1. Qipchoq lahjasi.
2. O`g`uz lahjasi.
3. Qarluq – chigil – uyg`ur lahjasi.
Bu lahjalar ba’zi leksik, fonetik va morfologik belgilari bilan bir-biridan farq qiladi. Masalan, qipchoq lahjasida so`z boshida adabiy tildagi y undoshi o`rnida j undoshi (yo`q→jo`q, yigirma→jigirma) talaffuz qilinadi: ch undoshi o`rnida sh undoshi (kech→kesh, kechir→keshir) aytiladi.
O`g`uz lahjasida so`z boshida kelgan t, k jarangsiz undoshlari d, g jarangli undoshlari tarzida aytiladi: tog`→ dog`, keldi→galdi.
Qarluq – chigil – uyg`ur lahjasida esa so`z ohiridagi q undoshi g` tarzida talaffuz qilinadi yoki umuman talaffuz qilanmaydi, k undoshi y tarzida aytiladi: qishloq→qishlog`, (yoki qishlo:), iliq→ilig` (yoki ilu:), qatiq→qatig` (yoki qatu:), kesak→kesay, kepak→kepay, telpak→telpay. Lekin, so`zlar tarkibidagi tovushlar har xil lahjalarda turlicha talaffuz qilinsa ham, adabiy til an’analariga mos keladiganlari tanlab olinadi.
Adabiy talaffuz me’yorlari tilning tovushlar tizimi (sistemasi) asosida yaratiladi, bu esa talaffuz me’yorlarini belgilashda tilning tovush tarkibi, ularning nutqdagi turli kombinator va pozitsion o`zgarishlarini hisobga olishini taqozo etadi. Masalan, so`z oxirida kelgan b undoshining jarangsiz p tarzida aytilishi: kitop, maktap, kelip (yozilishi: kitob, maktab, kelib), q undoshining so`z o`rtasida s yoki sh undoshidan oldin kelib, x tarzida talaffuz qilinishi: oxsil, oxshom, taxsim (yozilishi: oqsil, oqshom, taqsim), ba’zan so`z oxirida kelgan d, t undoshlarining talaffuzda tushib qolishi: xursan, monan, farzan, do`s, sus, g`ish (yozilishi: xursand, monand, farzand, do`st, sust, g`isht) adabiy talaffuz me’yorlariga mos.
Ko`rinadiki, so`zning talaffuzdagi shakli yozuvdagi shakliga hamma vaqt to`g`ri kelavermaydi. Orfoepiya unlilar talaffuzi, ayrim undoshlar talaffuzi, o`zlashma so`zlar talaffuzi, ayrim grammatik shakllar talaffuzi qoidalarini o`z ichiga oladi.
Dostları ilə paylaş: |