Leksik (lug‘aviy) sinonimlar – so‘zlar sinonimligi. Lug‘aviy sinonimlar o‘z ichiga ikkiga bo‘linadi: 1) to‘liq sinonimlar – o‘zlashgan so‘zlar sinonimligi: tilshunoslik - lingvistika, doston - poema, amr - farmon - buyruq, bahor - ko‘klam, kosmos – fazo. 2) ma’noviy sinonimlar – so‘zlar bir-biridan nozik ma’nosi bilan farq qiladi: nam- ho‘l-shalabbo; taqillatdi-dukillatdi-gursillatdi. Frazeologik sinonimlar– iboralar sinonimligi: qo‘lni yuvib qo‘ltiqqa urish – hafsalasi pir bo‘lish; kayfi uchib ketdi – yuragi yorilayozdi, og‘zi qulog‘ida – boshi osmonda. Grammatik sinonimlar – grammatik vositalar sinonimligi: kelgani (-ga, -dan, uchun) xursand; yangiliklar (-ni, -dan, haqida) gapiring; mehmonlar (-ning, -dan) ulug‘i; kel (-yapti, -ayotir, -moqda). Sinonim so‘zlar agar ko‘p ma’noli bo‘lsa bir necha sinonimik qatorda ishtirok etishi mumkin: o‘rin – joy, o‘rin – mansab; bitirdi – tugatdi, bitirdi – yo‘q qildi. Bir o‘zakdan yasalgan so‘zlar ham o‘zaro sinonim bo‘lishi mumkin: chopqir – chopag‘on, baodob – odobli. Tub so‘z yasama so‘z bilan sinonim bo‘la oladi: his – sezgi; savol – so‘roq.