Guruh mashg’ulotlari. Tabiatshunoslik bo’yicha sinfdan tashqari ishlarning guruh bo’lib o’tkaziladigan shakllaridan biri to’garak ishidir. U muayyan ishtirokchilar doirasini qamrab oladi va tabiatni chuqurroq o’rganish imkoniyatini beradi. To’garakka yozilish ixtiyoriydir, ammo unga kiruvchi o’z zimmasiga konkret reja bo’yicha ishlash va boshlagan ishini oxiriga yetkazish majburiyatini oladi. Reja o’quvchilar bajarishga kuchi yetadigan ishlarni qamrab olishi lozim. O’qituvchining asosiy vazifasi – amaliy natijalar beruvchi faol ishlarni ta’minlashdir. Ishda har xil: o’qituvchi va o’quvchilarning tabiiy yoki tasviriy ko’rgazmali qurollarni namoyish qilish bilan og’zaki bayon qilishi, amaliy o’quv va ko’nikmalarni shakllantirishga qaratilgan o’quvchilarning ijtimoiy foydali mehnati va boshqa metodlar to’g’ri uyg’unlashtirilishi lozim.
To’garakni muvaffaqiyatli ishlashida mashg’ulotlar o’tkazishga tayyorlanish katta ahamiyatga ega. Birinchi mashg’ulot oldidan uni o’tkazish vaqti to’g’risida eslatish, to’garak vazifalari bilan o’quvchilarni tanishtiruvchi, kirish suhbatning mazmunini barcha tafsilotlari bo’yicha o’ylab chiqish zarur. To’garakning ish rejasini tuza turib, mo’ljallangan mavzuni o’quvchilar bilan muhokama qilish va ularning taklif istaklarini hisobga olish kerak. To’garakning birinchi mashg’ulotida uning faollari yoki kengashi (sardori, uning muovuni, muharririyat a’zolari) saylanadi va nomi («Hamma narsani bilishni istayman», «Biz va tabiat», «Yosh tabiatshunoslar», «Tabiatni sevuvchilar» va b.) tasdiqlanadi. Eng yaxshi nom uchun tanlov e’lon qilinishi mumkin. Shuningdek, to’garakda qatnashuvchilarning xulq-atvori qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash zarur. Qoidalar quyidagicha: 1) ishda faol qatnashish; 2) barcha topshiriqlarni o’z vaqtida bajarish; 3) har bir ishni nihoyasiga yetkazish; 4) kuzatishlar va bajarilgan ishlar kundaligini yuritish; 5) o’rtoqlariga yordam berish; 6) mashg’ulotlarga muntazam qatnashish.
To’garak ishiga o’qituvchi rahbarlik qiladi. Davomatni starosta yoki uning muovini maxsus jurnalda olib boradi. Mashg’ulotlar ikki haftada bir marta muayyan kun va soatlarda o’tkaziladi.
Birinchi mashg’ulotda faqat tashkiliy masalalar bilan cheklanmaslik kerak. O’quvchilarga kichikroq, lekin qiziqarli kirish materiali berish kerak, toki to’garak ishiga qiziqsinlar va nima bilan shug’ullanishlari to’g’risida dastlabki (taxminiy) tasavvurlar olsinlar. Ishni diafilm, diapozitiv ko’rish, tabiatshunoslik mazmunidagi ilmiy ommabop adabiyot o’qish bilan boshlash maqul.
Har bir yosh tabiatshunos yoki uch-to’rt kishidan iborat kichik guruh o’qituvchi yordamida o’zlari uchun muayan mavzuni tanlaydilar. To’gaprak rahbarining vazifasi – har bir ishtirokchini u uddalaydigan qiziqarli va foydali mavzu bilan qiziqtirishdir. To’garakda o’tkaziladigan ish xilma-xil bo’lishi, lekin umumiy maqsadga – jonajon tabiatni o’rganishga birlashtirilishi zarur. «Hamma narsani bilishni istayman» to’garagining (3-4 sinflar) ishini quyidagi reja bo’yicha tashkil qilish mumkin: 1) kirish mashg’uloti; 2) tabiatga ekskursiya («Kuz in’omlari») mavzusi; 3. «Jonajon o’lkaning qushlari», «Yilning har xil fasllarida o’simliklar» , «Yilning har xil fasllarida hayvonlar» diafilmlarini ko’rish; 4) «Tabiat ustaxonasi», «Soat gullar», «Ularni muhofaza qilish kerak» kabi otkritkalar seriyasi bilan ishlash; 5) «Oltin kuz» ertaligi; 6) «Qanotli do’stlarga yordam» operasiyasi; 7) tabiat (o’lkashunoslik) muzeyiga ekskursiya; 8) «Yosh tabiatshunos» jurnalidan qiziqarli hikoyalarni o’qish; 9) «Qizil kitoblar» to’g’risida suhbat; bu kitoblarga kiritilgan o’simlik va hayvonlarni ko’rsatish; 10) tabiatga ekskursiya (mavzu «Sehrli dorixona»); 11) To’garak ishlarini yakunlash.
Mashg’ulotlarda xilma-xil: o’qituvchi va o’quvchilar hikoyasi, suhbat, amaliy ishlar bajarish (kolleksiya va gerbariylar yasash, tajribalarga tayyorlanish va o’tkazish) tabiatda o’tkazilgan kuzatishlarni muhokama qilish uslublaridan foydalaniladi.
O’qitishning texnika vostalari hamda qiziqarli material to’garak ishlarining majburiy elementidir.