III.Usmon Yusupov Usmon Yusupov (1900-1966) – butun qalbi va vujudi bilan Kommunistik partiya, sovetlar ishiga, sotsializm va kommunizm gʻoyalariga astoydil ishongan va amalda esa aldangan, kamtarin va olijanob oʻzbekona qadriyat va fazilatlarga ega boʻlgan Oʻzbekistonning sovet davridagi siyosat va davlat arboblaridan biri boʻlgan. Bu millatparvar, yurtparvar inson 1937-1950-yillarda Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi, 1953-1955-yillarda esa Oʻzbekiston Ministrlar Sovetining raisi lavozimlarida xalq manfaati, yurt ravnaqi yoʻlida samarali va ibratli faoliyat koʻrsatgan siymolardan biri edi.
U juda katta tashkilotchilik qobiliyat sohibi, xalqni anglash, uning bor-yoʻgʻidan boxabar boʻlgan, ommani mushkullarini oson qilishdek koʻplab savob ishlarni keksa avlod juda yaxshi qadrlaydi. Xalqimizning ishonch va hurmatini qozongan omma yetakchisi edi. Oʻzbekistonning 1937–1940-yillardagi, ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi davridagi tarixida yuz bergan buyuk bunyodkorlik, nihoyatda ogʻir hayotni uningsiz tasavvur qilish mumkin emas. U tarix sinovidan shon-sharaf bilan oʻtgan, oʻz xalqining hurmat va ehtiromini qozongan oʻta kamtar, mehnatkash, gʻamxoʻr, millatparvar, vatanparvar arbob edi. Ammo Usmon Yusupovning hayotligida va bu yorugʻ dunyoni tark etgandan keyin ham unga nisbatan bir qancha tuhmat va boʻhtonlar uyushtirilgan. Unga qarshi birinchi hamla 1937–1938-yillardagi “Katta terror” davridayoq boshlangan edi. VKP(b) Markaziy Komiteti Siyosiy byurosi 1937-yil 11-iyuldagi yigʻilishida “Antisovet unsurlar toʻgʻrisida”gi masala boʻyicha Oʻzbekiston SSR da Ikromov, Boltaboyev va Zagvozdin tarkibida uchlikni tasdiqlagan. Biroq S.Boltaboyev oʻrniga Joʻrabek Toʻrabekov uchlikning aʼzosi boʻlgan. Unda 1489 kishini otuvga, 3952 kishini surgun qilish belgilab berilgan.
Akmal Ikromov 1937-yil lavozimidan olib tashlangach, uning oʻrniga Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti birinchi kotibi etib Usmon Yusupov tayinlangan. Bu oʻrinda Markaz va respublikadagi kuch ishlatish organlari tomonidan unga qarshi botiniy yoʻllar, turli xil shantaj, qoʻrqitishlar, obroʻsizlantirish, rahbarlik lavozimlaridan mahrum qilish kabi mudhish hujumlar boʻlgani yaqin tariximizdan maʼlum. 1937-yili Oʻzbekistonning birinchi rahbari lavozimida faoliyat koʻrsatishining dastlabidayoq Usmon Yusupovni botiniy yoʻl bilan shantaj, qoʻrqitish usullarini qoʻllash bilan Markaz va respublikadagi kuch ishlatish organlari mashgʻul boʻlishgan. Ular tomonidan «Do konsa istrebit kontrrevolyutsionnuyu bandu» nomli maqola yozilgan va Usmon Yusupovning nomidan respublika markaziy matbuotida eʼlon qilingan, tezkorlik bilan bu maqola–kitob sifatida 35000 nusxada nashr qilingan. Axir Usmon Yusupov OʻzKompartiya Markaziy Komitetining birinchi sekretari lavozimiga 1937-yil 27-sentyabrda tayinlangan. 20-oktyabrda esa bu maqola Bektemirov muharrirligida, V.N. Malenin texnik muharrirligida, masʼul korrektor Tretʼyakova imzosi bilan kitob sifatida eʼlon qilish uchun nashriyotga topshirilgan. Maqola va kitob rus tilida tayyorlangan, keyin oʻzbek tiliga tarjima qilingan. Usmon Yusupov 1936-yildan 1937-yil 27-sentyabrgacha Oʻzbekiston Respublikasi oziq-ovqat sanoati xalq komissari lavozimida faoliyat koʻrsatgan. Oʻz-oʻzidan ravshanki, bu lavozimda Usmon Yusupov aksariyat xoʻjalik sohasida faoliyat koʻrsatgan. Axir 23 kunlik muddatda birinchi kotib vazifasida faoliyat koʻrsatgan Usmon Yusupov qanday qilib rus tilida «Do konsa istrebit kontrrevolyutsionnuyu bandu» nomli maqolani «Pravda Vostoka»da, oʻzbek tilidagi tarjimasini “Qizil Oʻzbekiston”da eʼlon qilinishiga va shu maqolani 1937-yil 20-oktyabrda “Qizil Oʻzbekiston” nashriyotida kitob qilib 35000 nusxada bosish uchun 2673-sonli buyurtma bilan nashriyotga topshirishi mumkin edi? Bizningcha Oʻzbekistonning yangi birinchi rahbarini “Katta terror” girdobiga tortish, uni obroʻsizlantirish, qoʻrqitish uchun Markazdagi Yejov va Respublikadagi unga boʻysunuvchi kuch ishlatish organlari rahbarlarining botiniy harakatlarining yorqin koʻrinishi edi. Ular shoshilinch ravishda ish koʻrib Usmon Yusupov nomidan maqola va kitob tayyorlab nashr etishga ulgurishgan. Oldindan tayyorlangan «Do konsa istrebit kontrrevolyutsionnuyu bandu» nomli maqolaning rus tilidagi asl nusxasi qatagʻon qurboni Akbar Islomovning turmush oʻrtogʻi Ketevani Davidovna Kldiashvilining shaxsiy arxivida (Tbilisi shahri, Bakradze koʻchasi №16) saqlanib qolgan. Maqolaning butun mazmun va mohiyati, unda ilgari surilgan fikr-gʻoyalar, yozilish uslubi va metodi, shakli-shamoyilidan uning muallifi Usmon Yusupov ekanligiga bizda shubha uygʻotdi. Qariyb 30 yil mobaynida Oʻzbekistonda amalga oshirilgan 1937–1938-yillardagi qatagʻon tarixi mavzusi bilan shugʻullanib Moskva, Toshkent, Ukraina, Stavropol oʻlkasi, Qozogʻiston, Qirgʻiziston respublikalaridagi arxivlarda tadqiqot olib borib, toʻplangan hujjatlar va materiallar asosida oʻnlab kitoblar, yuzlab ilmiy maqolalar, risolalar muallifi sifatida oʻsha qatagʻon va uning amaliyoti, fojiasi tarixini ozmi-koʻpmi bilgan tadqiqotchi sifatida Usmon Yusupovning 1937–1938-yillarda “Katta terror” kampaniyasida tutgan oʻrni va roliga yangicha yondashuv, yangicha munosabat boʻlish kerak deb hisoblayman. 1956-yili KPSS Markaziy Komiteti Siyosiy byurosi huzurida 1937–1938-yillardagi “Katta terror”da qatagʻon qilinganlarni reabilitatsiya qilish boʻyicha komissiya tuzilgan. Uning aʼzolari qilib Oʻzbekistondan 2 kishi tayinlangan, biri N.A.Muhitdinov, ikkinchisi akademik, yurist Xadicha Sulaymonova tasdiqlangan. Bu har ikki yurtdoshimiz Oʻzbekiston boʻyicha “Katta terror”da qatagʻon qilinganlarni reabilitatsiya qilishda ulkan xizmatlar qilishdi. Ularning bu boradagi faoliyatini alohida oʻrganish va xalqimizga yetkazish navbatdagi vazifalarimizdandir. Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari, Oʻzbekiston SSR Ministrlar Sovetining raisi, KPSS Markaziy Komiteti prezidiumi aʼzosi va KPSS Markaziy Komiteti sekretari, SSSR Ministrlar Soveti raisining oʻrinbosari, SSSRning Suriyadagi elchisi, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Ministrlar Soveti maslahatchisi boʻlib xizmat qilgan Nuriddin Akramovich Muhitdinov Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining lavozimida ishlaganlardan ikki shaxs taqdiriga eʼtibor qaratib ulardan biri Usmon Yusupov haqida shunday yozgan: “...Usmon Yusupov 13 yil Markaziy Komitetga sekretarlik qilib, respublikani katta gʻalabalarga olib keldi. Ayniqsa, urush vaqtidagi eng ogʻir kunlarda respublika mehnatkashlarini qiyin va tigʻiz vazifalarni bajarishga safarbar eta oldi. U xalq bilan gaplasha bilardi. Respublikaning oʻziga xos xususiyatlarini hech narsadan qochirmas, shu bilan birga KPSS Markaziy Komitetining yoʻlini toʻgʻri amalga oshirishga sidqidildan harakat qilar edi. Eng muhimi xalqqa suyanardi, oʻz vaqtida safarbar etilgan xalq nimalarga qodirligini oʻz tajribasidan yaxshi bilardi va undan muruvvatini hech ayamasdi. Toʻgʻri, oʻsha yillarda ham ancha muncha kamchiliklar boʻlgan. Shu jumladan, Usmon aka ham xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻygan. Lekin bu uning respublika taraqqiyoti uchun qilgan mehnatlari oldida misqolchadir. U partiyaviy ishni toʻgʻri yoʻlga qoʻyib, mehnatkashlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga erishgani, ularni katta bunyodkorlik ishlariga otlantira olgani aniq. Ana shu chin yurakdan qilgan mehnatlari evaziga ham u butun xalq yuragida qoldi. Izzati abadiy”[2]. Toʻgʻri 1937–1938-yillardagi qatagʻonda Usmon Yusupovning aybi yoʻq deb boʻlmaydi. U “Uchlik”ning aʼzosi edi. Bu “Uchlik”ning biri Oʻzbekiston NKVD komissari N.A. Zagvozdin, ikkinchisi respublika prokurori Boris Vladimirovich Sheydlin edi. Bu “uchlik” tarkibi Moskvadan, Stalin, Yejovlar tomonidan belgilangan. Usmon Yusupov ana shu yuqoridan tushgan buyruqqa itoat qilishi tabiiy bir xol edi, bundan boshqacha yoʻl yoʻq edi. Aks holda u oʻzining egallab turgan lavozimida ishlay olmasligi aniq edi. 1938-yilning bahoriga kelib oblastlar, shaharlar va rayonlar partiya komitetlari sekretarlarining 60 foizi qamoqqa olingan. Xuddi shu yilning ikkinchi yarmida yana partiya xodimlaridan 114 kishi qatagʻon qilingan. Bunday qaltis holatlar 30 yillarda Usmon Yusupov faoliyatida anchagina sodir boʻlgan albatta. Bunday yoʻlni tutmasdan u oʻzining egallab turgan lavozimida ishlay olmasdi. Mabodo “boshqacha” yoʻl tutgan taqdirda ham uning qoʻlidan hech narsa kelmasligi aqli raso har bir kimsaga oynadek ayondir. Usmon Yusupov ham qoʻgʻirchoq milliy rahbarlarning biri boʻlgan, xolos. Ammo bundan mamlakatda uyushtirilgan ommaviy qatagʻonliklarga Oʻzbekiston rahbari befarq qaragan, deb aytish albatta Usmon Yusupov xotirasiga nisbatan hurmatsizlik boʻlur edi. Usmon Yusupov 1938-yilda shahsan I.V. Stalin, A.A. Andreyev va G.M. Malenkovlarga maxsus xat bilan murojaat qilib, NKVD (Ichki Ishlar Xalq Komissari) xodimlari haddan oshayotganliklari va shu boisdan ularni jilovlab qoʻyish masalasini koʻndalang qoʻyishga jurʼat etgandi: «Oʻzbekiston Ichki ishlar xalq komissarlari organlari faoliyatida juda katta kamchilik va qonunbuzarliklarga yoʻl qoʻyilmoqda, bu holat NKVD organlariga suqilib kirib olgan dushmanlar, ayniqsa Leonov (xalq komissarining sobiq oʻrinbosari) va Apressyan (sobiq xalq komissari) tomonidan har jihatdan ragʻbatlantirilib, hatto shunga majburlab kelindi. Ommaviy qamoqqa olishlarga zoʻr berildi, koʻp holatlar yetarli darajada asoslanmadi. Ichki ishlar xalq komissarligida, uning rayonlardagi boʻlimlarida hatto eng koʻp qamoqqa olish uchun musobaqa eʼlon qilindi. Binobarin, NKVD xodimlari faoliyatiga baho berishda ularning oʻzlari hibsga olgan odamlarning koʻrsatmalari va soni dalil boʻlib xizmat qildi. Bu esa yetarli darajada asoslanmay qamashlarga keng yoʻl ochdi»[4]. “Katta terror” avjiga chiqqan bir sharoitda I.V. Stalinga bunday xat bilan murojaat qilib bor haqiqatni yozganligi oʻta xavfli boʻlgan, bu uning katta jasorati edi. Birgina shu yozilgan xat tufayli Usmon Yusupovning hayoti xavf ostida qolgan, uning oʻzini ustidan ayblov hujjatlari toʻplay boshlangandi. Fayzulla Qilichevning yozishicha Leonov-Nemirovskiyga nisbatan 1938-yilda qoʻzgʻatilgan jinoiy ish hujjatlari orasida G.Zatulovskiyning koʻrgazmasida «Leonov boshchiligida boʻlim boshligʻi Lisitsin tomonidan Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining kotibi Usmon Yusupovga nisbatan uydirmalardan iborat material toʻplana boshlandi. Ular qamoqda yotgan Gʻulom Yoqubov va Rustam Islomov (ikkalasi ham respublikada rahbar xodimlar boʻlgan)lardan ming xil azoblar berish yoʻli bilan, Yusupov, Akmal Ikromov toʻdasidagi aksilinqilobiy harakatda boʻlganlarning faollaridan edi deb yozdirib oldilar» ... deyilgan. Koʻrinib turibdiki, Usmon Yusupov ham qamalish arafasida edi. Faqat uning baxtiga Moskvada toʻsatdan Yejovning qamoqqa olinishi Usmon Yusupovni qabohatli qatagʻondan saqlab qolgan edi. 1937–1938-yillarda Oʻzbekiston NKVDsi Ichki ishlar xalq komissarligi va uning okrug boshqarmalari, shahar va rayon boʻlimlari idoralari inqilobiy qonunchilikni juda ham qoʻpol tarzda buzganlar, soxta anketalar, bayonnomalar, hukmlar, tergov xulosalari, ayblovlar, yuzlashtirishlar, mahbuslarga qoʻyilgan ayblarning aksariyati soxta, toʻqib chiqarilgan, asossiz boʻlgan. Tergovchilar mahbuslarni qiynoqqa solish orqali ularni soxta, oldindan oʻylab topilgan “ayblar”ni boʻyniga qoʻyish uchun qoʻllagan qiynoqlar, qoʻrqitishlar, zoʻrlashlar, yolgʻon koʻrsatmalar olish, soxta hukmlar tayyorlash, mahkumlar ustidan “ayblov xulosalari” tayyorlash bilan mashgʻul boʻlgan. Ayblov xulosalarini rasmiylashtirib Toshkentga, “uchlik”ka yoʻllab taqdim etgan ichki ishlar va davlat xavfsizligi organi xodimlaridan quyidagilarni eslash joiz: Bauman, Latsis, Sokolov, Razumnыy, Kirillov, Yakubshin, Sharipov, Naumovlar, Xorazm sektoridan Razumov, Ferens, Korolev, Perepodya, Kapranovlar, Qashqadaryo okrugidan Mines, Syunyayev, Kazakov, Olefirenko, Fargʻona shahar boʻlimidan Dunayev, Andijon sektoridan Tuniyans, Chaliy, Derevyanenchenko, Makarevich, Mulosov, Podyachev, Semenov, Filatov, Shabalin, Ushakov, Surxondaryo sektoridan Kruglishev, Samarqand okrugidan Boybekov, Joniyev, Jizzax rayon boʻlimidan Kolpakov, Qoʻqon shahar boʻlimidan Fukin, Bogʻdod rayonidan Starostin, Sirdaryo okrug boʻlimidan, Pogodin, Oltiariq rayon boʻlimidan Barishev, Chust rayonidan Zenkin, Qoraqalpogʻiston ASSR sektoridan Olsufevlar. Ularning katta qismi qatagʻon qilingan. “Katta terror” rejaviy xarakterga ega boʻlgan. Qamoqqa olish rejasi yuqoridan, yaʼni Moskvadan, NKVDdan belgilab berilgan. Joylardagi mahalliy NKVDchilar bu vazifani bajarishgan. Masalan, Markazdan Qirgʻiziston NKVDsiga kelgan telegrammalardan birida toʻgʻridan toʻgʻri “Oʻn ming xalq dushmanlari yoʻq qilinsin” deb koʻrsatilgan. Qatagʻon qilish va jazo berish organlarining barchasi bor kuchlari bilan ishlashgan. Ularning ish hajmi Markazda ham, joylarda ham oʻsib boravergan. Qatagʻon qilinuvchilarning roʻyxatlari tuzilgan. Har bir okrug boʻyicha qatagʻon qilish limitlari oldindan belgilab qoʻyilgan.
Koʻpincha mahalliy partiya va jazo organlari qatagʻon qilinuvchilar miqdorini koʻpaytirish maqsadida qalbaki hujjatlar yasash, uydirma, boʻhton, soxta, yolgʻon daʼvolar toʻqish bilan mashgʻul boʻlganlar. Aybsiz kishilarga jinoiy xatti-harakat, kirdikorlar toʻplab hibsga olib, ularni pora olishda, jinoyatga sherik boʻlishda ayblab qamoqqa olinganlarni anketalariga zoʻrlik, qiynash bilan qoʻl qoʻydirib olish holatlari koʻp boʻlgan. Qatagʻon-jazo organlari xodimlari oddiy, xoʻjasizlik yuritishdagi kamchiliklarni, sovetlarga qarshi aksilinqilobiy harakat jinoyat qilgan degan ayb qoʻyilib, ayblov hukmlari chiqarilgan. Partiya tashkilotlari bayonnomalaridan ham qatagʻon bilan bogʻliq masalalar partiya va jazo organlari tomonidan tamomila buzilgan holda talqin etilib u yoki bu shaxs faoliyati buzib, soxtalashtirib talqin etilgan, yuzaki va bir tomonlama baholangan. Masalan, Andijon shahar, rayon partiya komitetining birinchi sekretari N. Sharipov plenumda “Qishloq xoʻjaligidagi zararkunandachilik, qoʻporuvchilik oqibatlarini tugatish toʻgʻrisida”gi maʼruzasida shunday degan: “Oʻzbek xalqining uchiga chiqqan laʼnati, ashaddiy dushmanlari, troskiychi-buxarinchi va burjua millatchi banditlari va boshqalar oʻzlarining aksilinqilobiy maqsadini amalga oshira borib Oʻzbekistonni Ulugʻ Sovet ittifoqidan ajratib olish va Respublikamizda xonlar va amirlar hokimiyatini tiklash, ular bilan birga ishchilar va dehqonlarni qullikka qaytarishni xohlayaptilar. Bu sotqinlar toʻdasi Andijondagi oʻz gumashtalari Boltayev (Karim Boltayev – sobiq shahar partiya komitetining sobiq sekretari – R.Sh.) va Krikanovlar (Mixail Ivanovich – sobiq shahar partiya komitetining sobiq sekretari – R.Sh.) lar Andijon rayonida oʻzlarining zararkunandalik, qoʻporuvchilik ishlarini olib bordilar...” Turli xil aybnomalar, toʻqima, soxta, oʻylab topilgan ayblovlarning aksariyati asossiz, isbotsiz boʻlgan. Chekistlar qatagʻonlar boʻyicha limitni muvafaqqiyatli bajarish maqsadida koʻpincha eng oʻtkir, nozik, sezgir, qabih usullarni qoʻllaganlar. Birgina misol, NKVD Andijon sektori boshligʻi yordamchisi L.D. Chaliy 1918-yil martida Toshkentga chaqirilgan. OʻzSSR NKVD komissari oʻrinbosari Leonid Isakovich Leonov-Nemirovskiy Andijonda sovetlarga qarshi unsurlarni aniqlashda juda ham qoniqarsiz ish olib borilayotgani uchun L.D. Chaliyni keskin kamsitib haqorat qilgan. Chaliy unga javoban “Axir bor imkoniyatimizni ishga solyapmiz, Andijonda qatagʻon qilish uchun aybdorlarni izlab topish ogʻir kechayotganini aytganda, u Andijonda adress byurosi bormi? Deb soʻragan, javoban ha adress byurosi bor deb aytgan. Shunda Leonov-Nemirovskiy horijiylardan qamoqqa olish Andijonda nihoyatda nochor holda, shuning uchun oʻsha adress byurodagi xorijliklardan qamoqqa olish kerak, shu yoʻl bilan limitni toʻldirish mumkin, shungayam aqling yetmaydimi deb taʼna qilgan. Shundan soʻng L.D. Chaliy Andijonga kelib, shahar adresslar byurosidan xorij mamlakatlarida tugʻilgan shaxslar haqida maʼlumot olgan. Natijada aybsiz odamlar qatagʻon qilingan latish, nemis hind, uygʻur, afgʻonlar L.I. Leonov koʻrsatmasi bilan qatagʻon qilinadi. Bunday voqealar “Katta terror” yillarida koʻplab sodir boʻlgan. Oʻzbekistondagi mahalliy, milliy, diniy turmush tarzini bilmagan, umuman, Oʻzbekiston hayotidan, urf-odatidan, madaniyatidan, qadriyatlaridan bexabar boʻlgan kuch ishlatish organlari xodimlari “Katta terror”ni amalga oshirganlar. Misollar keltirish mumkin. Andijon sektori maxsus boʻlimi boshligʻi Aleksandr Andreyevich Stasin Saratov guberniyasi Kuznes shahrida tugʻilgan, meshchan oiladan, rus, 1910–1921-yillarda Engels shahar ichki ishlar boʻlimida ish yurituvchi, 1930-yili Saratov shahar ichki ishlar boʻlimi kotibi, 1931–1934-yillarda Saratov va Stalingrad shaharlarida davlat banklarida maxfiy boʻlim boshligʻi, 1935-yildan Sverdlovskda Ural zavodida iqtisodchi, oblast matlubot jamiyatida iqtisodchi, 1937-yil 3-sentyabrdan NKVD Oʻzbekiston SSR Andijon sektori maxsus boʻlim boshligʻi etib tayinlangan. A.A. Stasin, A.V. Kulinichev, Makarevichlar birgalikda hibsga olingan guvoh Niyozovga nisbatan bir necha bor jismoniy kuch qoʻllab Usmon Xolbekovni fosh qiluvchi, ayblovchi koʻrsatmalar olishgan. Niyozov kaltak va qiynoqlardan halok boʻlgan. Bunday jinoiy xatti-harakatlar koʻp marotaba takrorlangan. NKVD Andijon sektoridagilar A.A. Stasin va uning oʻrinbosari A.V. Kulinichev, 4-boʻlim boshligʻi Makarevichlar 1938-yilda jinoiy ishlarni soxtalashtirib, tergov hujjatlarini imzolab, tasdiqlab, koʻplab mahbuslar toʻgʻrisida noqonuniy hukm loyihalari tayyorlaganliklari uchun Oʻrta Osiyo Harbiy okrugi Harbiy tribunali tomonidan oliy jazoga hukm qilinganlar. NKVD organi xodimi Kulinichev tergov qilishning noqonuniy usullarini qoʻllab noqonuniy qamoqqa olib, soxta ayblov xulosalarini tayyorlashda ayblanib 1939-yil 25-noyabrda otuvga hukm etilgan. NKVD xodimlari Xolbotirov va boshqalarning tergov ishlarini olib borishda ham soxtalashtirishlarga yoʻl qoʻyilgani uchun 1939-yil javobgarlikka tortilganlar. NKVD Andijon sektori boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Aleksandr Sergeyevich Kulinich va 4-boʻlim boshligʻi Makarevichning Maltyans ishi boʻyicha tayyorlagan hibsga olish va ayblov xulosalari, umuman tergov materiallari soxta, noqonuniy ekanligi maʼlum boʻlgan. Bunday asossiz qamoqqa olish va tergov ishlari noqonuniy olib borilgani aniqlanib, Makarevich va Kulinich javobgarlikka tortilib, 1939-yil 22–25-sentyabr kunlari Oʻrta Osiyo Harbiy okrugi Harbiy tribunali tomonidan otuvga hukm qilingan va hukm taʼminlangan. Andijon okrugi Stalin (Shahrixon) rayoni NKVD boshligʻi, davlat xavfsizligi leytenanti P.V. Damin-Zubov 1937-yil 11-fevral kuni taniqli, mashhur taraqqiyparvar 1861-yil Toʻraqoʻrgʻonda tugʻilgan Isʼhoqxontoʻra Junaydullayevni OʻzSSR Jinoyat-protsessual kodeksining 49–51 moddalari boʻyicha, yaʼni «Junaydullayev Isʼhoqxontoʻra Andijon va Stalin rayoni kolxozchilari orasida aksilinqilobiy targʻibot olib borib, yaqin vaqt ichida urushning boʻlishi va sovet hokimiyatining magʻlub boʻlishi muqarrar deb aholini sovet hokimiyatiga qarshi aksilinqilobiy chiqishlarini tashkil qilgan» degan ayb qoʻyib uni Andijon turmasiga olishlik haqida qaror chiqargan. Tergov jarayonida Makarevich mahbusdan “aybi”ni boʻyniga oluvchi koʻrsatma, maʼlumot olish va tergov materiallarini soxtalashtirish maqsadida mahbusga azob bergan, jismonan qiynagan, oqibatda 76 yoshlik keksa Isʼhoqxontoʻra Ibrat dahshatli qiynoqlarga bardosh bera olmay, turma kamerasida jon taslim qilgan. Bu kabi qonunbuzarliklar, nohaqdan qamoqqa olish, soxta, sunʼiy aybnomalar uyushtirish Oʻzbekistonning boshqa okrug, shahar, rayon NKVD organlari tomonidan ham olib borilgan.
Yuqorida keltirilgan aniq dalillar, materiallar, qatagʻon qilish mexanizmi, uning ogʻir yuki aksariyat joylardagi NKVD, KGB organlari xodimlari zimmasiga tushgan. U yoki bu shaxsni qatagʻon qilish uchun birlamchi ayblov bayonnomalari, hibsga olinganlar anketalari “uchlik”ning qaror loyihalari, kim qaysi modda boʻyicha otuvga, kim qancha muddatga GULAG lagerlariga hukm qilish loyihalari ayni oʻsha NKVD organlarida rasmiylashtirilgan. Toshkentga, Respublika NKVDsiga tasdiqlangan bayonnomalar loyihalari yuborilgan. Respublika NKVDsi huzuridagi “Uchlik” oʻz yigʻilishida ana shu bayonnomalarni tasdiqlangan. Shu bois “Uchlik”ga aʼzo boʻlgan A.Ikromov, Usmon Yusupov, S.Segizboyev, J.Toʻrabekovlarning “Uchlik”dagi ishtiroki formal xarakterga ega boʻlgan. Ular hal qiluvchi ovozga ega boʻlmaganlar. Qolaversa ular aksariyat oʻzlarining funksional vazifalarini bajarish bilan mashgʻul boʻlganlar. Ish koʻpligi uchun “Uchlik” yigʻilishlariga kelololmaslik hollarda ayon boʻlgan. Bayonnomalarga ular rasmiyatchilik uchungina imzo chekkanlar. OʻzSSR NKVD huzuridagi “Uchlik”ning 1937-yil 13-noyabrda ikkita, 17-noyabrda bitta, 21-noyabrda ikkita, 28-noyabrda bitta yigʻilishlari boʻlib unda D.Z. Apresyan, Usmon Yusupov, Sulton Segizboyev, Respublika prokurori Sheydlin, Oʻz NKVDning davlat xavfsizligi boshqarmasi 8-boʻlim boshligʻi Baronenkolar qatnashgan. Bayonnomada koʻrsatilishicha 1611 kishi qatagʻon qilingan, ulardan sobiq quloqlar 811 kishi (50.59 foiz), ishchi va xizmatchilar 207 kishi (13 foiz), dindor ruhoniylar 138 kishi (8.6 foiz), 240 kishi (15 foiz) mashgʻuloti aniq boʻlmagan. Ayblov xulosalar, otuv va qamoqqa hukm chiqarish loyihalari respublikaning okrug, shahar, rayon NKVD, KGB xodimlari, sektorlar xodimlari tomonidan oldindan tayyorlanib bayonnoma tarzida OʻzSSR NKVD huzuridagi “Uchlik”ga topshirilgan. “Uchlik” yigʻilishida kimlar otuvga, kimlar 10 yil muddatga, kimlar 8 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilinishi toʻgʻrisidagi bayonnomalarni: Toshkent shahri boʻyicha Sharipov, Petrov, Aniskeyevich, Frolov, Avanesov, Abramsyan, Bogdanov, Beryozin, Zderovlar; Margʻilon boʻyicha Polikarpov, Razumniy, Bobrjinskiy, Oʻzbekistonda xizmat qilayotgan, lekin Rossiya va boshqa joylarda tugʻilgan mahbuslar boʻyicha Kreydneyter, Katikov; Andijon sektori boʻyicha Makarevich, Berg, Naumov, Tuniyans, Gniloshkov; Samarqand sektori boʻyicha Baybekov, Akimov, Smirnov, Lisin; Qoʻqon sektori boʻyicha Fonkin, Shtengart; Qoraqalpogʻiston ASSR Toʻrtkoʻl sektori boʻyicha Olsoʻfiyev; Namangan sektori boʻyicha Kuznetsov; Surxondaryo sektori boʻyicha Rezayev; Qashqadaryo sektori boʻyicha Degtyarov; Fargʻona sektori boʻyicha Baranov; Buxoro sektori boʻyicha Rimskiy, Ushakov, Filatov, Semyonov, Chesalov; Chirchiq sektori boʻyicha Svyatkevich; Xorazm sektori boʻyicha Fyerens, Xovos sektori boʻyicha Yelkin, Toshloq sektori boʻyicha Lebedevlar tayyorlashgan va uni tasdiqlash uchun OʻzSSR NKVD huzuridagi “Uchlik”ka taqdim etganlar. Bayonnomalarning bir nusxasi joylardagi NKVD sektorlarida qolgan. OʻzSSR NKVD qoshidagi “Uchlik”ning bu yigʻilishlarida mahbuslar ishtirok etmagan, ular joylardagi hibsxonalarda saqlanib turgan. “Uchlik” yigʻilishida qabul qilingan qaror, otuvga, qamoq jazosiga hukm qilinganlar ustidan jazo ijrosini taʼminlash vazifasi joylardagi NKVD sektorlari zimmasida boʻlgan. Usmon Yusupovning har qancha maqtasa arziydigan va elimizga targʻib etadigan xislat-fazilatlari nihoyatda koʻpdir. Urush yillari Ukraina, Belorussiya, RSFSRdan Oʻzbekistonga evakuatsiya qilinib koʻchirilib keltirilgan 1 million kishini, 200 mingdan ziyod bolalarni ochlik oʻlimidan saqlab qolishda Usmon Yusupovning xizmatlarini xalqimiz hali hanuz oʻz xotirlarida saqlaydilar va uning bu boradagi joʻshqin faoliyati tarix sahifasidan mustahkam oʻrin olgan. Usmon Yusupov urush yillarida oblastlarda boʻlib hamma narsani frontga, gʻalaba uchun safarbar qilish borasida mislsiz faoliyat koʻrsatgan. 1942-yil 4-5-iyul kunlari Andijon oblastida boʻlib oblast partiya komiteti byurosida Andijon neft sanoati ishi toʻgʻrisida, Paxta tresti va yogʻ ishlab chiqarish zavodlari faoliyati toʻgʻrisidagi masalalar boʻyicha nutq soʻzlagan. 1943, 1944, 1945-yillarda ham Andijonga bir necha bor tashrif buyurib oʻsha davrning muhim masalalarini hal qilishga bevosita hissa qoʻshganligi hujjatlarda aks ettirilgan. Fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaga munosib hissa qoʻshgan andijonliklardan biri keyinchalik professor, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi unvoniga musharraf boʻlgan, hozirgi Andijon davlat universitetiga 1957–1974-yillarda rektorlik qilgan, urush yillarida dushmanga qarshi janglarda mardlik namunalarini namoyish etgan Gʻani Xolmatovich Abdullayev Usmon Yusupovning Andijonga kelgani haqida shunday xotirlagan edi: “Esimda, 1942-yilning avgust oyi boshlarida brigada oʻsha davrda respublikamizga rahbarlik qilgan buyuk inson Usmon Yusupov tashrif buyurdi. Usmon aka askarlar bilan samimiy suhbatlar oʻtkazdi, ularning jangovar tayyorgarligi, maishiy ahvoli hamda siyosiy saviyalari bilan yaqindan tanishdi. Soʻngra Brigada Usmon akani qutlash uchun saf tortib turdi. Usmon aka oʻzining xalqchil, ommabop tili bilan oʻzbek jangchilarini qutladi, safdagilar unga javoban “Ura” sadolari bilan javob berdilar. Usmon aka brigada jangchilariga qarata shunday dedi: «Sizlar oʻzbek xalqining asl farzandlarisizlar. Vatan ozodligi uchun boshqa xalqlar bilan birga jang qilish bu muqaddas ish. Bu jangda dushmanni oʻldirganlar gʻoziy, oʻlganlar esa shahid boʻladilar. Shahidlarning qabrlarini urush tugagach topib, chechaklar bilan bezaymiz. Xalqimiz vatan ozodligi uchun jon fido qilganlarni abadul abad samimiy minnatdorchilik tuygʻulari bilan yod saqlagay. Sizlar buyuk bobomiz Amir Temur naslidansizlar! Buni eshitgan Gitler sarosimaga tushib qoldi. Men sizlarga oʻzbek xalqi nomidagi Gitlerning kallasini, hech boʻlmaganda Ribbentropning boshini olib kelishlaringizni buyuraman. Sizlarga doimo Gʻalaba yor boʻlsin.» Usmon akaning bu daʼvati jangchilarni nihoyatda ruhlantirib yubordi. 1942-yilning noyabr oyida brigadamiz frontga otlandi va dekabrning boshlarida 3-gvardiyachi armiya safiga qoʻshildi, fashistlarning Don frontida qurshovga tushgan 6-armiyasini qutqarishga intilgan italyan-nemis qismlarga qarshi jangga kirdi. Brigada anchagina talafot koʻrishiga qaramasdan dushmanning Astaxovo, Bokoyskaya, Qoʻshara, Krujilin, Morozovskiy stansiyalarida joylashgan qismlarini oʻrab olib tor-mor etishda faol qatnashdi. Oliy Bosh qoʻmondonning 1943-yil 25-yanvardagi buyrugʻi bilan 3-gvardiyachi armiyaning jangovar tarkibiga tashakkurnoma eʼlon qilindi. Brigadamizning bir guruh askar va ofitserlari jangovar orden va medallar bilan mukofotlandilar. Minnatdor oʻzbek xalqi 94-alohida brigada jangchilarining koʻrsatgan qahramonliklarini unutgani yoʻq. Margʻilon bilan Fargʻona shaharlari oʻrtasida, 94-oʻqchi brigada tuzilgan, mashq qilgan Yormozor degan joyda brigada jangchilariga atab juda katta yodgorlik oʻrnatildi. Xar yili Gʻalaba kuni bu yerga kishilar kelib, haykal poyiga gulchambarlar qoʻyadilar.” Bu kabi esdaliklar nihoyatda koʻpdirki, ularni topish, toʻplash, xalq mulkiga, tarix mulkiga aylantirish har bir vatanparvar fuqaroimiznig burchidir.
Usmon Yusupovning urushdagi buyuk ishlarini taniqli yozuvchisi Konstantin Simonov oʻz asarlarida, Oʻzbekiston va Oʻrta Osiyoning boks boʻyicha chempioni, harbiy razvedchik, yozuvchi, hozirgacha 3-marta qayta nashr etilgan «Generallisimus» kitobining muallifi, Sovet Ittifoqi Qahramoni Vladimir Karpovlar oʻz esdaliklarida alohida mehr bilan qayd etganliklar. SSSR Yozuvchilar soyuzi kotibi urushdagi jangovar xizmatlari uchun Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga ega boʻlgan Vladimir Karpov shunday eslaydi: “Usmon Yusupov mening butun hayotimda esda qoladigan mana bu fikrni aytgan edi “Qimmatli Volodya. Shuni bilginki, sen olgan bu mukofot, sening koʻkragingda porlab turgan bu yulduz hayotingda yordam beradi. Sen oʻsasan, ish va lavozim boʻyicha olgʻa qarab borasan. Tasavvur qil, bu yuksalish togʻ choʻqqisiga chiqishga oʻxshaydi. Toqqa chiqayotganingda yoningda sen bilan birga boshqa kishilar ham boʻladi, gohida oyogʻing ostidan tosh chiqib qoladi va unga qoqinishing, yiqilishing mumkin. Agar bu holat boshqa inson bilan yuz bersa u yiqilgandan soʻng qaddini tiklaydi va kiyimlari changini qoqib yana yoʻlda davom etadi. Agar bu fojia sen bilan yuz bersa Oltin yulduz sen uchun ogʻir yukka aylanadi. Agar partiya va hukumat koʻrsatgan ishonchni oqlamasang, qaddingni tiklash ancha qiyin boʻladi”. Vladimir Karpov shunday eslaydi: “Ertasi kuni kolxozchilar bilan uchrashuvga ketayotib shaharda Xadra va Revolyutsiya maydonida katta portretimni koʻrdim. Portret ostida “Oʻzbek xalqining farzandi – Sovet Ittifoqi Qahramoni Vladimir Karpov” deb yozilgan ekan.
Usmon Yusupovni urushga qadar zararkunandalik va avantyurada, urush vaqtida sotqinlik va vatan dushmanlarini yashirinlikda, urushdan soʻng esa urushdan oldingi vaqtda amalga oshirilgan qatagʻonlarda ayblashgan. Ish shu darajaga yetib bordiki 1946-yil anonim ariza natijasida “Yusupov ishi” qoʻzgʻatilgan. Bu ish bilan Siyosiy byuro aʼzolari: V.M. Molotov, G.M. Malenkov va MK sekretari N.S. Patolichevlar shugʻullanishgan va uning pok nomini himoya qilish ishlari bilan shugʻullanganlar.” Usmon Yusupov oʻzining har bir aytgan soʻzi uchun masʼuliyat namunasi edi. U oʻz nutqida falsafiy aforizmlardan misol keltirayotganga oʻxshardi. Mana bir necha misol: “Oʻz kuch-qudratiga ishongan odamgina gʻalabaga erishadi”, «Arximed uchun tayanch nuqtasi kerak edi, bizning tayanch nuqtamiz yerdir», “Haqiqiy oʻzbek bir parcha yerida nafaqat oʻz oilasini boqadi”. Bahor kunlarining birida «Komsomoles Uzbekistana» gazetasi muharriri Aleksey Petrochenko Abrol Qahhorovlar bilan birga Usmon Yusupovning uyiga kelishgan. Shunda Usmon Yusupov qoʻlida ketmon bilan ularga qarata “Mana, yordam keldi”, deydi va ularga ketmon beradi. Ular ham biroz yerni chopishadi va Usmon Yusupov bilan olma soyasida koʻk choy ichib suhbatlashish uchun oʻtirishadi. Shunda Usmon Yusupov Aleksey Petrochenkodan soʻraydi: “Nima deb oʻylaysan, ketmon ogʻirmi, yoki ruchkami?”. Bu savolga Aleksey Petrochenko “Kimning qoʻlida ekanligiga bogʻliq” deb javob beradi. Usmon Yusupov shoshilmay fikr qiladi va oʻziga xos kamgaplik bilan “Toʻgʻri aytding, bitta ketmon bilan bir yoki ikki kishiga qabr qazish mumkin, lekin ruchka bilan minglab insonlarga qabr qazish mumkin”, deydi.
Urushning ogʻir sharoitida bosh qoʻmondon “Bir qadam ham ortga qaytilmasin” (Bu yerda 227-sonli qaror nazarda tutilmoqda – R.Sh.) qarori shafqatsiz boʻlgan boʻlsa-da u oʻz vaqtida qabul qilingan va majburiy chora boʻlgandi. Antisovet fikrlar aytgani uchun odamlarni poylashib, qoʻlga olishib keyin qamoqqa tashlashgan deb oʻylaysizmi? Albatta yoʻq. Men bunga hamisha qarshi boʻlganman va NKVDning harakatlarini oqlamayman. Lekin har kuni tayyorlanayotgan fitna, zararkunandalik, josuslik, sotqinlik haqida yozilgan oʻnlab va yuzlab xat va chaquv maʼlumotlari olayotgan organ xodimini tasavvur qilib koʻring. Oʻz vaqtida chora koʻrmaslik – unga yordamchi boʻlishdir. Organlar yangi tuzumning ashaddiy dushmanlarini fosh qilishda kerak boʻlsa oʻz jonlarini garovga qoʻyib boʻlsa ham ancha jasoratli harakat qilganlar. Lekin shuni ham aytish kerakki, militsiya, sud, prokuraturaning ayrim xodimlari oʻz vazifalarini amalga oshirishda chegaradan chiqib ketganlar. Bekorga bunday xodimlar haqida “doʻppisini olib kel desa boshini ham qoʻshib olib keladi” deb aytishmagan.. Ayrim vaqtlarda u yoki bu chaqimchini, latifalar muxlisini yoki haqiqiy igʻvogarni aniqlash qiyin boʻlgan. Ular bir-birlarining ustidan ariza yozishar, sovet hokimiyati xodimlari tomonidan dushmanlarga qarshi kurash olib borilmayapti deyishardi. Lekin, sovet qonunlarini qasddan buzgan, tergov materiallarini soxtalashtirishgan, aybsiz odamlarni jinoiy javobgarlikka tortgan xodimlar ham boʻlgan. Xullas, Usmon Yusupov qabohat tegirmoni bor kuchi bilan aylanib vatandoshlarimizni oʻz domiga ajdahodek tortib turgan eng ogʻir damlarda Oʻzbekistonni boshqargan arboblardan edi. Bizningcha, Oʻzbekistonning yirik davlat va partiya arbobi Usmon Yusupovning bosib oʻtgan hayot yoʻlini xolisona yoritib berish va bu siymoning shonli hayoti, kurashi misolida butun xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni tarbiyalashda unumli foydalanishimiz zarur. Bu arbob toʻgʻrisida badiiy va dramatik asarlar, kinofilmlar yaratish, uning nomini abadiylashtirish maqsadga muvofiqdir. Juwmaq