Amaliy mashg‘ulotlari bo‘yicha ko‘rsatma va tavsiyalar
Ta’limning asosiy mazmuniga lisoniy material, madaniyatlararo bilimlar, nutq faoliyatining turlari kiradi. Dasturda nutq faoliyatining har bir turi modul sifatida belgilangan (tinglab tushunish, gapirish, o‘qish, yozuv). Modullarni egallash jarayoni integrallashgan holda olib boriladi.
Ilmiy va kasbiy faoliyatga yo‘naltirilgan chet tili kursi ta’limi ikkita alohida bosqichni o‘z ichiga oladi: umumta’lim va kasbiy. Birinchi bosqich ijtimoiy, maishiy sohalarda og‘zaki va yozma nutq chet tili kompetensiyasini takomillashtirishga qaratilgan. Ikkinchi bosqich – ilmiy uslubdagi og‘zaki va yozma nutqni egallashga mo‘ljallangan. Ilmiy va kasbiy faoliyatga yo‘naltirilgan chet tili kursi bo‘yicha nutqiy modullarni o‘rgatish jarayonida magistrantlar ilmiy adabiyotlardan foydalanish va unga to‘g‘ri yondashish hamda fikrni og‘zaki va yozma tarzda ilmiy uslubda bayon etishning asosiy usullarini, notiqlik san’ati, akademik yozuv, ilmiy tadqiqot olib borish ko‘nikmalarini egallaydilar.
Asosiy o‘quv materiali sifatida autentik materiallar (publitsistik, badiiy, ensiklopedik, shaxsiy va rasmiy mazmundagi xatlar), hamda audio va videomatnlar xizmat qiladi. Asosiy diqqat-e’tibor matnning kommunikativ, mantiqiy va mazmuniy jixatlarini tahlil etishga qaratilgan (matnning funksional-stilistik xususiyatlaridan kelib chiqgan holda). Alohida e’tibor magistrantlarning ilmiy matnlar (maqolalar, tezislar, taqrizlar, sharhlar, referatlar, annotatsiyalar, bibliografik xrestomatiyalar) bilan ishlashiga qaratilgan. Bu esa, o‘z navbatida, ilmiy matnlarning struktura va mazmun jihatidan qo‘rilishini bilish, hamda ularni tuzish va amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini bilishni talab etadi. Matnning axborot va mazmun jihatlarini tahlil etish jarayonida tahlil qilinayotgan matnlardan ko‘rilayotgan masalaning mohiyatini, taklif etilayotgan usullarning mazmunini aniqlash, matndan kerakli axborotni chiqarib olish tajribalariga ega bo‘ladilar. Turli janrdagi ilmiy matnlarni yaratish maqsadida magistr-lingvist akademik yozuv texnikalarini egallaydi. Mashg‘ulotlar esa ilmiy uslubni (tanqidiy tahlil, sintez, baholash, olingan axborotni to‘g‘ri yetkaza bilish, axborotni ixchamlashtirish va kengaytirish va h.k.) o‘rinli va faol qo‘llay bilishni rivojlantirishga qaratilgan.
Amaliy mashg‘ulotlarni tashkil etish yuzasidan kafedra tomonidan ko‘rsatma va tavsiyalar ishlab chiqiladi. Unda talabalar ilmiy va kasbiy yo‘naltirilgan chet tili bo‘yicha olgan bilim va ko‘nikmalarini turli matnlar, amaliy taqdimotlar, keyslar, turli xil insholar, guruh muhokamalar, bahs-munozaralar orqali yanada boyitadilar. Shuningdek, darslik va o‘quv qo‘llanmalar asosida talabalar bilimlarini mustahkamlashga erishish, tarqatma materiallardan foydalanish, ilmiy maqolalar va tezislarni chop etish orqali talabalar bilimini oshirish, mavzular bo‘yicha taqdimotlar, bahs-munozaralar o‘tkazish va boshqalar tavsiya etiladi.