O’zbek adabiy tili me'yorlari
Reja
1.Adabiy til me'yorlari haqida.
2.Leksik-semantik me'yor.
3.Fonetik, orfografik va orfoepik me'yor.
4.Aksentologik va grammatik me'yor.
5.Punktuatsion va uslubiy me'yor.
Tayanch tushunchalar: adabiy til me'yorlari: leksik-semantik me'yor, orfoepik me'yor, orfografik me'yor, fonetik me'yor, aksentologik me'yor, grammatik me'yor, so‘z yasash me'yori, imloviy me'yor, uslubiy me'yor, punktuatsion me'yor, nutq me'yorlari va adabiy nutq mezonlari.
«Nutq madaniyati» tushunchasi to‘g‘risida gap borganda, ko‘p hollarda, nutqda o‘rinli va o‘rinsiz so‘zlarning qo‘llanishi xususida bahs boradi. Til birligining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri qo‘llanganligini belgilashda ma'lum bir o‘lchovga (mezonga) asoslaniladi. Mana shu o‘lchov tilshunoslikda adabiy til me'yori deb yuritiladi.
Adabiy til me'yori, uning shakllanishi, rivojlanish qonuniyatlari nutq madaniyati sohasining tekshirish ob'ekti hisoblanadi. Nutq madaniyati sohasining adabiy til me'yoriga munosabati quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
a) nutq madaniyati adabiy me'yordagi o‘zgarib, buzilib turuvchi, nutqiy nuqsonlarni yuzaga keltiruvchi xususiyatlarni topadi, ularni bartaraf etishga intiladi;
b) nutq madaniyati adabiy til me'yorini doimiy rivojlanib, o‘zgarib turuvchi hodisa sifatida tekshiradi va til me'yori tizimidagi yangi holatlarni, o‘zgarayotgan, o‘zgargan holatlarni shuningdek, «o‘lgan», iste'moldan chiqqan holatlarni hisobga oladi;
v) nutq madaniyati til me'yori tizimidagi qarama-qarshi holatlarni belgilaydi hamda uni tilning barcha yaruslari bo‘yicha tekshiradi.
Nutq madaniyati adabiy me'yorni ma'lum maqsad asosida, ya'ni madaniy nutqning chegarasi va vositalarini aniqlash maqsadida o‘rganadi. Shu sababli nutq madaniyati sohasi adabiy til va uning me'yoriy tizimini baholaydi va nazorat qiladi. Nutq madaniyati sohasi adabiy til rivojiga ongli aralashadi.
Adabiy tilni me'yorlashtirish haqida gapirishdan avval adabiy tilning o‘zi nima degan savolga javob topish lozim bo‘ladi.
Adabiy til haqida gap borganda, avvalo, adabiy til – xalq tilining, milliy tilning oliy shakli deyilgan ta'riflarga duch kelinadi. Darhaqiqat, adabiy til xalq tili negizida shakllanadi. Adabiy tilni yaratishdan maqsad umumxalq ommaviy aloqa vositasini yaratishdir.
Adabiy til ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-madaniy hayotning barcha sohalarida aloqa quroli darajasiga ko‘tariladi. Adabiy til vazifasining kengayishi undagi til vositalarining rivoj topishini, imkoniyatlarining kengayishini taqozo qiladi.
Adabiy tilning lug‘at tarkibi, grammatik tuzilishi muayyan qonun-qoidalarga bo‘ysunadi, ular saralangan, ishlangan, me'yorlashtirilgan bo‘ladi. Demak, adabiy til me'yorlashtirilgan til bo‘lib, bu uning muhim xususiyatlaridan biri hisoblanadi.
Adabiy tilni me'yorlashtirish deganda tilning ko‘pchilikka ma'qul bo‘lgan ko‘rinishlarini tavsiya etish va shu asosda tilning fonetik, orfoepik, orfografik, leksik, grammatik qonun-qoidalarini ishlab chiqish va ularni tartibga solish tushuniladi.
Ilmiy manbalarda adabiy tilni me'yorlashtirishning quyidagi shartlari qayd etiladi: a) tilning ifoda vositalari tanlanadi; b) umum tomonidan qabul qilinadi va mustahkamlanadi;v) qoidalashtiriladi, lug‘at va grammatikalarda tavsiya etiladi; g) shu til vakillarining hammasi uchun majburiy hisoblanadi.
Hozirgi kunda tilshunosligimizda o‘zbek adabiy tilining me'yorlari quyidagicha tasniflanadi: 1. Leksik-semantik me'yor. 2. Orfoepik (talaffuz) me'yor. 3. Yozuv (grafik) me'yori. 4. Fonetik me'yor. 5. Aksentologik (urg‘uni to‘g‘ri qo‘llash) me'yor. 6. Grammatik me'yor (morfologik va sintaktik). 7. So‘z yasash me'yori. 8. Imloviy me'yor. 9. Punktuatsion me'yor. 10. Uslubiy me'yor.
Leksik-semantik me'yor. Bu me'yor so‘z tanlash va uni nutqda o‘rinli qo‘llash qoidalari bilan ish ko‘radi. So‘z qo‘llash me'yoriga ko‘ra umumxalq tilida mavjud bo‘lgan lug‘aviy birliklardan eng ma'quli me'yor sifatida tanlab olinadi hamda ulardan foydalanish tartibi belgilab beriladi.
Hozirgi kunda o‘zbek adabiy tilining lug‘aviy me'yori ancha tartibga solingan. Shunga qaramay, ba'zan nutqda so‘z qo‘llash bilan bog‘liq xatolar ham uchrab turadi. Masalan: Mana, yo‘l o‘rtasida tovushqon ko‘rib, Pomeshchikning ovchisi quvdi shu mahal. (Zulfiya.)
Berilgan she'riy parchada qo‘llangan tovushqon so‘zi shevaga xos bo‘lib, uning qo‘llanishi leksik me'yorga xilof.
Ba'zan nutqda paronimlarni noto‘g‘ri qo‘llash, (archish-artish, o‘tkazish-o‘tkazish kabilar) dubletlarning farqiga bormaslik (poeziya-nazm, tolib-talaba), sinonim so‘zlarni o‘z o‘rnida qo‘llamaslik (aft- chehra-turq-oraz) holatlari ham adabiy til leksik me'yorining buzilishiga olib keladi.
Orfoepik me'yor. Orfoepik me'yor, ya'ni talaffuz me'yori til birliklarining og‘zaki nutq jarayonida adabiy til me'yoriga muvofiq kelishi masalasi bilan ish ko‘radi. Adabiy tilning bu me'yori ishlab chiqilgan bo‘lsa-da, orfoepik lug‘atlar tuzilganligiga qaramay, nutqiy jarayonda hanuzgacha ayrim til birliklarining talaffuzida xatolik ko‘zga tashlanadi. Masalan, ruscha yoki rus tili orqali o‘zlashgan so‘zlarning talaffuzidagi nomuvofiqliklar, so‘zni yozilgandek talaffuz etish, qabul qilingan so‘zni o‘zbekcha aksent bilan talaffuz etish kabi masalalar bo‘yicha kamchiliklar mavjud.
Yozuv (grafik) me'yori. Adabiy tilning grafik me'yori ayni til uchun tanlangan yozuv shakli bilan ish ko‘radi, shu til uchun muayyan yozuv turini belgilab beradi.
Ma'lumki, o‘zbek xalqi o‘z tarixi davomida turli yozuv shakllaridan foydalanib kelgan. Bular: arabcha-o‘zbekcha, lotincha-o‘zbekcha va kirillcha-o‘zbekcha yozuvlardir. Adabiy tilning grafik me'yorida o‘zbek tilida mana shu yozuv turlaridan qaysi birini qo‘llash, yozuvda qanday qoidalarga rioya qilish masalasiga aniqlik kiritiladi.
Fonetik me'yor. Fonetik me'yor deganda nutq tovushlarining qo‘llanishi bilan bog‘liq qonun-qoidalar majmui tushuniladi. Ma'lumki, hozirgi o‘zbek adabiy tili uchun 6 ta unli, 25 ta undosh tovushning qo‘llanishi me'yor hisoblanadi. Ammo yangi va amaldagi alifbodagi ayrim tovushlarning aks etishi bilan bog‘liq nomuvofiqliklar fonetik me'yorning buzilishiga sabab bo‘lmoqda. Masalan: qorishiq va sirg‘aluvchi j uchun bir harfning berilishi, ng tovushi uchun kirillcha alifboda harfning yo‘qligi nutq madaniyatiga salbiy ko‘rsatishi tayin.
Aksentologik me'yor. Aksentologik me'yor urg‘uni to‘g‘ri qo‘llash bilan bog‘liq me'yordir. Adabiy tilning aksentologik me'yorida har bir so‘zda urg‘uning qo‘llanish o‘rni qat'iy tarzda belgilab beriladi.
Ma'lumki, so‘zdagi urg‘u ma'no farqlash xususiyatiga ega. Urg‘u yordamida yozuvda farqlanmaydigan so‘zlar o‘zaro farqlanadi. Buni quyidagi so‘zlar misolida ham kuzatish mumkin: atlas-atlas, fizik-fizik, bosma-bosma, hozir-hozir.
Anglashiladiki, urg‘uning o‘zgarishi so‘z ma'nosining o‘zgarishiga olib keladi. Shu sababli har bir so‘zdagi urg‘uni o‘z o‘rnida qo‘llash maqsadga muvofiq.
Grammatik me'yor (morfologik va sintaktik me'yor). Grammatik me'yor morfologik va sintaktik me'yorlarni qamrab oladi. Adabiy tilning bu me'yori so‘z shakllari, qo‘shimchalar, so‘z birikmalari va gapning qurilish me'yori bilan ish ko‘radi.
O‘zbek tilida morfologik me'yor asosida qo‘shimchalarning turlovchi, tuslovchi va so‘z yasovchi turlari qabul qilingan. Biroq nutqda qo‘shimchalar bilan bog‘liq me'yorga har doim ham amal qilinavermaydi. Ko‘p hollarda -ning va –ni, -ga va –da kelishik qo‘shimchalarini qo‘llashda yoki –li va –lik qo‘shimchalarini farqlashda, -kaz va -qaz qo‘shimchalarining qo‘llanishida xatolikka yo‘l qo‘yiladi. Bunday holat ba'zan sintaktik sath birliklarining qo‘llanishida ham kuzatiladi. Masalan: Otadek farzandiga kim kuyar axir, O naqadar og‘ir farzandning dog‘i. (Shukrullo.)
Berilgan gapda so‘zlar tartibiga rioya qilinmaganligi, ya'ni otadek va farzandiga so‘zlarining noto‘g‘ri o‘rinlashuvi sintaktik me'yorning buzilishiga olib kelgan.
So‘z yasash me'yori. Bu me'yor tilda yangi so‘z yasash usullarini belgilab beradi, so‘z yasash qonuniyatlarini tekshiradi.
Ma'lumki, tilning lug‘at tarkibi yangi so‘z yasash hisobiga ham boyib boradi. So‘z yasash o‘z-o‘zidan amalga oshirilmaydi. Har bir tilda so‘z yasashning o‘z ichki qonuniyatlari mavjud. O‘zbek tilida ham so‘z yasashning o‘ziga xos usullari (fonetik, semantik, leksik, morfologik, sintaktik, kompozitsiya usullar) bo‘lib, so‘z yasashda ularga e'tibor qaratish lozim bo‘ladi.
Imloviy me'yor. Imloviy me'yor yozma nutqning madaniylik darajasini belgilovchi muhim omildir. Bu me'yor til birliklarini to‘g‘ri yozish qonun-qoidalariga asoslanadi.
Hozirgi kunda O‘zbekistonda ikki yozuv turiga asoslangan imlo qoidalari bilan ish ko‘rilmoqda. Bular: 1. Kirillcha-o‘zbekcha yozuvga asoslangan imlo qoidasi. Bu qoida 1956 yil 4 aprelda tasdiqlangan bo‘lib, 72 paragrafdan iborat qonun-qoidalarni qamrab oladi. 2. Lotincha -o‘zbekcha yozuvga asoslangan imlo qoidasi. Bu qoida 1995 yil 24 avgustda tasdiqlangan, unda 82 ta imlo qoidasi berilgan.
Har ikki imlo qoidalari ham hozirgi kunda amalda bo‘lib, imloviy me'yorlarni tartibga keltirishga, uni mukammallashtirishga xizmat qilmoqda.
Punktuatsion me'yor. Bu me'yor yozma nutqqa xos bo‘lib, yozuvda tinish belgilarining qo‘llanish qoidalarini belgilab beradi.
Ma'lumki, tinish belgilari yozma nutqning aniq, ifodali, to‘g‘ri tuzilishiga yordam beradi. Tinish belgilarining noto‘g‘ri qo‘llanishi nafaqat jumlaning sintaktik tuzilishiga, balki uning mazmuniga ham ta'sir ko‘rsatadi. Shu sababli yozma nutqning maqsadga muvofiq tarzda tuzilishida tinish belgilari muhim ahamiyatga ega. Qiyoslang: Yigitlar, yetib kelishdi // Yigitlar yetib kelishdi.
KAZNIT,nelzya pomilovat-Qatl qiling, rahm –shafqat qilmang. Kaznit NeLZYa, pomilovat- Siz qatl qila olmaysiz, avf eting.
Birinchi holatda yigitlar so‘zidan so‘ng vergulning qo‘yilishi natijasida bu so‘z undalmaga aylanib, gap bir tarkibli murakkablashgan sodda gap shakliga ega bo‘ladi. Agar gapdan vergul olib tashlansa, yigitlar so‘zi ega vazifasida qo‘llanadi hamda gap ikki tarkibli sodda gap tuzilishiga ega bo‘ladi.
Uslubiy me'yor. Adabiy tilning uslubiy me'yori nutq vaziyati, so‘zlovchining kommunikativ niyati asosida til birliklaridan eng ma'qulini qo‘llash zaruratidan vujudga keladi. Uslubiy me'yorlar quyidagilarga asoslanadi: a) tavsiya etilgan til birliklari hamma uchun yagona va mushtarak bo‘lishi lozim; b) til birliklari uzoq vaqt barqaror qo‘llanib kelingan hamda tilning hamma sohalari bilan uzviy bog‘langan bo‘lishi kerak.
Anglashiladiki, uslubiy me'yorni til birliklarini ishlatishdan ko‘zda tutilgan maqsad va nutq vaziyati belgilab beradi.
Uslubiy me'yor nutq ko‘rinishlarini belgilashda ham ahamiyatli. Nutqning turli-tuman vazifaviy uslublarida (ilmiy, so‘zlashuv, publitsistik, badiiy, rasmiy) til birliklarining o‘ziga xos tarzda qo‘llanishi ularda uslubiy me'yorning amal qilishini ko‘rsatadi.
Nutqda ko‘pincha til birliklarining, xususan, so‘zning noo‘rin takror qo‘llanishi yoki noaniq ishlatish uslubiy me'yorning buzilishiga olib keladi. Masalan, «Otning jilovini siltab, tezlashni qistadi» (M.Hakim. «Uchrashuv») gapi noaniq tarzda ishlatilgan. Bu gapning o‘rnida «Otni jadallatdi» jumlasining qo‘llanishi so‘zlovchining ifodadagi maqsadini aniqroq tushunishga yordam beradi.
Xullas, adabiy til me'yorlari ayni tilning hamma uchun mushtarak, yagona ekanligini, uning umumga tushunarli bo‘lishini ta'minlovchi bosh mezon hisoblanadi.
1-topshiriq. Ajratilgan soʽzlardagi xatolikni izohlang va ularni to’gʻrilab daftaringizga ko’chiring. Qo`shimchalarni o`rnida qoʻllamaslik nutq to`g`riligiga qay darajada putur yetkazishi to`gʻrisida fikr yuriting.
San`atning katta yoʻl chiqish uchun iqtidor, izlanish va mehnatning oʽzigina kifoya qilmaydi. Kishini ilgariga yetaklov “ichki kuch” ham boʻlishi zarur. Ustoz san`atkor Muhammadjon Mirzayev saboqlarini tinglashganim, bastakor Shavkat Mirzayev sinfiga tahsil olganim, bu ikkisining chin ustozlik mehri mendandagi “ichki kuch”ni yillar davomida ulgʻaytira bordi. Ovozning sozlash, talaffuz ustida ishlash, gʻazal matnini qayta-qayta o’qish mazmunini tushuntirishga, so`z tugul har bir harfning aytilish qoidasi amal qilish… ularning bu talabchanligini oʽz samarasini berdi.
2-topshiriq. Matnni o’qing. Klaster shakllantiring.
O’z-o’zingizni boshqarishni o’rganing
Iloji boricha, ko’proq do’stlar orttiring, chunki, bizning asosiy boyligimiz boshqalarga bog’liq bo’ladi. Hayotda ham siz do’stlar va dushmanlar orasida yashashingizga to’g’ri keladi. Shuning uchun, ham har kuni juda yaqin bo’lmasalar ham, tanish-bilish, oshna-og’ayni va qadrdonlar orttirishga intiling. Vaqt o’tishi bilan ular orasida juda ham yaqin do’stlar orttirishingiz mumkin bo’ladi. Iloji boricha, odobli, axloq va kundalik turmushda boshqalarga (shujumladan sizga ham) o’rnak bo’la oladigan insonlar bilan do’stlashing. Ularning ishonchli do’st yoki hamkor bo’la olishi sizning tadbirkorlik bilan bog’liq ishlaringizda juda katta ahamiyatga ega bo’ladi, chunki,ular o’zlari olgan ta’lim-tarbiyaga va ruhiyatlariga mos ravishda o’ta insofli bo’lgan holatda ish yuritadilar. Iflosinsonlar bilan kurashib, g’olib bo’lgandan ko’ra, axloq-odobda o’rnak bo’la oladigan insonlar bilan kurashish ma’qulroqdir. Yaramas insonlar bilan kelishib bo’lmaydi, chunki, ular hech qanday tartib va qonunlarni tan olishmaydi – shuning uchun, ham bunday insonlar orasida haqiqiy do’stlik bo’lmaydi. G’irrom odamdan iloji boricha uzoqroq yurish kerak, chunki, ulardan hech qachon hech qanday yaxshilik yoki yaxshi amal chiqmaydi.
O’zingiz haqingizda yaxshi yoki yomon gaplar gapirmaganligingiz ma’qul, chunki, Agar, siz o’zingizni maqtasangiz, sizni maqtanchoqlikda ayblashadi, Agar, o’zingizni yomonlasangiz, tilyog’lamalikda ayblashadi. O’zingiz haqingizda gapirishingiz tinglovchilarni juda ham zeriktirib qo’yadi, chunki, har bir tinglovchi o’zini eng aqlli inson deb biladi. Do’stlar orasida ham o’zingiz haqingizda gapirishdan tilingizni tiying – ko’pchilik orasida ma’ruza qilganingizda esa bu sizni juda ham kulgili ahvolga solib qo’yishi mumkin. Davradagilir haqida ham yaxshi yoki yomon gaplar gapirish tilyog’lamalikni yoki haqoratni anglatishi mumkinligini unutmang.
Ko’pchilik nazarida juda ham mehribon inson sifatida ko’rinishga intiling, chunki, shuning o’zi ham do’stlar orttirishga imkon beradi. Mehribonlik ko’rsatish juda ham arzon turadi, ammo, u juda yuqori baholanadi. Hurmat qilganni va mehribonlik ko’rsatgan insonni boshqalar ham hurmat qilishadi. Boshqalar bilan dushmanlik qilishga intilmang, chunki, dushmanning bittasi ham ko’p hisoblanadi. Ba’zilar ba’zi birovlarni nima uchundir ko’ra olmaydilar, tez-tez janjal-suron ko’taradilar va boshqalarni haqoratlaydilar hamda nega bundayligini bilmaydilar ham. Ammo, bu holat ruhiyatga kirib olsa, uni yo’qotish juda qiyin bo’ladi. Agar, shunday ahvol yuz bersa, vaqtni o’tkazmasdan, ruhiyatingizni ijobiy ma’noda davolashga harakat qiling.
Barchaga kerakli inson bo’lishga harakat qiling, buning ikki yo’li bor – biri, ishlaringizda muvaffaqiyatga erishish, barchaga kerakli bo’lgan hunar sohibi bo’lish, ikkinchisi, boshqalarga imkon boricha ko’mak berish. O’z egallagan joyiga munosib bo’lgan odamga har doim ham talab bo’ladi. Shuning uchun, insonga mansab emas, balki, mansabga inson ko’proq mos bo’lgani ma’qul. Ba’zilarni ular egallagan mansab bezasa, ba’zilar mansabni bezatadilar. Chunki, bu mansab xuddi shunday aqlli va bilimli insonlar uchun mos bo’ladi.
Hech qachon boshqa birovlarni yomonlamang, chunki, bu ish ko’pchilikka yoqmaydi. Kimdir birovni yomonlar ekan, bu bilan o’z kamchiliklarini yashirishga harakat qilib, buning telbalik ekanini anglamaydi. Shuning uchun, ham ko’pchilik bunday odam bilan aloqani uzishga harakat qiladi.
Axmoqlik qilgan axmoq emas, balki, buni yashira olmagan axmoqdir. Iloji boricha, barcha kamchiliklaringizni yashirishga harakat qiling, chunki, hamma ham xato qiladi. Ammo, aqllilar o’z xatolarini yashiradilar, tentaklar esa, bu bilan maqtanadilar. Sizning insonlar orasida yaxshi nom orttirishingiz ko’proq sizning sukunatingizga bog’liq bo’ladi. Gunohkor ekansiz, endi ehtiyot bo’ling, eng yaqin do’stlaringizga ham bu gunohlaringizni va xatolaringizni oshkor qilmang.
Shikoyat qilishga shoshilmang – oldin yaxshilab o’ylab ko’ring, chunki, shikoyat qilish sizga achinish yoki siz bilan birlik hissini uyg’otmaydi, balki, ko’proq yomon hissiyotlar uyg’otib, dushmanlar sonini ko’paytiradi. Ba’zilar o’tmishda bo’lib o’tgan ishlar uchun yordam olish yoki achinish hissini uyg’otish maqsadida shikoyat qilib, kelajakda o’zlari uchun turli xil muammolar hosil qiladilar. Aqlli inson boshqalar oldida o’zini xafa qilgan insonlar haqida ham, o’z xatolari haqida ham gapirmaydi. Ammo, u boshqalar uchun maqtov so’zlari gapirishni hech qachon unutmaydi. Bu bilan u do’stlarni asrab, dushmanlar yo’liga g’ov qo’yadi.
Har qanday ishni boshlashdan avval, shart-sharoitni yaxshilab o’rganish kerak. Bu ishni ayniqsa, rejalashtirilgan ishning muvaffaqiyati aniq bo’lmagan hollarda amalga oshirish juda ham muhim. Ishni boshlash uchun rozilik berish yoki undan voz kechishni iloji boricha orqaga surib, yaxshilab fikrlab olishga etarli vaqt topish kerak bo’ladi. Shunda to’g’ri qaror qabul qilish uchun kerakli bo’lgan turli xil ma’lumotlar topish va o’ylab olish uchun yetarlicha vaqt topish mumkin bo’ladi.
Eng nozik joyingizni imkoniyat boricha yashirishga harakat qiling, chunki, boshqalar (hamkorlar, hamkasblar yoki dushmanlar) kerakli paytda va kerakli joyda xuddi shu nozik tomoningizga tuzatib bo’lmas zarba berishlari mumkin. Shuning uchun, og’riyotgan joyingizni hech kimsa bilmasin, shunda bu joyingizga zarba berish dushmanlarning xayoliga ham kelmaydi. Ishingizning eng katta foyda keltiradigan sifatini ham hech kim bilmagani ma’qul, aks holda, olayotgan foydangizdan yoki uning kattagina qismidan mahrum bo’lishingiz mumkin.
Suhbat qilish san’ati yaxshilab egallab oling, chunki, suhbatdagina insonning asli kimligi ayon bo’ladi. Xat yozayotganingizda o’ylash uchun ancha vaqt bo’ladi, ammo, suhbat tezkorlik bilan fikrlashni talab qiladi. Suhbatda yoqimli bo’lish uchun hamsuhbatning ruhiyati va aqliga mos kelish kerak bo’ladi. Ammo, suhbatda juda ehtiyot bo’lish kerak bo’ladi, chunki, gap aytish oson, uning uchun javob berish va isbotlash esa qiyin. Gapirgan gap – otilgan o’q deb bejiz aytmaganlar! Mayda-chuyda narsalar haqida gapirib turib, o’zingiz uchun muhim bo’lgan ma’lumot olish uchun imkoniyat qidiring. Suhbat davomida tez- tez to’xtab qoladigan odamni ishontirish oson. Bu esa suhbatda yutib chiqish imkonini yaratadi. Suhbatda chiroyli so’zlardan ko’ra, aql bilan ish ko’rish muhimroq bo’ladi.
Har bir hodisa ketidan nima kelishi mumkinligi haqida fikrlab oling. Ertaga, indinga va bir necha kundan so’ng nimalar bo’lishi mumkinligini bilib olishga harakat qiling. Agar, shunday qilsangiz, og’ir yo’qotishlardan o’zingizni himoya qilgan bo’lasiz. To’g’ri yo’ldan adashmaslik uchun butun umringiz davomida o’ylab ish qiling.
Axmoqlardan uzoqroq yuring, chunki, sizning kimligingizni atrofingizdagi insonlar va oshna-og’aynilaringizga qiyos qilib, bilib olishadi. Muvaffaqiyatga erishish uchun omadli va hayotda nimagadir erishgan insonlarga yaqin yuring. Juda ham muvaffaqiyatli va omadli bo’lsangiz, ko’proq o’rtacha insonlar bilan muloqot qilganingiz ma’qul. Shunda ko’pchilik orasida obro`-e’tiboringiz va hurmatingiz oshadi.
Ishonishga shoshmang va tez sevib qolmang. Agar, turli xil insonlarga tezda ishonib qolsangiz, keyinchalik afsus-nadomatlar qilishingiz mumkin. Yoddan chiqarmang – nafaqat so’zlar bilan, balki qandaydir ishlar va amallar bilan ham aldaydilar. Do’st tanlashga shoshilmang, chunki, insonni uning do’stlariga qiyoslab, muomala qiladilar. Aqlli inson nodonlar bilan muloqot qilmaydi. Har qanday do’st sinovlarda tekshiriladi. Tasodifiy do’st yaxshi do’st bo’lolmaydi, sinalgan do’st eng yaxshi do’st hisoblanadi. Do’stlik dardni yengillashtiradi va qiyinchiliklarni kamaytiradi. Yaxshi do’st bo’ladiganlar juda kam, ammo, do’st tanlashni bilmaydiganlar uchun do’stlar undan ham kam bo’ladi. Do’st topishdan ko’ra, uni yo’qotish osonroq - shuning uchun, do’stlarni iloji boricha, asrab-avaylang.
Doimo o’zingiz uchun zahira qoldiring, chunki, bu g’alabani ta’minlashning asosidir. Barcha narsangizni, kuchingizni va imkoniyatingizni birdaniga ishlatib yubormang. To’liq g’alabaga erishishda zahira katta ahamiyatga ega, chunki, uni shart-sharoitga mos ravishda aql bilan kerakli vaqtda va kerakli joyda ishlatish mumkin.
Hech nimasi qolmagan va barcha holatda ham hech nima yo’qotmaydiganlar bilan aloqa qilmang va ular bilan kurashmang, chunki, ular barcha narsalarini allaqachon yo’qotganlari uchun, har qanday ishga ham qodir bo’ladilar, ular uchun hech qanday tartib-qoida bo’lmaydi. Ularda ma’naviy tayanchlar va insof-odob tushunchalari yo’qolgani tufayli, umuminsoniy qadriyatlar ham batamom yo’qoladi va sizning ham ular bilan aloqa qilganligingiz uchun omma oldidagi obro`-e’tiboringizga putur tegadi. Kurashga kirishishdan avval raqibingizni chamalang va agar, uning mavqei siz bilan teng bo’lsagina, u bilan bellashishingiz mumkin («shohning dushmani shoh, gadoniki esa gado» - deb bejiz aytmaganlar).
Maslahat so’rashdan tortinmang, chunki, bu sizni kamsitmaydi, balki sizga nisbatan e’tiborni orttiradi. Maslahatga quloq solish va shunga mos ravishda harakat qilish aql yetukligidan nishona beradi. Yuqori mansabdagilar bilan juda ham yaqin bo’lish xavfli, pastdagilar bilan juda ham yaqin bo’lish esa, obro`ga putur yetkazishi mumkin. Hech qachon yolg’on gapirmang, ammo, haqiqatni ham to’liq gapirmang, chunki, haqiqat bilan juda ehtiyot bo’lib muomala qilish kerak. Bir marta aldasangiz, sizning rostgo’y inson sifatidagi ta’rifingizga tuzatib bo’lmas dog’ tushadi. Aldanganni sodda odam deb bilishadi, ammo, aldoqchini esa firibgarga chiqarib qo’yishadi. Barcha haqiqatni ham gapirib bo’lmaydi, ba’zi haqiqatlarni o’zingizning foydangiz uchun bildirmaganingiz ma’qul bo’lsa, ba’zilarni esa boshqa insonlar foydasi uchun aytmaganligingiz ma’qul. Mansab tashqi ko’rinishga zeb beradi, ammo, bu shaxsning ichki ma’naviy holatiga juda ham kam ta’sir qiladi. Taqdir ba’zi insonlarga katta mansablar berib, ular qalbining kamchiliklarini yo’qotishga harakat qiladi deyish ham mumkin. Mansab egalarining tasavvuri juda ham ilgarilab, o’z imkoniyatlari doirasidan ko’ra ko’proq narsalarga erishishga intiladi va bu bilan tuzoqqa tushib qolishadi («tekinga o’rgansa baliq, qarmoqqa ilinishi aniq» - deb bejiz aytmaganlar).
O’jar bo’lmang, chunki, barcha kaltafahmlar o’jar, o’jarlar esa kaltafahm bo’ladilar. Tortishuvda o’jar bo’lsangiz, foydadan ko’ra ko’proq zarar ko’rasiz, haqiqatning tagiga etolmaysiz hamda ko’pchilik orasida tarbiya ko’rmagan inson sifatida tanilasiz. O’jarlik fikr yuritishingiz tavsifi emas, balki istak-xohishlaringizga intilishda sizning irodangiz tavsifi bo’lishi kerak.
Sizni juda ham maqtaydiganlar va sizga tilyog’lamalik qiladiganlarga ishonmang. Ba’zilar maqtov va yaltoqlik bilan maqtovga o’ch bo’lgan mansabdorlar pinjiga kirib oladilar. Vaqt o’tishi bilan, ishonchga kirib olib, ularga katta zarar keltiradilar. Haqiqiy hurmat burch hisoblanadi, yolg’ondakam hurmat esa firibgarlikning bir ko’rinishidir, xolos. Tilyog’lama insonlar sizning yaxshi tomonlaringizni ko’pirtirib, bu bilan faqatgina o’z manfaatlarini ko’zlaydilar.
Birovning manfaatlarini himoyalayman deb, o’z manfaatlariga erishmoqchi bo’lgan ayyor insonlardan juda ham ehtiyot bo’lish kerak. Ular bir karra aqlli bo’lsa, siz ulardan ikki karra aqlliroq bo’lishga harakat qiling. Agar, ularning qarmog’iga ilinib qolsangiz, kimnidir foydasi deb, o’zingizga katta zarar yetkazib qo’yishingiz mumkin. Dono inson barchadagi yaxshi xislatlarga ahamiyat beradi va yaxshi amal qilish qanchalik qiyinligini ham anglaydi. Aqlsiz inson esa hech kimda biror bir yaxshi xislatni ko’rmay, faqatgina ulardagi yomonliklarni ko’radi, xolos.
O’zingizning kimligingizni, qanday inson ekanligingizni, qanday kamchilik va afzalliklaringiz borligini yaxshi bilib oling. Chunki, sizning obro`-e’tiborli bo’lib, hayotdagi ezgu maqsadlaringizga erishishingiz xuddi shularga bog’liq bo’ladi. Laqma, yolg’onchi, yengiltabiat va firibgar insonlar bilan aloqa qilmang – ular siz bilan juda ham yaqin bo’lib qolganlarida juda ham xavfli bo’lib qoladilar. Bunday insonlarni bilmaganlarning o’zi ham laqma hisoblanadi, ammo, bilib turib, ular bilan aloqa qilganlar esa kaltafahm deb hisoblanadilar.
Hurmat qozonishning eng yaxshi yo’li – yaxshi amallar bilan shug’ullanishdir. Savob amallar qilganingizda ular bilan maqtansangiz, hurmatingizga putur etishi mumkin. Haqiqatni ochiq aytish juda xavfli, ammo, vijdonli inson haqiqatni aytmasdan jim tura olmaydi. Shuning uchun, haqiqatni aytishda uni boshqacha tarzda, misollar vositasida bildirgan ma’qul. Chunki, bunda haqiqatni bilishi kerak bo’lgan kimsalarning ko’ngliga ozor etmaydi va uni aytish ham katta xavftug’dirmaydi.
Yolg’onchi kimsa sifatida nom qozonmang. Undan ko’ra ehtiyotkor inson sifatida taniling. Ko’rinishdan sodda bo’lishga harakat qiling, ammo, laqma bo’lmang. Sinchkov bo’ling, ammo, ayyor bo’lmang. Iloji boricha atrofdagi insonlar sizni ikkiyuzlamachi emas, balki aql-farosatli inson sifatida tanisinlar. Ishonuvchan va soddadil insonlarni yaxshi ko’radilar, ammo, ko’pincha ularni aldashga harakat qiladilar. Eng oliy ayyorlik – ayyorlikni yashirishdir, chunki,,buni yolg’onchilik bilan tenglashtiradilar.
Agar, sher bo’la olmasangiz, tulki terisini yopinib yurganingiz ma’qul. Vaqtida yon bossangiz, yutishga imkon topasiz. Agar, kuchingiz yetmasa, aql-farosat bilan harakat qiling. Kuchdan ko’ra chaqqonlik ijobiy natijaga olib kelishi osonroq. Ko’pincha aqllilar kuchlilarni yengadilar. Buning teskarisi juda kam kuzatilgan.
Boshqalardan juda ham ajralib turishga harakat qilmang, chunki, birinchidan, ko’pchilik buni to’g’ri qabul qilmaydi va ikkinchidan, bu holat o’zingizni noqulay holatga solib qo’yadi. Atrofdagi insonlardan juda ham katta farq qilsangiz, sizdan do’stlaringiz ham yuz o’girishi mumkin. Chiroyli va aqlli so’zlar gapiraman deb, atrofingizdagilarni xafa qilib qo’ymang. Siz bittasiz, dushmanlaringiz esa ko’pchilik - ularga biror bir nimani uqtirganingizcha, ular sizni osongina yengadilar. Barcha ig’vogarlarni yomon ko’rgani bilan, ko’pincha, ularni gapga solib, o’z qiziqishlarini qondiradilar. Ammo, ularga bo’lgan nafrat esa hech qachon kamaymaydi.
Yarim bajarilgan ishni hech qachon ko’rsatmang – ish tugagandan so’ng uni chiroyli qilib ko’rsatganingiz ma’qul. Aks holda, birinchi bor ko’rilgan chala ish barchaning xotirasiga muhrlanib qoladi. Iloji boricha, kechirimli bo’ling. Juda ham zarur bo’lmaguncha, o’zingizni oqlashga harakat qilmang, chunki, juda ham berilib o’zini oqlash jinoyat qilganlik nishonasi deb tushuniladi. Oldindan kechirim so’rash – o’z- o’zini ayblashdir. Haqligingizni bildirish uchun oldindan o’zingizni oqlab, o’zingizga nisbatan shubha uyg’otasiz va qilmagan ishingiz uchun ham sizni nohaq ayblashlari mumkin. Faqat, o’zingiz uchungina emas, balki, boshqalar uchun ham yashashga harakat qiling. Faqat, o’zi uchun yashaydiganlar barcha narsa o’zlariniki bo’lishini istab, do’stlardanajrab qoladilar. Ammo, faqatgina boshqalar uchun yashaydiganlar ham bo’ladi - ular mustaqil hayot kechira olmaydilar. Esingizdan chiqmasin, begonalar sizdan foyda chiqqani uchungina sizga yaqin bo’lishga harakat qiladilar. Shuning uchun, yaxshilikni avvalo o’z do’stlaringiz va yaqinlaringizga qiling.
Yaxshilikni ham oz-ozdan, tez-tez va aql bilan qiling.Sizga bo’lgan minnatdorchilik doimiy bo’lishiga va tugamasligiga harakat qiling. Agar, yaxshilik qilish imkoniyatidan mahrum bo’lsangiz, do’stlaringiz ham buni ko’rib, sizdan uzoqlasha boshlaydilar. Do’stlarni yo’qotib qo’ymaslik uchun ular to’layolmaydigan qarzlarni so’rab o’tirmang, aks holda, do’stlaringizdan tezda ajrab qolasiz. Istalgan odam dushman bo’lib qolishi mumkin, ammo, har kim ham do’st bo’la olmaydi. Eng ashaddiy dushmanlar eski do’stlardan chiqadi, chunki, ular sizning nozik tomonlaringizni juda yaxshi bilishadi. Dushmanlik qilishning oldini oling va uni yaxshi tomonga o’zgartirishga harakat qiling. Qasos olishga emas, balki, xafagarchiliklarning oldini olishga intilgan ma’qul. Eng yaxshisi– raqobatchi bo’lishi mumkin bo’lganlarni o’z tomoningizga og’dira olishingizdir. Ularni minnatdorchilik bildirishga majbur qilib, dushmanchilikka imkon qoldirmaganingiz ma’qul.
Barchaga yoqadigan narsalarni (yoki amallarni, odatlarni) yomonlamang. Chunki, ularda biror-bir yaxshi tomon bordirki, ko’pchilik ular haqida ijobiy fikr bildiradi. Ba’zi paytlarda bularni tushuntirish mumkin emas, ammo, bu barchaga yoqadi. Sizning bularning yaxshi tomonini topa olmasangiz ham, ko’pchilikka qarshi chiqmang.
Ko’p sohalardan chala bilim olishga emas, bir sohada chuqur bilim olishga intiling. Chunki, foydali bo’lgan bilimdonlilik son bilan emas, balki, sifat bilan aniqlanadi. Ajoyib narsa bitta bo’ladi va kam uchraydi, ko’p narsaning esa qadri bo’lmaydi. Universal bilimli insonlarning yomon tomoni – ular ko’p narsani bilishga intilib, birorbir sohani chuqur egallab ololmaydilar. Biror bir sohadagi chuqur bilimgina yuqori malakali mutaxassis bo’lishga imkon beradi. Bo’lar- bo’lmas narsalar bilan shug’ullangandan ko’ra, hech nima qilmagan ma’qul. Malakali inson o’ziga emas, balki, ko’pchilikka tegishli bo’ladi. Sizga berilgan imkoniyatlardan eng yaxshisini va o’zingizga mos bo’lganinigina rivojlantiring. Shundagina yuksak cho’qqilarga erishishingiz mumkin.
3-topshiriq. O`qing. Quyidagi hikmatli ibora va fikrlarning ma’nosini izohlang.
“Til muncha sharaf bila nutqning olai (quroli) dur va ham nutqdurki, Agar, nopisand zohir bo`lsa, tilning ofatidur”(Alisher Navoiy).
«Aytur so`zni ayt, aytmas so`zdan qayt»(Alisher Navoiy).
«So`zchi holin boqma, boq so`z holina,
Ko`rma kim der oni, ko`rgil kim ne der» (Alisher Navoiy).
«So`zdurki, nishon berur o`likka jondin,
So`zdurki, berur jonga xabar jonondin,
Insonni so`z ayladi judo hayvondin,
Bilkim, guhari sharifroq yo`q ondin (Alisher Navoiy).
«Tarixda nom qoldirish uchun yo yaxshi sarkarda, yo yaxshi notiq bo`lish kerak». (Sitseron).
“Qalam- eng yaxshi muallim” (Sitseron).
“Inson shoir bo`lib tug`ilishi mumkin,lekin, notiq bo`lib yetishadi” (Sitseron)
“So`zni ishonch bilan gapir,eshituvchilarga ta’sir esa o`z-o`zidan kelib chiqadi” (Gyote)
“Mavzuni chuqur o`rgan, so`zning o`zi keladi” (Katon)
“Inson notiqligi,saodat tildan,
Nazokat tildandir, nafosat tildan,
Hayot saboqlari ko`rsatar shuni,
Do`zax tildan erur va jannat tildan” (Abu Ali ibn Sino)
4-topshiriq. “Maqollar zanjiri” metodi
Maqoldagi nuqtalar o’rniga tushirib qoldirilgan soʽzlarni qoʻyib chiqing.
№
Maqollar
Javob
1.
Odobni ...dan oʻrgan.
(6ta).
Odobsiz
2.
Noz ...ga yarashar.
(3ta).
Qiz
3.
Roʽzgʻori kattaning ... ham katta.
(7ta).
Tashvishi
4.
Ayrilar doʻst... narsangni soʻraydi.
(5ta).
Ayovli
Nutq madaniyati va adabiy me`yor o`lchovi.
Adabiy til me`yorlari.
Nutq odobi-umumiy axloqni belgilovchi mezon.
O`qituvchi nutqining adabiy me`yorlarga mosligi.
Nutq madaniyatiga erishishning asosiy omili tilni, ayniqsa adabiy til me`yorlarini egallash, ulardan unumli va o`rinli foydalanishdir. Hozirgi adabiy til me`yorlariga rioya qilib tuzilgan nutq aniq, to`g’ri va ta`sirchan holda tinglovchiga yetib boradi.
Me`yor-so`zning mavjud bo`lgan ma`nosi, fonetik tuzilishi. S.I.Ojegov fikricha, “Me`yor-bu ijtimoiy jarayonda birga mavjud bo`lgan, bor bo`lgan, yangi paydo bo`lgan yoki o`tmishning kam ishlatiladigan til unsurlarini (lug’aviy, talaffuz, morfologik, sintaktik) tanlashning natijasi sifatida shakllangan, jamiyatga xizmat qiladigan foydali til vositalari yig’indisidir, keng ma`noda bu unsurlarni baholashdir”. Adabiy me`yor o`z holicha shakllanadi. Uning shakllanish va taraqqiyotiga tilning tarkibiga kiruvchi lahja, shevalar turlicha hissa qo`shadilar. Qaysi hududda savdo, fan madaniyat taraqqiy etgan bo`lsa, me`yorga ham o`sha hududdagi shevalarning ulushi ko`proq bo`ladi. Me`yor til qurilishi unsurlarining hammasiga tegishli. Adabiy me`yor umumiy me`yordan olinadi, unga suyanadi. Adabiy me`yor umumiy me`yorning xususiy ko`rinishi bo`lgani uchun undan hajm jihatidan kichikdir.
Og’zaki adabiy normaning rivojlanishiga xalq qiziqchilari, askiyachilari, ertakchi, latifachi, dostonchi, xalq shoir-baxshilari katta hissa qo`shadilar.
Nutq madaniyati adabiy me`yorlarni tadqiq etar ekan, u me`yordagi mustahkam va zaif o`rinlarni belgilaydi. Adabiy me`yor adabiy til bilan birga tug’iladi, badiiy adabiyotning, xalq madaniyatining taraqqiyoti bilan rivojlanib, o`z qonun-qoidalarini mustahkamlab boradi.
So`zlovchi yoki tinglovchi gapirganda yoki eshitganda ma`lum odob, axloq me`yorlariga rioya qiladi, chiroyli va ta`sirchan gapirishga intiladi, tilga hurmat bilan munosabatda bo`ladi, o`z gapi va o`zgalar gapiga e`tiborli bo`ladi, o`rinli so`zlash va tinglash madaniyati, suhbat va munozara madaniyatiga amal qiladi. Bular umum-me`yor darajasidagi talablardir.
Nutq madaniyatida ham adabiy til me`yori-o`lchovi zarur. “Til me`yori-bu til birliklari va uning qurilishini o`zaro yaxshi tushunish zaruryati tufayli paydo bo`lgan, undan foydalanuvchi xalq tomonidan yaratilgan amaldagi qoidalar yig’indisidir” -deb ta`kidlaydi olim B.N.Golovin.
Til unsurlarining xalq o`rtasida ko`pchilikka ma`qul bo`lgan variantini tanlash-adabiy til me`yori hisoblanadi.
O`zbek adabiy tilining me`yorlari:
Fonetik me`yorlar.
Bunda hozirgi o`zbek adabiy tilidagi unli va undosh tovushlarning qo`llanilishi me`yor hisoblanadi.
Leksik-semantik me`yor (so`z qo`llash)lar.
So`z variantlaridan hamma uchun tushunarli bo`lgan ko`rinishini tanlab olish hozirgi o`zbek tilining lug’aviy me`yori hisoblanadi.
Imlo, talaffuz, tarjima lug’atlarida lug’aviy me`yor o`z aksini topadi.
So`zning ma`nosini bilmay ishlatish, shevaga xos so`zlarni qo`llash, paronimlarning ma`nosini tushunmasdan ishlatish rus tilidan to`g’ridan-to`g’ri kalka-tarjima qilish me`yor hisoblanmaydi.
Masalan: bo`lsa o`rnida bo`sa so`zini ishlatish, yorug’ o`rnida yoruq so`zidan foydalanish. Rus tilidan tarjima qilish asosida: Bazm kechasining aybdorlari.
Talaffuz me`yorlari (orfoepik).
Til birliklarining og’zaki nutq jarayonida adabiy til me`yorlariga muvofiq kelishi. Ruscha so`zlarni yozma shakliga taqlid qilib aytish-(Moskva to`g’ri aytilishi Maskva) so`zlarni o`zbekcha aksent bilan talaffuz etish (Angiliya) shevaga xos talaffuz (yo`l-jo`l) talaffuz me`yorlarini egallashda orfoepik lug’atlarning ahamiyati katta.
4. Aksentologik (urg’uning to`g’riligi) me`yorlar.
Bunda so`z va gaplarda urg’uni to`g’ri qo`llash me`yori tushuniladi. Urg’uni to`g’ri ishlatmaslik so`z ma`nosiga ta`sir qiladi: olma-meva, olma-buyruq fe`li.
5. Grammatik me`yor:
Turlovchi va tuslovchi shakllarning eng maqbul variantlari hozirgi tilimizda tanlab olingan va ular nutqda barqaror shaklda ishlatiladi. Ammo kelishik qo`shimchalarini noto`g’ri qo’llash uchraydi. Ba`zan –ning o`rnida –ni, -lar o`rnida –la ishlatiladi. Direktorni xonasida ko`rdim. (direktorni o`z xonasida ko`rmoq). Direktorning xonasida ko`rdim. (Boshqa birovni direktor xonasida ko`rmoq).
6. So`z yasalish me`yorlari:
So`z yasovchi qo`shimchalarning fonetik tuzilishi jihatidan bir qolipda ishlatilishi so`z yasalish me`yori hisoblanadi. Ba`zan nuqtda sifat yasovchi –li va ot yasovchi –lik qo`shimchalari farqlanmay ishlatiladi. Paxtali chopon o`rnida paxtalik chopon.
7. Imloviy me`yorlar (orfografik).
Hozirgi o`zbek adabiy tilining me`yorlari 1956-yil “O`zbek orfografiyasining asosiy qoidalari” ga tayanadi. 72 paragrafdan iborat. 1995-yil yangi lotin alifbosiga o`tish haqida qaror qabul qilindi.
Lotin alifbosiga asoslangan yozuvda ham yangi orfografik qoidalar yaratildi. Bo`g’in ko`chirish qoidalariga o`zgartirishlar kiritildi. Demak, imloviy me`yor so`zlarning to`g’ri, xatosiz yozilishiga asoslanadi.
8. Grafik (yozuv) me`yorlari:
Hozirgi yozuvimiz lotin alifbosiga asoslangan bo`lib, 29 ta harf va 3 ta harf birikmasidan iborat.
9. Punktuatsion me`yorlar:
Bu me`yor 10 ta tinish belgisi asosida ish yuritadi (nuqta, vergul, ikki nuqta, nuqtali vergul, tire, undov belgisi, so`roq belgisi, ko`p nuqta, qo`shtirnoq, qavs)
10. Uslubiy me`yor:
Nutq sharoitiga qarab til birliklarining eng ma`qulini qo’llash adabiy tilning uslubiy me`yori hisoblanadi. Sinonimlardan noto`g’ri foydalanish, so`z takror ayrim eskirgan so`zlarni qo`llash nutqni uslubiy jihatdan buzadi.
O`zbek tilida so`zlashuvchi kishilar va ijodkorlar uchun o`zbek adabiy tili me`yorlariga rioya qilish majburiy sanaladi.
Nutq odobi-umumiy axloqni bezovchi mezon hisoblanadi. O`rta Osiyoda axloqiy tarbiya o`z an`analariga ega. Axloq haqidagi ibratli fikrlar qadimgi turkiy yodnomalar buyuk allomalarning asarlari, yozma yodgorliklar orqali bizgacha yetib kelgan.
O`rta asrlarda axloq fan sifatida yuzaga keldi. Farobiy, Ibn Sino, Nasriddin Tusiy, Jaloliddin Davoniy, Sabzavoriy, G`iyosiddin Mansur kabi olimlarning asarlarida axloq fanining mavzusi vazifalari, maqsadi nazariy va amaliy jihatdan isbotlab berildi. XIII asrda yashagan Ibn Arabiyning “Tahzibul axloq” (“Xulqiy tarbiya haqida”), “Kitobul axloq” (“Axloq kitobi”), Abu Bakr Qalandarning “Qalandarnoma” asarlari, XV asrda yashagan Husayn Voiz Koshifiyning “Axloqi Muhsiniy”, XVI asrda yashagan Poshshoxo`ja Abduvahobxo`janing “Gulzor”, “Miftoh ul- adl” (“Adolat kalidi”), XVII asrda yashagan Abdurahmon ibn Abdukarimning “Muftoh u-l axloq”, XVIII asrda yashagan Hakim Qoniyning “Parishon” va “Guliston”, XIX asrda yashab ijod qilgan Abu Tohir Xo`janing “Axloqi Muzaffariy”, va “Axloqi Muhammadiy”, Abdurahmon Sharafning “Ilmi axloq”, Salohiddinning “Mahosini axloq” (“Axloq fazilatlari”), XIX asrning oxiri XX asr boshlarida yashagan Abdurahmon Sayyohning “Me`yori axloq” kitoblarida sharqona meros bo`lgan axloq masalalari ilmiy mushohada etib beriladi. O`rta Osiyo xalqlari boy axloqiy merosga ega hisoblanadi. Demak, axloqni belgilovchi nutq odobiga rioya qilish bizning xalqimizga ajdodlardan qolgan meros. Ota-bobolarimiz qadimgi davrlardan boshlab axloqiy tarbiyaga katta e`tibor berganlar. Odobli so`zlash uchun ham avvalo o`zbek adabiy tili me`yorlarini mukammal o`rganmoq zarur.
O`qituvchi nutqi adabiy til me`yorlariga to`la mos kelishi uchun bu adabiy me`yorlarni u mukammal o`rganmog’i hayotiy zaruratdir. Agar o`qituvchi nutqi adabiy til me`yorlariga to’la mos kelsa bu o`quvchilarning yutug’idir. Chunki bola ustozidan ta`lim oladi, hattoki unga taqlid ham qiladi. To`g’ri, boshqa soha vakillaridan ham adabiy til me`yorlariga rioya qilgan holda so`zlash talab etiladi. Ammo o`qituvchi kelajak avlod tarbiyachisi sifatida bola dunyoqarashini shakllantiradi. Shuning uchun ham o`qituvchi har qanday vaziyatda va har qanday sharoitda o`z nutqiga e`tiborli bo`lmog’i talab etiladi.
Adabiyotlar:
1. Qilichev E., Qilichev B. Nutq madaniyati va uslubiyat asoslari. Buxoro, 2002.
2. Qo`ng`irov R, Begmatov E. Tojiyev Yo. Nutq madaniyati va uslubiyat asoslari. T., 1992.
3. Qudratov T. Nutq madaniyati asoslari. T., 1993.
4. Begmatov E., Boboyev A., Asomiddinova M. Adabiy norma va nutq madaniyati. T., 1983.
5. Tojiyev Yo, Hasanova N, Tojimatov H, Yo`ldosheva O. O`zbek nutqi madaniyati va uslubiyat asoslari. T., 1994.
1.Adabiy til haqida ma‘lumot.
2.Xalq shevalari.
3.Adabiy tilning xalq shevalaridan farqi.
4.Davlat tili haqida»gi tarixiy qonun.
5.Yangi alfavitning joriy qilinishi.
Adabiy til meyorlari…
Til va nutq bir-biriga bog’liq hodisalardir, ularni bir-biridan ajratib qarash asossizdir. Til nutq uchun moddiy materialdir. Shu asosida nutq tashkil topadi. Tilning ruhiy hodisaligi uning ongda saqlanishi bo’lsa, moddiy hodisaligi undagi tovushlardir.
Nutq - bu til deb ataluvchi, o’ta muhim vazifani bajaruvchi noyob quroldan foydalanuvchi jarayondir. Nutq haraktdagi til bo’lib, nutq a‘zolarining harakati jarayonida paydo bo’ladi va so’z birikmalari, erkin birikmalar, so’z tartibi va gaplardan tashkil topgan.
Qo’llangan til birligi to’g’ri yoki noto’g’ri deyilganda, albatta, ma‘lum bir o’lchov (mezon)ga asoslanganligi tayin. Mana shu o’lchov (mezon) tilshunoslikda adabiy til me‘yori deb yuritiladi.
Xususiy me‘yorlar quyidagilar:
Dialektik me‘yor.
So’zlashuv nutqi me‘yori.
Argolar, jargonlar me‘yori.
Adabiy til me‘yori (adabiy me‘yor).
Me‘yor – tilning yashash shaklidir. Adabiy me‘yor adabiy til bilan birga tuziladi, badiiy adabiyotning, xalq madaniyati taraqqiyoti bilan rivojlanib o’z qonun qoidalarini mustahkamlab boradi. Jamiyat a‘zolarini uyushtirishda, katta vazifalarga otlantirishda adabiy til, uning me‘yorlari jamiyat uchun nihoyatda zarur.
Me‘yor – tilning yashash shaklidir. Adabiy me‘yor adabiy til bilan birga tuziladi, badiiy adabiyotning, xalq madaniyati taraqqiyoti bilan rivojlanib o’z qonun qoidalarini mustahkamlab boradi. Jamiyat a‘zolarini uyushtirishda, katta vazifalarga otlantirishda adabiy til, uning me‘yorlari jamiyat uchun nihoyatda zarur.
O’zbek adabiy tili me‘yorlari ilmiy asarlarda quyidagicha tasnif qilinadi:
1.Leksik-semantik me‘yorlar. 2.Talaffuz (arfoepik) me‘yor. 3.Yozuv (arfografik) me‘yor. 4.Fonetik me‘yor. 5.Aksentologik (urg’uni to’g’ri qo’yish) me‘yori. 6.Grammatik (morfologik, sintaktik) me‘yor. 7.So’z yasash me‘yorlari. 8.Imloviy me‘yor. 9.Uslubiy me‘yor. 10.Punktuatsion me‘yor.
Inson nutqiy faoliyatga adabiy til madaniyati qoidalarini mukammal bilgan holda mustaqil shug’ullanishi, ayniqsa, badiiy adabiyotlarni, gazeta va jurnallarni O’qishi, radio va televideniyani tinglashi orqali erishadi va tinimsiz shug’ullanishi natijasida nutqiy malakaga ega bo’ladi. Insonning nutqiy faoliyati uch ko’rinishda bo’ladi. Bular: so’zlash, o’qish, eshitish.Jamiyatda yashayotgan har bir shaxs alohida nutq egasi sanaladi. Lekin ularning hammasi uchun umumiy bo’lgan nutqiy qurol – yagona shu jamiyatning tili hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: |