Buxoroning asl farzandi O‘zbek millatining asl farzandi Fayzulla Xo‘jayev 1896 yilda Buxoro xonligi davrida Buxoroda yirik savdogar oilasida dunyoga keladi. Uning otasi Ubaydullaxo‘ja Qosimxo‘jayev Moskvada xususiy savdo mahkamasiga ega bo‘lib, Rossiyaning o‘zida hamda xorijiy bozorlarda qorako‘l teri bilan keng miqyosda savdo-sotiq yurgizar edi. U kelajakda o‘g‘lini o‘ziga o‘xshagan e’tiqodli, ilmli, musulmon bo‘lib yetishishini istar edi.
1907 yilda o‘n bir yoshli Fayzullani otasi Moskvaga olib ketadi. Moskvada u besh yil davomida uyda yollangan rus o‘qituvchilaridan saboq oladi. Biroq Fayzulla o‘n olti yoshga ham to‘lmasdanoq otasi olamdan o‘tdi. Shundan so‘ng Fayzulla Xo‘jayev tarbiyasi kambag‘al dehqon oilasidan chiqqan onasiga qoladi. Unga onasi hayotdagi barcha yaxshi-yu yomon tomonlarni uqtirib, qiziquvchan, ziyrak yigitchaning hayot haqidagi tushunchalari shakllanishida katta rol o‘ynagan birinchi omil onaning ta’siridir.
Fayzulla Xo‘jayev 1913 yilda jadidlar harakatiga qo‘shiladi. Bu harakat Buxoro sharoitida ma’lum taraqqiyot ahamiyatiga ega edi. Yosh Fayzullada taraqqiyparvar g‘oyalarning shakllanishida Buxoroning dastlabki ma’rifatparvarlaridan biri Abdulvohid Buxonovning sezilarli ta’siri bo‘lgan.
Buxoroda demokratik harakat aholi o‘rtasida ma’rifat va madaniyat tarqatish uchun kurashdan boshlanadi. Bu yangi usul maktablari (maktabi usuli jadidi) ochishdan boshlandi. Mazkur maktablarda diniy ta’lim asoslari bilan bir qatorda matematika, geografiya, tabiatshunoslik kabi dunyoviy va ijtimoiy fanlar ham o‘qitiladi. Yangi usul maktablar Buxoroda avvaldan mavjud bo‘lgan maktablarga (maktabi usuli qadimi)ga qarama-qarshi yo‘sinda tashkil etiladi.
Milliy ziyolilar va mahalliy hukumatning maorif- ni isloh qilish harakatiga yetakchilik qilgan ayrim vakil- lari mavjud tuzumga va Buxorodagi mustabid boshqaruv usuliga tanqidiy nazar bilan qaraganlarning barchasini yangi usul maktablari atrofiga birlashtira boshladi. Buxoro o‘sha yillari musulmon dinining beshigi, islom dinining tayanchi hisoblanar edi. Shahardagi 364 ensiz va tor ko‘chalarda 360 machit va hammasi bo‘lib 20 mingga yaqin talabaga ega bo‘lgan 138 maktab va madrasa bo‘lib, talaba- larning aksari ko‘pchiligi ruhoniy, savdogar, amir amaldorlari va boy tabaqa vakillarining bolalari edi.
Fayzulla Xo‘jayev o‘z mamlakatining iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va madaniy sohalardagi qoloqligiga barham berish, xalq ommasining turmushini yaxshilash yo‘llarini qidirdi. Bu borada Fayzulla Xo‘jayev va yosh buxoroliklar ham bir masalada – Buxoroni taraqqiyot yo‘liga olib chiqish masalasida bir xil fikrda edilar.
Jadidlar dastlab madaniy-oqartuv ishlari bilan shug‘ullandilar, keyinroq esa uncha-muncha demokratik ozod- lik haqidagi talablar bilan chiqa boshladilar. Jadidlar harakatida faol qatnashgan Fayzulla Xo‘jayev Buxoroni taraqqiy ettirish uchun ham ayrim o‘zgartishlar kiritish lozimligiga tobora ko‘proq ishonch hosil qila boshladi. U, jadidlar orasidan o‘z g‘oyalariga tarafdorlarni ham topdi va ulardan boshqa safdoshlari bilan birgalikda, 1917 yilda Yosh buxoroliklar partiyasini tuzdi.
1917 yil aprelda Yosh buxorliklar Fayzulla Xo‘jayev boshchiligida xalqqa ba’zi bir demokratik erkinliklarni berish kerakligi to‘g‘risidagi talablar bilan amirga murojaat qildilar. Ammo amir yosh buxoroliklarga yon bosmadi, ulardan qattiq o‘ch oldi. 1918 yilda vujudga kelgan Buxoro Kommunistik partiyasi xalq ommasining tub manfatlarini ifodalar edi.
Fayzulla Xo‘jayev xalq ishiga shijoat bilan kirishib hormay-tolmay ish olib borib, BXSR (Buxoro Xalq Sovet Respublikasi) Xalq Nozirlari Sovetining raisi lavozimida harakat qildi.
Fayzulla Xo‘jayev 1920 yil yanvarda Toshkentda tashkil topgan inqilobchi yosh buxoroliklar partiyasi Markaziy byurosi raisi bo‘lib ishlay boshladi. 1920 yil 14 sentyabrda Buxoro xalq Nozirlar kengashi tuzildi. Fayzulla Xo‘jayev tashqi ishlar noziri lavozimida ishlay boshladi. Buxoro Respublikasi davlat arbobi bo‘lgan Fayzulla Xo‘jayev birinchi kundanoq mustaqil siyosat yurgazishga, Rossiya va xorijiy davlatlar bilan teng huquqli aloqalar o‘rnatishga harakat qildi. U o‘zbek xalqining farzandlari ilm olishi yo‘lida ancha ishlarni amalga oshiradi. Talabalarni xorij mamlakatlariga jo‘natib o‘qitish tashabbusi bilan chiqqan.
Fayzulla Xo‘jayev ma’ruzalaridan birida xalqiga qarata shunday degan edi: «Barcha fikr va barcha bilimlar yagona oliy maqsad – bizning buyuk Vatanimizni barcha choralar bilan mustahkamlashga yo‘naltirilishi lozim».
Fayzulla Xo‘jayev o‘zining xalq oldidagi burchini bajarishda kuch va sog‘lig‘ini ayamasdi. U hatto bemorligiga qaramasdan Moskvada yosh respublikaning iqtisodiy va madaniy qurilishiga doir juda ko‘p masalalarni hal qildi. Fayzulla Xo‘jayev BXSR hukumatining boshlig‘i lavozimida to‘rt yil ishladi, bu davr davlat arbobi bo‘lgan Fayzulla Xo‘jayev uchun katta maktab, xo‘jalik-tashkilotchilik ishlari maktabi bo‘ldi.
Fayzulla Xo‘jayevning O‘zbekistonni namunali respublikaga aylantirish to‘g‘risidagi ezgu niyati ro‘yobga chiqdi. U faqat o‘zbek millatining ravnaqi uchun emas, balki o‘nlab turli millat farzandlari mehnat qilayotgan O‘zbekiston Respublikasining ravnaqi uchun, shu respub- likada yashayotgan barcha millatlarning baxtli hayoti uchun kurashdi.
Fayzulla Xo‘jayev rahbarligida 1923 yildayoq aholiga meditsina hizmati ko‘rsatish, umumiy ta’lim maktablari, bilim yurtlari va kurslar tarmog‘ini kengaytirish sohasida anchagina amaliy choralar ko‘rildi. Aholiga – ishchilar, xizmatchilar, hunarmandlar, yersiz va kam yerli dehqonlarga davlat hisobidan meditsina xizmati ko‘rsatish, mehnat, ijtimoiy ta’minot hamda sog‘liqni saqlash nozirligi tomonidan yo‘lga qo‘yildi. Eski Buxoroda 200 o‘rinlik dastlabki shahar kasalxonasi, 12 ta davolash-ambulatoriya punkti ochildi.
Xalq maorifi ham ancha rivojlandi. 1923 yilda Buxoro respublikasida 32 ta boshlang‘ich va o‘rta maktab, to‘rtta musiqa maktabi, ikkita pedagoglar tayyorlash instituti, 11 ta bolalar uyi, hunar maktabi tashkil etildi.
Xalq maorifi, sog‘liqni saqlash sohasida erishilgan dastlabki natijalarda Fayzulla Xo‘jayevning salmoqli hissasi bor.
Ana shunday yuksak, olijanob maqsadlarga intilgan Fayzulla Xo‘jayev o‘zining xalq oldidagi burchini jo‘shqin g‘ayrat bilan ado etdi.
Ammo 1937 yil 9 iyulda Fayzulla Xo‘jayev Moskvada qamoqqa olindi.
Unga «O‘ng trotskiychi blok» faoliyatiga qo‘shilganligi, «Milliy ittihod» tashkiloti faoliyatiga rahbarlik qilganlik, «bosmachilik» harakati qo‘rboshilarini qo‘llab-quvvatlaganlik, Fitrat, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Behbudiy va boshqa o‘zbek ziyolilariga g‘amxo‘rlik ko‘rsat- ganlik kabi ayblar qo‘yilgan holda otishga hukm qilingan. Shu tariqa o‘zbek xalqining otash qalb farzandi Fayzulla Xo‘jayev qatag‘onlar qurboniga aylangan.
1965 yil 6 martda Oliy sud harbiy kollegiyasi Fayzulla Xo‘jayevni aybsiz deb topdi va oqladi.