Sakkokiy
Hayoti. Sakkokiy XV asrning birinchi yarmida yashab ijod etgan. Uning tarjimai holi haqida etarli ma’lumot yo‘q. Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida bunday yozadi: “Mavlono Sakkokiy – Movarounnahrdindur. Samarqand ahli anga ko‘p mu’tahiddurlar (ya’ni e’tiqod qiluvchi (ya’ni e’tiqod qiluvchi) va bag‘oyat ta’rifin qilurlar. Ammo faqir Samarqandda erkanda muarriflaridin (ya’ni ta’rif qiluvchi) har necha tafaqqus (ya’ni surishtiruv) qildimkim, aning natoiji ta’bidin biror nima anglayin, ta’rif qilg‘onlaricha nima zohir bo‘lmadi. Barchadin qolsalar so‘zlari budurkim, Mavlono Lutfiyning barcha yaxshi she’rlari aningdurkim, ho‘rlab o‘z otig‘a qilibtur. Ul erlarda bu nav o‘xshash yo‘q, mazasiz muhobalar (ya’ni qarshi chiqish) gohi voqe’ bo‘lur. Bori ba’zisi ta’rif qilibkim o‘qurlar, bu matla’ni anga isnod (ya’ni nisbat berish) qilurkim:
Ne nozu bu, ne shevadur, ey jodu ko‘zluk, sho‘xi shang,
Kabki dari y tovusda yo‘q albatta bu raftoru rang
Qabri ham o‘l sari oqdur”*.
Navoiy bergan bu ma’lumot Sakkokiyning tarjimai holiga ma’lum darajada aniqlik kiritadi: Sakkokiy asli Mavoraunnahrdan, Samarqandda o‘rnashgan va u erda shuhrat topgan, Samarqand xalqining katta hurmatiga sazovor bo‘lgan. Navoiy Samarqandda bo‘lgan paytda Sakkokiyning o‘zi va she’rlari to‘g‘risida biron ma’lumotga ega bo‘la olmagan, Lutfiyning yaxshi she’rlarini Sakkokiy o‘ziniki qilib olgan, degan ba’zi mish-mishlaru bo‘htonlar asossiz va h.
Ma’lumki, Navoiy Samarqandda ikki marta bo‘lgan. Ammo Sakkokiyni (1467-1469) ko‘ra olmaganidan shunday fikrga kelish mumkinki, Sakkokiy oldinroq vafot etgan.
YAna Navoiy Sakkokiyga quyidagicha ta’rif beradi: “Va uyg‘ur iboratining fusahosidin va turk alfozining bulaqosidin Mavlono Sakkokiy va Mavlono Lutfiy rahimahumallohkim, birining shirin abyoti va Turkistonda bag‘oyat bir-birining latif g‘azaliyoti intishori Iroq va Xurosonda benihoyatdur, holi devonlari mavjud bo‘lg‘ay”*. Mazkur ta’rifdan ko‘rinadiki, Sakkokiy Lutfiy bilan bir qatorga qo‘yishga loyiq shoir bo‘lgan. Bu fikrlarni Sakkokiyning Lutfiy g‘azallariga yozgan uchta nazirasi ham tasdiqlaydi. Bu naziralar Sakkokiy devonlaridan o‘rin olmagan. SHayxzoda Abdurazzoq Baxshi tomonidan ko‘chirilgan o‘sha uch g‘azal Turkiyadagi Sulaymoniya kutubxonasidagi 4757 raqamli bayozda uchraydi.*
Avval ko‘rib turganimizdek, Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn” asarida Sakkokiyni SHohruh davrida yashagan mashhur turkiyzabon shoirlar qatorida eslaydi.
YAqiniy ham Sakkokiyning shoirlik iste’dodiga yuqori baho bergan, uni shoirlarning mujtaqidi (ya’ni g‘ayratlisi) deb ta’riflab, bir baytini keltiradi: “YAna Sakkokiykim, turk shoirlarining mujtahididur, mening munosibi holimg‘a aytur. Nazm:
Jonim fido bo‘lsun sening g‘amzang o‘qina necha kim,
Har necha qoshing egmasi o‘qdek bo‘yimni yo qilur”.
Ijodi. Sakkokiy shoirning taxallusi bo‘lib, tug‘ilgan eri, yili ham noma’lum.* Venger turkiyshunos olimi YAnos Ekmanning qayd etishicha, Sakkokiy X1Vasrning ikkinchi yarmida tug‘ilgan va XV asrning birinchi yarmida vafot etgan. Sakkokiyning hayoti asosan Samarqandda o‘tgan. U ilk she’rlarini Amir Temur davrida yoza boshlagan bo‘lsa, ijodiy kamoloti Ulug‘bek saltanati yillariga to‘g‘ri keladi.
Sakkokiyning ijodiy merosi hajm tomondan kichik bo‘lsa ham, ammo mohiyati jihatidan kattadir. U o‘z salaflarining, qolaversa, Navoiyning ta’rifiga sazovor bo‘lganidan ham uning ijod ahli o‘rtasidagi yuksak mavqeini baholash mumkin. Albatta, Sakkokiyning shu qadar e’tiborga sazovor va mashhur shoir bo‘lib kamol topishida davrning ijtimoiy-siyosiy vaziyati, temuriylarning badiiy ijodga, ilm-fanga bo‘lgan e’tibori omil bo‘ldi.
Sakkokiy she’rlari o‘z davridagi ijod ahli g‘azallaridan shunisi bilan alohida aajralib turadiki, uning ma’shuqasi dunyoda tengsiz, unga monand bironta zot yo‘q. Buning tasdig‘i sifatida Bo‘yungdek butmadi bo‘ston aro sarvi ravon, ey jon misrasi bilan boshlanuvchi g‘azalini olib ko‘raylik.
G‘azalning birinchi baytidanoq bunday sarvqomat go‘zal nafaqat odamzod nasli orasida, hatto tabiatda ham yaratilmagan, uning yuzi singari go‘zallik gullar orasida ham hali bu olamga kelmagan:
Bo‘yungdek butmadi bo‘ston aro sarvi ravon, ey jon,
YUzungtek ham ochilmadi chamanda guliston, ey jon.
Oshiq ma’shuqaga etishish uchun har qanday jabru jafolarga ham tayyor, jumladan:
O‘qunguzning bashoqinga ko‘ngul mushtoqu ko‘z oshiq,
Bular taloshmoqin bo‘ldi ul ikki ora qon, ey jon.
Ma’shuqaning tashqi qiyofasi tasvirida Sakkokiy go‘zal mubolag‘a yaratadi – yorning sochlari nafaqat oshiqni, balki butun Rum ahliga xuddi Habash lashkarining kuch-qudratichalik g‘orat etkazishi mumkin, agar shunday holat yuz bersa, “ko‘ngul mulkida” – oshiqning qalbida aslo omonlik bo‘lmaydi, uning qalbi junbushga keladi, vayron bo‘ladi:
Agar Rum ahlina zulfung Habashning lashkarin solsa,
Ko‘ngul mulkinda ul soat topilmas hech amon, ey jon.
Sakkoiy ma’shuqaning qoshu ko‘zlari, kipriklarini, ayni paytda noz-karashmalarini tasvirlar ekan, oshiq uchun nihoyatda totli azoblardir. Ma’shuqadan jabr tortish oshiq uchun lazzatli damlardir. SHuning uchun shoir:
Mening bu xasta jonimga sening darding erur marham,
Qiyomatqa teki hargiz bu dardimg‘a davo qilma.
Ishq oshiq uchun tuganmas dard, ammo oshiq bu dardning tuganmasligini istaydi. Darvoqe, agar ishq dardi tugansa, oshiq ruhsiz, o‘lik bir narsadir.
U temuriy hukmdorlardan Xalil Sulton (1405-1409), Mirzo Ulug‘bek, amir Xoja Arslon Tarxonga qasidalar bitgan. Sakkokiy Ulug‘bek saroyida yashab ijod qilgani to‘g‘risida ma’lumotlar bor.* Bu ma’lumot ham Sakkokiyning shuhratini va shoirlik iqtidorini tasdiqlaydi.
Sakkokiyning g‘azal va qasidalardan iborat devoni etib kelgan*.
SHoirning 13 qasidasi bo‘lib, ulardan 5 tasi Mirzo Ulug‘bekka bag‘ishlangan, qolgan qasidalarida u Xalil Sulton, Xo‘ja Muhammad Porso, Arslon Xo‘ja Tarxonlarni madh qiladi.* Sakkokiy qasidalarining hajmi 12 baytdan 54 baytgacha etadi. Nasibdan keyin gurizgoh (o‘tish) keladi. Gurizgohlar ba’zan 4-5 va undan ortiq baytlardan tashkil topadi. Sakkokiy qasidalarining nasib qismlari biroz cho‘zilgan bo‘lishiga qaramasdan yuksak did bilan yozilgan.
Sakkokiy qasidalari ba’zan nasibsiz, to‘g‘ridan-to‘g‘ri madh bilan boshlanadi. Bunday qasidalar odatda, “Qasidayi mujarrada”, ya’ni “yalang‘och qasida” deyiladi.
Otoyi
Otoyi XV asrning o‘rtalarida yashab ijod etgan yirik so‘z san’atkorlaridandir.
Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasida berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Otoyi Balx shahrida yashagan, Ismoil ota farzandlaridan bo‘lib, xushtabiat, sodda, darveshvash kishi bo‘lgan. Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat” asarida yozishicha, Ismoil ota Ahmad YAssaviyning inisi Ibrohim otaning o‘g‘lidir. Demak, Otoyi, nasab jihatidan Ahmad YAssaviyga juda yaqin. SHoir devonining muqovasida va qo‘lyozmaning oxirida “Devoni SHayxzoda Otoyi” deb qayd qilinishi ham uni shayxlar oilasidan kelib chiqqan, deyishga asos beradi.
Mirzo Ulug‘bek o‘z saroyiga bir qator olim va shoirlarni jalb qilganda, Otoyi ham o‘sha shoirlar qatorida bo‘lgan.
Otoyining bir devoni ma’lum bo‘lib, bu devonda shoirning 260 g‘azali jamlangan.
Otoyining 260 g‘azalidan 109 tasi “ramali musammani mahsur” vaznida yozilgan. Ma’lumki, bu vazn XV asr Xuroson va Movarounnahr aholisi orasida ko‘p tarqalgan va “turki” deb atalgan xalq qo‘shiqlari vaznidan olingan hamda aruzga kiritilgan. Bu haqda Alisher Navoiy “Mezon ul-avzon”da qimmatli ma’lumotlarni bergan.
Navoiy “Majolis un-nafois”da Otoyi haqida so‘zlab, uning
Ul sanamki su yaqosinda paritek o‘lturur,
G‘oyati nozikligidin suv bila yutsa bo‘lur, - matla’ini keltiradi va “qofiyasida aybhinasi bor” deb ko‘rsatadi. Otoyi “o‘lturur”ga “bo‘lur”ni qofiya qilgan edi. Navoiy shoirning “turkona” she’r yozganligi, uning g‘azallari turkiy aholi orasida ko‘proq shuhrat tutgani, lekin qofiya ehtiyojiga rioya qilmaganini izohlaydi.*
Otoyi xalq she’riyatiga qorishiq holda ijod qilgan. Bu usul shoir g‘azallarining xalq ommasi tomonidan engil qabul qilinishida asosiy omillardan bo‘lgan. SHu boisdan Otoyi she’riyati xalq iboralari, ta’birlari, maqollariga boyligi bilan ajralib turadi.
Dostları ilə paylaş: |