aholisining eftaliylardan noroziligi va Pero‟zdan yordam so‟raganligi bo‟lgan. Bu paytda eftaliylar davlati tarkibiga Kaspiy dengizining sharqiy qirg‟oqlari, Turkmaniston cho‟llari, Amudaryo oqimi bo‟ylab joylashgan hududlar, Murg‟ob va Tajan daryolarining yuqori oqimidagi hududlar (Shimoliy Afg‟oniston) kirgan.
Ba‟zi ma‟lumotlarda Pero‟zning eftaliylar ustiga hujumi 457 yilda, boshqa ma‟lumotda esa 482-yilda boshlangan va Pero‟zning mag‟lubiyati bilan tugaganligi ta‟kidlanadi.
Prokopiy Kesarskiy ma‟lumotiga ko‟ra Pero‟z eftaliylarga ularning ayyorona va aqlan o‟ylab topgan rejalari asosida asirlikka tushib qoladi. Eftaliylar shohi Pero‟zga shunday badal to‟lashini aytadiki uni Pero‟z xursandlik bilan qabul qiladi. Pero‟zni ozod etish sharti bu – juda katta miqdordagi oltin edi. Talab etilgan to‟lov Vizantiya imperatori Zenon (479-491-yy.) tomonidan beriladi. Chunki sosoniylar Kavkazning tog‟li hududlarida sosoniylar qal‟a va gornizonlarni qo‟l ostida ushlashi va u yerdan dushmanni o‟tkazib yubormaslik sharti bilan Vizantiya imperiyasi ularga subsidiya to‟lashi lozim bo‟lgan.
Eftaliylar va Pero‟z o‟rtasidagi jang tafsilotlari Ibn al-Fakih tomonidan ham qiziqarli tarzda bayon etilgan. Manbalarda Pero‟zning eftaliylar ustiga uch bora yurish qilgani bayon etiladi. Birinchi yurishi muvaffaqiyatsiz chiqqach u ikkinchi bor yurish boshlaydi. S.P. Tolstovning ta‟kidlashicha Pero‟zning ikkinchi yurishi 479-yilda sodir bo‟lgan. Ikkinchi bor asirlikka tushgan Pero‟z eftaliylarga o‟z ozodligi uchun katta miqdorda kumush tanga, shu bilan birga chegara shahar Talakanni eftaliylarga qaytarib berishi kerak bo‟lgan.
Pero‟zning uchinchi jangining sababi Prisk Paniyskiy ma‟lumotiga ko‟ra Pero‟zning kidariylar shohiga xotinlikka o‟z singlisini emas kanizakni yuborganligi ma‟lum bo‟lib qolgach o‟zini xaqoratlangan deb his qilganligi uchun shoh Kunha Pero‟zdan o‟ch olmoqchi bo‟ladi. Unga noma yuborib Pero‟zdan tajribali xarbiylaridan yuborishini iltimos qiladi. Yolg‟oni fosh bo‟lganligidan bexabar Pero‟z Kunxaning talabini qondiradi. Pero‟zning yolg‟oniga javoban kidariylar shohi u yuborgan xarbiylarni ayanchli ahvolga soladi. Ana shu voqea ikki o‟rtada yana jang boshlanishiga sabab bo‟lgan17. Prisk Paniyskiy bu yerda O‟rta Osiyoda yashagan xun qabilalarini “kidariylar” deb atagan va tilga olgan. Bal‟amining ma‟lumotuga ko‟ra Pero‟z bu jangni bosh kohin va xarbiy qo‟shinnig qarshiligiga quloq solmay boshlab yuboradi. Urush haqidagi xabar eftaliy shohiga yetib kelgach ular Pero‟zga ogohlantirish nomasi yuboradilar, lekin bunga Pero‟z bepisand qaraydi. Shunda eftaliylar sosoniylarga tuzoq qo‟yadilar. Bu safar ham jang eftaliylarning g‟alabasi bilan tugaydi. Pero‟z va uning yetti o‟g‟li vafot etadi. Pero‟zning tirik qolgan Kubod ismli o‟gli, ham keyinchalik eftaliy shohiga xotin bo‟lgan qizi asirga tushadi. Lekin arman va vizantiya manbalarida Pero‟zning jasadi o‟lganlar orsida topilmaganligi kelatiriladi.
M.M. Dyakonov va A.M. Mandelstamning ta‟kidlashicha Pero‟zdan so‟ng taxtga o‟tirgan uning ukasi Balash (484-488-yy.) eftaliylarga har yili o‟lpon to‟lagan, sosoniylar bu o‟lpondan faqatgina Husrav I Anushirvon davrida ozod bo‟lgan.
V.M. Masson esa sosoniylarning eftaliylarga bo‟ysungan davrini numizmatik materiallar asosida 484-545-yillar deb ta‟kidlaydi. Chunki Balash, Kubod, Xusrav I tangalarida eftaliy tilida yozuv bitilgan.
Iyeshu Stilitning ma‟lumot berishicha Balash sosoniy kohinlari va amaldorlari tomonidan taxtdan ag‟darilgach uning o‟rniga Pero‟zning eftaliylar dargohida bolaligida tutqunlikda ushlab turilgan o‟g‟li Kubod o‟tiradi.
V asrning so‟nggi choragida Eronda ko‟tarilgan Mazdak boshchiligidagi qo‟zg‟olonni qo‟llab quvvatlagan shoh Kubod saroy a‟yonlari va kohinlari tomonidan zindonband qilinadi va mahfiy o‟limga hukm qilinadi. Kubod xotini yordamida u yerdan qochib qutiladi va eftaliylar davlatiga yo‟l oladi. U yerda Kubod bir paytlar eftaliylar shohiga xotin bo‟lgan o‟z singlisining qiziga uylanadi. Shu tariqa eftaliylarga kuyov bo‟ladi va har yili ularga o‟lpon to‟lashiga to‟g‟ri keladi. Shu yillarda Kubodning Vizantiya bilan munosbatlari keskinlashib ketadi. Bunga sabab Vizantiya imperatori Anastasiy I ning eftaliylarga o‟lpon tolash uchun Kubodga yordam berishdan bosh tortgani bo‟lgan. Kubod bu masalani jang yo‟li bilan hal qilishni afzal ko‟radi va bu jangda 502yilda eftaliylar ittifoqchi sifatida ishtirok etadilar. 506-yilda sosoniylarning Vizantiya ustidan g‟alabasi tufayli eftaliylarga Kubod katta miqdorda oltin hadya etadi.
U.Mak Governning ta‟kidlashicha Kubod eftaliylar bilan ittifoqni buzib ularga qarshi 503-yildan 513-yilgacha davom etgan urush olib boradi. A.N. Bernshtamning ma‟lumotiga ko‟ra Kubod 513-yilda eftaliylarni tor-mor etadi va eftaliylar turklarning ta‟siriga tushib qoladi. Shu o‟rinda eftaliylarning ulkan davlat tuzishdagi harakatlariga e‟tibor qaratish lozim. Sosoniylar ustidan ga‟alaba qozongan eftaliylar o‟z davlati chegaralarini kengaytirish maqsadida V asr boshlarida janub tomonga qarab xarbiy yurishlarni davom ettiradilar. Hind manbalarida Gupta dinastiyasi hukmdorlari eftaliylar (ular “xun” nomi bilan tilga olinadi) bilan janglar olib borganliklari haqida ma‟lumot keltiriladi. V.M. Massonning ta‟kidlashicha 460-yillarda eftaliylar Hind daryosining o‟rta oqimidagi yerlar – Gandharani (hozirgi Pokiston hududlari) egallaydilar. S.P. Tolstovning ta‟kidlashicha V asr oxirlarida eftaliylarning yo‟lboshchisi Toraman 490-515-yillarda Gupta imperiyasining qarshiligini yengib Sind, Radjastan va Jamna-Ganga vodiylarini egallaydi. Hindistondagi eftaliylarning tangalarida Markaziy Osiyodagi eftaliylarning tangalaridan farqli holda hindcha yozuvlar paydo bo‟ladi.
Toraman vafotidan so‟ng taxtga 515-544-yillarda uning o‟g‟li Mihirakul o‟tiradi. U o‟z davlatining poytaxti etib Sagalani (hozirgi Sialkot shahri) tanlaydi. VII asr xitoy sayyohi Syuan Tszanning yozishicha Mihirakul butun Hindistonni o‟ziga bo‟ysundiradi. Kashmirning “Radjatarangini” deb nomlangan tarixiy solnomasida Kalxan Mixirakulni buzg‟unchilik xudosi bilan tenglashtirb, uning shohlik taxtini egallaganligi haqida yozadi. Mixirakul o‟z davlati sarhadlarini shimoliy-g‟arbiy Hindistonning Djamna-Gangasidan tortib Gvaliorgacha kengaytiradi va u yerda o‟z nomiga atab Mihirapur shahrini bunyod etadi. Aynan shu davrda Hindistonda eftaliy hukmdorlari o‟z saltanatining yuqori cho‟qqisiga ko‟tariladi. Lekin 533-yilda u Aulikar sulolasining hukmdori Yashodharman tomonidan mag‟lub etilib asirga tushadi. Aynan shu paytda Mihirakulning ukasi unga qarshi bosh ko‟taradi, bu vaziyatda shoh poytaxt Sakalani tashlab chiqib ketishiga to‟g‟ri keladi. Mihirakul garchi mag‟lubiyatga uchragan bo‟lsada Gandhara va bir qator qo‟shni hududlarni o‟z qo‟lida saqlab qolishga muvaffaq bo‟ladi.
Mihirakulning avlodlari keyinchalik katta kuchga ega bo‟la olmadilar, shuning uchun ham ularning Hindistondagi hokimiyati zaiflashib bordi. Lekin shunday bo‟lsada badiiy va epigrafik manbalar ularning VII asrda ham hind hukmdorlariga qarshi kurash olib borganliklari haqida ma‟lumot beradi.
Eftaliylar davlati sarhadlari Sharqiy Turkiston hududlariga ham yetib brogan. Eftaliylar tomonidan 479-yili Sharqiy Turkiston, 490-497- yillarda Urumchi davlat tarkibiga qo‟shib olingan. 495-yilda janubiy teleutlar, 496-yilda esa shimoliy teleut qabilalari yerlari bosib olindi. Shunday qilib VI asr boshlaridayoq Sharqiy Turkiston eftaliylar qo‟liga o‟tadi.
516-520 va 526-yillarda eftaliylarning elchilari Janubiy Xitoyga, Lyan imperiyasiga tashrif buyuradilar. Bu elchilikdan maqsad Vey imperiyasiga qarshi ittifoq tuzishdan iborat bo‟lgan. 522-yilda Xara-Xoto viloyati juan-juan hukmdori Polomen xitoyliklarga qarshi bosh ko‟taradi va eftaliylar tomon qochishga urinadi, lekin uni Vey qo‟shinlari tutib olib qatl etadilar. Shu o‟rinda aytib o‟tish joizki eftaliylarning juanjuanlar bilan qarindoshlik aloqalari bo‟lgan. Polomenning uch singlisi eftaliy hukmdorlarga turmushga chiqqan.
Shunday qilib, eftaliylar O‟rta Osiyoning katta qismini- Sharqiy Turkistonni va Hindistonnig ko‟plab hududlarini o‟z qo‟l ostilarida birlashtirib VI asr boshlarida yirik imperiyaga asos soladilar. Lekin VI asrning ikkinchi yarmiga kelib eftaliylar shimoldan turk hoqonlogi, janubdan sosoniylar davlati zarbasiga uchraydi. Chunki bu davrda Markaziy Osiyo tarixida muhim rol o‟ynagan Turk xoqonligi tashkil topadi (551-774 yy.). Turk xoqoni Bumin (551-552) 551-yilda ularning ustidan hukmron bo‟lib kelgan juan-juanlarga qarshi urush boshlaydi. Qora (552-553 yy.) va Mug’on davrida (553-572 yy.) turklar juanjuanlar ustidan butunlay g‟alabaga erishib kuchli davlat birlashmasini tashkil etdilar. 554 yilda Buminning ukasi Yabg‟u hoqon Istemi tez orada Markaziy Qozog‟iston, Yettisuv va Xorazmni bo‟ysundirdi. 555- yilda ular Orol dengizi bo‟ylariga va eftaliylar davlati chegaralariga yetib boradilar. 553-554-yillarda sosoniylar va turklar o‟rtasida qarindoshlik ittifoqi o‟rnatildi. Sosoniy shohi Husrav I turk hoqoni Istemining qiziga uylanadi.
Turklar dastlab Chochni bo‟ysundiradilar. Turklar bilan bir vaqtning o‟zida sosoniy podsho Husrav I Anushirvon Amudaryodan janubda joylashgan yerlarni egallaydi. Eftaliylar va turklar o‟rtasidagi janglar tafsiloti at-Tabariy tomonidan yozib qoldirilgan. Uning ma‟lumotiga ko‟ra turk hoqoni Sinjibu (Istemi) kuchli va dovyurak bo‟lib ko‟p sonli askarlarga ega bo‟lgan.
566-yildagi sosoniylar va turklar o‟rtasidagi kelishuvga binoan Husrav I Anushirvon eftaliylarga tegishli bo‟lgan Amudaryoning janubidagi yerlar: Sind, Bost, Ar-Rohadj (Arahosiya), Zabuliston. Dardiston, Qobuliston va Chog‟aniyonga ega bo‟ladilar. Turklarga esa So‟g‟diyona, Shosh, Farg‟ona va Sharqiy Turkiston tegadi. Eftaliylar davlati masalasida ikki ittifoqdosh davlat o‟rtasida urushning kelib chiqishiga oz qoladi. Bunga sabab Sharqiy Turkiston yerlari edi. Shu bilan birga turklar sosoniylardan o‟lpon to‟lashni va so‟g‟d savdogarlarini Eron hududida bemalol savdpo qilish imkonini yaratishni so‟raydilar. Bu talabni Husrav I rad etgach turklar urush e‟lon qiladilar, lekin sosoniylar chegarasiga yetgach mustahkam qal‟aga duch kelib ortga qaytadilar. 571-yilda esa ikki davlat o‟rtasida tinchlik sulhi o‟rnatilgach chegara hudud etib Amudaryo belgilandi.

Yüklə 388,77 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   22




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin