Zamonaviy dunyoda axborot xavfsizligi eng birinchi o’rinda e’tibor qaratilishi kerak bo’lgan jihatlardan biri hisoblanadi. Siz, oilangiz yoki faoliyatingizga aloqador har qanday shaxsiy ma’lumot bugungi kunda g’araz niyatli kishilar qo’liga tushsa juda kuchli qurolga aylanishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqlar va televideniyada internet orqali shaxsiy ma’lumotlarning tarqalishiga yoki o’g’irlanishiga bog’liq jinoyatlar ko’p yoritilmoqda. Tafsilotlarga e’tibor bersangiz, bir qarashda ahamiyatsiz deb bilingan kichik ma’lumotlar kishilarga ma’naviy, ruhiy va moddiy zarar yetkazayapti. Ko’ngilsizliklarning oldini olish uchun har bir kishi o’zi uchun shaxsiy va oilaviy/jamoaviy axborot xavfsizligi haqida umumiy ma’lumotga ega bo’lishi kerak. Internet texnologiyalarining hozirgi rivojlanish davrida esa axborot xavfsizligi nafaqat kattalar, balki bolalarga ham mukammal o’rgatilishi kerak bo’lgan soha bo’lib qolmoqda.
Axborot xavfsizligi nima?
Axborot xavfsizligi nima?
Sizga ta’luqli bo’lgan, begonalar bilmasligi kerak bo’lgan har qanday shakldagi ma’lumotning xavfsiz saqlanishi axborot xavfsizligi deyiladi. Axborot tushunchasi har qanday shakldagi ma’lumotni anglatishi mumkin. Telefoningizdagi parol, pasportingizdagi ma’lumotlar, kompyuteringizdagi xujjatlar, stolingiz tortmasida turgan maxfiy ish xujjatlari, qog’oz xat orqali va messenjerlardagi yozishmalar, telefon so’zlashuvlari tarixi, har qanday ovozli yozuv va video tasvirlar axborot shakllariga ba’zi misollar bo’lishi mumkin. O’zingizga tegishli har qanday shaxsiy axborotni har doim xavfsiz saqlashingiz kerak.
Internet texnologiyalarining rivojlanishidan oldin axborotni saqlash nisbatan oson bo’lgan. Boshqalar bilmasligi kerak bo’lgan qog’ozda yozuv shaklidagi, kassetada ovoz shaklidagi yoki boshqa vosita va shakldagi ma’lumotni mustahkam seyfga solib qulflab qo’yishingizni o’zi kifoya bo’lgan. Hukumat idoralari, banklar va boshqa maxfiy xujjatlar bilan ishlovchi tashkilotlarda ham axborot xavfsizligi oson hal qilingan: «o’ta sirli» tamg’asi bilan xujjatni seyfga tiqib, seyf turgan xona eshiklarini mustahkam qulflab, binoga bir nechta qorovul tayinlash bilan axborot xavfsizligiga erishilgan. U zamonlar o’tdi endi.