MIRZO ULUG‘BEK NOMIDAGI O‘ZBEKISTON MILLIY UNIVERSITETI
JIZZAX FILIALI
“PSIXOLOGIYA” FAKULTETI
“IJTIMOIY VA IQTISODIY FANLAR” KAFEDRASI
“JAHON IQTISODIYOTI VA XALQARO IQTISODIY MUNOSABATLAR” FANIDAN
MUSTAQIL ISH Topshirdi: 924-20-guruh talabasi: Mamatqulov Miromon
Qabul qildi:
Reja: 1.1. Valyuta va valyuta munosabatlari tushunchasi. 1.2. Valyuta munosabatlarining asosiy ishtirokchilari. 1.3. Valyuta tizimi va uning asosiy funktsiyalari hamda elementlari.
1.1. Valyuta va valyuta munosabatlari tushunchasi Har qanday davlat iqtisodiyotida pul muhim ahamiyat kasb etadi. Pul munosabatlari jamiyatning ishlab chiqarish, taqsimot, muomala va iste’mol singari jarayonlarini qamrab oladi, kengaytirilgan takror ishlab chiqarish uchun sharoit yaratib beradi. Pul va iqtisodiyot o‘zaro uzviy bog‘liq bo‘lgan elementlardir. Agar jamiyat iqtisodiyotida muammolar paydo bo‘lsa, albatta bunday muammolar jamiyatning pul muomalasida o‘zining aksini topadi. Shuning uchun pulni jamiyat iqtisodiy hayotining barometri deb bejiz aytishmagan.
Iqtisodiy nazariyada haqiqiy pul tovar ekvivalenti sifatida mavjud bo‘lib, iste’molchilarni muomalaga bo‘lgan ehtiyojlarini qondiradi. Qog‘oz pullar esa haqiqiy pullar qiymatining muomaladagi ifodachisi yoki vakilidir.
Har qanday mustaqil davlat o‘z puliga ega va bunday pul shu davlat uchun milliy pul birligi hisoblanadi. Milliy pul birligi o‘zining nomi va ma’lum bir muomala tarixiga egadir.
Ushbu fanimizni o‘rganishda doim pul va valyuta atamalariga murojaat etishga to‘g‘ri keladi. Shu sababli boshidanoq pul va valyuta qanday kategoriyalar, ikkalasi ham bir narsami yoki har xil narsa ekanligini aniqlab olish zarur. Iqtisodiy nazariyadan biz “pul” nima ekanligini yaxshi bilamiz. Valyuta ham pul, ammo pul hamma vaqt ham valyuta bo‘lavermaydi. Agarda muayyan bir davlatning milliy pul birligi jahon bozorida, davlatlar o‘rtasida pul (muomala, to‘lov va jamg‘arish vositasi) sifatida ishlatilsa, ya’ni pulning funktsiyalarini bajarsa, u valyutaga aylanadi.
Valyuta – bu davlatlarning jahon bozorida, davlatlar o‘rtasida pul vazifalarini bajaruvchi milliy pul birliklaridir. Masalan, Amerika Qo‘shma Shtatlari “dollari”, Buyuk Britaniya “funt sterlingi”, Kanada “dollari”, Evropa Ittifoqining “evro”si, Yapon “iena”si va boshqa shu kabilar.
Muayyan bir davlatning milliy puli – uning milliy valyutasi bo‘ladi. Shu davlat uchun boshqa davlatlarning milliy pul birliklari esa – xorijiy valyutalardir. Masalan, AQSh “dollari”, Buyuk Britaniya “funt sterlingi”, Kanada “dollari”, Misr “funti”, Yapon “iena”si, Turkiya “lira”si va shu kabi erkin muomalada yuradigan valyutalar O‘zbekiston Respublikasida xorijiy valyuta bo‘ladi, o‘z navbatida O‘zbekiston “so‘m”i bu davlatlar uchun xorijiy valyuta bo‘lib hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi qonunining1 “Valyuta boyliklari” nomli 3-moddasida valyuta boyliklariga ta’rif berilgan, ya’ni “Chet el valyutasi, chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar, chet el valyutasidagi to‘lov hujjatlari va sof quyma oltin valyuta boyliklari hisoblanadi”.
Chet el valyutasi muomalada bo‘lgan hamda xorijiy davlatda qonuniy to‘lov vositasi hisoblangan banknotlar, xazina biletlari va tangalar ko‘rinishidagi chet el pul belgilari, muomaladan chiqarilgan yoki chiqarilayotgan hamda xuddi shu xorijiy davlatning pul belgilariga almashtirilishi lozim bo‘lgan chet el pul birliklari, shuningdek hisobvaraqlarda va omonatlarda bo‘lgan xorijiy davlatlarning pul birliklaridagi hamda xalqaro pul yoki hisob-kitob birliklaridagi mablag‘lardir.
Chet el valyutasidagi qimmatli qog‘ozlar “Qimmatli qog‘ozlar va fond birjasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni yoki xorijiy davlatlarning qonun hujjatlariga muvofiq qimmatli qog‘ozlar jumlasiga kiritilgan, qiymati chet el valyutasida ifodalangan pul hujjatlaridir”.
Rossiya Federatsiyasining “Valyutani muvofiqlashtirish va valyuta nazorati to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq xorijiy valyutalar bo‘lib quyidagilar hisoblanadi:
-tegishli xorijiy mamlakat yoki mamlakatlarning bir guruxi hududida muomalada bo‘lgan hamda qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib hisoblangan banknota, kaznacheylik biletlari, tangalar ko‘rinishidagi pul belgilari hamda muomaladan chiqarilgan yoki chiqarilayotgan, biroq almashtirilishi lozim bo‘lgan pul belgilari;
-hisobvaraqlardagi xorijiy davlatlar pul birliklarida hamda xalqaro pul yoki hisob-kitob birliklarida ifodalangan mablag‘lar.
Valyutani quyidagi belgilarga ko‘ra tasniflash mumkin (1.1.rasm):
- emitent-mamlakatga qarab;
-xalqaro bozordagi foydalanish darajasiga qarab;
-boshqa valyutaga ayirboshlanish imkoniyatiga qarab;
-valyuta kursining barqarorlik darajasiga qarab;
-valyuta operatsiyasining turiga qarab.
Emitent-mamlakatga nisbatan olganda valyuta milliy, xorijiy va kollektiv valyutalarga bo‘linadi.
Milliy valyuta bo‘lib emitent-mamlakatning pul birligi hisoblanadi (masalan, O‘zbekiston uchun “so‘m”, Rossiya Federatsiyasi uchun “rubl”, AQSh uchun “dollar”, Buyuk Britaniya uchun “funt sterling” va shu kabi).
1-rasm. Xorijiy valyutalarning tasnifi2 O‘zbekiston Respublikasi milliy pul birligi hamda moliya va kredit tizimi tushunchasi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 122-moddasida berilgan.
Xorijiy valyuta bilan deviz tushunchasi bog‘liqdir. Deviz – bu, chet elda joylashtirilgan xorijiy valyutadagi bank aktivlari hamda chet elda to‘lanishi lozim bo‘lgan xorijiy valyutadagi cheklar va veksellardir. Devizlar – naqdsiz pullar.
Kollektiv valyuta xalqaro valyuta-kredit tashkilotlari tomonidan emissiya qilinadi. Zamonaviy sharoitda SDR va Evro singari xalqaro pul birliklari jahon bozorida keng ko‘lamda ishlatiladi.
Xalqaro bozordagi foydalanish darajasiga ko‘ra valyuta zahira (tayanch) valyutasi va jahonning boshqa etakchi valyutalariga bo‘linadi.
Zahira (tayanch) valyutasi – bu boshqa mamlakatlar Markaziy banklarining xalqaro hisob-kitoblar uchun mo‘ljallangan zahiralari to‘planadigan va saqlanadigan xorijiy valyutadir. Ushbu valyuta xalqaro to‘lov va zahira vositasi funktsiyalarini bajaradi.
To‘liq ayirboshlanadigan valyuta – bu boshqa xorijiy davlat valyutasiga ayirboshlanishining cheklovlari bo‘lmagan valyutadir. To‘liq ayirboshlanishga AQSh dollari, Buyuk Britaniya funt sterlingi, Yaponiya yenasi, Shveytsariya franki (jami 20ta valyutaga yaqin) egadir.
Qisman ayirboshlanadigan valyuta – bu cheklangan ayirboshlanishga ega bo‘lgan valyutadir, ya’ni ma’lum bir valyuta operatsiyalari yoki ma’lum bir davlatlar uchun ayirboshlanishi mumkin.
Ayirboshlanmaydigan valyuta – bu boshqa xorijiy mamlakat valyutasiga ayirboshlanmaydigan milliy valyutadir. Bu asosan ko‘pchilik rivojlanayotgan mamlakatlarning valyutalaridir. Ushbu mamlakatlar uchun xorijiy valyuta etishmovchiligi hamda to‘lov balanslarining og‘ir holati bilan asoslangan qattiq valyuta muvofiqlashtirilishi xususiyatlidir.
Valyuta kursining barqarorlik darajasiga ko‘ra valyuta kuchli va kuchsiz valyutalarga bo‘linadi.
Kuchli (barqaror) valyuta – bu o‘z nominali hamda boshqa valyutalarga nisbatan barqaror bo‘lgan valyutadir. Jahon bozorida kuchli valyutalarga AQSh dollari, Evro, Yapon yenasi va Shveytsariya franki kiradi.
Kuchsiz (yumshoq) valyuta – bu o‘z nominali hamda barqaror valyutalarga nisbatan qadrsizlanib borayotgan valyutadir. Jahon bozorida kuchsiz valyutalarga odatda kuchli valyutalarga kirmagan valyutalar kiradi.
Valyutalarni ular ishtirok etayotgan valyuta operatsiyasining turiga qarab ham farqlashadi. Bitim valyutasi – bu tashqi iqtisodiy kontraktdagi tovarning bahosi belgilanadigan yoki taqdim etilgan xalqaro kreditning summasi ifodalanadigan valyutadir. Bitim valyutasi bo‘lib eksportyorning yoki importyorning, kreditor yoki qarzdorning milliy valyutasi bo‘lishi mumkin. Xalqaro bitimlarda bitim valyutasi sifatida odatda erkin muomalada yuradigan valyuta ishlatiladi.
To‘lov valyutasi – bu tashqi iqtisodiy bitimdagi tovarga haqiqatda haq to‘lanayotgan yoki xalqaro kreditning so‘ndirilishi amalga oshirilayotgan valyutadir. To‘lov valyutasi sifatida kontragentlar tarafidan o‘zaro kelishilgan xar qanday valyuta ishlatilishi mumkin. Bunda u bitim valyutasi bilan bir xil bo‘lishi shart emas. Biroq bitim valyutasi singari to‘lov valyutasi ham erkin muomalada yuradigan valyuta bo‘lishi kerak.
Kredit valyutasi – bu kredit taqdim qilinayotgan paytda hamkorlar tarafidan belgilangan valyutadir. Eksport kreditlari eksportyor va importyorlarning milliy valyutalari singari uchinchi davlatlar valyutalarida ham yoki xalqaro hisob-kitob pul birliklarida taqdim etilishi mumkin. Kredit valyutasining tanlovi shartnomalarning predmeti bo‘lib hisoblanadi. Kredit valyutasining holati turli valyutalarda ifodalangan kreditlarning foiz stavkalari darajalariga ta’sir etadi. Kredit valyutasi uni so‘ndirish valyutasi bilan mos bo‘lmasligi mumkin. Bunday holatda kredit shartnomasida bir valyutani boshqa valyutaga qayta hisob-kitobining tartibi ko‘zda tutiladi. Kredit valyutasini belgilashda hisob-kitoblarning amaliyoti, kontragentlarning mazkur bozordagi pozitsiyalari, kredit tashkilotlari bilan ularning munosabatlari kabilar ahamiyatlidir.
Kliring valyutasi tovar etkazib berish yoki xizmat ko‘rsatishlarning qiymat jihatidan tengligi sharoitida subyektlarning bir-biriga bo‘lgan o‘zaro talablari hamda majburiyatlarining majburiy zachyoti haqidagi hukumatlararo kelishuvlarni amalga oshirishda ishlatiladi. Kliring bo‘yicha hisob-kitoblarda to‘lov valyutasi kliring valyutasi bilan mos keladi.
Veksel valyutasi – bu vekselning qiymati ifodalangan pul birligidir. Rivojlangan mamlakatlarning ichki aylanmasida ishlatilyotgan veksellar odatda ushbu davlatlarning milliy valyutalarida ifodalanadi. Xalqaro aylanmadagi veksellar esa qarzdor-mamlakat, kreditor-mamlakat yoki uchinchi davlat valyutasida ifodalanadi.
Sug‘urta valyutasi – bu sug‘urta amalga oshirilgan valyutadir. Sug‘urta valyutasida mukofot hamda sug‘urta to‘lovlarining summalari to‘lanadi.
Qabul qilingan xalqaro qoidalarga asosan har bir davlatning valyutasi o‘z kodiga ega va ushbu kod 3 harf bilan belgilanadi. Bunda mazkur harflarning dastlabki 2tasi mamlakatni, uchinchisi esa valyuta nomini belgilaydi. Masalan, US – Qo‘shma Shtatlar, D – dollar yoki GB – Buyuk Britaniya, P – paund. Ushbu belgilanishlar valyuta kodlari deb ataladi. Ayrim davlatlar valyutalarining SVIFT kodlari 1-ilovada keltirilgan.
Valyutalar jahon bozorida o‘zlarining muomalada bo‘lish xususiyatlariga ko‘ra erkin muomalada yuradigan, muomalasi qisman yoki butunlay cheklangan, yopiq yoki ekzotik valyutalarga bo‘linadi. Ba’zi bir davlatlarning milliy pul birliklarini mazkur davlatlarda valyuta munosabatlari borasida mavjud va harakatda bo‘lgan qonun qoidalariga asosan xorijga chiqishi hamda u erda muomalada bo‘lishi chegaralanadi.
Jahon bozorining paydo bo‘lishi, xalqaro mehnat taqsimotining chuqurlashishi, ishlab chiqarish kuchlarining o‘sishi, jahon xo‘jaligi tizimining shakllanishi, xo‘jalik aloqalarining baynalmilallashuvi va globallashuvi sharoitida xalqaro valyuta munosabatlari rivojlandi. Xalqaro valyuta munosabatlari – bu, valyutani jahon xo‘jaligida amal qilishi borasida shakllanadigan va milliy xo‘jaliklar faoliyat natijalarining o‘zaro almashuviga xizmat ko‘rasatadigan ijtimoiy munosabatlar yig‘indisidir.3 Valyuta munosabatlarining ayrim elementlari qadimgi dunyoda, qadimgi Gretsiya va Rimda veksel hamda sarroflik ishi shakllarida paydo bo‘lgan. Ushbu munosabatlar hisob-kitoblar o‘tkaziladigan veksellar (tartta) bilan amalga oshgan hamda Lion, Antverpen o‘rta asr “veksel yarmarkalari” va G‘arbiy Evropaning boshqa savdo markazlarida rivojlandi. Feodalizm va kapitalistik ishlab chiqarish usulining shakllanishi davrlarida banklar orqali amalga oshadigan xalqaro hisob-kitoblar tizimi shakllana boshladi.
Xalqaro valyuta munosabatlari moddiy ishlab chiqarish jarayoniga, ya’ni birlamchi ishlab chiqarish munosabatlariga hamda taqsimot, almashuv va iste’mol jarayonlariga aloqador bo‘lgan xalqaro iqtisodiy munosabatlarni o‘z ichiga oladi. Valyuta munosabatlari va takror ishlab chiqarish o‘rtasida bevosita (to‘g‘ridan-to‘g‘ri) hamda bog‘liqlik xarakteridagi (qaytma) aloqalar mavjud. Ularning ob’ektiv asosi bo‘lib tovarlar, kapitallar, xizmatlar bilan xalqaro almashuvni vujudga keltiruvchi ijtimoiy ishlab chiqarish jarayoni hisoblanadi.
Valyuta munosabatlari - bu, valyutani jahon xo‘jaligi muomalasida amal qilish jarayonida va xalqaro aloqalar sohasiga xizmat ko‘rsatishda o‘ziga xos pul munosabatlarining yig‘indisidir4 yoki davlatlar, jahon valyuta bozorining subyektlari, muayyan davlatning rezident yoki norezident shaxslari o‘rtasida valyutalarni sotish, sotib olish, majburiyatlarni bajarish hamda boshqa shu kabi jarayonlarda vujudga keladigan munosabatlardir.
Valyuta munosabatlari – bu xalqaro aloqalarga xizmat ko‘rsatuvchi va jahon xo‘jaligida valyuta muomalasi jarayonida vujudga keladigan o‘ziga xos pul munosabatlarining majmuidir. Valyuta munosabatlari jahon valyuta tizimining asosi bo‘lib xizmat qiladi. Ularning shakllanish jarayonlarini o‘rganish O‘zbekiston uchun nafaqat nazariy, balki amaliy ahamiyatga ham egadir.
Valyuta munosabatlarining paydo bo‘lishi, o‘zgartirilishi yoki tugatilishining huquqiy asoslari bo‘lib xalqaro kelishuvlar va davlat ichki qonun-qoidalari hisoblanadi.
Valyuta munosabatlari nisbatan mustaqil munosabatlar bo‘lgani holda to‘lov balansi, valyuta kursi, hisob-kitob operatsiyalari orqali dunyo iqtisodiyotiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.
Valyuta munosabatlarining ahvoli quyidagilarga bog‘liq bo‘ladi:
-milliy va jahon iqtisodiyotining rivojlanganlik darajasiga;
-siyosiy ahvolga;
-jahon bozorida davlatlararo munosabatlar borasidagi muammolarga va ushbu muammolarning rivojlanish tendentsiyalariga.