URGANCH DAVLAT UNIVERSITETI FIZIKA MATEMATIKA FAKULTETI MATEMATIKA YO’NALISHI 203-GURUH TALABASI YUSUPBAYE QUVONDIQNING YOSH FIZIOLOGIYASI VA GIGIYENASI FANIDAN YOZGAN
MUSTAQIL ISHI
MAVZU :JINSIY TARBIYA
URGANCH 2022
JINSIY TARBIYA
O`smirlik - bolalikdan yigitlikka o`tish davri bo`lib, 15-18 yoshlarni o`z ichiga oladi. Bu davr anatomik-fizologik, psixologik va tibbiy jihatdan o`ziga xos xususiyatlarga ega.Odam hayotining mazkur bosqichida yoshlarning jismoniy va psixik rivoji sezilarli darajada tezlashadi, hayotdagi turli masalalarga e`tibori, qiziqishi kuchayadi, fikrlash doirasi kengayadi, fe`l-atvori shakllana boshlaydi.
O`smirlik-balog`atga yetish davri bo`lib, o`ziga xos sezgilar, xislar, tuyg`ular va oilaviy hayotga taaluqli chigal masalalar uning fikru-hayolini, vaqtini talaygina qismini band etadi.
Bular ta`sirida o`smirning atrofdagi kishilar bilan muomulasi, jamiyatda sodir bo`layotgan voqealarga munosabati tez o`zgarib turadi.Ba`zan ayrim ijtimoiy masalalar to`g`risida o`smirda noto`g`ri tasavvur, yanglish fikrlar paydo bo`lishi tufayli, u oilada, o`qish va ish joyida o`rnatilgan muayyan tartib-qoidalarga tanqidiy ko`z bilan qaraydi.Bu esa hayotdagi ba`zi masalalarni talqin qilishda ota-ona, o`qituvchilar bilan o`smir o`rtasida turli anglashilmovchiliklarga sabab bo`ladi. Shu bois, o`smirlik davri ota-ona, o`qituvchilar, jamoatchilik uchun ham, yoshlarning o`zi uchun ham eng murakkab davr hisoblanadi.
O`smir jinsiy tarbiyasi.
Oilaviy hayot qurishga taaluqli muammolar o`smir fikru-hayolining talaygina qismini egallaydi. U mazkur masalalar bo`yicha o`zini qoniqtiradigan mazmunda ma`lumot olishga intiladi, lekin bu haqda ota-ona, o`qituvchi va yoshi ulug`larga murojaat qilishga jur`at qilmaydi. Shuning uchun bunday ma`lumotlarni u o`zidan sal yoshi kattaroq o`rtoqlaridan so`rab bilishga majbur bo`ladi.Afsuski, ulardan olingan ma`lumotlar o`smirda noto`g`ri tasavvurlar va yanglish fikrlarni yuzaga keltiradi. Oqibatda o`smir qaltis, zararli harakatga yo`l qo`yishi mumkin.Ba`zan bu xato, adashuv o`smir uchun juda qimmatga tushadi, hayotini izidan chiqaradi.
Shuning uchun jinsiy tarbiya, oilaviy hayot, ro`zg`or yumishlari masalalari bo`yicha tarbiyaviy ishlar bolalarning yoshligidan, ya`ni o`smirlik davridan ancha oldinroq boshlanishi lozim.
Ushbu tarbiyaviy ishlar taxminan quyidagi tartibda olib borilishi mumkin:
1.O`gil va qiz bolalar o`rtasida jinsiy-ahloqiy munosabatlarni shakllantirish;
2.Ularda o`zaro hurmat, beg`araz do`stlik, samimiy hamkorlik, his-tuyg`ularini vujudga keltirish;
3.O`gil va qiz bolalar organizmining o`sish-rivojlanish xususiyatlari to`g`risida, har ikkala jinsdagi bolalarda ilmiy tushuncha hosil qilish;
4.Oilaviy hayotning ijtimoiy-psixologik jihatlari, ro`zg`or yumishlari bo`yicha bolalarda to`liq tasavvur hosil qilish kabilar.
Maktab o`quvchilari orasida jinsiy tarbiya.
