1. Hududiy dialektal leksika
Bir millatning ma’lum hududdagina yashaydigan vakillari tomonidan ishlatiladigan so`zlar yig`indisi dialectal leksika deb ataladi. Dialekt – yunoncha so`z bo`lib, dialektos – «tilning mahalliy ko`rinishi» demakdir64. Dialektal leksika birligi dialektizmlar deb yuritiladi.
Millatning ma’lum hududda yashaydigan qismi ishlatadigan birliklar ichida adabiy tilga tegishlilari ham bo`lishi mumkin. Dialektizmlar tilning faqat mahalliy ko`rinishigagina tegishli bo`lgan birliklardir.
Dialektal leksika tarkibida quyidagi ko`rinishlar mavjud:
1) lug`aviy dialektizmlar shakl va ma’no jihatidan shevaga xos bo`lgan so`zlardir. Bunday dialektizmlar ham ikki xil bo`ladi:
a) to`liq dialektizmlar shakli ham, ma’nosi ham faqat shevaga xos bo`lgan so`zlardir. Masalan: xorazmcha: momo (buvi), gashir (sabzi), moyak (tuxum), o`jak (buzoq), taxya (do`ppi), sеcha (chumchuq), hovva (ha); farg`onacha: valish (ishkom) paqir (chеlak); buxorocha kallapo`sh (do`ppi), inak (sigir), nana (ona); toshkеntcha: ada (ota), doda (bobo).
b) yarim dialektizmlar faqat ma’nosigina shevaga xos bo`lgan so`zlardir. Masalan, xorazmcha taka so`zining “yostiq” manosi, o`ra so`zining “ustun” manosigina shevaga xosdir, adabiy tilda taka va o`ra so`zlari boshqa ma’nolarni (“echkining erkagi” va “qazilgan chuqurlik” ) ifodalaydi.
Bir lug`aviy dialektizm har xil shevalarda har xil ma’nolarni ifoadalaydi: andi so`zi Toshkent shevasida “lo`li yoki qorayib ketgan, kir odam” ma’nosini ifodalasa, Qashqadaryo (Qovchin) shevasida “anqov, bechora” ma’nolarini bildiradi65.
2) fonetik dialektizmlar adabiy tildagi so`zdan tovushlari bilan farqlanadigan birliklardir: jo`q (ad. yo`q), dag` (ad. tog`), chish (ad. tish) va b.
Dostları ilə paylaş: |