Kasb-hunarga yo’naltirishning maqsadi, vazifalari va asosiy tamoyillari Kasb-hunarga yo’naltirish – umuminsoniy madaniyatni shakllantirish jarayonining tarkibiy qismlaridan biri sifatida yosh avlodning kasbiy tiklanishi, tabiat in’om etgan (tug’ma) qobiliyatlarini rivojlantirish ko’maklashish, insonga kasbiy o’zligini anglashiga yordam beruvchi maxsus chora-tadbirlar majmuasi bo’lib, uning imkoniyat va ehtiyojlarini hisobga olgan holda, bandlik va maqbul ta’lim turini tanlash ishlarida, turli xil malakali kasb mutaxassislariga bo’lgan ehtiyojlarda jamiyatning g’amxo’rligi sifatida namoyon bo’ladi.
Kasb-hunarga yo’naltirish ishining bosh maqsadi o’ziga xos usullar yordamida mutaxassisning mehnat bozoridagi raqobatbardoshligini kuchaytirish va aholining samarali bandligini oshirishga erishishdan iborat.
Kasb-hunarga yo’naltirishning asosiy maqsadi – yosh avlodni ongli va mustaqil ravishda kelgusi ta’lim yo’nalishini (akademik litsey yoki kasb-hunar kolleji) tanlashiga yoki shaxsning psixofiziologik xususiyatlari, qiziqishi, qobiliyati, moyilliklari va jamiyatning kadrlarga bo’lgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda mehnat qilish sohasini tanlashga tayyorlashdan iborat.
Kasb-hunarga yo’naltirish quyidagi ikki asosiy vazifani hal qilishga qaratilgan:
- mehnat imkoniyatlarini oqilona taqsimlash va foydalanish hisobiga mamlakatning iqtisodiy salohiyatini mustahkamlash;
- shaxsni ijtimoiy va iqtisodiy himoyalash, chunki o’z qiziqishlari, moyillik va imkoniyatlariga mos kelgan kasbni tanlagan inson ham kasbiy, ham moddiy jihatdan tezroq uni o’zlashtiradi va sezilarli natijalarga erishadi.
Kasb-hunarga yo’naltirish ishining pirovard natijasi ijtimoiy – iqtisodiy omil bo’lib, shaxsga ham, davlatga ham real foyda keltiradi.
Kasb-hunarga yo’naltirishda quyidagi tamoyillar asos qilib olingan:
- kasb-hunarga yo’naltirish xizmatlarining majmuaviy xarakterdaligi;
- iqtisodiy rivojlanish va mehnat bozorini o’rganish va prognoz qilish orqali jamiyat va shaxs qiziqishlarini muvofiqlashtirish;
- shaxsni kasb-hunarga yo’naltirish va psixologik-pedagogik tashxis qilish shakli, uslublari va vositalarining ilmiy asoslanganligi;
- O’zbekiston fuqarolarining va (lozim bo’lganda) boshqa davlat fuqarolarining o’qish, ish joyi, yoshi, jinsi, millati va diniy dunyoqarashidan qat’iy nazar kasb-hunarga yo’naltirish xizmatlaridan foydalanishga teng huquqligi;
- kasb tanlash yoki almashtirish, ta’lim turi va ishga joylashish imkoniyatlariga nisbatan kasbiy va boshqa axborotlarning tushunarliligi;
- umumiy o’rta ta’lim maktab o’quvchilariga psixologik-pedagogik va kasb-hunarga yo’naltirish xizmatlarini ko’rsatishning majburiyligi va bepulligi, aholining boshqa guruhlariga davlat darajasida kafolatlangan kasbiy tashxis va maslahat berishning ixtiyoriyligi;
- kasbiy tanlov, tashxis va maslahat xulosalarining ob’yektivligi, maxfiyligi va tavsiyaviy xarakterda ekanligi;
- kasb-hunarga yo’naltirish xizmatlari xodimlarining kasbiy axloq normalariga rioya etishligi.
Kasb-hunarga yo’naltirish ishlarining asosiy ob’yekti:
umumiy o’rta ta’lim maktablarining 1-9 sinf o’quvchilari;
oliy o’quv yurtlari talabalari va o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining o’quvchilari;