Oilaviy hayot, ro`zg`or yumishlari, jinsiy tarbiya masalalari bo`yicha maktabda o`quvchilar bilan kim shug`ullanishi kerak degan savolga ko`pchilik olimlar, tibbiyot, ta`lim, ma`naviy-ma`rifiy va madaniyat sohalari mutaxassislarining fikricha, asosan sinf rahbari, shuningdek, deyarli hamma fan o`qituvchilari shug`ullanishi lozim. Jumladan: Har bir fan o`qituvchisi dars vaqtida temaning mazmuniga qarab, jinsiy tarbiya masalalarini yoritishga e`tibor berishi zarur. Masalan, biologiya fanlari darslarida o`gil va qiz bolalar organizmining rivojlanish xususiyatlaridagi farq, adabiyot va tarix fanlari darslarida o`g`il va qiz bolalarning bir-biriga samimiy munosabati, sevgi va o`zaro hurmat, do`stlik va fidokorlik haqida bahs, mehnat darslarida o`g`il va qiz bolalarga ovqat tayyorlash, uyni yig`ishtirish, kir yuvish va dazmol qilish, yosh bolani parvarishlash, ozodalik va obodonlashtirish kabi ro`zg`or ishlarini o`rgatish lozim.Shunda o`gil va qiz bolalar oilaviy turmushning murakkabligini, ro`zg`or yumishlarini erkak va ayol birgalikda, hamkorlikda bajarishlari, ular bir-birlariga g`amxo`r, jonkuyar, ehtiyotkor bo`lishlari lozimligi to`g`risida barvaqt tasavvurga ega bo`ladilar.
Jinsiy tarbiyaning mazmuni bolaning yoshiga qarab o`zgarib boradi. Jumladan:
- boshlang`ich sinflarda jinsiy tarbiyaning asosiy maqsadi qiz va o`g`il bola organizmining o`ziga xos xususiyatlari, uning normal rivojlanishini ta`minlash va shaxsiy gigiyenaga doir tushunchalar, ya`ni kun tartibiga rioya qilish, ovqatlanish qoidalari, pokizalik, parta-stol va stulda to`g`ri o`tirish, o`qish va yozish gigiyenasi kabi masalalar bo`yicha bolalarda tushuncha hosil qilish;
- o`rta sinflarda 11-13 yoshlik qiz bolalarga xotin-qizlar gigiyenasi bo`yicha maxsus bilim berish talab etiladi.Shu yoshdagi o`g`il bolalarga popiros chekish, nos otish, spirtli ichimliklarning odam organizmiga hamda kelajak avlod sog`lig`iga zarari to`g`risida ma`lumot beriladi;
- yuqori sinf o`quvchilariga o`smirlik davrida organizmda yuzaga keladigan fiziologik va psixologik o`zgarishlar, qiz va yigit o`zaro munosabatlarining madaniy shakllanishi (samimiy sevgi, do`stlik, o`zaro hurmat), oilaviy turmush qurish yoshi, oilaviy hayotning mazmuni va maqsadi, oilaviy turmushning iqtisodiy, ijtimoiy-gigiyenik muammolari va murakkabliklar to`g`risida batafsil tushuncha beriladi. Bunda suhbat o`g`il va qiz o`smirlar bilan alohida o`tkazilishi lozim.
Yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashning tibbiy muammolari.
Barcha ilmiy va adabiy manba`larda oila jamiyatning bir bo`lagi, har bir davlatning ijtimoiy-iqtisodiy va demografik siyosatini muhim ob`yekti sifatida ta`riflanadi. Oila muammolari bilan asosan sotsiologlar, faylasuflar, demograflar, psixologlar, pedagoglar, huquqshunoslar, iqtisodchilar shug`ullanadi.Keyingi yillarda oila muammolariga tibbiy fan vakillari ham e`tibor bera boshladilar. Buning sababi shundaki, oila qurishning asosiy maqsadlaridan biri farzand ko`rish, uni jismonan va ruhan sog`lom qilib, o`stirib-ulg`aytirishdan iboratdir.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 15-fevraldagi 46-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Sog`lom avlod” Davlat dasturini bajarishga doir ishlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilish Respublika komissiyasining 2000-yil 24-fevraldagi Majlisi yig`ilishida balog`at yoshiga yetgan yigit-qizlarni maktabdayoq oilaviy hayotga tibbiy, jismoniy, psixologik, ijtimoiy jihatdan tayyorlashni yo`lga qo`yish, ayniqsa, qizlar sog`lig`ini yaxshilash masalasiga e`tiborni kuchaytirish, alohida ta`kidlangan.
Qiz bola organizmi xususiyatlari.
Tabiiyki, ayol va ona, bolalikdan boshlanadi.Bo`lajak ona va uning bo`lajak farzandlari jismonan va aqlan barkamol bo`lishi uchun, qiz bola sog`lom tug`ilishi va sog`lom voyaga yetishi kerak.
Qiz bolada balog‘atga yetish jarayoni o`g`il bolaga nisbatan ancha murakkab kechadi.Chunonchi, bo`lajak ayol organizmining jinsiy jihatdan shakllanishi, aniqrog`i, ayol uchun eng muhim a`zo hisoblangan tuxumdonning rivojlanishi, qizning onasi qornida homilalik davridan boshlanib, tug`ilgandan so`ng, to balog`atga yetish (18 yosh) davrigacha davom etadi. Shu davr mobaynida qiz bola organizmi bir qator ijtimoiy va tibbiy muammolarga duch kelishi mumkin. Binobarin, qiz bola (homila) o`z onasi bachadonida rivojlanishi davrida, uning uchun ona organizmi tashqi muhit hisoblanadi. Demak, ona organizmida ro`y beradigan har qanday g`ayri-tabiiy o`zgarishlar, noqulayliklar, ya`ni homilador ayol ovqatining sifatisizligi, yashash va mehnat qilish sharoitini noqulayligi, kasalliklari va ulardan davolanish maqsadida qabul qilgan kimyoviy dorilar homilaga turli darajada zararli ta`sir ko`rsatadi.
Tibbiyot fanining keyingi yillardagi tadqiqotlaridan shu narsa ma`lum bo`ldiki, agar tashqi muhitning zararli faktorlari ayol organizmiga homiladorlikning birinchi ikki oyida ta`sir qilsa, homila tanasi va a`zolari (yurak-tomir, nafas, me`da-ichak, siydik chiqarish va jinsiy a`zolari) ning ayrim qismlarini shakllanishi buzilib, tug`ma norasoliklar (poroklar) paydo bo`ladi. Agar tashqi muhitning zararli faktorlari homiladorlikning ikki oyligidan keyin ta`sir qilsa, homila tanasi va a`zolarida tug`ma norasoliklar (poroklar) yuzaga kelmaydi, ammo uning ayrim a`zolarining funksiyasi buzilishi mumkin.
Ta`kidlash lozimki, qiz homilaning ona qornida rivojlanish davrida ham, tug`ilgandan keyingi o`sish-ulg`ayish davrida ham, uning tuxumdoni boshqa barcha a`zolarga nisbatan juda nozik va tashqi muhitning noqulay ta`sirlariga eng beriluvchan bo`ladi.Qiz homilaning rivojlanish davrida yoki tug`ilganidan keyin o`sish va ulg`ayish davrida uning tuxumdonini kasallanishi (yallig`lanishi), qiz balog`atga yetganida hayz ko‘rishini buzilishiga sabab bo`ladi. Bu qiz ulg`ayib oilaviy turmush qurganida farzand ko`rmasligi mumkin, ya`ni u bepusht bo`ladi. Chunki, kasallangan tuxumdonda follikulalar (tuxum hujayralari)ni yetilish jarayoni buziladi.
Qiz bola tuxumdoniga homilalik davrida va tug`ilgandan keyin zararli ta`sir ko`rsatishi mumkin bo`lgan tashqi muhit faktorlari juda ko`p va turli-tuman bo`lib, ular 3 guruhga bo`linadi (kimyoviy, fizikaviy, biologik faktorlar):
- kimyoviy faktorlarga ma`lum darajada zaharli ta`sirga ega bo`lgan antibiotiklar (kanamitsin, gentamitsin, streptomitsin, tetratsiklin, levomitsitin kabilar), chiqindilar yonganida tutun tarkibida hosil bo`ladigan zaharli dioksin moddasi, narkotiklar, tamaki tutuni tarkibidagi nikotin karbonat angidridi va boshqa moddalar kiradi.Bu moddalar qizning homilalik davrida, uning onasi organizmiga, tug`ilgandan keyin esa o`zining organizmiga ta`sir qilishi va qiz tuxumdonini zararlashi mumkin;
- fizikaviy faktorlarga elektr asboblarini uzoq muddat qo`llaganda, ulardan ajraladigan nurlar, o`ta kuchli quyosh nuri, zah va nam joyda uzoq muddat bo`lish tufayli qiz bola tuxumdoni zararlanishi va yallig`lanishi mumkin;
- biologik faktorlarga mikrob, virus, zamburig`lar yuqishi tufayli yuzaga keladigan OITS (SPID), gripp, angina (tonzillit), nizomiq, tepki, yuqumli gepatitning B,C turlari, sil, brutsellyoz kabi kasalliklar bilan qiz bola xastalanganda, uning tuxumdoni ham yallig`lanishi (zararlanishi) mumkin.
Qiz bolaning kundalik hayotda ko`p uchraydigan angina kasalligi bilan tez-tez xastalanishi, davolanish tadbirlarini esa me`yorida o`tkazilmasligi natijasida, uning asorati sifatida surunkali tonzollit kasalligi vujudga keladi.Bu esa infeksiyaning tomoqdagi doimiy manbai sifatida bo`lajak ayol va ona uchun eng muhim hisoblangan tuxumdonning, shuningdek, yurak muskulini, buyraklarni yallig`lanishiga sabab bo`ladi.
Nikohlarni biologik moslik asosida tuzilishining ahamiyati.
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000 yil 15 fevraldagi 46-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Sog`lom avlod” Davlat dasturini bajarishga doir ishlarni muvofiqlashtirish va nazorat qilish Respublika komissiyasining 2000 yil 24-fevraldagi majlisida mazkur dasturni ijro etish jarayonida birlamchi e`tibor yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashni yo`lga qo`yish zarurligi qayd etilgan.
Dostları ilə paylaş: |