Nilufar avezova, texnika fanlari doktori, xalqaro va milliy ekspert


Huquqiy asoslarni mustahkamlash zarur



Yüklə 18,99 Kb.
səhifə2/2
tarix30.04.2023
ölçüsü18,99 Kb.
#105130
1   2
Nilufar AVEZOVA

Huquqiy asoslarni mustahkamlash zarur
Hozirgi kunga qadar qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosidagi tizimlarning barqaror va ishonchli ishlashi hamda ularni mavjud energiya tarmog‘iga xavfsiz integratsiya qilish, ekspluatatsiya uchun yetarli infratuzilmaga ega emasmiz.
Lekin ushbu holatni kamchilik sifatida baholash noto‘g‘ri bo‘ladi. Chunki birinchidan, muqobil energetika biz uchun nisbatan yangi yo‘nalish. Ikkinchidan, O‘zbekiston sanoat rivojining yangi bosqichiga o‘tishga kirishar ekan, bu energiyaga talabni keskin oshirdi va shundan kelib chiqib, mamlakatimizda qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanishni kengaytirishga jadal kirishildi. Albatta, strategik nuqtai nazardan tez sur’atlar bilan bajarilishi lozim bo‘lgan loyihalar har doim mavjud bo‘lgan va aksariyat mezonlar amaliyotdan kelib chiqqan holatda tasdiqlanadi.
Zarur huquqiy bazaning mavjudligi esa sohaning rivojlanishiga garov va yirik investitsiyalarni jalb etish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi muqarrar. Bu esa qayta tiklanuvchi energetika sohasida nafaqat ichki bozor, balki tashqi bozorni ham egallashimizga imkon yaratadi.
Sohada mavjud xalqaro va milliy salohiyat hamda ko‘p yillik tajriba shuni taqozo qilmoqdaki, bugungi kunda qayta tiklanuvchi energetikaga sanoatning alohida yirik tarmog‘i sifatida qarash lozim.
Bu borada, ya’ni qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosidagi energetikani rivojlantirishni maqsad qilgan ekanmiz, sohada qator dolzarb masalalarning yechimini tezlashtirishimiz shart.
Birinchidan, respublikada energetika ob’ektlarining energetik xavfsizligi reglamenti ishlab chiqilmagan. Bu esa, o‘z o‘rnida, xavfsizlik indikatorlarini aniqlash masalalari bilan bog‘liq bo‘lib, ularni to‘g‘ri tanlamaslik va baholamaslik kelajakda noto‘g‘ri yondashuvlar natijasida tizimli energiya yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin. Shuning uchun ham tegishli reglamentni ishlab chiqishni tezlashtirish kerak.
Ikkinchidan, Energetika tizimini rivojlantirish konsepsiyasida an’anaviy va muqobil energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha ko‘satkichlar taqsimlangan. Biroq hozirda respublikada faqat quyosh energiyasining texnik salohiyati bo‘yicha ilmiy asoslangan va yuqori aniqlikdagi ma’lumotlar bazasi mavjud. Suv resurslari, shamol energiyasining turli balandlikdagi texnik salohiyati va biomassa energiyasining texnik salohiyati haqida ilmiy asoslangan ma’lumotlar esa mavjud emas. Pirovardida, ular asosida ishlaydigan texnologiya va qurilmalar hamda tizimlarning texnik salohiyati respublikamiz hududlari kesimida asoslanmagan. Bu esa konsepsiyada an’anaviy va muqobil energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha taqsimlangan ko‘rsatkichlarni qayta ko‘rib chiqish zaruratini yuzaga keltiradi.
Uchinchidan, bino va inshootlarni energosamarador va quyosh panellari asosida isitish va sovitish tizimlarini qo‘llash imkoniyati ilmiy asoslangan bo‘lishiga qaramasdan, bu bo‘yicha ham zarur me’yoriy hujjatlar yetarli emas. Fotoelektrik panellar va quyosh suv isitish kollektorlaridan bino elektr va issiqlik ta’minoti tizimlarida foydalanish hisobiga tizimga sarflanadigan birlamchi energiya resurslarini 50 va undan ko‘proq foizga qisqartirish mumkin.
Havoni mo‘tadillashtirish, shamollatish va isitish tizimlarida quyosh texnologiyalari va yangi muhandislik yondashuvlari hisobiga tizimlarning energiya samaradorligini 50 foiz oshirish mumkin. Birlamchi energiya resurslarini tejash imkoniyati yuqori. Bu borada mavjud shaharsozlik normalari va qoidalari hamda standartlarga zarur o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.
Ta’kidlab o‘tish joizki, 2018 yildan boshlab shaharsozlik normalari va qoidalari hamda Texnologik loyihani ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va tasdiqlash tartiblarining yangi tahrirlarida yashil texnologiyalar imkoniyati tilga olingan, biroq tizim uchun ularning ulushi yoki integratsiyasi bo‘yicha ma’lumotlar mavjud emas.
To‘rtinchidan, fotoelektrik stansiyalarni va quyosh suv isitish kollektorlarini bino va inshootlarga xavfsiz o‘rnatish bo‘yicha tasdiqlangan texnik shartlar mavjud emas. Shaharsozlik qonunchiligiga, qurilish sohasidagi qurilish me’yorlari va qoidalari bo‘yicha asosli takliflar kiritish va me’yoriy-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish lozim. Bunda bino tomlariga, fasadiga quyosh texnologiyalari asosidagi energiya tizimlarini o‘rnatishda xavfsizlik me’yorlari bo‘yicha baholash tartibini o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirish shart, aks holda tizimni ekspluatatsiya qilishda nosozliklar va uzilishlar bo‘lishi mumkin. Misol uchun, hozirda amalda bo‘lgan “Fotoelektrik stansiyalar (tizimlar)” shaharsozlik normalari va qoidalari quyosh fotoelektrik modullari va batareyalaridan foydalangan holda yangi qurilayotgan hamda loyiha quvvati 10 kVt gacha bo‘lgan fotoelektrik stansiyalarni loyihalashtirish qoidalarini belgilaydi. Undan yuqori quvvatlar esa nazarda tutilmagan.
Shu bilan birga, yuqorida sanab o‘tilgan muqobil energiya manbalari asosidagi energiya tizimlarining 2 ta asosiy ko‘rsatkichi, ya’ni tizimlarning ishlab chiqarish va o‘rnatilgan quvvatdan foydalanish koeffitsientlari ko‘rsatkichlari ilmiy bashoratlangan bo‘lishi kerak. Yirik investitsion loyihalarni mana shu chegaraviy shartlar asosida amalga oshirishni talab qilish lozim. Bu esa sohaga kirib kelayotgan qurilma va butlovchi qismlarning sifat ko‘rsatkichlarini nazoratga olish zarurligini bildiradi. Hozirda respublikamizda o‘rnatilayotgan fotoelektrik stansiyalar butlovchi qismlarining sifat nazorati talab darajasida, deb bo‘lmaydi.
Bundan tashqari, o‘rnatilayotgan muqobil elektr stansiyalarining foydalanish muddati tugagach ularni utilizatsiya qilish masalalariga oydinlik kiritish kerak. Agar bu masala ham o‘z vaqtida hal etilmasa, 15-20 yillardan so‘ng muammoga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, quyosh issiqlik qurilmalari uchun mo‘ljallangan issiqlik tashuvchilarni degradatsiyasidan so‘ng hosil bo‘lgan katta miqdordagi chiqindilar masalasi ham katta e’tibor talab qiladi.
Beshinchidan, O‘zbekiston hududida suv resurslarining taqsimoti, yangi energetik ob’ektlar va tizimlarni 2030-2050 yillargacha ishga tushish sur’atini hisobga olgan holda, ularni ekspluatatsiya qilish uchun zarur suv resurslarini baholash va bashoratlash asosida rejalashtirish kerak bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, yurtimizda yog‘ingarchilik miqdori bo‘yicha 30 yillik statistika: chastotasi, hajmi va davomiyligini o‘rganish hamda uzoq muddatli bashoratlar (2050-2100 yillar kesimida) asosida yomg‘ir suvidan xalq xo‘jaligida foydalanish imkoniyatlarini baholash va kadastrini shakllantirishni talab qiladi.
Shu bilan birga, yog‘ingarchilik darajasidan kelib chiqqan holda tuproqning namlanish darajasi va cho‘llanish hamda uning tezligini baholash, yer banitetining kadastrini shakllantirish (dinamik) asosida quyosh fotoelektr stansiyalarini qurishga eng maqbul yer uchastkalarini baholash va rejalashtirish zarur.
Qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosidagi energiya tizimlaridan foydalanishni kengaytirish kelajakda boshqa sanoat tarmoqlari rivojlanish sur’atiga ta’sir etmasligi kerak. Fotoelektrik stansiya va tizimlarni barpo etish bilan birgalikda, ularni xavfsiz ekspluatatsiya qilish, xizmat ko‘rsatish sohasida ham zarur tegishli texnik talablarni ishlab chiqish talab etiladi.
O‘zbekistonda mavjud yirik quyosh fotoelektr stansiyalarining reaktiv quvvati va garmonikalarning elektr tarmoqdagi yo‘qotishlar ta’siri hisobga olinmagan. Ya’ni fotoelektrik stansiyaning elektr tarmoqqa negativ ta’siri o‘rganilmagan. Hozirgi yirik, o‘rta va kichik quvvatli fotoelektrik stansiyalarning tizimga foyda va zarari darajalarini ilmiy va amaliy baholash imkonini beruvchi izlanishlarni ko‘paytirishimiz, asosli xulosalar ishlab chiqishimiz kerak. Bu esa, o‘z navbatida, kelajakda qurilishi rejalashtirilayotgan fotoelektrik stansiya va tizimlarni maqbul loyihalashtirish va ularning chiqish ko‘rsatkichlarini yuqori aniqlikda baholash imkonini beradi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, yuqorida sanab o‘tilgan vazifalarni sifatli amalga oshirishga salohiyatli bo‘lgan olim va mutaxassislarimiz bor. Amaliy vazifalarni sifatli bajaruvchi ko‘p yillik tajribaga ega ishlab chiqarish korxonalari ham mavjud. Biroq, yuqorida qayd etib o‘tganimizdek, bu yirik tarmoqni me’yoriy jihatdan tartib asosida nazorat qilish, baholash va chora ko‘rish uchun hozircha zarur infrastruktura shakllantirilmagan. Shu bois ham davlatimiz rahbari soha rivoji bo‘yicha qo‘yilgan ko‘rsatkichlarga erishish uchun uni amalga oshirish strategiyasi — Milliy dasturni ishlab chiqish zarurligini ta’kidlagan edi. Ushbu dasturda iqtisodiyot tarmoqlarida amalga oshirilishi mo‘ljallangan vazifalarning bajarilish muddati aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi, asosiy bajaruvchi idora va tashkilotlar belgilanishi (xorijiy yoki mahalliy), moliyalashtirish manbalari hamda ko‘zda tutilgan vazifalarni bajarilish samaradorligi va sifatini baholash mezonlari makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga bog‘liq ravishda ko‘rsatilishi shart.
Energetika sohasini rivojlantirish masalalari inersiondir, chunki uning yangi holatga o‘tishi ma’lum vaqt talab qiladi va uzoq muddatli vazifalar majmuasini hal qilish bilan bog‘liq: ilmiy, texnik, texnologik, moliyaviy, kadrlar va boshqalar. Bugun qabul qilingan qarorlar esa 10-15 yil ichida kutilgan natijalarni beradi, albatta.
Yüklə 18,99 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin