Nasoyim ul-muhabbat


Pirlarning hasbu holiga doir ma’lumotlar



Yüklə 93,37 Kb.
səhifə4/5
tarix15.02.2023
ölçüsü93,37 Kb.
#84442
1   2   3   4   5
Nasoyim ul-muhabbat

2.2 Pirlarning hasbu holiga doir ma’lumotlar.
«Nasoyim ul-muhabbat» («Muhabbat shabbodalari») – xalqni Haq va haqiqat sari yo‘llash, bashariyatni ilohiy ma’rifatga yetishtirishdek ulkan vazifani o‘z zimmasiga olgan ulug‘ ulamo va urafo, mashoyixu avliyolar haqida bitilgan noyob manbadir. Hijriy 901 (1496) yilda vujudga kelgan o‘zbek nasri va tasavvuf adabiyotining mumtoz namunasi sanalgan bu asarning to‘liq nomini muallif «Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat» («Ulug‘lik xushbo‘yliklarini taratuvchi sevgi shabbodalari») deya e’tirof etadi. Tazkira Abdurahmon Jomiyning «Nafohat ul-uns» asari asosida vujudga kelgan. Jomiy «Nafohat ul-uns» ning “Kirish” qismida asarning Alisher Navoiy da’vati bilan yozilganligini ta’kidlashiga ko‘ra, shunday asar yozish zarurati haqidagi o‘y Navoiyning ko‘nglida anchadan beri mavjud bo‘lgan deyish mumkin. Alisher Navoiy asarning yozilishi tarixini quyidagicha bayon etadi: «Doim oshufta xotirg‘a kelur erdi va parishon xayolg‘a evrilur erdikim, ul kitob alfozi forsiydur, arabiyg‘a payvasta va iborati ishorat ahli tiliga vobasta va ul tillar vuqufidin bahravarlar va ul iboratu ishoratdin bexabarlar ul alfozdin o‘z qobiliyatlari xurdida va ishtig‘ollari muqobalasida naf’lar toparlar va fayz elturlar.
Ammo turk ulusidin ba’ziki, ko‘ngul sidqu safosig‘a bahramanddurlar, bu kimiyo asar so‘zlar ta’sirig‘a Tengri inoyatidin arumand, ul alfozg‘a vuquf qillatidin ul fayzdardin mahrum va haqoyiqning daqoyiqi ularga noma’lum. Xotirg‘a kechmishkim, agar sa’y qilsam, bu kitobni turk tiliga tarjima qila olg‘aymuman va ul daqoyiqu mushkulotni ravshanroq alfoz va ochuqroq ado bila o‘tkara olg‘aymuman? – deb mutaammil erdim. Va ne bu xayolu muddaodin o‘zumni o‘tkara olur erdim va ne ishning azimlig‘i va dushvorlig‘i jihatidin shuru’ qila olur erdim.
To ta’rix to‘qquz yuz birdaki, ul kitobning ta’lifidin yigirma yil o‘tub erdi, Tengri taolo tavfiqi birla bu ulug‘ ishg‘a ilik urdum va bu azim amrg‘a qalam surdum» [50, 12]. Keltirilgan iqtibosdan ko‘rinib turibdiki, Alisher Navoiy turkiy xalqlarni «Nafohat ul-uns»da nomlari keltirilgan ulug‘lar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida uni o‘zbek tiliga tarjima qiladi. Abdurahmon Jomiyning «Nafohat ul-uns min hazorat ul-quds» asari 1476-1478 yillarda yozilgan bo‘lib, muallif tazkiraning bunyod etilishida Alisher Navoiy da’vatkor bo‘lganligini e’tirof etadi.
«Nasoyim ul-muhabbat» janr va asosiy mohiyatiga ko‘ra, tazkira bo‘lsa-da, Jomiy asarining muqaddima qismini kengaytirib, tasavvufning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan mustaqil «risola» darajasiga yetkazadi. Undan valoyat va valiy; ma’rifat, orif, mutaarrif (ta’sirlangan) va johil; so‘fiy; malomatiy, faqr va ular o‘rtasidagi farqlar; majzub, zohid, xodim; tavhid, martaba va arboblar; imon tavhidi, ilm tavhidi, rasmiy tavhid va hol tavhidi; mo‘jiza va karomat o‘rtasidagi
farq; avliyolar karomatlarining isboti; karomatlar va g‘ayritabiiy odatlar bayoni kabi tasavvufning muhim masalalari o‘rin olgan bo‘lib, ular ancha murakkab tushuncha va istilohlar vositasida yoritilgan. Jomiy bunda Ali ibn Usmon Hujviriyning «Kashf ul-mahjub li arbob il-qulub» asariga ergashadi. Navoiy esa muqaddimani mutlaqo o‘zgacha tuzadi, ya’ni «Nafahot ul-uns»ning muqaddima qismi tarjima qilinmagan va «Nasoyim»ga kiritilmagan.
«Nasoyim ul-muhabbat»ning muqaddima qismi «Bu toyifa sulukida muqaddima tamhidi» deb atalib, unda muallif inson, uning yaratilishi, boshqa maxluqlar orasida tutgan o‘rni, avliyoullohlarning vazifalari, shayxlarning a’mol, af’ol, muomalot va riyozatlari kabi falsafiy muammolar ustida to‘xtaladi va ularga tasavvuf ta’limoti nuqtai nazaridan javob beradi. Navoiy insonni eng sharif maxluq deb ataydi va buning sababini quyidagicha tushuntiradi: «Haq subhonahu va Taolo mahluqotda bani Odamdin sharifroq va biyikrak xalq qilmaydir, neuchunki ma’rifatulloh ganjining amini va mahrami uldur» [50, 15].
Muallif insonning ulug‘lik sababini ma’rifat bilan bog‘laydi. Uningcha «Kuntu kanzanu maxofiyan fi ahbabtu an a’rafa fi xilqat il-xalq il-a’rof» («Men bir maxfiy xazina edim. Tanilmoqni istab qolib, dunyolarni yaratdim va o‘zimni tanitdim») hikmatining mazmuni to‘laligicha inson mohiyatiga qaratilgan bo‘lib, inson ko‘ngli o‘sha maxfiy xazinaning maxzani, ya’ni Haq va Haqiqat asrori inson mohiyatida yashirin va Haqqa yetish faqat insongagina xosdir. Ammo inson vujudida bashariyat va moddiyat unsurlari ham mavjud. Ulug‘ mutafakkir fikricha, ushbu holat taqozosiga ko‘ra insonlardan ba’zi bir «nopisand ishlar vujud tutdi». Buning islohi va insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga boshlash uchun Haq ba’zi saylangan bandalari boshiga nubuvvat tojini kiydirib, insonlarni hidoyatga da’vat etdi.
Ularning so‘nggisi va eng ulug‘i Hazrati Muhammad alayhissalom bo‘ldilar va u kishidan keyin payg‘ambarlik eshiklari yopildi, nubuvvat doirasi bekildi. Shundan so‘ng xalqni Haq va haqiqat sari yo‘llash, ilohiy ma’rifatga yetishtirish vazifasi ulamo va urafo, mashoyixu avliyolar zimmasiga yuklatildi: «Va ul sohibi davlatlardin (ya’ni payg‘ambarlardan ) so‘ngra bu ummatning mashoyixi va
avliyoullohi... bu irshodga ishtig‘ol ko‘rguzdilar. Va va’da budurkim, olam inqirozig‘achakim, bu millatu shariat siroti mustaqim bo‘lg‘usidur, bu toifakim valoyat va karomat, ahlidurlar va xaloyiqqa irshodu ihdo qilurlar, muborak zotlarining barakoti bu millat ahli boshidin kam bo‘lmag‘ay» [50, 14].
Avliyo va mashoyixlarning vazifalari haqida o‘z fikrlarini bildirgandan so‘ng muallif ularning; a’mol (ishlari), af’ol (fe’llari), muomalot (yashash tarzi) va riyozat (iroda va ruhlarini chiniqtirish)lari bayoniga o‘tadi va tasavvuf ahlining tavba, halol luqma talabi, shariat rioyati, namoz, zakot, ro‘za, haj, yetuk axloq, hilm (yumshoq fe’llilik), rizo, sabr, sidq (to‘g‘ri so‘zlik), riyozat kabi o‘n to‘rt sifat va xislatlarini sharhlaydi.
Yuqorida, xalqni Haq va haqiqat sari yo‘llash, ilohiy ma’rifatga yetishtirish vazifasi ulamo va urafo, mashoyix-u avliyolar zimmasiga yuklatilganligini esladik. Tasavvufda ular so‘fiylar deb ataladi.
Xo‘sh, so‘fiylar kimlar? Husni mutlaq oshiqlari, ilmu irfon va idrok sohiblari – so‘fiylar va ularning maslakdoshlari azaliy va abadiy mantiqni istifoda qiluvchilardir.
So‘fiylar o‘z qarashlari bilan zohidlardan farq qilganlar, aytish mumkinki, ularga nisbatan ustunlikka ega bo‘lganlar. Tasavvuf ahli nazdida zohidlar o‘z nafslarini butunlay yengolmagan zotlar bo‘lib, ular jannat umidida ibodat qiladilar. Ulardagi mana shu jihatning o‘ziyoq nafs uyg‘oqligdan dalolat beradi, deb o‘ylaydilar.
So‘fiylarning maqsadi bitta – Haqning jamoliga musharraf bo‘lmoq, ruhan ana shu mohiyatga qaytmoq. So‘fiylar ruhiyatidagi g‘alayon – ISHQ ularni shunga undaydi.
Haqqa muqarrab (yaqin) bo‘lgan bunday solih insonlar - so‘fiylar orif, oshiq, komil, sidq ahli, faqr ahli, fano ahli, vasl (visol ahli, ahli dil, ahli tahqiq, ahli ishq, ahli dard, ahli nazar, ahl niyoz, piri ishq, ishq, ishq arbobi, ma’no ahli, safo ahl, vafo ahli, ahli roz, rizo ahli, ahli ma’rifat, ahli haqiqat, ahli irfon, ahli karam, ahli tab’, ahli dabr, himmat ahli, shavq ahli, ahli saloh, sohibasror, sohibkamol, sohibnazar, sohibkaram kabi nom va sifatlar bilan ulug‘laganlar.
Alisher Navoiy «Nafahot ul-uns» asarida tasavvuf tarixida nom qoldirgan ana shunday shayx va ulamolar, tariqatlar haqida ma’lumotlarni turkiy xalqlarga yetkazishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi.
Bizga ma’lumki, tasavvuf ta’limoti turli tariqat va silsilalarni vujudga keltirgan. Sharqshunos H. Karomatov Hujviriyning «Kashf ul-mahjub» asariga tayanib aniqlashiga ko‘ra, XI asrdayoq tasavvufning o‘n ikki asosiy oqimi shakllanib ulgurgan edi. Ulardan o‘ntasi — muhosibiya, qassoriya, tayfuriya, junaydiya, nuriya, sahliya, hakimiya, xarroziya, xafifiya va sayyoriya ahli sunna val jamoa aqoidi va shariat qonun-qoidalariga to‘g‘ri keladi, deb tan olingan, qolgan ikkitasi - hululiya va hallojiya esa rad etilgan. «Nasoyim ul-muhabbat»da ushbu tariqatlar va ularning vakillari to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan. Masalan, muallif Abul Abbos as-Sayyoriy (vaf. 342/954) zikrida yozadi: «Abul Abbos as-Sayyoriy Abu Bakr Vositiy suhbatig‘a etdi va ul daraja hosil qildikim, ani bir sinf tasavvuf ahlining imomi derlarki, alar Sayyoriyag‘a mashhurdirlar» [50, 102].
Aytish lozimki, Jomiy va Navoiy Mansur Halloj ta’limotini mohiyat e’tibori bilan qabul qilganlar, ammo uni taqdim etish yo‘li va ifoda shakli nuqtayi nazaridan tanqid etganlar. Buni quyidagi misoldan ham bilish mumkin. Navoiy Mansur Halloj zikrida yozadi: «Ul bir kun Junaydning eshigini qoqdi. Junayd so‘rdiki, kim sen? Dedikim, Haq. Junayd dedikim, Haq emassen, ammo Haq bilasen» [50, 106].
Tasavvuf tariqati davomida tasavvufning Markaziy Osiyo an’anasi bilan bog‘liq ravishda, asosan kubraviya, yassaviya, xojagoniya-naqshbandiya, chishtiya va bektoshiya tariqatlari maydonga kelganligi kuzatiladi. Tasavvuf tarixidan ma’lumki, ulardan uchtasi Movarounnahr va Turkistonda, chishtiya - Hindistonda, bektoshiya esa Turkiyada rivojlanganligi ma’lum. «Nasoyim ul – muhabbat»da ushbu tariqatlar va ularning namoyandalari haqida ham asosli ma’lumotlar berilgan bo‘lib, ular mintaqa tasavvuf tariqatlarini tekshirishda muhim ahamiyatga egadir. Navoiy shayxlar zikrini ma’lum tartib asosiga quradi. Bu tartibni, asosan quyidagicha belgilash mumkin:

  1. Shayx nomi, kuniyati, so‘fiylar orasidagi laqabi haqida xabar berish;

  2. Shayxning tug‘ilgan va vafot etgan yili, joyi, qabri haqida ma’lumot berish;

  3. Tasavvufga kirib kelishiga turtki bo‘lgan sabab;

  4. Tasavvufdagi nisbasining kimga yetib borishi, kimning shogirdi ekanligi, kimlarni ko‘rib suhbatiga yetganligi, so‘fiylarning qaysi tabaqasiga mansubligi haqida xabar berish;

  5. Tasavvufiy, falsafiy, axloqiy mazmundagi fikrlaridan namunalar berish.


XULOSA
Istiqlol milliy qadriyatlarimizni tiklash va o‘rganishga katta imkoniyalar yaratish jarayonida o‘tmishga yangicha dunyoqarashda yondashish tamoyillarini hosil qildi. Tasavvuf va diniy ma’rifiy ta’limotni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan ulkan allomalarning tarixiy xizmatlari xolisona baholashga erishilmoqda. Bunday vazifalarni amalga oshirishda tarixiy-ilmiy asarlarning o‘rni nihoyata katta, albatta. Alisher Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asari ham islom dini tarixida vujudga kelgan tariqatlar, ularning mazmun mohiyati haqida ma’lumot beruvchi qimmatli manbadir.
Mazkur asarni malakaviy bitiruv ishi doirasida o‘rganish natijasida kelib chiqadigan xulosalarimizni quyidagicha umumlashtirishimiz mumkin:
- Tasavvufshunoslikda tasavvufdagi O‘rta Osiyo an’anasi bilan bog‘liq tariqatlar sifatida - kubraviya, yassaviya, naqshbandiya, chishtiya va bektoshiya tariqatlari sanab o‘tiladi. “Nasoyim ul -muhabbat”da ushbu tariqatlar va ularning namoyandalari haqida ham ko‘plab ma’lumotlar keltirilgan bo‘lib, bu mintaqa tasavvuf tariqatlari tarixini tekshirishda muhim ahamiyatga egadir.

  • Muqaddimada muallif odob-axloq masalalariga ham katta e’tibor qaratadi. Tasavvuf ahli fe’lidagi katta-yu kichikka hurmat bajo keltirish, yumshoq tabiatlilik va shirinso‘zlik, kamtarlik kabi xislatlarini so‘fiylikning asosiy shartlaridan biri sifatida ko‘rsatadi: «... adabdurki yaxshi va yomong‘a va ulug‘ va kichikka bajo keltururlar, andoqki, barcha xalqdin o‘zlarin kichik va kam tutarlar va barchag‘a xizmat huzurida bo‘lurlar». Guvoh bo‘lganimizdek, Alisher Navoiyning didaktik qarashlari ushbu asar misolida yana bir bor namoyon bo‘ladi, o‘z navbatida muqaddimmada keltirilgan misollar Navoiy pandnomasi manbalaridan biri tasavvuf ekanligini ko‘rsatadi. Demak, «Nasoyim ul-muhabbat» Navoiy dunyoqarashi va falsafiy-tasavvufiy tafakkuri haqida ham ma’lumot beruvchi manbadir.

  • Alisher Navoiy har bir shayx ta’rifida uning hayoti yoxud ijodi uchun ustivor bo‘lgan muayyan jihatga alohida urg‘u beradi, ibratomuz fazilatlarni yuksak qadrlaydi.

  • Alisher Navoiy avliyo va mashoyixlarning vazifalari haqida o‘z fikrlarini bildirgandan so‘ng muallif ularning a’mol (ishlari), af’ol (fe’llari), muomalot (yashash tarzi) va riyozat (iroda va ruhlarini chiniqtirish)lari bayonini batafsil beradiki, bu ma’lumotlar tasavvuf tarixini o‘rganishda o‘ta muhim manba sanaladi.

  • Asarda so‘fiylar o‘z qarashlari bilan zohidlardan farq qilganliklari aytilgan. Tasavvuf ahli nazdida zohidlar o‘z nafslarini butunlay yengolmagan zotlar bo‘lib, ular jannat umidida ibodat qiladilar. Ulardagi mana shu jihatning o‘ziyoq nafs uyg‘oqligidan dalolat beradi.

  • «Nasoyim ul-muhabbat» musulmon mintaqa xalqlari ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida yuksak nufuzga ega bo‘lgan tasavvvuf tarixi, uning tarmoqlari va ulug‘ mashoyixu avliyolari haqida ma’lumot berishi, shuningdek, tasavvufning nozik jihatlari bilan turkiy xalqlarni tanishtirish yo‘lida yozilgan ilk tazkira bo‘lganligi bilan ahamiyatlidir. Bulardan tashqari, bu mo‘tabar manba Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy singari o‘z davrining peshqadam ziyolilari bo‘lgan ulug‘ zotlar dunyoqarashining shakllanishida bevosita ta’sir etgan shaxs va asarlar bilan yaqindan tanishishga imkon yaratadi.

- Bahouddin Naqshband ta’limotlarining ahamiyatini faqat uning tarixdagi o‘rni bilangina cheklash yaramaydi. Eng muhimi, bu tariqat g‘oyalari bugun uchun, hozirgi kishilar ma’naviy kamoloti uchun, demakki, kelajak uchun ham juda kerak. J. S. Trimingem yozganidek, “Tasavvuf, jumladan, naqshbandiya falsafasi “bundan buyon ham insoniyatning ma’naviy barkamolligi uchun muhim hayotiy ta’limot bo‘lib qolaveradi” (208) (Trimingem J. S. Sufiyskie ordenia i islame. M., 1989).
- «Nasoyim ul-muhabbat»ning ahamiyati haqida so‘z ketganda, uning
1). tasavvuf tarixi, oqim va silsilalari, namoyandalari;
2). tasavvufning asosiy tushuncha va istilohlari, falafiy, axloqiy konsepsiyasi;
3). XV asrdagi tasavvufiy jarayonlar va muallifga zamondosh so‘fiylar;
4). tasavvuf she’riyati vakillari;
5). Navoiy o‘qigan, ta’sirlangan, ijodiy ilhomlangan tasavvufiy kitob va risolalar haqida ma’lumot beruvchi muhim manba ekanligini qayd etish lozim.
- «Nasoyim ul-muhabbat» o‘ziga xos tuzilishga ega bo‘lgan nasr namunasidir.
- Tahlil jarayoniga tortilgan tadqiqotlardan ma’lum bo‘ladiki, «Nasoyim ul-muhabbat» o‘z muallifi adabiy-tanqidiy qarashlarini o‘rganishda bebaho dalillar bera oladi. Shuningdek, unda o‘nlab fors-tojik, o‘zbek tilida hamda har ikki tilda ijod qilib, o‘lmas asarlar yaratib qoldirgan shoirlar haqida g‘oyat aniq va zarur ma’lumotlarni keltirgan. Masalaning bu jihati «Nasoyim ul-muhabbat»ning o‘zbek va tojik adabiyotshunosligi uchun XV – XVI asr birinchi yarmi adabiyoti tarixini o‘rganishda muhim manba sifatidagi qimmatini oshiradi.
- Alisher Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat» asari mutafakkir shoirning tarjimayi holiga oid ma’lumotlarni to‘ldiruvchi, ba’zi masalalarga oydinlik kirituvchi muhim manbalardan biridir.
- Adibning tasavvuf tarixida nomlari muhrlangan orif va avliyolar haqidagi fikrlari hamda tasavvufiy istilohlar haqidagi qarashlari mazkur ta’limotni o‘rganish uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, Alisher Navoiy ijodida tasavvuf bilan adabiyot oliy darajada o‘zaro uyg‘unlashdi. Bu uyg‘unlikning asosini esa naqshbandiya ta’limoti tashkil etadi. Navoiy zamonasining eng peshqadam ziyolisi sifatida davr uchun rasm bo‘lgan tariqatni qabul qildi va o‘z ijodi bilan unining yanada ommalashishiga, ta’sirchan bir mafkuraga ayla borishiga ulkan hissa qo‘shdi. Faqat Sharq xalqlari tafakkurida emas, insoniyat tafakkuri tarixida o‘chmas iz qoldirgan ulug‘ olim, shoirlarimiz ijodiy merosini ilmiy xolisona o‘rganib, xalqimiz ma’naviy merosiga aylantirish bugunning kechiktirib bo‘lmaydigan ehtiyojidir.



Yüklə 93,37 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin