II.BOB. JAHON ILMI BA O’TMISH AJDODLARIMIZ MEROSIDA MA’NAVIYAT MASALALARINI NAZARIY JIHATDAN O’RGANISH 2.1. Markaziy Osiyoda yaratilgan qadimgi yozma adabiyotlarda maʼnaviyat masalalari Kitobda birinchi navbatda mintaqa xalqlarining eng qadimgi yozma merosi “Avesto” tilga olinadi. Ushbu bebaho ma’naviy obidada “borliqning yaxlitligi va bir butunligi, inson hayotining tabiat bilan uyg’unligi masalasi odamning ruhiy olamiga chambarchas bog’liq holda ko’rsatilganligi” ta’kid etiladi. Ayniqsa, undagi ulug’ axloqiy tamoyil “ezgu fikr, ezgu so’z, ezgu amal” birligi bugungi kunimizda ham ma’naviy ahamiyatini to’liq saqlab kelayotganligiga alohida e’tibor qaratiladi.
Xalq og’zaki ijodi va uning noyob durdonalari ham millat ma’naviyatini o’zida yorqin aks ettiruvchi noyob boylik ekanligini birinchi Prezident kitobida «Alpomish» dostoni misolida hayajonli satrlarda ochib berilgan. Bu dostonning “ko’p asrlik milliy davlatchiligimizning xalqona badiiy ifodasi” ekanligi haqidagi mulohazalar xalq ardoqlagan bahodir alplar timsoli naqadar ulug’vor ramzlarni o’zida yashirganiga bizning diqqatimizni tortadi. Muallif mustaqillik tufayli bor hashamati bilan qayta tiklangan Navro’z bayramining chuqur falsafiy mazmuniga ham alohida e’tibor qaratadi. Bu qadim bayramimiz “biz uchun hayot abadiyligi, tabiatning ustivor qudrati va cheksiz sahovatining, ko’p ming yillik milliy qiyofamiz, olijanob urf-odatlarimizning betakror ifodasi” bo’lib kelayotganligi ta’kidlanadi. Shu o’rinda “Yuksak ma’naviyat – engilmas kuch” kitobining bir noyob xususiyatini alohida ajratib ko’rsatishni xohlar edik. Muallif nazariy teranlikni yorqin misollar, ehtirosli ifodalar bilan ajoyib uyg’unligiga erisha bilgan va bu bilan bizga o’xshagan ko’pgina darslik va qo’llanmalar yozishga bel bog’laganlarga ibratli namuna ko’rsatgan. U qadim bitiklar, xalq og’zaki ijodi, marosim va urf-odatlarimizni ma’naviyatni shakllantiruvchi muhim mezonlardan ekanligini oddiy sanab o’tish bilan cheklanmaydi, balki ularning har biriga bir yorqin misol keltirib, ushbu tasnifdagi har bir asarda alohida bir ma’naviy olam mavjudligini ko’z oldimizda yaqqol gavdalantirib beradi.
Ma’lumki, yurtimizdagi bizga ma’lum ilk shakllangan yaxlit ma’naviyat tizimi “Avesto” kitobida o’z aksini topgan. Bu kitob mustaqillik sharofati bilan hozirgi o’zbek tiliga to’liq tarjima qilinib nashr etildi. Bir paytlar bu kitob muqaddas “mazdayasna” diniga asos bo’lgan bo’lsa, bugun biz unga yirik adabiy yodgorlik sifatida qaraymiz. “Avesto” matnlari shakllangan, yig’ilgan va qayta yig’ilgan davrlar asotir tafakkur davri bo’lgani sababli bu kitobda bayon etilgan ma’naviy qadriyatlar tizimi keyinchalik boshqa yurtlarga tarqalib, turli siyosiy, g’oyaviy ta’sirlar ostida ko’p joylarida mushriklik aqidalari bilan chalkashib ketdi. Masalan, Zardusht gohlarida tilga olingan 7 amshosipandlar mohiyatiga e’tibor qaratadigan bo’lsak, qadim avesto tilida Spinta Maynyu (Sipand Miynu) - “tafakkur olami”, Ashah Vahishta (Ardabehesht) – “go’zal haqiqat”, “mukammal nizom”, Vuhuvmana (Bahman)– “ezgu niyat”, Spinta Ormaitiy (Ispandormaz) - “komil aql”, Zashra Vayrayah (Shahriyor)– “umid dunyosi”, Amirmitota (Amurdod) – “umrboqiylik”, “abadiyat”, Xavravatot (Xo’rdod) – “komillik”, “to’g’rilik” ma’nolarini anglatib kelgan. Keyinchalik kohinlar talqinida bularning harbiri ilohiy xilqat sifatida tasavvur qilinib, ularga sig’inish qoidaga aylangan, ya’ni Zardusht da’vatidagi yagona Parvardigor - Axura Mazda(ilohiy bilim egasi, ma’nosida)ga e’tiqod qilish o’rniga yuqoridagi kabi ma’naviy qadriyatlarni ilohlar, ya’ni sig’inish ob’ektlariga aylantirish holati yuz bergan.
Islom dini bu sohada masalani oydinlashtirdi. Qur’oni karimning nozil bo’lishi bilan umumbashariy miqyosda uzil-kesil asotir tafakkurdan ilmiy tafakkurga o’tishning e’tiqodiy asoslari mukammal tus oldi. Keyinroq borib ma’naviyatga oid fanlarning umummetodologik asosi - naqliy va aqliy bilimlar uyg’unligi mustahkam poydevorga ega bo’ldi. Prezident asari diqqat bilan o’qilganda ayni shu jihatlar ham e’tibordan chetda qolmagani ma’lum bo’ladi.
Tarixan birinchi ziyolilar - payg’ambarlardir. Chunki ular o’z davri ijtimoiy muhiti sharoitida muayyan ustozlar murabbiyligida muayyan matnlarda bitilgan munazzam bilimlar tizimini o’zlashtirish imkoniga ega bo’lmaganlar. Ularga Oliy haqiqat sirlari bevosita vahiy tarzida nuzul etgan. Mintaqamiz an’analarida Muhammad (s.a.v.)gacha necha ming nabi va rasullar, yuzlab ilohiy kitob va suhuflar nozil bo’lgani qayd etiladi. «Avesto»da tosh asri ma’naviyati unsurlari aks etganini ko’rdik. Ammo bu kitobda ular asotir ko’rinishida aks etgan o’tmish xotiralari, xolos. «Avesto» ma’naviyatining asl mohiyati ularda emas. «Avesto» kitobida ajdodlarimizning necha ming yillik madaniy merosi o’z aksini topgan. Ammo uning yaxlit tizimga uyushuvi, bizgacha etib kelgan asos mohiyati Zardusht nomi bilan bog’liq. Zardusht «goh»lari necha ming yillar davomida uni tabarruk tutgan insonlar tomonidan ilohiy vahiy, deb tan olib kelindi. Bugun bu haqda aniq bir narsa deyish imkondan tashqari. Qur’oni karimda Zardusht payg’ambar sifatida, «Avesto» yoki uning uzviy bir qismi ilohiy kitob sifatida esga olinmagan. Ammo shuni ham alohida qayd etish lozimki, ilohiy kitobda Zardusht yolg’on payg’ambarlar sifatida fosh etilgan emas, «Avesto» haqida ham maxsus raddiya bildirilmagan. Ushbu sir yolg’iz Allohga ayon. Biz esa aqlimiz etgan darajada mulohaza yuritamiz. 4 Har qanday bo’lganda ham Zardusht gohlari «Avesto» matnining umumiy ruhidan ma’lum darajada farq qilishi allaqachon ushbu soha bilimdonlarining diqqatini tortgan. «Avesto» matnlarining ko’pchilik qismi, yuqorida aytib o’tganimizdek, insoniyat ongi takomilida asotir tafakkur bosqichini aks ettiradi. Zardusht «goh»lari esa tavhid g’oyalari asosiga qurilgan, ya’ni olam va koinotning yagona Parvardigoridan xabar beradi, uni Oliy va muqaddas (aniqrog’i, mutlaq) bilim egasi - Axura Mazda deb ulug’laydi. Shundan kelib chiqib, ikkinchi bosqich ibtidosida haqiqatda ham ilohiy kalom (ilohiy nur) turgan emasmikan, degan tasavvur paydo bo’ladi. Tosh asri, hatto Bronza asri odami ham o’z-o’zidan Koinotni his qilgan, Koinot sirini o’sha davrda anglab eta olgan deb o’ylashga aql bovar qilmaydi. Zardusht «goh»lari esa koinotdan, cheksiz borliq va uning mohiyatidan so’zlaydi, bir so’z bilan aytganda, «g’ayb siri»dan ogoh etadi. Zardusht ta’limoti qaysi zamonga, qay tarixiy muddatga to’g’ri keladi, degan savolga hanuz bir xil aniq javob yo’q.
Yuqoridagi ilovadan ham ma’lum bo’ladiki, Qadim Yunon va Rim madaniyati vakillari Zaratushtrani hatto Troya urushidan 5-6 ming yil qadim o’tgan deb hisoblaganlar. Darhaqiqat, Zardusht «goh»lari til jihatidan «Avesto»ning asotir tafakkur aks etgan qismidan qadimiyroqdir. Bu Zardushtning tafakkurda o’z zamondoshlaridan bir necha asr yoki ming yillar ilgarilab ketib qolganini anglatadimi yoki «goh»lar matni vahiy bo’lib, Zardusht payg’ambarlik rutbasiga sazovor etilganmi? Bu savollarga javob topish imkondan tashqari. Ammo bizning mintaqada milodiy eradan 3-4 ming yil ilgari hozirgi Turkmaniston hududida va miloddan ilgari XVIII-XVII asrlar Janubiy O’zbekistonda ilk (ibtidoiy) shahar jamoalari paydo bo’la boshlaganini arxeologlarimiz dalillab berishdi. Turkmaniston janubida Namozgohtepa, Oltintepa, O’zbekistonda Sopollitepa, Jarqo’ton yodgorliklari bu ilk shahar madaniyatining namunalaridir. Metallurgiyaning kashf etilishi, tosh qurollar o’rnini mis va bronza qurollari egallay boshlashi, tarixchilar shahodatiga ko’ra, ilk shahar jamoalari paydo bo’la boshlagan davrga to’g’ri keladi. Bu bosqichda o’troq dehqonchilik asosida vujudga kelgan doimiy manzilgohlar asta-sekin ilk shaharlar darajasiga qarab yuksalib bordi. Shaharda hunarmandchilik rivojlanib, turli kasbdagi kishilarning alohida mahallalarga birikuvi yuzaga keldi.
Mintaqamiz hududidagi qadimshunoslarning kashfiyotlariga tayangan holda islomgacha ajdodlarimiz ma’naviy kamolotining ikkinchi bosqichi bugungi kundan kamida 4-5 ming yil ilgari boshlanib, to Iskandar Maqduniy zamonigacha yoki, aniqrog’i, Eronda Haxomanishiylar (Axmoniylar) sulolasi imperiya tuzgan VI asrgacha davom etgani haqida taxmin qilish mumkin. Bu bosqich dunyoni asotir tafakkur doirasida yaxlit tasavvur qila boshlash davri bo’ldi. «Avesto» kitobi ushbu tasavvurning mevasi, hosilasidir. Bu davrda qadim Dajla va Furot daryolari oralig’ida (Mesopotamiyada) hamda Nil daryosi quyi oqimida qudratli yozma madaniyat yaratildi, ilk davlat tizimi shakllandi. Ajdodlarimiz bir payt o’sha yirik davlatlar bilan turli munosabatlarga kirishganlar. Ular yaratgan «Avesto» madaniyati ma’naviy mazmuniga ko’ra, shumer va akkad tillarida Bobil va Ashshur davlatlari hududida yaratilgan asotir madaniyati yodgorliklaridan aslo kam emas, balki ortiq bo’lishi mumkin. Ammo, afsuski, Iskandar Maqduniy bosqini tufayli yurtimizning eng qadimgi yozma yodgorliklari shafqatsiz yo’q qilindi, bizgacha mukammal etib kelmadi. Bizning bu davr haqidagi tasavvurlarimiz «Avesto» kitobidan bizgacha etib kelgan juzvlar (qismlar), o’zga o’lkalar qadim yozma madaniyat yodgorliklari ichidagi ma’lumotlar va arxeologik topilmalarni qiyosiy o’rganish natijasidagina shakllanib bormoqda. Bu davrda ilk shaharlar madaniyati vujudga keldi, turli hunarmand toifalari ajralib chiqa boshladi, yaxlit e’tiqod yuzaga kela boshladi, inson ilk bor Koinot nuridan bevosita bahramand bo’ldi. Asotir tafakkurni, qabilachilik xurofotlarini engib o’tishga ilk qadam - ikkilanish, toyishlar bilan og’ushta birinchi tetapoya qadam - qo’yila boshlandi. «Avesto» kitobida aks etgan voqelik yaxlit olganda ko’proq shu davrga mos keladi. Bu davrning eng buyuk ma’naviy yutug’i ilk bor, garchi asotir tafakkur bilan qorishiq bir darajada bo’lsa ham bobolarimiz ruhida ilm va imon uyg’unligi shakllana boshlagani, deyish mumkin. Agar «Mazdayasna», «Axuramazda» so’zlarida yashiringan ma’nolarni Qur’oni karim «Baqara» surasining 255-oyati («Oyat al-kursi») mazmuni bilan ma’lum darajada muvofiq kelishiga e’tibor qiladigan bo’lsak, o’sha paytda ham insoniy bilimlar manbai yolg’iz ilohiy boqiy bilim deb tasavvur qilinganini sezamiz. Ammo u davrlar odamining aksariyati asotir tafakkur darajasida dunyoni tasavvur qilganliklari sababidan, Zardusht «goh»lari (munojotlari)dagi tavhid g’oyalari mushriklik adashuvlari bilan qorishib ketdi. «Mazdayasna» e’tiqodining axloqiy tamal toshi – «ezgu o’y, ezgu so’z, ezgu amal» birligi qoidasi ham shu davrdan kelayotgan yana bir ulug’ ma’naviy qadriyat deyish mumkin.
Islomgacha butun bashariyat, jumladan, o’lkamiz xalqlari juda uzoq tarixiy jarayonni boshdan kechirdilar, buyuk ma’naviy kamolot yo’lini bosib o’tdilar. Ajdodlarimiz avvalo tabiat bilan munosabatda ma’lum urug’, qabila jamoasi tarkibida o’zligini anglab etgan bo’lsalar, so’ng mintaqa miqyosiga chiqdilar. «Avesto» ma’naviyati Hindistonning «Veda» madaniyati, qadim Shumer, Bobil va Ashshur madaniyatlari, qadim Yunon va Rum antik madaniyatlari mohiyatiga monand bo’lib, ular singari tosh asridan boshlab shakllanib kelgan asotir tafakkur asosidagi ma’naviyat edi, unda dunyoni, atrof-muhitni idrok etish o’ziga xos tarzda kechardi. Inson ma’naviy kamolotining dastlabki bosqichlarida bu idrok tarzi ancha-muncha ijobiy ahamiyatga ega bo’lgan esa-da, keyinchalik uning cheklanganligi, ichki qusurlari bilinib qola boshladi. Bu ma’naviy kamolotda bo’hron holatini yuzaga keltirdi, mintaqa xalqlari taraqqiyotida ma’naviy turg’unlik xavfi paydo bo’ldi. Navoiy timsollaridan foydalanib ta’bir etganda, ajdahoni engib o’tgan Farhod oldida endi Axriman-devni engish zarurati paydo bo’ldi. Mazdayasna e’tiqodi asotir tafakkur qobig’idan chiqib keta olmadi.
Turon o’lkasida asotir tafakkurning mutlaq hukmronligi aslida qay davrgacha bo’lganligini hozir aytish qiyin, ammo milodiy era boshlanishidan ancha ilgariyoq bu o’lka xalqlari tafakkurida yangilanish boshlangan edi. Iskandar Maqduniy davridan Sharq va G’arb madaniyatlari uyg’unligining yorqin timsoli - ellinizm yo’nalishi shakllangan bo’lsa, keyinroq Mazdayacna e’tiqodini qayta isloh qilish orqali monaviylik bid’ati vujudga keldi. Kushonlar davrida Hindistondan Budda e’tiqodi tarqalib, Vizantiyadan nasroniylar ko’chib kela boshladilar. Sibir va Mo’g’uliston turkiy xalqlari Ko’k tangri e’tiqodini takomillashtirib bordilar. O’lkamizda milliy birlik tamoyili kuchayib borishi e’tiqodlar xilma-xilligi bilan bir paytga to’g’ri keldi. Bunday murakkab ma’naviy vaziyatning ham ijobiy, ham ma’lum darajada salbiy oqibatlari o’zini ko’rsatmoqda edi. Ijobiyligi shunda ediki, ajdodlarimiz ongidan asotir tafakkur unsurlari asta-sekin siqib chiqarilib, milliy tafakkur etakchi mavqega ko’tarilib bordi. Salbiy jihati shunda ediki, e’tiqodda sobitlik, dunyoni idrok etishda yaxlit tasavvurlar tizimi yo’q edi. Eski asotir tafakkurning inson ongidagi mutlaq hukmronligi boy berilgach, faqat milliy birlik, yagona davlatchilikka intilishgina ma’naviyatdagi umumiylikni ma’lum darajada saqlab turar edi.
Inson dunyoni, voqelikni, borliq mohiyatini to’liq va to’kis, muayyan va ravshan idrok etishi uchun yana bir ilohiy inoyat lozim bo’ldi. Insoniyat hayotidagi bu ulug’ ma’naviy yangilanish Arabiston yarim orolidan dunyoga tarqaldi. Johiliya (ya’ni islomdan avvalgi davr) arablarini ba’zan yalpi ibtidoiy jamoa tuzumida yashagandek talqin etishadi. Bu to’g’ri emas. Arab tili qadim Bobil xalqi akkadlar va qadim yahudiylar tili bilan bir guruhdagi qardosh tillardan bo’lib, shuning o’zi arab xalqining qadimiyligiga ishoradir. Janubiy Arabistondagi Yaman va Xadramavt o’lkalarida miloddan avvalgi ming yillik boshida yozma madaniyat va davlatchilik an’analari yaxshi rivojlanganligi fanga ma’lum. Keyingi davrlarda ham Arabistonda turli podsholiklar mavjud bo’lgan. Faqat o’zgalar singari arablar ham Qur’oni karim nozil bo’lishidan oldin ma’naviy va ijtimoiy jihatlardan bo’hronli holatda edilar.
Yana bir narsani qayd etib o’tmoq lozimki, arablarda to VII asrgacha «Avesto» yoki «Vedalar» singari mukammal shakllangan asotir dunyoqarash tizimi mavjud emas edi, bu holat, aytish mumkinki, yangi yaxlit e’tiqod tizimini qabul qilishni ma’lum darajada osonlashtirar edi. Aksincha, mintaqada va uning chegaralarida tavhid ta’limotiga asoslangan yahudiy va xristian e’tiqodlari keng tarqalganligi ham birmuncha jarayonni osonlashtirar edi. O’sha davrda arab qabilalarining holati turkiy qavmlarning Buyuk turk xoqonligi tuzilishidan biroz oldingi ahvoliga yaqin bo’lib, ular oldida ham qabilachilik ziddiyatlarini engib o’tib, yagona milliy davlat tuzish zarurati ro’y-rost ko’rinib qolgan payt edi.
Islom mintaqa madaniyatining eng yuksak qadriyati tavhid e’tiqodini butun qudrati, mazmuni, amaliy mohiyati va ko’lami bilan anglab etish mintaqaning ilg’or ziyo egalari uchun necha asrlik yumush bo’ldi. Bu yo’lda mintaqa ma’naviyati kamolot yo’lining bir qator pillapoyalarini bosib o’tdi. Ulardan dastlabki pog’onasini Sunna bosqichi deb atash mumkin.
Payg’ambarimiz hayot vaqtlarida «mening so’zlarimni yozmang, faqat Alloh oyatlarini yozib olinglar», deb buyurgan edilar. Shunday qilindi ham. Albatta, kimlardir o’z tashabbusi bilan u hazratning aytgan gaplari va qilgan ishlari haqida muayyan ma’lumotlarni qayd etib borgan bo’lishi mumkin. Ammo Allohning kitobi but bo’lmay, yagona o’zgarmas matn holiga keltirilmay turib, unga boshqa so’zlar aralashib ketish xavfiga yo’l qo’yib bo’lmas edi. Oldingi ilohiy kitoblar tajribasi ham shuni taqozo etardi. 651 yilda, xalifa Usmon davrida ushbu yumush mukammal bajarildi. Hazrati Abu Bakr paytida Suhuf (alohida sahifalar) shaklida jamlangan Qur’oni karim matni bu paytga kelib Mushaf (alohida muqovalangan qo’lyozma kitob) shakliga keltirilib, undan bir necha nusxa ko’chirib, ko’paytirildi. Payg’ambarimiz Muhammad(sav)ga vahiy kelaboshlagan vaqtdan to ul janobning vafotlarigacha o’tgan 23 yil “saodat asri” deb ulug’lanadi. Sababi o’sha davrda Muhammad(sav)ning da’vatlariga ergashib, islom dinini qabul qilgan sahobalar diniy masalalarda o’zlarida qanday bir savol paydo bo’lsa, Rasululloh(sav)dan so’rardilar, ular javob bera olmay qolgan o’rinlarda Allohdan vahiy nozil bo’lardi. Muhammad(sav)ning vafotlaridan keyin xulafoyi roshidin davrlarida ham, ayniqsa, hazrati Abu Bakr(r.a.) va hazrati Umar(r.a.)lar o’z aqlfarosatlari va sahobalik davridagi tajribalari asosida ummatlar oldida paydo bo’lgan muammolarni hal qilishga urinib keldilar. Ammo Rasululloh(sav)ning sahobalari birin-ketin olamdan o’tib, turli muammolar borgan sari ko’paya boshlagach, endi faqat Qur’oni karim matniga tayanib mavjud voqelikdagi ko’p masalalarni asl islomiy e’tiqodga muvofiq qanday hal qilish kerakligini aniqlash qiyinlashib bordi. Shunday qilib, ilohiy kitob oyatlarini sharhlab, ko’plab hayotiy savollarga aniq javob bera oluvchi yana bir mo’’tabar manbaga ehtiyoj tug’ildi.
Ana shunday ishonchli manba faqat Hadisi shariflar bo’lishi mumkin edi. VII asr ikkinchi yarmidan boshlab, Abu Xurayra (vafoti 676 yil), Anas ibn Molik (vafoti 710 yil), Abdulloh ibn Abbos (619- 686), Abdulloh ibn Umar, Jobir ibn Abdulloh kabi ilk roviylardan Rasululloh so’zlari va amallari xususida minglab hadislar yozib olindi. Abu Said al-Xudriy, Ibn Shihob az-Zuhriy singari ilk muhaddislar etishib chiqdi. VIII asr boshlarida Ummaviy xalifalaridan Umar ibn Abdulaziz (717-720) noiblariga Muhammad (S.A..V.) hadislarini jamlash haqida farmon berdi. Abdulmalik ibn Abdulaziz Jurayx (vafoti 766), Ar-Rabi’ ibn Subayx kabi allomalar hadislar jamlab yozishga boshladilar. Natijada hadis ilmi rivoj olib, Imom Malik ibn Anas (713-795)ning «al-Muvatto», Imom Shofe’iy (767-820) va imom Ahmad ibn Xanbal (780-855)larning «Musnad» deb nom olgan yirik hadis to’plamlari yaratildi. O’lkamizda quyida nomlari zikr etilgan zotlar birinchi bo’lib hadis to’plamlarini tuzdilar: Imom Abdulloh ibn Muborak alMarvaziy, Ishoq ibn Raxovayx al-Marvaziy, Imom al-Xaysam ibn Kulayb ashShoshiy va boshqalar.
Keyingi IX asr hadis ilmining «oltin asri» deb shuhrat qozongan. Chunki bu asrda hadislarni to’plash davri o’tib, endi ularni manbashunoslik va matnshunoslik ilmi qoidalariga muvofiq tahlil va tadqiq etish, ma’lum mazmun asosida tartib berishga kirishildi. Hadisshunoslik atalmish jiddiy ilm yo’nalishi mukammal shakllandi. Hadis ta’lif etish sohasida «Musnad», «Sahih» va «Sunan» deb nomlangan yo’nalishlar vujudga keldi. Bu davrda keyingi asrlar uchun namuna bo’lgulik ishonchli hadis to’plamlari yaratildi. Butun islom olamida eng nufuzli manba sifatida dong taratgan «Kutubi sitta» («Olti kitob») mualliflari shu davrda yashab ijod etdilar. Ular: Abu Abdulloh Ismoil al-Buxoriy (810-870), Imom Muslim ibn al-Xajjoj (819-874), Abu Iso Muhammad ibn Iso at-Termiziy (824- 874), Abu Dovud Sulaymon (817-888), Ahmad an-Nasoiy (830-935), Abu Iso Muhammad ibn Yazid ibn Mojja (824-886) kabi muhaddislardir. Olti buyuk muhaddisning avvalgisi vatandoshimiz Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn al-Mug’ira al-Buxoriy (810-870) edilar. Imom Buxoriyning «al-Jome-as-Sahih» kitoblari bugungi kunda o’zbek tiliga tarjima qilinib, 4 jildda e’lon qilindi. Imom al-Buxoriy o’zlarii to’plagan 600 ming hadisdan 7275 ta eng ishonarli «sahih»larini mazmuniga ko’ra tasniflab, butkul yangicha tartibdagi hadislar to’plamini yaratishga muyassar bo’ldilar. Ul muhtaram zotning asarlarii keyingi muhaddislar uchun barcha jihatdan o’rnak va namuna bo’ldi. Imom Buxoriy yaratgan «Al-adab ul-mufrad» («Adab durdonalari»), «Kitobi af’ol il-ibod» («Alloh bandalarining xulqlari») kabi boshqa qator asarlar ham mintaqa xalqlarini islom axloqi ruhida tarbiya qilishda alohida ahamiyatga ega.
Sunna bosqichining mohiyati va uning milliy ma’naviyatimiz takomilida tutgan o’rni haqida gapiradigan bo’lsak, avvalo, bu bosqichni mintaqada manbashunoslik va matnshunoslik fanining yuksak rivoji sifatida baholash lozim bo’ladi, chunki Rasululloh hadislari Qur’oni karim oyatlaridan keyin mo’’tabarlikda ikkinchi o’rinda turuvchi manba bo’lib, uning ham matni, ham isnodi (ya’ni ushbu hadis roviylari silsilasining naqadar ishonchli va e’tiborli ekanligi) nihoyatda nozik va jiddiy munosabat talab qiluvchi mavzu edi. Bu masalalarda arzimagandek tuyuluvchi yanglishish qandaydir tor ilmiy munozaraga emas, balki har bir musulmonning e’tiqod amalida jiddiy gumrohlikka olib kelish xavfi bo’lgani uchun ham bu soha o’ta zukkolik va daqiqlikni taqozo etar, muhaddisga nihoyatda qat’iy qoidalarga rioya etishni buyurar edi. Ushbu og’ir shartlarga ko’nikma hosil qilish islom ilmlarining keyingi rivoji va kamolotiga jiddiy zamin yaratdi. Ilm naqadar jiddiy mehnat ekanligi ushbu bosqichda butun zalvori bilan his etildi. Afsuski, sovet davrining yagona hukmron mafkuraga so’zsiz bo’ysunish sharoitida, ayniqsa, ijtimoiy fanlar sohasida matn va manbaga jiddiy munosabat, jiddiy ilmning ushbu tagzamini ancha-muncha e’tibordan chetda qoldi va zamonasozlik ruhidagi oldi-qochdi shiorbozlik ko’p o’rinda haqiqiy ilm o’rnini egallab ola boshladi. Bugun biz bu sohada ham, yanada aniqrog’i, birinchi navbatda ushbu sohada, milliy ma’naviyatimiz erishgan yutuqlarni qayta tiklashimiz, matn va manbaga yondashuvda o’ta jiddiy munosabatga qaytmog’imiz, bu borada Imom al-Buxoriy, Muslim ibn al-Hajjoj, Abu Iso atTermiziy saboqlarini diqqat bilan o’rganmog’imiz darkor.
Sunna bosqichining yana bir yutug’i islom mintaqa xalqlari ma’naviy takomilining ushbu birinchi pog’onasida shakllangan 5 islomiy mazhab, ya’ni islom e’tiqodiga oid qarashlar va amallarning ba’zi farqlarga ega bo’lgan besh yo’nalishi orasida bir-birini inkor etmaslik va o’zaro hurmat munosabatlari o’rnatilishidir. Bunday vaziyat osonlikcha va birvarakay shakllangani yo’q, albatta. Lekin oxir natijada yuzaga kelgan bunday o’zaro murosa holati muayyan darajada e’tiqod masalalarida taassub (fanatizm) va bir yoqlama aqidaparastlik xavfining oldini olib, shu bilan birga keyingi rivojlanishga zamin hozirlagan omillardan bo’ldi.
Dastlab Imomi A’zam Abu Xanifa an-Nu’mon ibn Sobit (699-767) qarashlari asosida sunniy yo’nalishida Hanafiya mazhabi shakllangan bo’lsa, keyin ul zotning shogird va izdoshlari tomonidan molikiya, shofe’iya, xanbaliya mazhablari, shia yo’nalishida esa payg’ambarimiz avlodidan oltinchi imom Ja’far as-Sodiq (700-765) nomi bilan bog’liq ja’fariya mazhabi vujudga keldi.