Traxeya naydan iborat bo‘lib, katta yoshli odamda uzunligi 11–13 sm keladi. U 6-bo‘yin umurtqasining pastki qirrasidan boshlanib, 4- va 5-ko‘krak umurtqalari o‘rtasida tugallanadi va shu joyda ikkita asosiy bronxlarga – o‘ng va chap bronxlarga bo‘linadi. Traxeya bir-biriga qalqonsimon bog‘lamlar bilan tutashgan 15–20 ta geolin tog‘ay yarim halqalaridan tuzilgan. Yarim halqalarni erkin uchlari orqa tomonidan silliq muskul tolalari dastalari bilan birikkan (28- rasm). Bronxlar. Bosh bronxlarning har biri o‘xshash nomdagi o‘pka darvozasiga kiradi va o‘pkaning asosiy bo‘laklari soniga qarab o‘ng o‘pka 3 ta tarmoqqa, chap o‘pka esa 2 ta tarmoqqa bo‘linadi. Bu tarmoqlar o‘z navbatida mayda tarmoqchalarga bo‘linadi. Bosh bronxlar o‘pkada yirik bo‘ladigan, diametri 5–10 mm keladigan bo‘lak bronxlarga, bu esa segment bronxlarga bo‘linadi, segment bronxlar ham bo‘linishni davom ettirib, bronx daraxtlarini hosil qiladi. Bronxlar kichraygan sayin tog‘aylar kamayib, shilliq parda muskul plastinkalari ko‘payib boradi. Oxiri ularning diametri 0,5 mm ga tushib, kichrayib qoladi.
Traxeya va bronxlar:
1 – til osti suyagi; 2 – qalqonsimon tog‘ay; 3 – uzuksimon tog‘ay; 4 – kekirdak tog‘ayi; 5 – halqasimon bog‘lam; 6 – uzuk-qalqonsimon bog‘lam; 7 – qalqonsimon membrana; 8 – chap umumiy bronx; 9 – o‘ng umumiy bronx; 10 – segment bronxlari.
O‘pka
U ko‘krak bo‘shlig‘ida, yurakning ikkita tomonida joylashgan. Uning asosi pastga qaragan bo‘lib, diafragmaga taqalib turadi. Dumaloqlanib kelgan o‘pkaning uchi yuqoriga qaragan. Kuks oralig‘iga qarab turadigan botiq yuzasida o‘pka darvozasi yoki qopqasi bor, bronxlar, arteriyalar va nervlar shu joydan kirib, venalar va limfa tomirlari shu joydan chiqadi. O‘pkaning qavariq bo‘lgan tashqi yuzasi qovurg‘alarga taqalib turadi . O‘pkaning morfologik va vazifaviy birligi – atsinus deb ataladi. Atsinus oxirgi bronxiolalar tarmoqlariga aylanib ketadigan respirator bronxiolalardan boshlanadi.
O‘pkalar:
1 – hiqildoq; 2 – kekirdak; 3 – o‘pka cho‘qqisi; 4 – qovurg‘a yuzasi; 5 – yuqori bo‘lak; 6 – chap o‘pka; 7 – qiyshiq yoriq; 8 – pastki bo‘lak; 9 – o‘ pka tilchasi; 10 – yurak o‘yig‘i; 11 – pastki qirg‘oq; 12 – pastki bo‘lak; 13 – o‘rta bo‘lak; 14 – gorizontal yoriq; 15 – o‘ng o‘pka; 16 – yuqori bo‘lak; 17 – kekirdak bifurkatsiyasi.