Qabul qilish – odam tomonidan atrof olam jismlari va hodisalarini sezgilarga bevosita ta’sir qilishida aks ettirilishidir.
V.A.Suxomlinskiy shunday yozgan edi: «Odam hayvonot dunyosidan ajralib chiqadi va faqat o’z qo’llari bilan birinchi mehnat qurollari yasagani uchungina emas, balki moviy osmonning chuqurligini, yulduzlarning miltillashini, kechki va ertagi shafaqning pushtinamo tovlanishini, shabbodali kun oldidan uning qip-qizil botishini, sahrolarning sohilsiz ufqini, osmon yashilligida turnalar galasini, ertangi shabnamning tiniq tomchilarida quyoshning aks ettirilishini, bulutli kuz kunida yomg’irning kulrang ipini, boychechakning nozik poyasi va havorang qo’ng’iroqchasini ko’rgani uchun ham iste’dodli mavjudot bo’lib yetishdi».
Kichik yoshdagi maktab o’quvchilarining qabul qilishini rivojlantirish ustida doimo ish olib borish kerak, toki u maqsadga yo’nalgan va tashkil qilingan kuzatish jarayoniga aylansin. Sezgini qabul qilishning rivojlangan bo’lishida tabatshunoslik darslarida tabiatshunoslik tasavvurlari va tushunchalarini to’g’ri shakllantirish maqsadida qo’llaniladigan ko’rgazmali qurollarga katta o’rin ajratiladi.
Tabiatshunoslik bo’yicha o’quv qurollari g’oyat xilma-xildir. Ulardan bir xillari (tabiiy jismlar va ularning ko’rgazmali tasvirlari) darslarda o’rganish obyekti hisoblanadi, boshqalari xizmat ko’rsatuvchi rolni o’ynaydi – ularni o’quvchilar o’rganmaydilar. Darslarda o’rganish obyektlari hisoblangan qurollarni ikkita guruhga: 1) tabiiy jismlar va 2) o’qitish uchun maxsus tayyorlangan, jism va hodisalarning tasvirlariga ajratish mumkin. Tabiiy jismlarga tog’ jinslari, metallar, tuproq namunalari, o’simliklar, hayvonlar kiradi. Ko’rgazmali qurollar sathli (suratlar, diafilmlar, diapozitivlar) va hajmli (modellar, maketlar, mulyajlar)ga ajratiladi. Unisi ham, bunisi ham harakatsiz va harakatchan bo’lishi mumkin.
Tabiatshunoslikni o’qitish uchun ayniqsa tabiiy jismlar kerak, chunki ular o’quvchilarda tabiat jismlaringi bevosita qabul qilish asosida tasavvur va tushunchalar hosil qilishga imkon beradi (har bir o’quvchi tabiiy material bilan mustaqil ishlay olish uchun uni yetarli miqdorda- o’quvchilar soniga qarab to’plash kerak).
Tabiatshunoslikni o’qitishda o’qituvchi o’quvchilarga ular hali ko’rmagan ko’pgina obyekt va hodisalar to’g’risida ma’lumotlar beradi. Biroq eng jozibali va qiziqarli hikoya, agar u yaxshi suratda ko’rsatilmasa, yetarli, to’liq va yorqin tasavvurlar bera olmaydi. Faqat suratlarni diqqat bilan qarab chiqish tabiiy holdagi jism bilan tanishishdagiga yaqin keladigan taassurotlarni hosil qilishi mumkin.
Tabiatshunoslik darslarida ko’pincha devoriy suratlar ishlatiladiki, ular bo’yicha frontal sinf ishi olib boriladi. Yirik suratlar bo’lmasa, kichikroq suratlardan foydalanish mumkin, ularni har bir o’quvchiga ko’rsatish kerak. Ammo o’qituvchi qaysi turdagi surat bilan ishlamasin, uning maqsadi – suratning tabiatshunoslik mazmunini ochib berish bolalarda tabiatshunoslik bilimlarining manbai sifatida undan foydalana olish uquvini hosil qilishdir.
Shuningdek, tabiatshunoslik darslarida plan, xarita va globus bilan ishlash alohida o’rin tutadi. Bolalarni ushbu o’qitish vositalari bilan tanishtirish 4-sinfdan boshlanadi.
Tabiatshunoslikni o’qitishda globus ham muhim ahamiyatga ega. Agar plan yer yuzasining katta bo’lmagan uchastkasini yirik masshtabli tasvirlashdan xaritadagi mayda masshtabli tasvirlashga o’tishga imkon bergan bo’lsa globus butun Yerning to’g’ri shakli va yuzasining tasvirini beradi.
Shuningdek, ekran vositalaridan samarali foydalanish tabiatshunoslikni o’qitishda katta ahamiyatga ega. Ekran vositalariga diafilm, diapozitiv va kinofilmlar kiradi (tabiatshunoslik dasturlarida ularning ro’yxati bor).