Ajratilgan server va Protokol Har xil kompyuterlar va turli dasturlar tarmoq aloqasi jarayonida bir- birlarini tushunish uchun maxsus texnik qoidalar qo`llaniladi. Tarmoq sohasida bunday qoidalar to`plami protokol (bayonnoma) deb ataladi. Hozirgi kunda eng ko`p qo`llanilayotgan protokol – TCP/IP dir. Bu protokol funksiyasini oddiy pochta xizmatiga o`xshatsa bo`ladi. Agar siz xatni jo`natmoqchi bo`lsangiz, uni konvertga joylashtirasiz, konvert ustiga jo`natuvchi va qabul qiluvchi manzillarni yozasiz va keyin pochta qutisiga tashlaysiz. Xatingiz qanday qilib manzilga yetadi, qaysi pochta bo`limlarida bo`ladi, qaysi pochtalyon olib boradi sizga farqsiz. Asosiysi xat tez va butun yetib borishi. Huddi shunday TCP/IP protokoli tarmoqda ishlaydi. Jo`natiladigan ma`lumot paketga joylashtiriladi va paketga jo`natuvchi va qabul qiluvchi kompyuter manzillari yoziladi va tarmoqqa uzatiladi. Shunday qilib tarmoqning bitta marshrutizatoridan (yo’l ko’rsatadigan maxsus qurilma yoki kompyuter) manzilga qarab eng qisqa yo`llarini tanlab, keyingi marshrutizatorga uzatilib, paket kerakli manzilga yetkaziladi. Faqat oddiy pochtadan farqi ma`lumotni yetkazish vaqti kunlar bilan emas, soniyalar bilan o`lchanadi.
Tarmoqning uzatish yo`llari tiqilib qolmasligi uchun TCP protokoli katta hajmli ma`lumotlarni kichik qismlarga bo’lib, alohida paketlarda uzatadi. Har bir paket internetda IP protokol xizmati yordamida alohida sayohat qiladi. Paketlar manzilga yetgach, TCP protokoli bo`lingan ma`lumotni yig`adi va boshlang`ich holatiga keltiradi. Agar qandaydir paket manzilga yetib kelmasa, TCP protokol uni takroran jo`natishni talab etadi, toki ma`lumot butun yetib kelmagungacha. Shuning uchun TCP/IP ishonchli protokol deb aytiladi.
Aslida, TCP/IP – bu protokollar oilasi hisoblanadi. Unnig ichida bir necha boshqa protokollar ham mavjud:
* UDP (User Datagram Protokol) – TCP protokoliga o`xshash, lekin ishonchsiz (paket yetib borganini e`tiborga olmasdan ishlaydi). Bu protokol baland tezlikda ishlaydigan jarayonlarda, masalan, videokonferensialarda va tarmoqning maxsus xizmatlari uchun qo’llaniladi.
* FTP (File Transfer Protokol) – bu fayllarni tarmoqda uzatish protokoli. Kompyuterdan kompyuterga fayllarni uzatish imkoniyatini yaratadi va o`zining ishida TCP protokoliga tayanadi.
* SMTP (Simple Mail Transfer Protokol) – elektron pochtaning uzatish sodda protokoli. Tarmoqning ikkita ihtiyoriy nuqtasi orasida pochta jo`natuvini ta`minlaydi.
* Telnet – masofadagi kompyuterlarda har xil amallarning bajarilishini ta`minlaydi. Bu holatda foydalanuvchining kompyuteri terminal (ma`lumot jo`natuvchi) rolini o`ynaydi. Siz buyruqlarni kiritasiz, ular masofadagi kompyuterda bajariladi va sizning ekraningizda ularning natijasi namoyon bo`ladi.
* HTTP (Hyper Text Transfer Protokol) – gipermatnni uzatish protokoli. WWW – texnologiyasi asosida ishlaydi.
Bundan tashqari, ko`plab, boshqa protokollar ham mavjud, lekin ular bilan foydalanuvchilar kamroq uchrashishadi. Kerak bo`lsa maxsus adabiyotlardan ular haqida ma`lumot olish mumkin.