Nazorat turlarini o‘tkazish muddati Oraliq va yakuniy nazorat turlari universitet rektori tomonidan tasdiqlangan o‘quv jarayoni jadvaliga muvofiq dekanat tomonidan tuzilgan va O‘quv-uslubiy boshqarma bilan kelishilgan, belgilangan tartibda tasdiqlangan reyting nazorat jadvallari asosida o‘tkaziladi. Yakuniy nazorat semestrning oxirgi attestatsiyaga ajratilgan 2 haftasi mobaynida o‘tkaziladi.
Talaba fan bo‘yicha kurs loyihasi (ishi)ni ushbu fan bo‘yicha to‘plagan ballari umumlashtirilishiga qadar topshirishi shart.
Joriy va oraliq nazoratlarda saralash ballidan kam ball to‘plagan va uzrli sabablarga ko‘ra nazoratlarda qatnasha olmagan talabaga qayta topshirish uchun, navbatdagi shu nazorat turigacha, so‘nggi joriy va oraliq nazoratlar uchun yakuniy nazoratgacha bo‘lgan muddat beriladi.
Kasalligi sababli darslarga qatnashmagan hamda belgilangan muddatlarda joriy, oraliq va yakuniy nazoratlarni topshira olmagan talabalarga fakultet dekani farmoyishi asosida, o‘qishni boshlaganidan so‘ng ikki hafta muddatda topshirishga ruxsat beriladi.
Talabaning semestrda joriy va oraliq nazorat turlari bo‘yicha to‘plangan ballari ushbu nazorat turlari umumiy ballining 55 foizi (39 ball) dan kam bo‘lsa yoki semestr yakunida joriy, oraliq va yakuniy nazorat turlari bo‘yicha to‘plangan ballari yig‘indisi 55 balldan kam bo‘lsa, u akademik qarzdor hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2013 yil 13 dekabrdagi 470-sonli “Oliy ta’lim muassasalarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholashning reyting tizimi to‘g‘risidagi nizomga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” gi buyrug‘iga asosan akademik qarzdor talabalarga semestr tugaganidan keyin (bahorgi semestr natijalari bo‘yicha esa, talabalarning yozgi ta’tili hamda professor-o‘qituvchilarning mehnat ta’tilidan so‘ng) qayta o‘zlashtirish uchun bir oy muddat beriladi. Shu muddat davomida fanni o‘zlashtira olmagan talaba fakultet dekani tavsiyasiga ko‘ra belgilangan tartibda rektorning buyrug‘i bilan talabalar safidan chetlashtiriladi (ayrim hollarda universitet Ilmiy Kengashi qarori asosida akademik qarzdorlikni bartaraf etish muddatlari uzaytirilishi mumkin).
Talaba nazorat natijalaridan norozi bo‘lsa, fan bo‘yicha nazorat turi natijalari e’lon qilingan vaqtdan boshlab bir kun mobaynida fakultet dekaniga ariza bilan murojaat etishi mumkin. Bunday holda fakultet dekanining taqdimnomasiga ko‘ra rektor buyrug‘i bilan 3 (uch) a’zodan kam bo‘lmagan tarkibda apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
Apellyatsiya komissiyasi talabalarning arizalarini ko‘rib chiqib, shu kunning o‘zida xulosasini bildiradi.
Baholashning o‘rnatilgan talablar asosida belgilangan muddatlarda o‘tkazilishi hamda rasmiylashtirilishi fakultet dekani, kafedra mudiri, o‘quv-uslubiy boshqarma hamda monitoring va ichki nazorat bo‘limi tomonidan nazorat qilinadi.