Mustaqillikdan so’ng folklor san’ati



Yüklə 63,48 Kb.
tarix17.04.2023
ölçüsü63,48 Kb.
#99444
Mustaqillikdan so’ng folklor san’ati


Mustaqillikdan so’ng folklor san’ati

Reja:




  1. Folklor janrlar

  2. Folklor-og’zaki ijod

  3. Folkyor janrlarda an’anaviylik va variatlilik

Badiiy adabiyotda bo’lganidek, folklor asarlari ham tuzilishi va g’oyaviy- badiiy xususiyatlariga ko’ra o’zaro o’xshash hamda farqli tomonlarga ega bo’lib, muayyan gruppalarni tashkil etadilar. Bunday farqli va o’xshash tomonlarni ko’rsatish uchun fanda adabiy turlar va janrlar terminlari qo’llaniladi. Adabiy tur va janrlar hayotni badiiy tasvirlash shakli sifatida tarixan shakllanib, ularning paydo bo’lishi, taraqqiyoti, o’rin almashishi va inqirozi adabiyot va folklor tarixida yetakchi jarayon hisoblanadi.


Adabiyot tur (rod) nihoyatda keng tushuncha bo’lib, o’z ichiga turli janrlarni qamrab oladi. Qadimgi grek filosofi Arestotel (384-322), nemis olimi Gegel (1770-1831) va ulug’ rus demokrati V.G. Belinskiy (1811-1848) lar adabiyotni uch turga bo’lib ko’rsatadilar. Bular:epos, lirika va drama. Epos voqelikni syujetli, hikoyaviy formada aks ettirsa, lirika insonning voqelikdan oldin taassurotlarini, ichki his-hayajonlarini tasvirlaydi. Drama esa persanajlar nutqi va harakati orqali hayot kartinalarini chizadi.
Bunday bo’linishni muayyan istisnolar bilan folklorda ham qo’llash mumkin. Gap shundaki, folklor janrlarining ayrimlari turli urf-odat va marosimlar bilan bog’liq bo’lsa, ba’zilari qo’llash uchun mo’ljallangan bo’ladi. Binobarin, uning ayrim namunalarini yuqoridagi uch turning bittasiga ham kiritish mumkin emas. Mana shu holatlarni hisobga olib, o’zbek folklori janrlarini quyidagicha klassifikatsiya qilish mumkin. O’zbek folklori asarlari, avvalo ikki katta gruppaga bo’linadi:1. Urf- odat va mavsum- marosimlar bilan bog’liq asarlar. 2. Turli urf-odat va marosimlar bilan bo’liq bo’lmagan folklor janrlari. Birinchi gruppaga: a) mehnat qo’shiqlari (ho’p-mayda, turey-turey, churey-churey, ho’sh-ho’sh va boshqalar); b)mavsum qo’shiqlari; v)marosim qo’shiqlari (tug’lish, to’y aza va boshqalar); g) olqish, afsun va qarg’ishlar; d) aytimlar kiradi. Ikkinchi gruppa epik (doston, ertak, afsona, rivoyat, lof, latifa), lirik (qo’shiq, ashula, terma), dramatik (askiya, og’zaki drama ) va kichik (maqol, topishmoq) janrlarni o’z ichiga oladi. Masalan, ertaklarni hayvonlar haqidagi, sehrli-fantastik, hayotiy-maishiy va hajviy turlarga bo’lish mumkin.
O’zbek folklorining turli janrlari har xil ijodkorlar faoliyati bilan mahkam bog’liq. Ayrim janrlar (masalan, topishmoq, maqol) ommaviy xarakterga ega bo’lsa, boshqalarning (masalan, doston, og’zaki drama) ijrosi muayyan professional tayyorgarlikni talab qilgan. Bu narsa xalq poetik ijodi namunalarini yaratish, ijro etish va tarqatishda o’ziga xos professional ijodkorlik mavjudligini ko’rsatadi. O’zbek folklorida xalq ijodkorlarining professionallashuvi nihoyatda rivojlangan. Baxshilar (dostonchilar), ertakchilar, askiyabozlar, qiziqchilar, dorbozlar ijrochiligi rivojlangan professional san’at bo’lib, uni egallash uchun bo’lg’usi ijodkor maxsus tayyorgarlik ko’rishi, muayyan ustozdan ta’lim olishi zarur.
Folklor janrlari g’oyaviy- tematik va badiiy xususiyatlari bilangina emas, balki ijro usullari jihatidan ham (masalan, yakka ijrochilik, kollektiv ijrochilik, sozli va sozsiz; musiqa asboblarining turi va soni)bir-biridan farq qiladilar. Ularning biri (masalan, qo’shiq) kuylash uchun, ikkinchisi (masalan, ertak) aytib berish, hikoya qilish uchun, yana biri (masalan, doston )ham kuylash, ham aytib berish uchun, boshqasi(masalan, lapar) ham kuylash, ham o’ynash uchun, tag’in boshqa biri (masalan, og’zaki drama) ko’rsatish, namoyish qilish uchun mo’ljallangan bo’ladi. Folklor janrlari orasidagi bunday keskin differensiatsiya ularning juda katta g’oyaviy-estetik vazifalarni bajarish bilan birga, muhim ijtimoiy-maishiy funksiyani ado etishini ham taqozo qiladi. Masalan, o’zbek xalq og’zaki ijodining ho’p-mayda, ho’sh-ho’sh, turey-turey kabi turkum namunalari mehnat jarayonlari bilan bog’liq bo’lsa, yor-yor, o’lan, lapar, kelin salom, yo’qlov, badiq, yo ramozon, sus xotin kabilar turli marosimlar, urf-odat, irim-sirimlar bilan aloqadordir.
Folklor janrlari bir-biridan qanchalik farq qilmasin, ular tarixan tarkib topgan yaxlit sistemadir. Folklor janrlari barcha tip asarlar bu yaxlit sistemada murakkab o’zaro aloqada bo’lib, bir-birlarini boyitadilar. Janrning bunday yaxlit sistemasining shakllanishi va mavjudligi folklor taraqqiyotining asosiy qonuniyatlaridan biridir. O’zbek folklorining janr sistemasi ham boy va xilma xildir. Bu janrlar o’zining ko’p asrlik taraqqiyoti davomida o’zbek xalqi hayotini har tomonlama aks ettirish orqali yaxlit bir sistemaga aylangan ekan, unda boshqa xalqlar poetik ijodida mavjud, ya’ni umumfolklor janrlari ( masalan, ertak, topishmoq, maqol kabi) bilan birga uning o’ziga xos janrlari ham bor. Masalan, askiya, lof kabilar o’zbek folklori uchun xarakterli bo’lsa, qoraqalpoqlardagi to’lg’ov, qozoqlardagi aytish bizda mavjud emas. Shuningdek,o’zbek folkloroda ballada va tarixiy qo’shiqlar janri nihoyatda kam rivojlangan. Ayrim asarlardagina bunday janrlarning ba’zi elementlari uchraydi. Bir qancha xalqlardagi bir-biriga o’xshash janrlar ham xarakteriga ko’ra o’zaro farq qiladilar. Bu narsa har bir xalqning tarixi, urf-odati, maishati, orzu-umidlari, dunyoqarashi, ijtimoiy munosabatlari v turmush tarzining ifodasi bo’lgan folklorining o’ziga xosligi bilan izohlanadi. Shu naqtai nazardan o’zbek folklori va uning janrlariga yaxlit qarar ekanmiz, unda butun bir xalqning taqdiri, shu xalq mansub Vatanning tuprog’ini ko’z qorachig’idey asrash g’oyalari, bu yo’lda mardlik ko’rsatgan qahramonlar kuylanganligini qanoat hosil qilamiz.

Folklor-og’zaki ijod


Xalq poetik ijodi yozuv paydo bo’lmasdan ilgari yuzaga kelgan. Uning yaratilishi va kishilar o’rtasida tarqalishi jonli og’zaki an’ana bilan bog’liqdir. Og’zakilik xususiyati uni xalq san’atining boshqa turlaridan masalan:musiqa, raqs, ganch-o’ymakorliklaridan ajralib turadi. Folklor asarlarining uzoq asrlar davomida og’zaki yaratilishi va og’zaki ijrosi uning shakl va mazmuniga ta’sir etmasdan qolmaydi.


O’rta Osiyo xalqlarining eng qadimgi zamonlarga oid ayrim og’zaki yodgorliklari ba’zi bir manbalar bizga qadar saqlanib qolgan. Bu manbalar tarix kitoblari, ilmiy asarlar, yozma yodgorliklar va boshqalardan iborat. Antik tarixchilardan Gerodot, Kteziy, Polien, Xares Mitilenskiy va boshqalarning kitoblarida xalq og’zaki ijodoning ayrim asarlarining mazmuni hikoya qilib qoldirgan. Shuningdek,o’rta asr tarixchilaridan Hamza Isfaxoniy, Tabariy, Ma’sudiy, Beruniy va boshqalarning asarlarida ham og’zaki adabiyotga doir qimmatli materiallar va ma’lumotlar bor.”Avesto”, “Bexustun”, “Bundaxishi”, “Denkard” kabi yozma yodgorliklarda og’zaki adabiyotning ba’zi bir namunalari o’rin olgan. Mahmud Qashqariy esa o’zining mashhur lingivistik “Devoni lug’otit turk”ida qadimgi qo’shiq, lirik she’r va maqollardan turli namunalar beriladi.
Ma’lumki ayrim tarixiy faktlarning to’liq esda qolmasligi, zamon taqozosi bilan unutilishi natijasida, ularni asarlaridan tushib qolishi, o’zgarishi, qorishtirilib talqin etilishi uchrab turadi. Shuning uchun ham tarixiy voqea hodisalar ham folklorda aynan aks etmaydi. Ba’zan esa dostonlarda mavjud bo’lgan she’riy parchalarning unutilishi, mazkur janrlarni ertak shaklida keltirib qo’yishi ham mumkin yoki aksincha, ertakni dostonga aylantirishi mumkin. Folklorda yuz beradigan bu kabi hodisalar uning g’oyaviy-badiiy, estetik qiymatini kamaytirmaydi.
An’anaviylik
An’anaviylik jamoa ijodi mahsulidir. Bu o’zining tarixiy manbalariga ega. Folkyor asarlarining dastlabki namunalari daslabki namunalarini ibtidoiy jamiyat davrida yaratilgan. Shu sabab folkyor asarlarining syujeti, timsollar motivlarida ibtidoiy turmush shart-sharoitlari, urf-odatlari va dunyoqarashlarining in’ikosi sifatida yuzaga kelgan. Folkyor asarlarining og’zaki yaratilishi va og’zaki yaratilishi va og’zaki ijro etilishi ularning o’zgarmas barqaror shakllari- an’anaviylikni yuzaga keltirgan.Masalan, qahramonlik tipidagi ertaklar va dostonlar janrlarda ma’lum darajada tafavut mavjud bo’lsa ham badiiy uslub an’anaviy shaklga ega. Har ikkisida ham (ertakda ham, dostonda ham)kompozitsiya an’anaviy bog’lama, syujet bayoni va tugallanmadan iborat. Bosh qahramon va voqealar mubolag’a shaklida tasvirlanadi. Asar matni nisbatan turg’un holda saqlanadi. Folklor asarlaridagi asosiy syujetlar, timsollar va badiiy tasvir vositalari an’anaga aylanadi, ayrim detallar qo’shiladi, biroq asosiy manba an’ana bo’lib qolaveradi.
Tarixiy taraqqiyot natijasida ba’zi bir asarlar dastlabki shaklini o’zgartirishi mumkin. Folklor asarlariga an’anaviylik bilan bir qatorda ijodiy o’zgaruvchanlik ham xosdir. Asarlar har gal kuylanganda va ijro etilganda nimalardir o’zgaradi, nimalardir qo’shiladi. Biroq bu o’zgarishlarning barchasi puxta va mustahkam an’analar doirasida bo’ladi. An’anaviylik folklorning so’z san’ati sifatida jonli og’zaki ijroda yashashi va tarqalishining bosh mezonlaridan biridir.

Variantlilik


Folklor asarlarining davrdan davrga, ijrodan ijroga o’tishida yuzaga kelgan o’zgarishlar varianlarda aks etadi. Folklor asarlarini ko’p variantlarda, bir necha nusxalarda tarqalishi variantliligi hisoblanadi. Variantlar muayyan bir asarning bir-birini inkor etmaydigan, jonli va og’zaki an’anada mustaqil yashay oladigan turli tuman matnlaridir. Masalan:”Alpomish” dostonining 30 ga yaqin variantlari yozib olingan, lekin xalq orasida esa bundan ham ko’p variantlari tarqalgan. Variantlar asosan hayotiy shart-sharoitlar natijasida yuzaga keladi. Doston kuylovchi baxshi-shior yoki ertakchi asar ijro etayotgan davr, sharoit va tinglovchilarga qarab doston yoki ertakka o’zgartirishlar kiritadi. Masalan, kattalarga aytilgan bir ertak bolalarga boshqacha qilib aytiladi. Shu tarzda o’sha ertak o’zgara boradi. Nihoyat, ertak variantlari vujudga keladi. Demak, folklor asarlarining yaratilgan vaqti tarqalishi va yashash sharoitlari juda murakkab. U ijtimoiy va iqtisodiy muhit, tinglovchilar auditoriyasi, ijodkor va ijrochi mahorati bilan bog’liq bo’ladi. Variantlilik xalq ijodining tarqalish doirasini, ommaviyligini va xalqchilligini belgilaydi. Folklorda kechayotgan o’zgarishlarning sabablarini aniqlashga, xalq og’zaki ijodiyotida kechgan va kechayotgan jarayonlar asosida yotuvchi qonuniyatlarni ochish uchun boy manba beradi.

Marosim va urf-odat qo’shiqlari


Insonning yashash va hayot kechirish tarzi, urf-odatlar, marosimlar bilan bog’liq ravishda juda qo’shiqlar yaratilgan. Marosimlar, odatlar turli tuman bo’lganidek, bularga bag’ishlangan qo’shiqlar ham xilma-xildir. Qo’shiqlar xalqning oilaviy bayramini, marosimlarini bezab kelgan.


Alla

Allalar-beshiq qo’shiqlarining keng tarqalgan an’anaviy janri hisoblanadi. Jahonda biror xalq yoki millat yo’qki, ularnin tilida alla kuylanmasa. Ruslarda “bayki”, tatarlarda”alli-balli”,turkmanlarda “huvdilar”, ozarbayjonlarda”lay-lay” atamalari bilan mashhurdir. Alla qo’shiqlari ijtimoiy-estetik qimmatiga ko’ra ikki xil vazifani bajaradi:birinchisi bolalarni uxlatishdan iborat. Bunday allalab ovutish yoki uxlatish kuylash jarayonida namoyon bo’ladi. Xuddi shi asnoda ikkinchi vazifasi tarbiyaviy-estetik mohiyati namoyon bo’ladi. Bu bolani kuy og’ushida hayot bilan tanishtiradi.
Allalar odatda bola uch yoshga yetguncha aytiladi. Allalarda onaning mehri daryiligi, bag’ri kengligi, mehribonligi aks etib turadi. O’zbek xalqining allalari asosan beshik va belanchaklarning maqtovi bilan cheklangan. Hayvonlar, qushlar va hashoratlar poetik ta’rifidan tarkib topgan allalar yo’q hisob. Ammo, o’zbek allalarida hayvonlarning bolalari, qushlar nomi bilan aloqador erkalash ohangi bor:bolalar qo’zichoqqa, tiychoqqa, bo’taloqqa, bulbulga, lochihga qiyoslanib e’zozlanadi.Bunday qiyoslash aslida o’sha jonivorlarga bo’lgan samimiy munosabatlar zamirida tabiiylik kasb etgan.

Bulbul qushning bolasi,


Alla, qo’zim, alla.
Daraxt bo;lar uyasi,
Alla, bolam, alla.

Yoki: Bulbul sayrar yozigina, alla-yo alla.


Qulluq qush ovozina, alla-yo alla.
Manim bulbul shu o’g’lim, alla-yo alla.
Quyuq quysin ovozima, alla-yo alla.
Bola uchun allaning so’zi emas, kuyi yoqimli. Chunki u hali so’zni anglamaydi. Alladagi so’zlar esa ona uchun muhim ular ona qalbining nidolari. Alla qo’shiqlarining bir ko’rinishi heyalar bo’lib, uni asosan erkalar kuylashadi. Shu sababli heyalar erkaklar allasi deyishadi.Heyalar chorvachilik bilan shug’ullanuvchi o’zbeklar orasida keng tarqalgan. Zotan ayollar uy-ro’zg’or yumushlari bilan band bo’lganda bolani ovutish, uxlatish erkaklar zimmasiga tushgan. Shunday kezlarda otalar yoki bobolar bolalarni tizzalariga olib, tebratish muvozanatiga mos ohangda heya aytib uxlatganlar, ovutganlar.

Heya, bolam, heyang qani?
Buvang bergan tuyang qani?
Buvang bergan tuyang bo’lsa,
Boqib yurganlaring qani?

O’zbek allalari xalq etnografiyasi va etnopedagogiksini o’rganishda qimmatli manba hisoblanadi.


Yo, Ramazon


Turli urf-odatlar, marosim va irimlar bilan bog’liq bir qancha qo’shiqlar yaratilganki bunga “Yo, Ramazon”, “Barot keldi”, “Safar qochdi”, “Badik”, “Buka- bukavoy”, “Sust xotin”, “Boychechak” kabilarni ko’rsatish mumkin.Shulardan “Yo, Ramazon” eski yil kalendaridagi ramazon oyidagi bolalarning (ilgari zamonda kattalarning ham) hovlima-hovli yurib aytadigan qo’shiqlar edi. Sirtdan qaraganda “Yo, Ramazon” diniy mzmundagi qo’shiqlarga o’xshasa-da, ularga xonadon egasiga farzand ko’rish istaklar, ularning saxiy bo’lish yoki baxilligi kabi motivlar ustunlik qiladilar. “Yo, Ramazon” qo’shiqlari ijro etilganda, uning tahlili ravonligi, yengil yumor bilan ko’pchilik bo’lib aytilishi ko’zga tashlanadi. Bolalar uyma-uy yurib, brogan xonadonlariga yaxshi niyatlar bildirgan qo’shiqlar ijro etishi bugungi kunda ham uchraydi.


Sus Xotin


Qurg’oqchilik munosabti bilan yomg’ir chaqirish marosimida aytiladigan “Sus xotin”, “Talabi baron”. “Yomg’ir talab” qo’shiqlari turli irimlar qadimdan qolgan turli animistic tushunchalar bilan bog’langan. Bung ko’ra ikkita tayoqni bir-biriga ko’ndalang bog’lab, ayollar kiyimi kiydiriladi, boshiga rumol o’raladi. Osmondan yog’in tilaydigan bu “Sus xotin” tasvirini-qo’g’irchoqni ayollar yuqoriga ko’tarib uyma-uy yurishadi, hammalari birgalashib qo’shiq aytishadi.Xonadon egalari “Sus xotin” qo’shig’ini aytib kelgan kishilarga chelaklarda suv olib sepishdi, non, don, kabi turli narsalar berib ularni “rozi” qilishgan. Qurg’oqchilik, suv tanqis bo’lgan davrlarda dala-dashtalarda yashagan dehqonlar tabiatga iltijo qilib, mo’l hosil bo’lishini orzu qilgan. Bu narsa qo’shiqda o’z ifodasini topgan.


Suv xotin-sulton xotin,


Ko’lankasi maydon xotin.
Suv xotin-suvsiz xotin,
Ko’ylakalari bo’z xotin.

Havoni yog’dirgin, suv xotin,


Bug’doyni bo’ldirgin, suv xotin,
Elni to’ydirgin, suv xotin,
Suv xotin-sulton xotin,
Bunday qo’shiqlar xalq orasida “Suv xotin”, “Suz xotin”, “Sus xotin”, “Chayla kazak” nomlari bilan yuritiladi.
“Sus xotin” marosimi O’rta Osiyo xalqlarining ham zardushtizm-otashparastlik diniga xos hosildorlik ma’budasi Noxit (Anaxita)ga sig’inishi bo’lib, ibtidoiy odatlardan biri hisoblanadi.

O’lan

Nikox tuylari, ba’zan bayram kunlari, ayrim yig’inlarda asosan cholg’usiz,aytiladigan o’lanlar ko’proq chorvadorlar dehqonlar orasida tarqalgan. O’lanlarda cho’pon yigit bilan cho’pon qiz sevgi dardlaridan baxs etib so’zamallikda, chechaklikda, odamiylikda bir-birlarini sinaganday bo’ladi, musobaqadosh tomonlar bilan bir-birlariga sovg’a beradi. O’lanlar ko’pincha 11 bo’g’inli to’rtliklardan uyushgan bo’lib, odatda birinchi, to’rtinchi satrlar, ba’zan to’rt satr qofiyalanib keladi.Masalan, yigit shunday o’lan aytadi:

O’yna turib deganda,o’yna turib,


O’rtanaman, kuyaman seni ko’rib,
O’rtanganda-kuyganda seni ko’rib,
Ermaklaysan, kulasan labing burib.

O’lanlarda qochiriq, sevgi harorati, yoshlik sho’xliklari g’oyat samimiy, kelajakka umidvorlik ruxi bilan yo’g’rilgan holda tarannum qilinadi.Davralarda o’lan ayta bilish o’zgacha bir salohiyat, ijrochilik san’atini o’rganishni talab etadi.O’lanlarni badiiy-estetik didli, hush qiliqli, kamtarin, ochiq ko’ngilli, do’stga sadoqat ruhida tarbiyalashda, ayniqsa, katta ahmiyatga egadir.

Lirik qo’shiqlar
Lirik qo’shiq atamasi shartli ravishda xalq qo’shiqlarining ma’lum bir turiga-ishq-muhabbat mazmunida yaratilgan, bir kishi yoki bir necha kishi tomonidan ijro etiluvchi mustaqil to’rtliklardan iborat og’zaki she’riy asarlarga nisbatan qo’llanadi.
Real voqelikni shaxsning kechinmalari orqali aks ettiruvchi, sevgi va vafo, hijron va sog’inch, alam va o’kinch, kishilar qalbidagi o’tli dard tufayli vujudga kelgan, faqat kuylash uchun yaratilgan mustaqil to’rtliklar lirik qo’shiq deyiladi.
Lirik qo’shiq-xalq og’zaki poeziyasining mustaqil janri. Uning epik poeziyadan farqli xususiyati shundaki, lirik qo’shiqda kishi qalbida yug’ilgan his-tuyg’ular muayyan obraz va predmetlar tasviri orqali aniq shaklga kiradi. Shuning uchun lirik qo’shiqlarda xalqning nozik his-tuyg’ulari, kechinma va orzulari butun tarovati hamda oqilligi bilan aks etadi. Chunki go’zallikning o’zida she’riyat va musiqa mujassamlashganidek, har qanday haqiqiy she’riyat va musiqada ham go’zallik mavjud. N.A.Dobrolyubov ta’biri bilan aytganda, haqiqiy yuksak poeziya ana shu uch asos-go’zallik, ezgulik va oqilonalikning to’la mujassamlashuvidan tarkib topadi. Demak, lirik qo’shiqlarning asosini dardli mazmun, dono fikr va maftunkor musiqaviylik tashkil etadi.
Xalq lirik qo’shiqlari yozma adabiyotdagi lirik she’rlarga ko’pgina jihatlari, xususan, voqelikni aniq shaxs kechinmalari orqali aks ettirishi bilan yaqin turadi. Biroq yozma adabiy lirik she’rlardagi lechinmalar o’ta mukammal xarakter kasb etsa, og’zaki lirik qo’shiqlardagi kechinmalar esa umumlashgan-kechinmalari bilan uyg’unlashgan holda ifodalanadi.
Lirik qo’shiqlarning mustaqil janr sifatidagi muhim xususiyatlaridan biri ularning istalgan joyda, istalgan shaxs tomonidan ijro etilishi hisoblanadi. Masalan, sadoqatli sevgi yoki bevafo yor haqidagi qo’shiqni ish paytida ham, safar chog’ida ham, dam olganda yoki tuy marosimida ham ijro etish mumkin. Demak, lirik xalq qo’shiqlarining maishiy vaziyat, marosi yoki boshqa biror joy bilan bog’liqligi yuq.
Lirik qo’shiqlar odatda xalq o’rtasida rekstni yaxshi biluvchi, hofizasi kuchli, yoqimli ovozga ega bo’lgan shaxslar tomonidan ijro etiladi. Bunday mohir ijrochilar xalq o’rtasida qo’shiqchi ashulachi yoki hofiz deb yuritiladi. Biroq bu narsa lirik qo’shiqlarning ijrosi faqat mohir qo’shiqchilar bilan bog’liq degani emas. Lirik qo’shiqni istalgan shaxs, istalgan joy yoki vaziyatda ijro etishi mumkin.
Lirik qo’shiqlar badiiy-tasviriy vosita va usullarning rang-baranligi, ramzlarning boyligi bilan epic yoki marosim poeziyasidan farqlanib turadi. Bu narsa lirik qo’shiqlarda shaxsiy kechinmalarni jonli, aniq ifodalash ehtiyojidan kelib chiqqan.
O’zbek lirik qo’shiqlarida ishq-muhabbat mavzusi yetakchi o’rin egallaydi. Ushbu mavzuda yaratilgan qo’shiqlarda chin muhabbatni ulug’lash, yorga sadoqatli bo’lish, mahbubaga intizorlik motivlari tarannum etiladi:

Havoni bulut bosdi,


Oyni ko’rmasam bo’lmas.
Yuraklarni g’am bosdi,
Yorni ko’rmasam bo’lmas.
Osmonni bulut qoplagan tunlarda kishi oyni ko’rishga mushtoq bo’lganidek, ko’ngilni g’am-anduq kemirgan kezlarda oshiq o’z ma’shuqasini qo’msaydi. Tabiat lavhalari bilan lirik qahramon kechinmalarini qiyoslash, ya’ni jonli, nozik psexologik parallelizmlar qo’llash kishi qalbidagi ruhiy istiroblarni aniq obrazlar sifatida shakllantirishga ko’mak bergan.
Har bir kishi o’zini biror narsa yoki mashg’ulot bilan ovuntirib yashaydi. Masalan, yosh bolaning yog’och otga minib, o’zini ovutish detalini oling. Ular uchun ana shu ovunchoqdan o’zga narsa yo’q. Mana shu oddiy hayotiy detal oshiqning o’z ma’shuqasiga bo’lgan intilishiga qiyoslansa, lirik qahramon kechinmalarining aniq jonlanishiga, obraz sifatida shakllanishiga olib keladi. Chunki bunday qiyos oshufta yurakning bedavo dardiga malham izlashi, yorni eslab o’zini ovuntirishini aniq ifodalashga imkon beradi:

Yosh bolalar o’ynaydir,


Tol yog’ochdan ot qilib.
Oshiq yigit yig’laydir
Suyganini yod qilib.

Lirik qo’shiqlarda bevafo yor iztirobi, sog’inch azobi aniq hayotiy lavhalarda tasvirlangan. Bunday tasvirlarning hayotiyligi, realizmi juda ko’p jihatlarda ko’zga tashlanadi. Masalan, bevafo o’zi tark etgan yordan qochishga, unga qorasini ko’rsatmaslikka intiladi. Biroq u o’zini olib qochishga qancha urinsa, oshiqda uni ko’rishga bo’lgan ishtiyoq shuncha kuchayadi. Nogohon oshiqning ko’zi bevafo yorga yushib qolsa, oshuftaligi, dilxunligi yana ortadi; asta-sekin unitilayotgan azob-u qiynoqlar yana jonlanadi. Mana shu nozik ruhiy holat va kechinmalar quyidagi to’rtlikda to’laqonli ifodalangan:


Yor, tashlab ketding meni,


Hardamhayol etding meni.
Bo’ylaring bir ko’rsatib,
Ko’rmakka zor etding meni.

Odatda, xalq qo’shiqlari haqida fikr yuritilganda og’zaki lirikada poetik mazmun juda soda va lo’nda bayon etiladi, deyiladi. Bu-asosan to’g’ri hukm. Biroq o’zbek xalq lirik qo’shiqlari orasida shunday namunalar ham borki, ularda oshiqlik bobida o’zini tanho hisoblash, o’z sevgisi yo’lida jonini, hayotini fido qilishga tayyorlik kayfiyati juda nozik, pardali bir tarzda ifodalangan. Bunday qo’shiqlarni tahlil etish tinglovchidan chuqur mulohaza, mantiqiy dalilash mahoratini tqlab etadi. Masalan, quyidagi to’rtlikni oling:


Qoshlaring qarosiga qotgin meni,


Oshiqlar bozorida sotgin meni.
Oshiqlar bozorida olmasalar,
Kipriging o’qi bilan otgin memi.
Mazkur to’rtlikning birinchi misrasi butun to’rtlikning poetik mazmunini, qo’shiq mohiyatini ochib berishda kalitlik vazifasini o’taydi. Chunki bu misrani ikki ma’noda izohlish mumkin. Birinchisi-oshiq o’z mahbubasiga murojaat etib: ishqing o’tida meni shavqatsiz kuydirgin va yonib ko’mirga aylangan jismimdan qoshingning qoraligini kuchaytirishda buyoq vazifasida foydalan demoqchi. Ikkinchi-talqin esa shundayki, oshiq o’z muhabbatiga murojaat etib, men sendan ayrila olmayman, shuning uchun meni qoshingning qorasiga qotgin, toki men doim sen bilan birga bo’lay, demoqchi.
Keltirgan ikki xil talqindan birinchisi haqiqatga yaqin. Chunki xalq ijodida, shuningdek, Sharq klassik she’riyatida oshiq-mahbus, ma’shuqa-hokimi mutlaq; oshiq-hokisor, mahbuba-shavqatsiz malak.
Demak, klassik va og’zaki poeziyada ham mahbuba ishq bobida tengsiz zulmkor, oshiq esa itoatkor qul sifatida talqin etiladi. Mana shu mantiqdan kelib chiqilsa, oshiqning beadad ishq o’tida kuyib jizg’anak bo’lishi aniq. Mahbuba esa o’z rahmsizligi tufayli uning kuygan jasadidan qoshining qorqligini orttirishda buyoq sifatida foydalanishga ham tayyor. Binobarin, oshiqning mahbuba qoshining qoraligiga qotilishi istagi asosida an’anaviy poetik mantiq-ishq o’tida kuyib ko’mirga aylanish istagi yotibdi.

Foydalanilgan adabiyotlar:





  1. K.Imomov, T.Mirzayev va boshqalar “O’zbek xalq poetik ijodi”. T-1990

  2. B.Sarimsoqov “O’zbek folklorning janrlar tarkibi”. T-64-85-betlar

  3. H.Razzoqov, O.Sobirov va boshqalar “O’zbek xalq poetik ijodi”. T-1980

Yüklə 63,48 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin