10-mavzu: Resurs to'lovlarini hisoblash va to'lash tartibi. Reja: 1. Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqlar va soliqqa tortish ob’yektlari.
2. Yer qa’ridan foydalanuvchilar uchun soliq stavkasi va imtiyozlar.
3. Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqni hisoblash va to’lash tartibi.
Tayanch iboralar:yer osti boyliklari, yer qa`ridan foydalanuvchilardir, yer qa`ridan foydalanganlik uchun soliq, qo`shimcha foyda solig’i, bonus, imzoli bonus, tijoratbop topilma bonusi, royalti, soliq solish ob’yekti, soliq stavkalari.
Yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqlar va soliqqa tortish ob’yektlari O`zbekiston Respublikasi hududida konlarni aniqlash va qidirish, foydali qazilmalarni kavlab olish, mineral xom ashyodan yoki texnogen mineral hosilalardan foydali komponentlarni ajratib olishni amalga oshirayotgan, shuningdek foydali qazilmalardan foydali komponentlarni ajratib olgan holda ularni qayta ishlashni amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar soliq solish maqsadida yer qa`ridan foydalanuvchilardir.
Yer qa`ridan foydalanuvchilar quyidagi soliqlar va maxsus to`lovlarni to`laydilar:
- yer qa`ridan foydalanganlik uchun soliq;
- qo`shimcha foyda solig’i;
- bonus (imzoli va tijoratbop topilma bonuslar).
“Yer osti boyliklari to`g’risida”gi qonunning 21-moddasida yer qa`ridan foydalanish pullik ekanligi ko`rsatib o`tilgan.
Soliq to`lovchilar:
- yer qa`ridan foydali qazilmalarni kavlab olayotgan, mineral xom ashyodan yoki texnogen mineral hosilalardan foydali komponentlarni ajratib olayotgan yer qa`ridan foydalanuvchilar.
- foydali qazilmalardan foydali komponentlarni ajratib olgan holda ularni qayta ishlashni amalgа oshirayotgan er qa`ridan foydalanuvchilar.
Yer qa`ridan foydalanganlik uchun soliqni joriy etilishidan asosiy maqsad – umumdavlat mulki hisoblangan yer osti boyliklaridan oqilona tarzda butun jamiyat a`zolarini va kelajak avlod manfaatlarini hisobga olgan holda foydalanish samaradorligini oshirish hisoblanadi.
Soliq kodeksiga ko`ra yer qa`ridan foydalanganlik uchun soliq umumdavlat soliqlari tarkibiga kiradi. Ushbu soliq tabiiy boyliklardan foydalanishning samaradorligini ta`minlash bilan birga sof fiskal vazifani ham bajaradi.
Kavlab olingan (ajratib olingan) tayyor mahsulotning hajmi yer qa`ridan foydalanganlik uchun soliq solish ob`yektidir.
Tayyor mahsulotlar ro`yxati respublika Prezidentining qarori bilan belgilanadi.
Soliq solish ob`yekti tayyor mahsulotning har bir turi bo`yicha alohida aniqlanadi.