Nafosat tarbiyasi (Estetik tarbiya) — bu o‘quvchilarni voqelikdagi, san’atdagi, tabiatdagi, kishilarning ijtimoiy va mehnat munosabatlaridagi, turmushdagi go‘zallikni idrok qilish hamda to‘g‘ri tushunishga o‘rgatish, ularning badiiy didini o‘stirish, ularda go‘zallikka muhabbat uyg‘otish va hayotiga go‘zallik olib kirish qobiliyatlarini tarbiyalashdir. Nozik didli bo‘lish, go‘zallikni fahmlay va qadrlay olish, badiiy madaniyatni tushunish, xullas, o‘z hayotini go‘zallik qonunlari asosida qura olish komil insonning eng zaruriy fazilatidir. Insonda go‘zallikni tushunish birdaniga vujudga kelmaydi, balki u jamiyat va odamlar, atrof-muhit ta’sirida shakllanib boradi. Shunga ko‘ra insoniyatning badiiy rivojlanish qonunlari ijtimoiy rivojlanish qonunlari bilan bog‘langan. Badiiyat qonunlari esa ijtimoiy-estetik ideallar orqali namoyon bo‘ladi. Nafosat tarbiyasi, eng avvalo, har bir kishida badiiy hissiyot tuyg‘ularini, badiiy didni tarbiyalashdir. Bundan yuksak nafosatlilik aql-zakovatdan xoli bo‘ladi, degan ma’noni tushunmaslik kerak. Shaxsning barkamol inson bo‘lib shakllanishida bu ikki tomon bir-birini to‘ldiradi. Chinakam san’at asarida hissiyot chuqur g‘oyaviy-aqliy mazmun bilan birikib ketadi. Nafosat tarbiyasi aql bilan hissiyotni tarbiyalash, yanada aniqroq qilib aytganda, hissiyot vositasi bilan aqlni tarbiyalashdir. Bu ikki tomon bir-biri bilan uzviy bog‘liqdir. Ilmiy dunyoqarashga asoslangan nafosat, did, his-tuyg‘ular va ko‘nikmalarning o‘sib borishi jarayonida insonning o‘zi ham ma’naviy boyib, oliyjanob bo‘lib boradi, uning hayoti yanada sermazmun bo‘ladi, yashayotgan zamoniga nisbatan mehrmuhabbat ortib boradi. Bularning hammasi har bir insonda go‘zallikni xunuklikdan, jirkanchlikdan farq qila bilish qobiliyatini shakllantiradi, uni yanada rivojlantiradi. Chinakam nozik did haqiqiy go‘zallikdan lazzatlana olish, mehnatda, turmushda, yurishturishda, san’atda nafosatni idrok etish va yaratishga ehtiyoj sezish demakdir. Didsizlik kishining voqelikka bo‘lgan ijobiy munosabatini buzib yuboradi, natijada u nafosatga loqayd qaray boshlaydi.
Nafosat tarbiyasi bugungi kunda shuning uchun ham muhimki, did-farosatlilik mehnatda, ishlab chiqarishda, kundalik amaliy faoliyatda har bir inson uchun hayotiy ehtiyojga aylanib qolgan. Did-farosat har bir insonning xatti-harakatida, kiyinishida yurish-turishida, kishilarga bo‘lgan munosabatida, jamiyatdagi u yoki bu voqealarga yondashishida va hokazolarda yaqqol bilinadi. Ba’zan hayotda didi past, ma’naviy qashshoq kishilarni uchratamiz. Bunday kishilar aqlan, axloqan va ruhan zaifligini yashirish uchun soxta xatti-harakatlar qiladilar, o‘zlariga yarashmaydigan ishlar qiladilar, didsiz kiyinadilar, ma’nosiz shovqinsurondan iborat musiqa va ashulalarni tinglaydilar. Bundaylarni kuzatarkansiz, ularning mehnat gashtini surmagan, hayot tashvishlariga beparvo, loqayd kimsalar ekanligiga guvoh bo‘lasiz.