1. “Sog‘inib” va “Oliy butunlik” she’rlariga xos qanday umumiy tushunchalarni
kuzatish mumkin? Bahor badiiy adabiyotda, jumladan, mazkur
ijod namunalarida nimaning ramzi sifatida qo‘llangan?
2. Eslang: lirik qahramon kim? Har ikki she’rning lirik qahramoni qaysi
jihatlari bilan bir-biriga o‘xshaydi va qaysi jihatlari bilan farq qiladi? Jadvalni
daftaringizda to‘ldiring.
3. Agar sizda to‘rt fasldan biriga
tuyg‘ularingizni bayon etish imkoni
tug‘ilsa, qaysi faslni tanlagan bo‘lardingiz?
Nega?
8-sinf adabiyot darsligida Oybekning ‘’Na’matak’’ she’rida ham tabiatning go’zal tasvirini ko’rishimiz mumkin. Oybek she’riyati sirli, mo’jizaga boy, g’oyat zalvor tug’yonlar jo bir g’alayon, oy shu’lasiday yorug’ hislar bekingan qo’shiqqa o’xshaydi. Shu bilan birga, otashin yurak kechinmalarining yodnomasidir. Oybek she’rlaridagi tabiat, kecha, kunduz, maysa xuddi inson yanglig’ nafas oladi, nafasimizga nafas qo’shadi. Oybek oʻz sheʼrlari bilan tabiatning butun goʻzalligini, shu goʻzallik insonga berishi mumkin boʻlgan zavqni koʻrsatib berishga urinayotganday goʻyo. Uning bu ijodiy niyatini roʻyobga chiqarishga rangtasvirga xos ifoda vositalari yordam beradi. Oybek tabiatni shunchaki chizmagan. Bir qarashda bu oʻrinda “chizmoq” soʻzini qoʻllash erish tuyuladi. Boisi, sheʼr misralarida manzara detallashtirilmagan. Shoir yaratgan manzara real hayotdagi koʻrinishidan birmuncha farq qilib, unga ijodkorning real manzaradan olgan taassurotlari yigʻindisi sifatida qarash mumkin. Chunki bu sheʼrni oʻqib ongimizda gavdalanadigan manzara turli tasviriy detallar vositasida emas, balki yaxlit taassurotlar asosida namoyon boʻlayotganini his qilamiz. Sheʼriy parchada goʻzal manzara – kunning botishi lahzalari tasvirlanadi. Keling, oʻsha goʻzal manzarani real hayotdagi koʻrinishini eslaylik: botayotgan quyosh qizgʻish tusga kirgan. Ufq chizigʻi boʻylab uning faqat yarmigina bizga koʻrinadi. Atrofidagi bulutlar esa qizilga moyil, ammo turli ranglarda tovlanadi. Butun ufq boʻylab oʻsha qizil rang, qizillik hukmron… Agar obrazli qilib ifodalashga ehtiyoj tugʻilsa, bu xuddi atlasdan libos kiygan qizil yuzli qizni yodga soladi. Oybek esa manzarani biz kabi detallar asosida chizib oʻtirmaydi. U oʻzida real manzara uygʻotgan ilk taassurotni qalamga oladi va oʻquvchini ham manzarani shunday koʻrishga undaydi. Sheʼrxon manzarini kuzatish asnosida muayyan taassurot hosil qilmaydi, aksincha, taassurotlar asosida yaxlit manzarani koʻradi. Sheʼrni oʻqirkansiz, real koʻrinishdan ozroq farqlanuvchi, koʻproq taʼsirlantiruvchi manzara koʻz oldingizda namoyon boʻla boshlaydi. Xuddi shunday tasvirni shoirning “Kechqurun”, “Qish kechasi”, “Yalta kechasi”, “Yoz kechasi”, “Dengizda oqshom”, “Naʼmatak” va boshqa koʻplab sheʼrlarida ham kuzatishmiz mumkin